Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
1. Aholiga pensiyalar, nafaqalar toʻlashga yoʻnaltiriladigan pul mablagʻlarini toʻplash, mablagʻ bilan taʼminlash va ularning ishlatilishiga doir hisobot ishlari
tartibi ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Aloqa vazirligi, Ijtimoiy taʼminot vazirligi, Moliya vazirligi, Markaziy bank va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ijtimoiy sugʻurta jamgʻarmasi bilan kelishgan holda 10 kun muddatda Oʻzbekiston Respublikasi Aloqa vazirligi korxonalari tomonidan pensiya va nafaqalarni toʻlash boʻyicha Yoʻriqnomaga tegishli oʻzgartirishlar kiritsinlar.
3. “Oʻzsanoatqurilishbank” va “Oʻzdehqonchiliksanoatbank” ish haqini tashkilotlarga ijtimoiy sugʻurta boʻyicha badallarni toʻlashga doir topshiriqnoma mavjud boʻlgan taqdirda bersinlar hamda “Oʻzbekiston pochtasi” konserni aloqa tarmoqlarining pensiya va nafaqalarni toʻlash uchun naqd pul mablagʻlari olish yuzasidan buyurtmanomalarini birinchi navbatda taʼminlasinlar.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ijtimoiy sugʻurta jamgʻarmasi majburiy davlat ijtimoiy sugʻurtasi boʻyicha badallarni yuridik va jismoniy shaxslarning oʻz vaqtida toʻlashi ustidan nazoratni kuchaytirsinlar.
5. Mazkur farmoyishning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Ijtimoiy masalalar va madaniyat boʻlimiga yuklansin.
Aholiga pensiyalar, nafaqalar toʻlash bilan bogʻliq pul mablagʻlarini toʻplash, mablagʻ bilan taʼminlash va ularning ishlatilishi boʻyicha hisobot ishlari
1. 1995-yil 1-martdan boshlab ijtimoiy sugʻurta jamgʻarmasini pensiya va nafaqalarni mablagʻ bilan taʼminlashga yoʻnaltiriladigan mablagʻlari Jamgʻarmaning tuman (shahar) boʻlimlari tomonidan, ijtimoiy taʼminot organlarini chetlab oʻtgan holda, bevosita tuman (shahar) aloqa tarmoqlari tomonidan, toʻlov davri boshlanishidan kechi bilan 5 kun oldin oʻtkaziladi.
Bunda jamgʻarma banki muassasalariga va pensiyalarni yetkazib berish boʻyicha kichik korxonalarga mablagʻlarni oʻtkazishning amalda tartibi saqlanib qoladi.
2. Tuman (shahar) ijtimoiy taʼminot boʻlimlari har oyda tuman (shahar) ijtimoiy sugʻurta boʻlimlariga pensiya va nafaqalarga boʻlgan ehtiyoj yuzasidan buyurtmanomalarni, tuman (shahar) aloqa tarmoqlariga, jamgʻarma banki muassasalariga va ijtimoiy taʼminot tizimining kichik korxonalariga esa pensiya va nafaqalar toʻlash yuzasidan vedomostlar va topshiriqnomalarni taqdim etadilar.
3. Taqdim etilgan buyurtmanomalarga muvofiq Jamgʻarma pensiya va nafaqalarni mablagʻ bilan taʼminlashni amalga oshiradi, aloqa tizimining organlari, jamgʻarma banklari muassasalari hamda ijtimoiy taʼminot tizimining kichik korxonalari esa ularni ijtimoiy taʼminot organlari tomonidan taqdim etilgan vedomost va topshiriqnomalar boʻyicha fuqarolarga toʻlaydilar.
4. Tuman (shahar) aloqa, ijtimoiy taʼminot va ijtimoiy sugʻurta organlari toʻlov davri tugagandan keyin har oyda pensiya va nafaqalarni toʻlashga hamda yetkazib berishga moʻljallangan mablagʻlar boʻyicha oʻzaro solishtirishni amalga oshiradilar.