Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
Davlat budjeti hisobidan mablagʻ bilan taʼminlanadigan muassasalar va tashkilotlar faoliyatini tartibga solish, budjetdan ajratilayotgan mablagʻlardan oqilona va samarali foydalanishni taʼminlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Moliya vazirligi, mahalliy moliya organlari, budjet hisobidan mablagʻ bilan taʼminlanadigan muassasalar va tashkilotlarga ega boʻlgan vazirliklar va idoralar Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda budjetdan mablagʻ bilan taʼminlanadigan barcha muassasalar va tashkilotlarni 1997-yil 15-noyabrgacha yalpi roʻyxatdan oʻtkazsinlar hamda ular bundan buyon yuridik shaxs sifatida faoliyat koʻrsatishining maqsadga muvofiqligini aniqlasinlar.
2. Vazirliklar va idoralar Moliya vazirligi bilan kelishgan holda oʻzlariga qarashli budjetdan mablagʻ bilan taʼminlanadigan muassasalar va tashkilotlarning, rahbarlar va toifalar boʻyicha mutaxassislar sonining nisbatini nazarda tutgan holda, namunaviy shtatlar jadvalini ikki oy muddatda ishlab chiqsinlar va tasdiqlasinlar.
3. 1998-yildan boshlab, budjetdan mablagʻ bilan taʼminlanadigan muassasalar va tashkilotlarning shtatlar jadvali va xarajatlar smetalari: respublika budjetidan mablagʻ bilan taʼminlanadiganlariniki — Moliya vazirligida, mahalliy budjetlardan mablagʻ bilan taʼminlanadiganlariniki — tegishli moliya organlarida majburiy ravishda roʻyxatdan oʻtkazilishi belgilab qoʻyilsin.
Budjetdan mablagʻ bilan taʼminlanadigan muassasalar, tashkilotlar rahbarlariga shtat jadvallari moliya organlarida roʻyxatdan oʻtkazilgunga qadar yangi shtat jadvallarini amalga kiritish, shuningdek amaldagi shtat jadvallariga oʻzgartirishlar kiritish taqiqlab qoʻyilsin.
4. Bank muassasalari 1998-yil 1-yanvardan boshlab budjetdan mablagʻ bilan taʼminlanadigan muassasalar va tashkilotlarning shtatlar jadvallari va xarajatlar smetalari Moliya vazirligida yoki tegishli moliya organlarida roʻyxatdan oʻtkazilgan taqdirdagina xodimlarga ish haqi toʻlash uchun mablagʻlar bersinlar.
5. Moliya vazirligi va respublika moliya organlari belgilangan shtatlarga, lavozim maoshlariga va xarajatlar smetasiga rioya qilmagan budjetdan mablagʻ bilan taʼminlanadigan muassasalar va tashkilotlarning xarajatlarini mablagʻ bilan taʼminlashni toʻxtatib qoʻysinlar.
6. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosarlari B.S. Hamidov va A.A. Azizxoʻjayev zimmasiga yuklansin.