1.07.00.00.00 Moliya va kredit to‘g‘risidagi qonunchilik. Bank faoliyati / 07.21.00.00 Bank faoliyati / 07.21.01.00 Umumiy masalalar]
[TSZ:
1.Moliya / Banklar va boshqa kredit muassasalari. Kreditlar]
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
AHOLINING VA XO‘JALIK YuRITUVChI SUBYEKTLARNING BANK TIZIMIGA IShONChINI MUSTAHKAMLAShGA OID KEYINGI ChORA-TADBIRLAR TO‘G‘RISIDA
LexUZ sharhi
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-sonli “O‘z ahamiyatini yo‘qotgan qonunchilik hujjatlarini qayta ko‘rib chiqish tizimini joriy etish orqali mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoniga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
Tijorat banklarining kapitallashuv darajasini yanada oshirish, aholining va xo‘jalik yurituvchi subyektlarning bank tizimiga ishonchini mustahkamlash, ularning daromadlarini legallashtirish, depozit hisobvaraqlaridagi qo‘yilmalar hajmini ko‘paytirish, shuningdek naqd pul mablag‘larining bankdan tashqari aylanmasini qisqartirish maqsadida:
(1-band O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2009-yil 12-oktabrdagi PF-4148-sonli Farmoniga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan)
2. O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi:
banklar va boshqa kredit tashkilotlarining faoliyatiga aralashish, shuningdek ulardan bank sirini tashkil etuvchi ma’lumotlar berishni huquqqa zid tarzda talab qilish kabi hollarga yo‘l qo‘ymaslik borasida bank siri to‘g‘risidagi qonun hujjatlarining ijrosi ustidan nazoratni kuchaytirsin;
ushbu qaror talablarini buzuvchi aybdor mansabdor shaxslarni belgilangan tartibda javobgarlikka tortsin.
3. O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi:
Bosh prokuratura, Markaziy bank, Moliya vazirligi, boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda ikki hafta muddatda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan o‘zgartish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin;
vazirliklar va idoralar tomonidan o‘z normativ hujjatlari mazkur qarorga muvofiqlashtirilishini ta’minlasin.
4. Ushbu qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Sh. Mirziyoyev zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2007-yil 12-yanvar,
PQ-565-son
(O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2007-y., 3-son, 24-modda)