toggle_night_mode
Oʻzbekiston Respublikasining qonuni
“SUGʻURTA FAOLIYATI TOʻGʻRISIDA”GI OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI QONUNIGA OʻZGARTISh VA QOʻShIMChALAR KIRITISh HAQIDA
Qonunchilik palatasi tomonidan 2007-yil 29-iyunda qabul qilingan
Senat tomonidan 2007-yil 24-avgustda maʼqullangan
 LexUZ sharhi
Mazkur Qonun Oʻzbekistan Respublikasining 2021-yil 23-noyabrdagi OʻRQ-730-sonli “Sugʻurta faoliyati toʻgʻrisida”gi Qonuniga asosan 2022-yil 25-fevraldan oʻz kuchini yoʻqotadi.
1-modda. Oʻzbekiston Respublikasining 2002-yil 5-aprelda qabul qilingan “Sugʻurta faoliyati toʻgʻrisida”gi 358-II-sonli Qonuniga (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 2002-yil, № 4-5, 68-modda; Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2006-yil, № 10, 536-modda) quyidagi oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritilsin:
1) 5-moddaning ikkinchi qismi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Sugʻurtalovchilar, sugʻurta vositachilari, adjasterlar, aktuariylar, sugʻurta syurveyerlari, shuningdek assistans sugʻurta bozorining professional ishtirokchilaridir”;
2) 6-moddaning matni quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Tegishli turdagi sugʻurtani amalga oshirish uchun litsenziyaga ega boʻlgan va sugʻurta shartnomasiga muvofiq sugʻurta tovoni (sugʻurta puli) toʻlovini amalga oshirish majburiyatini oluvchi tijorat tashkiloti boʻlgan yuridik shaxs sugʻurtalovchi deb eʼtirof etiladi.
Sugʻurtalovchilar sugʻurtani amalga oshirishga bevosita bogʻliq boʻlmagan tadbirkorlik faoliyati bilan shugʻullanishlari mumkin emas, ushbu Qonunning 61-moddasida nazarda tutilgan hollar bundan mustasno”;
3) quyidagi mazmundagi 61-modda bilan toʻldirilsin:
“61-modda. Sugʻurtalovchining huquq va majburiyatlari
Sugʻurtalovchi quyidagi huquqlarga ega:
qonun hujjatlarida belgilanadigan tartibda va shartlarda sugʻurta (qayta sugʻurta qilish) shartnomalari tuzish;
oʻz majburiyatlarini belgilangan tartibda qayta sugʻurta qilish, shu jumladan Oʻzbekiston Respublikasidan tashqarida qayta sugʻurta qilish;
maxsus vakolatli davlat organi belgilaydigan tartibda va shartlarda investitsiya faoliyatini amalga oshirish;
sugʻurta (qayta sugʻurta qilish) sohasidagi mutaxassislar malakasini oshirish bilan bogʻliq faoliyatni, shuningdek sugʻurta agenti sifatida sugʻurta vositachiligini amalga oshirish;
sugʻurta hodisalari yuz berishining oldini olish va ogohlantirish chora-tadbirlarini maxsus vakolatli davlat organi belgilaydigan tartibda va shartlarda moliyalashtirish;
sugʻurtalovchi tomonidan amalga oshiriladigan sugʻurta turlariga doir qoidalarni (shartlarni) qonun hujjatlariga muvofiq belgilash;
sugʻurta tovoni miqdorini belgilash uchun zarur boʻlgan tegishli axborot va hujjatlarni huquqni muhofaza qiluvchi organlardan, sudlar, tibbiyot, seysmologiya, veterinariya, gidrometeorologiya tashkilotlari hamda boshqa tashkilotlardan belgilangan tartibda soʻrash va olish;
sugʻurta agentlari, sugʻurta va qayta sugʻurta brokerlari, sugʻurta bozorining boshqa professional ishtirokchilari bilan tegishli shartnomalar tuzish;
sugʻurta tovoni toʻlashni qonun hujjatlarida va (yoki) sugʻurta (qayta sugʻurta qilish) shartnomasida belgilangan hollarda hamda tartibda rad etish, sugʻurta (qayta sugʻurta qilish) shartnomasini muddatidan ilgari bekor qilish;
sugʻurta qildiruvchi tomonidan taqdim etilgan axborotni tekshirishni, sugʻurta qildiruvchining sugʻurta shartnomasi talablari va shartlarini bajarishi ustidan nazoratni sugʻurta (qayta sugʻurta qilish) shartnomasida nazarda tutilgan tartibda amalga oshirish;
chet el sugʻurtalovchilariga syurveyer va adjaster xizmatlari koʻrsatish;
ilgari sugʻurtalovchi tomonidan oʻz ehtiyojlari uchun olingan yoki sugʻurta shartnomasini amalga oshirish natijasida uning ixtiyoriga oʻtgan mol-mulkni realizatsiya qilish yoki ijaraga berish;
Oʻzbekiston Respublikasining reyting tashkilotlari va chet el reyting tashkilotlari reytinglarini olish;
oʻzining alohida boʻlinmalarini tashkil etish.
Sugʻurtalovchi qonun hujjatlariga va oʻzi tuzgan shartnomalarga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi mumkin.
Sugʻurtalovchi:
sugʻurta faoliyati toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari talablariga rioya etishi;
sugʻurta faoliyatini amalga oshirish chogʻida olingan axborotning maxfiyligini qonun hujjatlari talablariga muvofiq taʼminlashi;
oʻzi vakolat bergan sugʻurta agentlarining reyestrini yuritishi;
qonun hujjatlarida belgilangan axborotni maxsus vakolatli davlat organining talabiga binoan taqdim etishi;
sugʻurta hodisasi yuz bergan taqdirda, qonun hujjatlarida yoki sugʻurta (qayta sugʻurta qilish) shartnomasida nazarda tutilgan muddatlarda barcha zarur hisob-kitoblarni amalga oshirishi va sugʻurta tovoni toʻlashi;
firmaning nomi, tashkiliy-huquqiy shakli yoki joylashgan yeri oʻzgargan taqdirda, bu haqdagi axborotni sugʻurta qildiruvchilarga ushbu Qonunda belgilangan tartibda yetkazishi;
sugʻurta zaxiralarini maxsus vakolatli davlat organi belgilaydigan tartibda va shartlarda shakllantirishi hamda joylashtirishi;
qonun hujjatlarida belgilangan tartibda har yili majburiy auditorlik tekshiruvidan oʻtishi;
maxsus vakolatli davlat organi belgilagan tartibda bir yilda kamida bir marta aktuariyni (aktuar tashkilotni) aktuar xizmatlar koʻrsatish uchun jalb etishi;
maxsus vakolatli davlat organi belgilagan shaklda, tartibda va muddatlarda yillik moliyaviy hisobotni eʼlon qilishi;
qonun hujjatlarida belgilangan tartibda buxgalteriya hisobini yuritishi, moliyaviy, statistika, soliq hisobotlarini va boshqa hisobotlarni tuzishi shart.
Sugʻurtalovchining zimmasida qonun hujjatlariga va oʻzi tuzgan shartnomalarga muvofiq boshqa majburiyatlar ham boʻlishi mumkin”;
4) 7-modda quyidagi mazmundagi uchinchi va toʻrtinchi qismlar bilan toʻldirilsin:
“Sugʻurta brokeri sugʻurtalovchining ustav fondida ishtirok etishga haqli emas.
Sugʻurta brokeri oʻzi bilan sugʻurta qildiruvchi oʻrtasida tuzilgan shartnoma asosida xizmatlar koʻrsatadi”;
5) 8-modda quyidagi mazmundagi ikkinchi va uchinchi qismlar bilan toʻldirilsin:
“Qayta sugʻurta brokeri sugʻurtalovchining ustav fondida ishtirok etishga haqli emas.
Qayta sugʻurta brokeri oʻzi bilan sugʻurta qildiruvchi oʻrtasida tuzilgan shartnoma asosida xizmatlar koʻrsatadi”;
6) quyidagi mazmundagi 81-modda bilan toʻldirilsin:
“81-modda. Sugʻurta hamda qayta sugʻurta brokerlarining huquq va majburiyatlari
Sugʻurta va qayta sugʻurta brokerlari quyidagi huquqlarga ega:
sugʻurtaning (qayta sugʻurta qilishning) har qanday turi boʻyicha vakolatlar doirasida vositachilik faoliyatini amalga oshirish;
sugʻurta (qayta sugʻurta qilish) shartnomasi tuzilgan taqdirda, sugʻurtalovchini (qayta sugʻurtalovchini) tanlash;
sugʻurtalovchidan litsenziyaning mavjudligi, ustav fondining miqdorlari, sugʻurta zaxiralari va qabul qilingan majburiyatlar toʻgʻrisida, shuningdek sugʻurtalovchining toʻlovga qobiliyatliligi va moliyaviy barqarorligiga doir boshqa koʻrsatkichlar haqida maʼlumotlar olish;
ekspert va maslahat xizmatlari koʻrsatish.
Sugʻurta va qayta sugʻurta brokerlari qonun hujjatlariga hamda oʻzlari tuzgan shartnomalarga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishlari mumkin.
Sugʻurta va qayta sugʻurta brokerlari:
sugʻurta faoliyati toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari talablariga rioya etishi;
sugʻurta shartnomasini tuzish va ijro etish boʻyicha toʻliq, ishonchli hamda xolisona axborotni mijozlarning soʻrovlariga koʻra taqdim etishi;
mijozning tijorat sirini va boshqa sirini tashkil etadigan maʼlumotlarni oshkor qilmasligi shart.
Sugʻurta va qayta sugʻurta brokerlarining zimmasida qonun hujjatlariga hamda oʻzlari tuzgan shartnomalarga muvofiq boshqa majburiyatlar ham boʻlishi mumkin”;
7) 9-moddaning uchinchi qismi quyidagi mazmundagi uchinchi—oltinchi qismlar bilan almashtirilsin:
“Sugʻurta agenti oʻz faoliyatini sugʻurtalovchilar bilan tuzilgan topshiriq shartnomalari (agent bitimlari) asosida amalga oshiradi.
Sugʻurta agenti faqat oʻzi bilan topshiriq shartnomasi (agent bitimi) tuzgan sugʻurtalovchi reyestriga kiritilganidan keyin oʻz faoliyatini amalga oshirishi mumkin.
Quyidagilarga:
sugʻurta agentining tegishli turdagi sugʻurtani amalga oshirish uchun litsenziyaga ega boʻlmagan sugʻurtalovchilar nomidan sugʻurta shartnomalari tuzishiga;
agar Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalarida boshqacha qoidalar nazarda tutilmagan boʻlsa, Oʻzbekiston Respublikasi hududida sugʻurta boʻyicha sugʻurta agentining Oʻzbekiston Respublikasi hududida belgilangan tartibda roʻyxatga olinmagan chet el sugʻurta tashkilotlari nomidan sugʻurta shartnomalari tuzish bilan bogʻliq boʻlgan vositachilik faoliyatiga yoʻl qoʻyilmaydi.
Sugʻurta agenti — jismoniy shaxs oʻz nomiga, toʻlovlar naqd pullar bilan amalga oshirilganida esa yaqin qarindoshlari (otasi, onasi, xotini, eri, oʻgʻli, qizi, opa-singillari va aka-ukalari) nomiga sugʻurta shartnomalari boʻyicha hujjatlar yozishga, shuningdek oʻz foydasiga sugʻurta shartnomalari tuzishga va bunda mazkur sugʻurta shartnomasi boʻyicha sugʻurta agenti sifatida ish koʻrishga haqli emas”;
8) quyidagi mazmundagi 91—99-moddalar bilan toʻldirilsin:
“91-modda. Sugʻurta agentining huquq va majburiyatlari
Sugʻurta agenti quyidagi huquqlarga ega:
sugʻurtalovchi tomonidan berilgan vakolatlar doirasida sugʻurtaning har qanday turi, shu jumladan majburiy sugʻurta turlari boʻyicha vositachilik faoliyatini amalga oshirish;
sugʻurtaga qabul qilinayotgan sugʻurta tavakkalchiligini baholashda, sugʻurta hodisasi yuz berganda sugʻurta toʻlovini toʻlashda va sugʻurta qildiruvchining sugʻurta mukofotini toʻliq hajmda hamda sugʻurta shartnomasida belgilangan muddatlarda toʻlashida zarur koʻmak koʻrsatish;
sugʻurtalovchidan litsenziyaning mavjudligi, ustav fondi miqdorlari, sugʻurta zaxiralari hamda qabul qilingan majburiyatlar toʻgʻrisida, shuningdek sugʻurtalovchining toʻlovga qobiliyatliligi va moliyaviy barqarorligiga doir boshqa koʻrsatkichlar toʻgʻrisida maʼlumotlar olish;
sugʻurta shartnomasi (sugʻurta polisi) tuzish uchun zarur hujjatlarni rasmiylashtirish;
sugʻurta qildiruvchidan qabul qilib olinayotgan tavakkalchiliklar toʻgʻrisida sugʻurtalovchiga toʻliqroq axborot berish maqsadida barcha uchun ochiq boʻlgan manbalardan tavakkalchilik va sugʻurta qildiruvchi toʻgʻrisida sugʻurta qildiruvchining shaxsiy hayotiga aralashmagan holda maʼlumotlar toʻplash.
Sugʻurta agenti qonun hujjatlariga va oʻzi tuzgan shartnomalarga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi mumkin.
Sugʻurta agenti:
sugʻurta faoliyati toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari talablariga rioya etishi;
sugʻurta shartnomasi tuzishda va sugʻurta tovoni toʻlashda hujjatlarni oʻz vaqtida rasmiylashtirishga koʻmaklashishi;
sugʻurta tariflari, sugʻurtalovchilar tomonidan taklif etilayotgan sugʻurta shartlari haqida, litsenziyaning mavjudligi, ustav fondi miqdorlari, sugʻurta zaxiralari hamda qabul qilingan majburiyatlar toʻgʻrisida, shuningdek sugʻurtalovchining toʻlovga qobiliyatliligi va moliyaviy barqarorligiga doir boshqa koʻrsatkichlar haqida axborotga ega boʻlishi;
sugʻurta shartnomasini rasmiylashtirishda sugʻurta qildiruvchi toʻgʻrisida zarur axborotga ega boʻlishi, unga sugʻurta tavakkalchiligini pasaytirish va sugʻurta hodisasi yuz berishi ehtimolini kamaytirishga qaratilgan aniq tadbirlarni amalga oshirishni taklif etishi;
sugʻurta qildiruvchilarning soʻroviga koʻra ularga sugʻurtaning amaldagi shartlari toʻgʻrisida axborot berishi;
sugʻurta shartnomalarini belgilangan tartibda tuzishi va yangi muddatga oʻz vaqtida qayta rasmiylashtirishi;
tuzilgan sugʻurta shartnomalari va olingan sugʻurta mukofotlari summalari hisobini belgilangan shaklda yuritishi;
sugʻurta hujjatlarining saqlanishini taʼminlashi;
mijozning tijorat sirini yoki boshqa sirini tashkil etgan maʼlumotlarning maxfiyligini saqlashi;
sugʻurta shartnomasining amal qilish muddati mobaynida tavakkalchilik shart-sharoitlarining jiddiy ravishda oʻzgarishiga taalluqli axborotni sugʻurtalovchi oʻz vaqtida olishini, shuningdek sugʻurta eʼtirozlari yuzaga kelganda hamda ularni tartibga solish jarayonida sugʻurtalovchi va sugʻurta qildiruvchi oʻrtasida axborotning oʻz vaqtida almashinishini taʼminlashi;
tegishli bitim mavjud boʻlgan taqdirda, sugʻurtalovchining topshirigʻiga koʻra va uning hisobidan sugʻurta toʻlovlari toʻlanishini tashkil etishi shart.
Sugʻurta agentining zimmasida qonun hujjatlariga va oʻzi tuzgan shartnomalarga muvofiq boshqa majburiyatlar ham boʻlishi mumkin.
92-modda. Adjaster
Adjaster sugʻurtalovchining (sugʻurta qildiruvchining) topshirigʻi boʻyicha quyidagi xizmatlarni koʻrsatuvchi, oʻz shtatida tegishli mutaxassislarga ega boʻlgan yuridik shaxs yoki professional bilim va malakaga ega boʻlgan jismoniy shaxsdir:
sugʻurta hodisasi yuz berganidan keyin sugʻurta obyektini koʻzdan kechirish va tekshirish;
sugʻurta hodisasi faktlarini va tavakkalchilik holatlarini tahlil qilish;
sugʻurta obyektining shikastlanish sabablarini va sugʻurta hodisasi mavjudligini aniqlash;
sugʻurta hodisasi mavjud boʻlgan taqdirda — sugʻurta hodisasi oqibatida vujudga kelgan shikastlanish darajasi va zarar miqdorini belgilash;
toʻlanishi kerak boʻlgan sugʻurta tovoni summasini aniqlash;
sugʻurtalovchi uchun sugʻurta hodisasi boʻyicha xulosa tuzish.
Adjaster oʻz faoliyatini sugʻurtalovchi (sugʻurta qildiruvchi) bilan tuzilgan shartnomaga muvofiq amalga oshiradi.
Adjaster:
sugʻurtalovchi sifatida sugʻurta va qayta sugʻurta qilish operatsiyalari oʻtkazishga;
sugʻurta boʻyicha vositachilik faoliyatini amalga oshirishga;
sugʻurtalovchilarning ustav fondlarida ishtirok etishga haqli emas.
Adjaster xizmati koʻrsatish natijalari hisobot tarzida rasmiylashtirilib, undan sugʻurtalovchi zararlarning oʻrnini qoplash va nizolarni hal qilish chogʻida foydalanishi mumkin.
Adjasterning hisobotida koʻrsatilgan xulosalar mustaqil sugʻurta ekspertizasi jarayonida qayta koʻrib chiqilishi mumkin.
93-modda. Adjasterning huquq va majburiyatlari
Adjaster quyidagi huquqlarga ega:
adjaster xizmatlari koʻrsatiladigan sugʻurtalovchini (sugʻurta qildiruvchini) erkin tanlash;
sugʻurta voqeasini (sugʻurta hodisasini) oʻrganish uchun sugʻurta qildiruvchidan (sugʻurtalovchidan) zarur axborotni soʻrash va olish;
sugʻurta hodisasi yuz berganidan soʻng sugʻurta obyektini koʻzdan kechirish va tekshirish;
oʻzi sugʻurta obyektini sirtdan (zarur hollarda — texnika vositalarini qoʻllagan holda) koʻzdan kechirganligi toʻgʻrisidagi dalolatnomani rasmiylashtirish;
faoliyati sugʻurta obyektlariga daxldor boʻlgan davlat hokimiyati va boshqaruvi organlaridan yuridik ahamiyatga molik zarur maʼlumotlarni belgilangan tartibda soʻrash va olish.
Adjaster qonun hujjatlariga va oʻzi tuzgan shartnomalarga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi mumkin.
Adjaster:
sugʻurta faoliyati toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari talablariga rioya etishi;
sugʻurta hujjatlarining saqlanishini taʼminlashi;
mijozning tijorat sirini yoki boshqa sirini tashkil etadigan maʼlumotlarning maxfiyligini saqlashi;
sugʻurta hodisasiga taalluqli maʼlumotlarni oʻz vaqtida tahlil qilish uchun chora-tadbirlar koʻrishi shart.
Adjaster zimmasida qonun hujjatlariga va oʻzi tuzgan shartnomalarga muvofiq boshqa majburiyatlar ham boʻlishi mumkin.
94-modda. Aktuariy
Aktuariy quyidagilarni oʻz ichiga oladigan aktuar xizmatlari koʻrsatuvchi yuridik yoki jismoniy shaxsdir:
sugʻurta voqeasi yuz berishining matematik jihatdan ehtimolligi hisob-kitobini amalga oshirish, ham alohida tavakkalchilik guruhlarida, ham umuman sugʻurta majmui boʻyicha zarar yetkazilishining takroriyligini va ularning oqibatlari ogʻirligi darajasini belgilash;
sugʻurtalovchining (qayta sugʻurtalovchining) zarur sugʻurta zaxiralari va fondlarini matematik jihatdan asoslash hamda hisob-kitob qilish, ularni shakllantirish usullarini ishlab chiqish;
sugʻurtalovchining investitsiyalar sifatida toʻplangan badallardan foydalanishida kapital qoʻyilma normasi va netto-stavka miqdori oʻrtasidagi bogʻliqlikni tarif stavkalarini investitsiya daromadi summasiga kamaytirishga koʻmaklashadigan tarzda aniqlash;
sugʻurta jarayonini tashkil etish uchun zarur xarajatlarni asoslash va sugʻurta xizmatlari tannarxini hisob-kitob qilish;
sugʻurtaning (qayta sugʻurta qilishning) har bir turi boʻyicha tarif stavkalarini sugʻurtalovchilar uchun ularni oʻtkazishning uzoq muddatli va qisqa muddatli xususiyatini hisobga olgan holda belgilash;
sugʻurtalovchining (qayta sugʻurtalovchining) investitsiya faoliyati natijalarini aktuar hisob-kitoblardan foydalangan holda baholash;
sugʻurtalovchining (qayta sugʻurtalovchining) daromadlarini sugʻurtaning (qayta sugʻurta qilishning) har xil turlari boʻyicha rejalashtirish.
Aktuariy sugʻurtalovchi bilan tuzilgan shartnomaga muvofiq faqat aktuar xizmatlari koʻrsatadi.
Aktuariy, agar u aktuar tashkilot shtatida turgan boʻlsa yoki aktuar tashkilot tomonidan u bilan fuqarolik-huquqiy shartnoma tuzilgan taqdirda, aktuar xizmatlari koʻrsatishga jalb etilishi mumkin.
Aktuariy sifatsiz aktuar xizmatlarini koʻrsatganlik, tijorat yoki boshqa sirni oshkor qilganlik va aktuar tashkilot zarar koʻrishiga olib kelgan oʻzga xatti-harakatlar natijasida yetkazilgan zarar uchun aktuar tashkilot oldida javobgar boʻladi.
Aktuar xizmatlari koʻrsatish uchun aktuariy maxsus vakolatli davlat organi belgilagan tartibda aktuariy malaka sertifikatini olishi shart.
Yuridik shaxs boʻlgan aktuariy oʻz shtatida aktuariy malaka sertifikatiga ega boʻlgan kamida bitta aktuariyga ega boʻlishi kerak.
Aktuariy:
sugʻurtalovchi sifatida sugʻurta va qayta sugʻurta qilish operatsiyalari oʻtkazishga;
sugʻurta boʻyicha vositachilik faoliyatini amalga oshirishga;
sugʻurtalovchilarning ustav fondlarida ishtirok etishga haqli emas.
Aktuariy faoliyati natijalari hisobot tarzida rasmiylashtiriladi.
Aktuariy hisobotida koʻrsatilgan xulosalar mustaqil sugʻurta ekspertizasi jarayonida qayta koʻrib chiqilishi mumkin.
95-modda. Aktuariyning huquq va majburiyatlari
Aktuariy quyidagi huquqlarga ega:
aktuar xizmatlari koʻrsatiladigan sugʻurtalovchini (qayta sugʻurtalovchini) erkin tanlash;
aktuar xulosasini tuzish uchun zarur boʻlgan axborot sugʻurtalovchi (qayta sugʻurtalovchi) tomonidan taqdim etilmagan taqdirda, aktuar xizmatlari koʻrsatishni rad etish;
boshqa aktuariylarni va oʻzga mutaxassislarni aktuar xizmatlari koʻrsatishda ishtirok etishga belgilangan tartibda jalb etish.
Aktuariy qonun hujjatlariga va oʻzi tuzgan shartnomalarga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi mumkin.
Aktuariy:
sugʻurta faoliyati toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari talablariga rioya etishi;
aktuar xizmatlari koʻrsatish chogʻida olingan axborotning maxfiyligiga rioya etishi;
aktuar xulosasida aktuar hisob-kitoblarning kamchilik faktlarini va ularni bartaraf etishga doir takliflarni aks ettirishi shart.
Aktuariy zimmasida qonun hujjatlariga va oʻzi tuzgan shartnomalarga muvofiq boshqa majburiyatlar ham boʻlishi mumkin.
96-modda. Sugʻurta syurveyeri
Sugʻurta syurveyeri quyidagilar boʻyicha xizmatlar koʻrsatuvchi, oʻz shtatida tegishli mutaxassislarga ega boʻlgan yuridik shaxs yoki professional bilim va malakaga ega boʻlgan jismoniy shaxsdir:
sugʻurta shartnomasi tuzilguniga qadar sugʻurta obyektini koʻzdan kechirish va tekshirish;
sugʻurta shartnomasi tuzilguniga qadar barcha faktlarni va tavakkalchilik holatlarini tahlil qilish, tavakkalchilik darajasini aniqlash;
tekshirilayotgan sugʻurta obyekti boʻyicha xulosa tuzish.
Sugʻurta ekspertizasini oʻtkazishga vakolatli mutaxassislarning (ekspertlarning) ish tartibi sugʻurta syurveyeri tomonidan belgilanadi.
Sugʻurta syurveyeri oʻz faoliyatini sugʻurtalovchi (sugʻurta qildiruvchi) bilan tuzilgan shartnomaga muvofiq amalga oshiradi.
Sugʻurta syurveyeri:
sugʻurtalovchi sifatida sugʻurta va qayta sugʻurta qilish operatsiyalari oʻtkazishga;
sugʻurta boʻyicha vositachilik faoliyatini amalga oshirishga;
sugʻurtalovchilarning ustav fondlarida ishtirok etishga haqli emas.
Sugʻurta syurveyeri ishining natijalari boʻyicha hisobot taqdim etiladi, sugʻurtalovchi (sugʻurta qildiruvchi) bu hisobotdan sugʻurta (qayta sugʻurta qilish) shartnomasi tuzish chogʻida foydalanishi mumkin.
Sugʻurta syurveyerining hisobotida koʻrsatilgan xulosalar mustaqil sugʻurta ekspertizasi jarayonida qayta koʻrib chiqilishi mumkin.
97-modda. Sugʻurta syurveyerining huquq va majburiyatlari
Sugʻurta syurveyeri:
xizmatlar koʻrsatiladigan sugʻurtalovchini (sugʻurta qildiruvchini) erkin tanlashga;
sugʻurta obyektini oʻrganish uchun sugʻurta qildiruvchidan (sugʻurtalovchidan) zarur axborotni soʻrash va olishga;
davlat hokimiyati va boshqaruvi organlaridan, faoliyati sugʻurta obyektlariga daxldor boʻlgan boshqa tashkilotlardan zarur maʼlumotlarni soʻrash va olishga haqli.
Sugʻurta syurveyeri qonun hujjatlariga va oʻzi tuzgan shartnomalarga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi mumkin.
Sugʻurta syurveyeri:
sugʻurta faoliyati toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari talablariga rioya etishi;
sugʻurta ekspertizasi oʻtkazish uchun taraflar taqdim etgan hujjatlarning saqlanishini taʼminlashi;
mijozning tijorat sirini yoki boshqa sirini tashkil etadigan maʼlumotlarning maxfiyligini saqlashi shart.
Sugʻurta syurveyeri zimmasida qonun hujjatlariga va oʻzi tuzgan shartnomalarga muvofiq boshqa majburiyatlar ham boʻlishi mumkin.
98-modda. Assistans
Assistans sugʻurta qildiruvchilarga (sugʻurtalangan shaxslarga, naf oluvchilarga) hamda sugʻurtalovchilarga sugʻurta shartnomasi doirasida assistans xizmatlari, texnik, tibbiy va boshqa xizmatlar koʻrsatuvchi, shuningdek ularga moliyaviy koʻmak beruvchi yuridik yoki jismoniy shaxsdir.
Assistans oʻz faoliyatini sugʻurtalovchi bilan tuzilgan shartnomaga muvofiq amalga oshiradi.
Assistans xizmatlariga sugʻurta qildiruvchilar (sugʻurtalangan shaxslar) ishtirokisiz faqat sugʻurtalovchilar tomonidan haq toʻlanadi.
Assistans:
sugʻurtalovchi sifatida sugʻurta va qayta sugʻurta qilish operatsiyalari oʻtkazishga;
sugʻurta boʻyicha vositachilik faoliyatini amalga oshirishga;
sugʻurtalovchilarning ustav fondlarida ishtirok etishga haqli emas.
99-modda. Assistansning huquq va majburiyatlari
Assistans quyidagi huquqlarga ega:
assistans xizmatlari koʻrsatilishi boʻyicha sugʻurtalovchilar bilan mustaqil ravishda shartnoma tuzish;
assistans xizmatlari koʻrsatilishi uchun zarur boʻlgan barcha axborot sugʻurtalovchi tomonidan taqdim etilmagan taqdirda, assistans xizmatlari koʻrsatishni rad etish;
tegishli mutaxassislarni assistans xizmatlari koʻrsatishda ishtirok etishga belgilangan tartibda jalb etish.
Assistans qonun hujjatlariga va oʻzi tuzgan shartnomalarga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi mumkin.
Assistans:
sugʻurta faoliyati toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari talablariga rioya etishi;
sugʻurta qildiruvchilardan (sugʻurtalangan shaxslardan) sugʻurta voqealari (sugʻurta hodisalari) toʻgʻrisidagi xabarlar kecha-kunduz qabul qilinishini tashkil etishi va sugʻurta shartnomasi doirasida, taqdim etilgan sugʻurta polisi asosida sugʻurta qildiruvchilarga (sugʻurtalangan shaxslarga) zarur yordam koʻrsatishi;
sugʻurta hodisalarini koʻrib chiqish va tartibga solish chora-tadbirlarini koʻrishi shart.
Assistans zimmasida qonun hujjatlariga va oʻzi tuzgan shartnomalarga muvofiq boshqa majburiyatlar ham boʻlishi mumkin”;
9) 10-moddaning ikkinchi qismi:
beshinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“sugʻurtalovchilarning sugʻurta zaxiralari mablagʻlarini shakllantirish hamda joylashtirish tartibi va shartlarini, shuningdek bunday mablagʻlar hisobini yuritish hamda ular boʻyicha hisobotlar tuzish tartibini belgilaydi”;
yettinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“sugʻurtalovchilar tomonidan taqdim etiladigan moliyaviy hisobotlarning va eʼlon qilinadigan yillik moliyaviy hisobotning shaklini, shuningdek uni taqdim etish hamda eʼlon qilish tartibi va muddatlarini belgilaydi”;
quyidagi mazmundagi oʻn birinchi—oʻn toʻrtinchi xatboshilar bilan toʻldirilsin:
“sugʻurtalovchilarning investitsiya faoliyatini amalga oshirish, shuningdek sugʻurta hodisalari yuz berishining oldini olish va ogohlantirish chora-tadbirlarini sugʻurtalovchilar tomonidan moliyalashtirish tartibi hamda shartlarini belgilaydi;
aktuar xizmatlari koʻrsatish tartibini belgilaydi;
aktuariy malaka sertifikatini olish uchun oʻquv dasturlarini hamda malaka imtihonlari topshirish tartibini ishlab chiqadi va tasdiqlaydi, mazkur sertifikatni olish huquqi uchun malaka imtihoni oʻtkazadi;
belgilangan tartibda aktuariy malaka sertifikati beradi, uning amal qilishini tugatadi va uni bekor qiladi, malaka sertifikatiga ega boʻlgan aktuariylar reyestrini yuritadi”;
oʻn birinchi xatboshisi oʻn beshinchi xatboshi deb hisoblansin;
10) 11-modda quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“11-modda. Sugʻurta bozorining professional ishtirokchilarini tuzish va davlat roʻyxatidan oʻtkazish
Sugʻurtalovchilar va sugʻurta brokerlari, shuningdek sugʻurta bozorining yuridik shaxs boʻlgan boshqa professional ishtirokchilari qonunlarda nazarda tutilgan tashkiliy-huquqiy shakllarda tuziladi.
Sugʻurtalovchilar va sugʻurta brokerlarini davlat roʻyxatidan oʻtkazish Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi belgilagan tartibda Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan amalga oshiriladi, sugʻurta bozorining boshqa professional ishtirokchilarini davlat roʻyxatidan oʻtkazish esa, qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi”;
11) 12-moddaning toʻrtinchi qismi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Sugʻurtalovchining boshlangʻich ustav fondi litsenziya olinadigan paytga qadar muassislar tomonidan shakllantirilgan boʻlishi va qonun hujjatlarida belgilangan ustav fondining eng kam miqdoridan kam boʻlmasligi kerak”;
quyidagi mazmundagi ikkinchi qism bilan toʻldirilsin:
“Sugʻurta faoliyatini amalga oshirishning umumiy shartlari, tavsiya etilayotgan sugʻurta bitimlari va operatsiyalarining roʻyxati, sugʻurta tariflari, sugʻurta turlari hamda muddatlari ochiq axborot boʻlib, sugʻurta siri predmeti boʻlishi mumkin emas”;
ikkinchi—toʻrtinchi qismlari tegishincha uchinchi—beshinchi qismlar deb hisoblansin.
2-modda. Ushbu Qonun rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
 LexUZ sharhi
Ushbu Qonun “Xalq soʻzi” gazetasining 2007-yil 15-sentabrdagi 184 (4337) - sonida eʼlon qilingan.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2007-yil 14-sentabr,
OʻRQ-108-son
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2007-y., 37-38-son, 376-modda)