toggle_night_mode
Hujjat kuchini yo‘qotgan 01.04.2021
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Farmoni
Ishlab chiqarishni modernizatsiyalash, texnik va texnologik qayta jihozlashni ragʻbatlantirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida
 LexUZ sharhi
Mazkur Farmon Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 17-noyabrdagi PF-6112-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim farmonlarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida”gi Farmoniga asosan 2021-yil 1-apreldan oʻz kuchini yoʻqotadi.
Xoʻjalik subyektlari tomonidan ishlab chiqarishni muntazam modernizatsiyalash, texnik va texnologik jihatdan qayta jihozlash, uni yuqori sifatli, raqobatbardosh, eksportga yoʻnaltirilgan mahsulot ishlab chiqarishni koʻpaytirish imkonini beradigan ilgʻor zamonaviy uskunalar bilan taʼminlashga qaratilgan samarali ragʻbatlantirish tizimini yaratish maqsadida:
Oldingi tahrirga qarang.
1. Xoʻjalik yurituvchi subyektlarga besh yil mobaynida ishlab chiqarishni modernizatsiyalash, texnik va texnologik qayta jihozlashga, yangi texnologik uskunalar xarid qilish, yangi qurilish shaklida ishlab chiqarishni kengaytirish, ishlab chiqarish ehtiyojlari uchun foydalaniladigan binolar va inshootlarni rekonstruksiya qilishga, shuningdek, ushbu maqsadlar uchun berilgan kreditlarni qaytarishga, lizing obyekti qiymatini toʻlashga yoʻnaltirilgan mablagʻlar miqdorida, tegishli soliq davrida amortizatsiya ajratmalarini chiqarib tashlagan holda, ammo soliqqa tortiladigan daromadning 30 foizidan oshmaydigan miqdorda foydadan olinadigan soliq bazasini kamaytirish huquqi berilsin.
(1-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2009-yil 21-dekabrdagi PF-4158-son Farmoni tahririda — OʻR QHT, 2009-y., 52-son, 558-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
(2-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2013-yil 26-dekabrdagi PF-4589-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — OʻR QHT, 2013-y., 52-son, 689-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
3. Soliqqa tortishning soddalashtirilgan tartibi qoʻllaniladigan yuridik shaxslar uchun besh yil davomida yagona soliq toʻlovi toʻlashda soliqqa tortiladigan bazani xarid qilingan yangi texnologik jihozlar qiymatiga teng, ammo soliqqa tortish bazasining 25 foizidan koʻp boʻlmagan miqdorda kamaytirgan holda soliq imtiyozlari joriy etilsin.
(3-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2009-yil 17-iyundagi PF-4116-sonli Farmoni tahririda — OʻR QHT, 2009-y., 25-son, 282-modda)
4. Belgilab qoʻyilsinki:
Oldingi tahrirga qarang.
ushbu Farmonda koʻzda tutilgan soliq imtiyozlari mazkur xarajatlar amalga oshirilgan soliq davridan boshlab, texnologik uskunalar boʻyicha esa — navbatdagi hisobot soliq davrida uskunalar ishga tushirilgan paytdan boshlab qoʻllaniladi.
(4-bandning ikkinchi xatboshi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2009-yil 21-dekabrdagi PF-4158-son Farmoni tahririda — OʻR QHT, 2009-y., 52-son, 558-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
Texnologik jihozlar xarid (import) qilingan paytdan boshlab uch yil ichida sotib yuborilgan yoki tekinga berilgan boʻlsa, qayd etib oʻtilgan soliq imtiyozlarining amal qilishi bekor qilinadi, budjetga tegishli soliqlar toʻlash boʻyicha majburiyatlar tiklanadi. Texnologik jihozlar xarid (import) qilingan paytdan boshlab uch yil ichida sotib yuborilgan yoki tekinga berilgan boʻlsa, bojxona toʻlovlari boʻyicha imtiyozlar bekor qilinadi va budjetga bojxona toʻlovlari toʻlash boʻyicha majburiyatlar tiklanadi.
(4-bandning uchinchi xatboshi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2009-yil 17-iyundagi PF-4116-sonli Farmoni tahririda — OʻR QHT, 2009-y., 25-son, 282-modda)
5. Belgilansinki, 2007-yil 1-apreldan boshlab olib kiriladigan texnologik jihozlarga qonunchilikda koʻzda tutilgan bojxona toʻlovlari boʻyicha imtiyozlar Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi, Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi, Davlat bojxona qoʻmitasi tomonidan tasdiqlanadigan texnologik jihozlar roʻyxatiga muvofiq qoʻllaniladi.
Texnologik jihozlarni olib kirishda qoʻllaniladigan imtiyozlar, agar texnologik jihozlarni yetkazib berish boʻyicha shartnoma shartlarida koʻzda tutilgan boʻlsa, butlovchi va ehtiyot qismlarga nisbatan ham tatbiq etilsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi, Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi, Davlat bojxona qoʻmitasi bilan birgalikda 2007-yil 1-aprelgacha boʻlgan muddatda Oʻzbekiston Respublikasi hududiga olib kirishda bojxona toʻlovlaridan ozod qilinadigan texnologik jihozlar roʻyxatini tasdiqlasin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bir oy muddatda Iqtisodiyot vazirligi, Davlat soliq qoʻmitasi, Davlat bojxona qoʻmitasi, Adliya vazirligi bilan birgalikda oʻrnatilgan tartibda mazkur Farmonda koʻzda tutilgan soliq imtiyozlarini qoʻllash tartibi toʻgʻrisida nizom ishlab chiqsin va tasdiqlasin.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi, Moliya vazirligi va boshqa manfaatdor vazirliklar hamda idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda amaldagi qonun hujjatlariga ushbu Farmondan kelib chiqqan holda kiritiladigan oʻzgartish va qoʻshimchalar haqida Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritsin.
8. Mazkur Farmon ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri Sh. Mirziyoyev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2007-yil 14-mart,
PF-3860-son
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2007-y., 11-son, 96-modda; 2009-y., 25-son, 282-modda, 52-son, 558-modda; 2013-y., 52-son, 689-modda)