Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
Yuqori unumli texnikani respublikamizning oʻzida ishlab chiqarishni va ularga xizmat koʻrsatishni rivojlantirishni taʼminlash, qishloq xoʻjaligining ularga boʻlgan ehtiyojini yanada toʻliq qondirish, yuqori unumli qishloq xoʻjaligi texnikasini qishloq xoʻjaligi tovar ishlab chiqaruvchilarga sotishda texnika qiymatining va ularga servis xizmati koʻrsatish boʻyicha xizmatlar qiymatining qimmatlashuviga yoʻl qoʻymaslik maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. “Keys-Nyu Xolland” korporatsiyasi ishtirokidagi qoʻshma korxonalar (“OʻzKeysmash”, “OʻzKeysTraktor”, “OʻzKeysservis” va “OʻzKeysagrolizing”) tomonidan qishloq xoʻjaligidagi asosiy agrotexnika tadbirlarini amalga oshiruvchi yuqori unumli qishloq xoʻjaligi texnikasini ishlab chiqarish, yetkazib berish va ularga servis xizmati koʻrsatish taʼminlanayotganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. “OʻzKeysmash”, “OʻzKeysTraktor”, “OʻzKeysservis” va “OʻzKeysagrolizing” qoʻshma korxonalari 2003-yil 4-dekabrdan 2006-yil 1-yanvargacha boʻlgan davrda:
texnikani ishlab chiqarish hamda lizing va servis xizmatlari koʻrsatish uchun import qilinadigan asbob-uskunalar, butlovchi va ehtiyot qismlarga hamda boshqa moddiy-texnika resurslari uchun bojxona toʻlovlaridan (bojxonada rasmiylashtirish yigʻimlaridan tashqari);
ishlab chiqariladigan texnika hamda Oʻzbekiston Respublikasi hududida koʻrsatiladigan lizing va servis xizmatlari uchun qoʻshilgan qiymat soligʻidan;
Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari boʻlmagan xodimlar uchun Pensiya jamgʻarmasiga, Ish bilan taʼminlashga koʻmaklashish jamgʻarmasiga va Kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashiga badallardan;
Respublika yoʻl jamgʻarmasiga ajratmalardan va ekologiya soligʻidan ozod qilinsin.
3. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari Oʻ.T.Sultonov zimmasiga yuklansin.