toggle_night_mode
Hujjat 16.01.2007 sanasi holatiga
Amaldagi versiyaga o‘tish
Oʻzbekiston Respublikasining qonuni
“OMMAVIY AXBOROT VOSITALARI TOʻGʻRISIDA”GI OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI QONUNIGA OʻZGARTISH VA QOʻSHIMCHALAR KIRITISH HAQIDA
Qonunchilik palatasi tomonidan 2006-yil 28-iyunda qabul qilingan
Senat tomonidan 2006-yil 30-noyabrda maʼqullangan
1-modda. Oʻzbekiston Respublikasining 1997-yil 26-dekabrda qabul qilingan “Ommaviy axborot vositalari toʻgʻrisida”gi 541-I-sonli Qonuniga (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1998-yil, № 1, 10-modda; 2002-yil, № 9, 165-modda) oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritilib, uning yangi tahriri tasdiqlansin (ilova qilinadi).
2-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
hukumat qarorlarini ushbu Qonunga muvofiqlashtirsin;
davlat boshqaruvi organlarining ushbu Qonunga zid boʻlgan oʻz normativ-huquqiy hujjatlarini qayta koʻrib chiqishlari va bekor qilishlarini taʼminlasin.
3-modda. Ushbu Qonun rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
 LexUZ sharhi
Ushbu Qonun “Xalq soʻzi” gazetasining 2007-yil 16-yanvardagi 11-12 (4164-4165) - sonida eʼlon qilingan.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2007-yil 15-yanvar,
OʻRQ-78-son
Ommaviy axborot vositalari toʻgʻrisida
(yangi tahriri)
1-bob. Umumiy qoidalar
1-modda. Ushbu Qonunning maqsadi
Ushbu Qonunning maqsadi ommaviy axborot vositalarining tashkil etilishi, faoliyat koʻrsatishi va faoliyatining tugatilishi sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat.
Keyingi tahrirga qarang.
2-modda. Ushbu Qonunning qoʻllanilish sohasi
Ushbu Qonun Oʻzbekiston Respublikasida tashkil etiladigan va faoliyat koʻrsatadigan ommaviy axborot vositalariga, shuningdek chet davlatlar ommaviy axborot vositalariga ular mahsulotining Oʻzbekiston Respublikasi hududida tarqatilishiga taalluqli qismiga nisbatan tatbiq etiladi.
3-modda. Ommaviy axborot vositalari toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari
Ommaviy axborot vositalari toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari ushbu Qonun va boshqa qonun hujjatlaridan iboratdir.
Agar Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida Oʻzbekiston Respublikasining ommaviy axborot vositalari toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarida nazarda tutilganidan boshqacha qoidalar belgilangan boʻlsa, xalqaro shartnoma qoidalari qoʻllaniladi.
Keyingi tahrirga qarang.
4-modda. Ommaviy axborot vositalari
Ommaviy axborotni davriy tarqatishning doimiy nomga ega boʻlgan hamda bosma tarzda (gazetalar, jurnallar, axborotnomalar, byulletenlar va boshqalar) va (yoki) elektron tarzda (tele-, radio-, video, kinoxronikal dasturlar, umumfoydalanishdagi telekommunikatsiya tarmoqlaridagi veb saytlar) olti oyda kamida bir marta nashr etiladigan yoki efirga beriladigan (bundan buyon matnda chiqariladigan deb yuritiladi) shakli hamda ommaviy axborotni davriy tarqatishning boshqa shakllari ommaviy axborot vositasidir.
Keyingi tahrirga qarang.
Oʻzbekiston Respublikasida ommaviy axborot vositalari oʻz faoliyatini “Davlat tili haqida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq amalga oshiradi.
5-modda. Ommaviy axborot vositalarining erkinligi
Oʻzbekiston Respublikasida ommaviy axborot vositalari erkin boʻlib, oʻz faoliyatini ushbu Qonunga va boshqa qonun hujjatlariga muvofiq amalga oshiradi.
Har kim, agar qonunda boshqacha qoida nazarda tutilmagan boʻlsa, ommaviy axborot vositalarida chiqish, oʻz fikri va eʼtiqodini oshkora bayon etish huquqiga egadir.
 LexUZ sharhi
Qarang: mazkur Qonunning 6-moddasi.
Ommaviy axborot vositalari qonun hujjatlariga binoan axborotni izlash, olish, tarqatish huquqiga ega hamda tarqatilayotgan axborotning xolisligi va ishonchliligi uchun belgilangan tartibda javobgar boʻladi.
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasining “Axborot erkinligi prinsiplari va kafolatlari toʻgʻrisida”gi Qonuni.
Keyingi tahrirga qarang.
Keyingi tahrirga qarang.
6-modda. Ommaviy axborot vositalari erkinligini suiisteʼmol qilishga yoʻl qoʻyilmasligi
Ommaviy axborot vositalaridan:
Oʻzbekiston Respublikasining mavjud konstitutsiyaviy tuzumini, hududiy yaxlitligini zoʻrlik bilan oʻzgartirishga daʼvat qilish;
urush, zoʻravonlik va terrorizmni, shuningdek diniy ekstremizm, separatizm va aqidaparastlik gʻoyalarini targʻib qilish;
davlat siri boʻlgan maʼlumotlarni yoki qonun bilan qoʻriqlanadigan boshqa sirni oshkor etish;
milliy, irqiy, etnik yoki diniy adovat qoʻzgʻatuvchi axborot tarqatish;
agar qonunda boshqacha qoida nazarda tutilmagan boʻlsa, giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar va prekursorlarni targʻib qilish;
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi “Giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalar toʻgʻrisida”gi Qonunining 34-moddasi.
pornografiyani targʻib etish;
qonunga muvofiq jinoiy va oʻzga javobgarlikka sabab boʻladigan boshqa harakatlarni sodir etish maqsadida foydalanilishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
Ommaviy axborot vositalari orqali fuqarolarning shaʼni va qadr-qimmatini yoki ishchanlik obroʻsini tahqirlash, shaxsiy hayotiga aralashish taqiqlanadi.
Prokuror, tergovchi yoki surishtiruvchining yozma ruxsatisiz surishtiruv yoki dastlabki tergov materiallarini eʼlon qilish, muayyan ish boʻyicha sud qarori chiqmasdan turib yoki sudning qarori qonuniy kuchga kirmay turib, uning natijalarini taxmin qilish yoxud sudga boshqacha yoʻl bilan taʼsir koʻrsatish taqiqlanadi.
7-modda. Senzuraga yoʻl qoʻyilmasligi
Oʻzbekiston Respublikasida ommaviy axborot vositalarini senzura qilishga yoʻl qoʻyilmaydi. Eʼlon qilinayotgan xabarlar va materiallar oldindan kelishib olinishini, shuningdek ularning matni oʻzgartirilishini yoki butunlay nashrdan olib qolinishini (efirga berilmasligini) talab qilishga hech kimning haqi yoʻq.
2-bob. Ommaviy axborot vositalari faoliyatini tashkil etish
8-modda. Ommaviy axborot vositasini taʼsis etish huquqi
Oʻzbekiston Respublikasining yuridik va jismoniy shaxslari ommaviy axborot vositalarini taʼsis etish huquqiga egadirlar.
Ommaviy axborot vositasi bir nechta muassis tomonidan ham taʼsis etilishi mumkin.
Quyidagilar ommaviy axborot vositasining muassisi (bundan buyon matnda muassis deb yuritiladi) boʻlishi mumkin emas:
oʻn sakkiz yoshga toʻlmagan shaxs;
qasddan sodir etgan jinoyati uchun sudlanganlik holati tugallanmagan yoki sudlanganligi olib tashlanmagan yoxud sud tomonidan muomalaga layoqatsiz deb topilgan shaxs;
faoliyati qonun bilan taqiqlangan nodavlat notijorat tashkiloti.
 LexUZ sharhi
Batafsil maʼlumot uchun qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 71-moddasi va “Oʻzbekiston Respublikasida Jamoat birlashmalari toʻgʻrisida”gi Qonunning 3-moddasi.
Ustav fondida chet el investitsiyalarining ulushi oʻttiz va undan ortiq foizni tashkil etgan yuridik shaxslar tomonidan ommaviy axborot vositalari taʼsis etilishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
9-modda. Taʼsis hujjatlari
Ommaviy axborot vositasining taʼsis hujjatlari taʼsis shartnomasi va ommaviy axborot vositasi tahririyatining (bundan buyon matnda tahririyat deb yuritiladi) ustavidan (nizomidan) yoki faqat tahririyatning ustavidan (nizomidan) iboratdir.
10-modda. Taʼsis shartnomasi
Taʼsis shartnomasi bir nechta muassis oʻrtasida tuziladi.
Taʼsis shartnomasida quyidagilar nazarda tutiladi:
muassislarning nomi (familiyasi, ismi, otasining ismi) va joylashgan yeri (pochta manzili);
taʼsis etilayotgan ommaviy axborot vositasining turi, nomi, tili, maqsadi, ixtisoslashuvi va davriyligi;
tahririyatning tashkiliy-huquqiy shakli;
tahririyatning ustav fondi miqdori va shakllantirish tartibi;
tahririyatni moliyalashtirish manbalari;
muassislarning tahririyat faoliyatida ishtirok etishga doir huquq va majburiyatlari;
tahririyatning boshqaruv organlarini shakllantirish tartibi;
foydani taqsimlash va zararlarning oʻrnini qoplash tartibi;
ommaviy axborot vositasi chiqarilishini toʻxtatib turish yoki tugatish tartibi;
qonun hujjatlariga muvofiq boshqa shartlar.
Keyingi tahrirga qarang.
11-modda. Tahririyat ustavi (nizomi)
Tahririyat qonun hujjatlariga muvofiq qabul qilingan va muassis tomonidan tasdiqlangan ustav (nizom) asosida faoliyat koʻrsatadi.
Keyingi tahrirga qarang.
Tahririyat ustavida (nizomida) quyidagilar belgilanadi:
ommaviy axborot vositasining turi, nomi, tili, maqsadi, ixtisoslashuvi, davriyligi va hajmi;
tahririyatning joylashgan yeri (pochta manzili);
muassis va tahririyatning huquq hamda majburiyatlari;
tahririyatni moliyalashtirish manbalari;
tahririyatning boshqaruv organlarini shakllantirish tartibi;
foydani taqsimlash va zararlarning oʻrnini qoplash tartibi;
ommaviy axborot vositasi chiqarilishini toʻxtatib turish yoki tugatish asoslari va tartibi;
tahririyatni qayta tashkil etish va tugatish tartibi;
ustavni (nizomni) qabul qilish va unga oʻzgartishlar kiritish tartibi;
qonun hujjatlariga muvofiq boshqa qoidalar.
Keyingi tahrirga qarang.
12-modda. Muassis va tahririyat oʻrtasidagi shartnoma
Muassis va tahririyat oʻrtasidagi shartnomada quyidagilar belgilanadi:
muassis va tahririyatning huquq hamda majburiyatlari;
ommaviy axborot vositasini tayyorlash va chiqarish shartlari;
tahririyat faoliyatini moliyalashtirish tartibi;
tahririyat xodimlarining ishlab chiqarish va ijtimoiy-maishiy mehnat sharoitlarini tashkil etish tartibi;
uchinchi shaxslar bilan oʻzaro munosabatlar tartibi;
taraflarning javobgarligi;
qonun hujjatlariga muvofiq boshqa shartlar.
Keyingi tahrirga qarang.
Agar muassis va tahririyat sifatida bir shaxs ish yuritsa, shartnoma tuzish talab etilmaydi.
13-modda. Muassisning huquqlari
Muassis:
ommaviy axborot vositasining roʻyxatda qayd etilgan nomidan foydalanish va uni tasarruf etish;
tahririyatning boshqaruv organlarini shakllantirishda taʼsis shartnomasi, tahririyat ustavi (nizomi) va qonun hujjatlarida belgilangan tartibda ishtirok etish;
Keyingi tahrirga qarang.
foydani taqsimlashda va zararlarning oʻrnini qoplashda ishtirok etish;
eng katta hajmi va chiqariladigan muddati tahririyat ustaviga (nizomiga) yoki muassis va tahririyat oʻrtasidagi shartnomaga muvofiq belgilanadigan, reklama tusida boʻlmagan xabar yoki materialni oʻz nomidan ommaviy axborot vositasida bepul joylashtirish;
tahririyatning faoliyati tugatilgan taqdirda, kreditorlar bilan hisob-kitob qilinganidan keyin qolgan mol-mulkni yoki uning qiymatini qonun hujjatlarida nazarda tutilgan tartibda olish huquqiga ega.
Keyingi tahrirga qarang.
Muassis qonun hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi mumkin.
Keyingi tahrirga qarang.
14-modda. Muassisning majburiyatlari
Muassis:
tahririyatni tashkil etishi;
tahririyat ustavini (nizomini) tasdiqlashi;
tahririyat bilan shartnoma tuzishi;
ommaviy axborot vositasining chiqarilishini taʼminlashi;
ommaviy axborot vositalari toʻgʻrisidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini taʼminlashi;
Keyingi tahrirga qarang.
muassisning ustav fondi oʻzgarganligi haqida, agar ustav fondida chet el investitsiyalari ulushi ushbu Qonun 8-moddasining toʻrtinchi qismida nazarda tutilgan chegaradan ortib ketgan boʻlsa, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadigan vakolatli davlat organini (bundan buyon matnda roʻyxatdan oʻtkazuvchi organ deb yuritiladi) xabardor etishi shart.
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 2-fevraldagi PQ-4151-son qarori bilan tasdiqlangan “Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi toʻgʻrisida nizom”.
Muassisning zimmasida qonun hujjatlariga muvofiq boshqa majburiyatlar ham boʻlishi mumkin.
Keyingi tahrirga qarang.
15-modda. Tahririyat
Tahririyat ommaviy axborot vositasining chiqarilishini amalga oshiruvchi yuridik shaxs yoki yuridik shaxsning tarkibiy boʻlinmasidir.
Tahririyat qonun hujjatlarida nazarda tutilgan har qanday tashkiliy-huquqiy shaklda tashkil etilishi mumkin.
Keyingi tahrirga qarang.
Tahririyat oʻz kasb faoliyatida mustaqildir.
Tahririyat bosh muharrir va tahririyat xodimlaridan iborat boʻlishi mumkin.
Tahririyat ommaviy axborot vositasi davlat roʻyxatidan oʻtkazilganidan keyin oʻz faoliyatini boshlashi mumkin.
Tahririyat faoliyatini moliyalashtirish qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
Keyingi tahrirga qarang.
16-modda. Bosh muharrir
Bosh muharrir muassis tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimdan ozod qilinadi.
Bosh muharrir tahririyatga rahbarlik qiladi, ommaviy axborot vositasining chiqarilishi toʻgʻrisida qaror qabul qiladi va uning faoliyati uchun qonun hujjatlariga muvofiq javobgar boʻladi.
Qonun hujjatlari va taʼsis hujjatlariga muvofiq bosh muharrir ommaviy axborot vositasining muassisi, tarqatuvchisi, davlat hokimiyati va boshqaruv organlari hamda boshqa yuridik va jismoniy shaxslar bilan munosabatlarda, shuningdek sudda tahririyat nomidan ish yuritadi.
Keyingi tahrirga qarang.
17-modda. Tahririyat xodimi
Tahririyat shtatida turgan, materiallarni toʻplash, tahlil, tahrir qilish hamda tayyorlash bilan shugʻullanuvchi shaxs tahririyat xodimidir.
18-modda. Ommaviy axborot vositasining chiqarilishiga doir maʼlumotlar
Har bir davriy nashrning chiqarilishida quyidagi maʼlumotlar koʻrsatilishi shart:
davriy nashrning nomi;
davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan sanasi va raqami;
muassisning nomi (familiyasi, ismi, otasining ismi);
bosh muharrirning familiyasi, ismi, otasining ismi;
har bir davriy nashr chiqarilishi uchun masʼul boʻlgan tahririyat xodimining familiyasi, ismi, otasining ismi;
tartib raqami va chiqarilgan sanasi, davriy bosma nashrlar uchun esa bosishga ruxsat berilib, imzo qoʻyilgan vaqt (jadvalda belgilangani va amaldagisi);
davriy bosma nashrlar uchun — indeksi, adadi, bahosi yoki “Kelishilgan narxda”, “Bepul” degan yozuvlar;
tahririyat va bosmaxonaning joylashgan yeri (pochta manzili).
Keyingi tahrirga qarang.
Tele-, radio-, video-, kinoxronikal dasturlarga va ommaviy axborotni davriy tarqatishning boshqa elektron shakllariga doir maʼlumotlar qonun hujjatlari bilan belgilanadi.
Keyingi tahrirga qarang.
3-bob. Ommaviy axborot vositalarini davlat roʻyxatidan oʻtkazish
19-modda. Ommaviy axborot vositasini davlat roʻyxatidan oʻtkazish tartibi
Ommaviy axborot vositasi roʻyxatdan oʻtkazuvchi organ tomonidan davlat roʻyxatidan oʻtkaziladi (bundan buyon matnda roʻyxatdan oʻtkazish deb yuritiladi). Ommaviy axborot vositalarini roʻyxatdan oʻtkazish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
Ommaviy axborot vositasini roʻyxatdan oʻtkazish toʻgʻrisidagi ariza roʻyxatdan oʻtkazuvchi organga belgilangan tartibda muassis tomonidan beriladi.
Muassisning ommaviy axborot vositasini roʻyxatdan oʻtkazish toʻgʻrisidagi arizasi roʻyxatdan oʻtkazuvchi organ tomonidan bir oy muddatda koʻrib chiqilishi kerak.
Keyingi tahrirga qarang.
Ommaviy axborot vositasini roʻyxatdan oʻtkazganlik hamda qayta roʻyxatdan oʻtkazganlik uchun qonun hujjatlarida belgilangan tartibda va miqdorlarda roʻyxatdan oʻtkazish yigʻimi olinadi.
Keyingi tahrirga qarang.
20-modda. Ommaviy axborot vositasini roʻyxatdan oʻtkazish toʻgʻrisidagi ariza
Ommaviy axborot vositasini roʻyxatdan oʻtkazish toʻgʻrisidagi arizada quyidagilar koʻrsatilishi kerak:
muassis toʻgʻrisidagi maʼlumotlar;
ommaviy axborot vositasining nomi, tili va turi;
maqsad va vazifalari;
ixtisoslashuvi;
tarqatilish hududi;
davriyligi;
moliyalashtirish manbalari;
tahririyatning joylashgan yeri (pochta manzili) va tahririyat toʻgʻrisidagi boshqa maʼlumotlar;
hajmi;
muassis va tahririyat boshqa qaysi ommaviy axborot vositalariga nisbatan muassis, ishonchli boshqaruvchi, noshir, tarqatuvchi ekanligi haqidagi (barcha affillangan shaxslarning va ulardan har birining tahririyat ustav fondidagi ulushi miqdorlari koʻrsatilgan) maʼlumotlar.
Ommaviy axborot vositasini roʻyxatdan oʻtkazish toʻgʻrisidagi arizaga ommaviy axborot vositasining taʼsis hujjatlari ilova qilinadi.
Agar muassis bitta shaxsdan iborat boʻlsa, roʻyxatdan oʻtkazuvchi organga taqdim etiladigan ommaviy axborot vositasini roʻyxatdan oʻtkazish toʻgʻrisidagi arizaga faqat tahririyat ustavi (nizomi) ilova qilinadi.
Keyingi tahrirga qarang.
Ommaviy axborot vositasini roʻyxatdan oʻtkazishda ushbu moddada nazarda tutilganidan boshqa talablar qoʻyish taqiqlanadi.
Ushbu modda birinchi qismining ikkinchi—beshinchi xatboshilarida, shuningdek ikkinchi qismida koʻrsatilgan maʼlumotlar va hujjatlarga ommaviy axborot vositasi roʻyxatdan oʻtkazilganidan soʻng oʻzgartishlar kiritilgan taqdirda, u belgilangan tartibda qayta roʻyxatdan oʻtishi shart. Qolgan hollarda muassis yoki tahririyat kiritilgan oʻzgartishlar toʻgʻrisida roʻyxatdan oʻtkazuvchi organni bir oy muddatda yozma shaklda xabardor qilishi shart.
21-modda. Roʻyxatdan oʻtkazilmaydigan ommaviy axborot vositalari
Quyidagilarning roʻyxatdan oʻtkazilishi talab etilmaydi:
faqat oʻz rasmiy xabarlari va materiallarini, shuningdek normativ-huquqiy hujjatlarini eʼlon qilish uchun davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari tomonidan taʼsis etiladigan ommaviy axborot vositalari;
korxona, muassasa, tashkilotning (shu jumladan oʻquv va ilmiy muassasaning) oʻz ehtiyojlarini qondirish uchun adadi yuztagacha nusxada chop etiladigan davriy bosma nashrlar;
kabel tarmoqlari orqali olib beriladigan (koʻrsatiladigan) tele-, radio-, video, kinoxronikal dasturlar, shuningdek tarqatilishi bir korxona, muassasa, tashkilot (shu jumladan oʻquv va ilmiy muassasa) binosi va (yoki) hududi bilan cheklanadigan audio-, audiovizual xabar va materiallar.
22-modda. Ommaviy axborot vositasini roʻyxatdan oʻtkazishni rad etish
Ommaviy axborot vositasini roʻyxatdan oʻtkazish quyidagi hollarda rad etilishi mumkin:
ommaviy axborot vositasining maqsad va vazifalari qonun hujjatlariga zid boʻlsa;
Keyingi tahrirga qarang.
ommaviy axborot vositasini roʻyxatdan oʻtkazish toʻgʻrisidagi ariza ushbu Qonunga muvofiq ommaviy axborot vositasini taʼsis etish huquqiga ega boʻlmagan yuridik yoki jismoniy shaxs nomidan berilgan boʻlsa;
ommaviy axborot vositasini roʻyxatdan oʻtkazish toʻgʻrisidagi arizada koʻrsatilgan maʼlumotlar haqiqatga mos kelmasa;
bundan avval aynan bir xil yoki adashtirib yuborish darajasida oʻxshash nomdagi ommaviy axborot vositasi roʻyxatdan oʻtkazilgan boʻlsa.
Ommaviy axborot vositasini roʻyxatdan oʻtkazish rad etilgan taqdirda, rad etish asoslari koʻrsatilgan yozma xabarnoma qaror chiqarilgandan keyin oʻn kun ichida arizachiga yuboriladi.
Keyingi tahrirga qarang.
Muassis roʻyxatdan oʻtkazuvchi organning ommaviy axborot vositasini roʻyxatdan oʻtkazishni rad etish toʻgʻrisidagi qarori ustidan sudga shikoyat qilishi mumkin.
23-modda. Ommaviy axborot vositasi roʻyxatdan oʻtkazilganligi toʻgʻrisidagi guvohnomani haqiqiy emas deb topish
Ommaviy axborot vositasi roʻyxatdan oʻtkazilganligi toʻgʻrisidagi guvohnoma faqat sud tomonidan haqiqiy emas deb topilishi mumkin.
Ommaviy axborot vositasi roʻyxatdan oʻtkazilganligi toʻgʻrisidagi guvohnomaning soxta hujjatlardan foydalanilgan holda olinganligi ommaviy axborot vositasi roʻyxatdan oʻtkazilganligi toʻgʻrisidagi guvohnomani haqiqiy emas deb topish uchun asos boʻladi. Bunda roʻyxatdan oʻtkazuvchi organ ommaviy axborot vositasi roʻyxatdan oʻtkazilganligi toʻgʻrisidagi guvohnomani haqiqiy emas deb topish haqidagi ariza bilan sudga murojaat qilishi shart.
Ommaviy axborot vositasi roʻyxatdan oʻtkazilganligi toʻgʻrisidagi guvohnomani haqiqiy emas deb topish haqidagi maʼlumot ommaviy axborot vositalarida eʼlon qilinishi kerak.
24-modda. Ommaviy axborot vositasining chiqarilishini toʻxtatib turish yoki tugatish
Ommaviy axborot vositasining chiqarilishini toʻxtatib turish yoki tugatish roʻyxatdan oʻtkazuvchi organning arizasi asosida sudning qaroriga koʻra amalga oshiriladi.
Muassis ommaviy axborot vositasining chiqarilishini tahririyat ustavida (nizomida) yoki muassis va tahririyat oʻrtasida tuzilgan shartnomada nazarda tutilgan hollarda hamda tartibda toʻxtatib turish yoki tugatishga haqlidir.
Muassis ommaviy axborot vositasining chiqarilishini toʻxtatib turish yoki tugatish toʻgʻrisida qaror qabul qilinganidan keyin oʻz qarori haqida roʻyxatdan oʻtkazuvchi organni uch kun ichida yozma shaklda xabardor etishi shart. Mazkur xabarnoma ushbu ommaviy axborot vositasi chiqarilishining toʻxtatib turilishi yoki tugatilishidan oldingi soʻnggi chiqarilishlaridan biriga joylashtirilishi kerak.
Keyingi tahrirga qarang.
Ommaviy axborot vositasining chiqarilishini sud qaroriga koʻra toʻxtatib turish roʻyxatdan oʻtkazuvchi organ tomonidan tahririyatga nisbatan chiqarilgan ogohlantirishga sabab boʻlgan qonun hujjatlari buzilishi takroriy yozma ogohlantirishdan keyin bir oy ichida bartaraf etilmagan taqdirda amalga oshiriladi.
Ommaviy axborot vositasining chiqarilishini qayta boshlash roʻyxatdan oʻtkazuvchi organ aniqlagan qonun hujjatlari buzilishlari bartaraf etilganligini tasdiqlovchi maʼlumotlar muassis va (yoki) tahririyat tomonidan sudga taqdim etilganidan keyin sud qaroriga asosan amalga oshiriladi.
Keyingi tahrirga qarang.
Ommaviy axborot vositasining chiqarilishini tugatish toʻgʻrisida sud tomonidan qaror chiqarish uchun quyidagilar asos boʻlishi mumkin:
ommaviy axborot vositalari toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari talablari tahririyat tomonidan muntazam ravishda buzib kelinganligi, bu haqda roʻyxatdan oʻtkazuvchi organ tomonidan muassis va (yoki) tahririyat nomiga ilgari yozma ogohlantirishlar yuborilganligi;
Keyingi tahrirga qarang.
sudning ommaviy axborot vositasini chiqarishni toʻxtatib turish haqidagi qarori bajarilmaganligi;
ommaviy axborot vositasining olti oydan ziyod vaqt mobaynida chiqarilmaganligi;
qonun hujjatlarida belgilangan boshqa hollar.
Keyingi tahrirga qarang.
Ommaviy axborot vositasining chiqarilishini tugatish uning roʻyxatdan oʻtkazilganligi toʻgʻrisidagi guvohnomaning amal qilishi tugatilishiga sabab boʻladi.
Ommaviy axborot vositasining chiqarilishini tugatish toʻgʻrisida muassis tomonidan qaror qabul qilingan taqdirda, tahririyat muassisning ruxsati bilan xuddi shunday nomdagi ommaviy axborot vositasini belgilangan tartibda taʼsis etishga haqlidir. Bunday holda ommaviy axborot vositasini qayta roʻyxatdan oʻtkazish talab qilinadi.
4-bob. Ommaviy axborot vositalari mahsulotini tarqatish. Ommaviy axborot vositalari bozorini monopollashtirishga yoʻl qoʻyilmasligi
25-modda. Ommaviy axborot vositalari mahsuloti
Davriy bosma nashr alohida sonining adadi yoki adadining bir qismi yoxud tele-, radio-, video-, kinoxronikal dasturlarning va ommaviy axborotni davriy tarqatishning boshqa elektron tarzdagi alohida chiqarilishi ommaviy axborot vositalarining mahsulotidir.
26-modda. Ommaviy axborot vositalari mahsulotini tarqatish
Ommaviy axborot vositasi mahsulotini tarqatish bevosita tahririyat tomonidan, shuningdek belgilangan tartibda yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan shartnoma asosida amalga oshirilishi mumkin.
Bosma ommaviy axborot vositalari mahsulotini tarqatish ularga obuna tashkil etish, shuningdek chakana savdo tarmogʻi orqali amalga oshiriladi. Roʻyxatdan oʻtkazilgan davriy bosma nashrlar adadini chakana savdo orqali, shu jumladan qoʻlda sotish nashrlar tahririyatlarining shtatdagi tarqatuvchilari tomonidan yoki savdo tarmogʻiga ega boʻlgan yuridik shaxslar, shuningdek yakka tartibdagi tadbirkorlar tomonidan, qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
Keyingi tahrirga qarang.
Ommaviy axborot vositasining har bir alohida chiqarilishining tarqatilishiga bosh muharrir uning chiqarilishi uchun ruxsat berganidan keyingina yoʻl qoʻyiladi.
Koʻrsatuv va eshittirish uzluksiz davom etganda ommaviy axborot vositasi mahsulotining tarqatilishiga bosh muharrir dastlabki ruxsat bergan paytdan eʼtiboran hamda koʻrsatuv va eshittirishdagi tanaffusga qadar yoʻl qoʻyiladi.
27-modda. Davriy bosma nashrning elektron shakli
Keyingi tahrirga qarang.
Davriy bosma nashrning elektron shakli davriy bosma nashrni tarqatish usullaridan biridir.
Tegishli davriy bosma nashrning bosma va elektron shakllarining mazmuni aynan bir xil boʻlgan hamda qonun hujjatlari talablariga rioya etilgan taqdirda, davriy bosma nashr tahririyati davriy bosma nashrning elektron shaklini mustaqil ommaviy axborot vositasi sifatida roʻyxatdan oʻtkazmasdan tarqatishga haqlidir.
Keyingi tahrirga qarang.
Davriy bosma nashrning bosma shaklida mavjud boʻlgan reklama xabarlarining elektron shakldan olib tashlanishi va (yoki) butunlay yoki qisman almashtirilishi, shuningdek elektron shaklda ifodalangan materiallar hajmining bosma shaklidagiga nisbatan qisqartirilishi mazmunning aynan bir xilligi buzilishi deb qaralmaydi.
Davriy bosma nashr tahririyati davriy bosma nashrning elektron shakli tarqatilishi toʻgʻrisida roʻyxatdan oʻtkazuvchi organni yozma shaklda xabardor qilishi shart.
Keyingi tahrirga qarang.
28-modda. Davriy bosma nashrlarga ilovalar
Davriy bosma nashrlar ilovalar bilan chiqarilishi mumkin. Ilovalar qaysi davriy nashrga taalluqli boʻlsa, ularda oʻsha asosiy davriy bosma nashrning nomi koʻrsatilishi kerak.
Davriy bosma nashrning alohida nomga ega boʻlgan ilovalariga mustaqil ommaviy axborot vositasi sifatida qaraladi va u umumiy asoslarda roʻyxatdan oʻtkazilishi kerak.
29-modda. Nazorat nusxalari va majburiy nusxalar
Davriy bosma nashrlarning nazorat nusxalari tahririyatga, muassisga va roʻyxatdan oʻtkazuvchi organga bepul yuboriladi.
Davriy bosma nashrlarning majburiy nusxalari yuboriladigan muassasalar va tashkilotlarning roʻyxati Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
30-modda. Ommaviy axborot vositalari bozorini monopollashtirishga yoʻl qoʻyilmasligi
Ommaviy axborot vositalari bozorini monopollashtirishga yoʻl qoʻyilmaydi.
Bironta ham yuridik yoki jismoniy shaxs ommaviy axborot vositalarining tegishli markaziy yoki mahalliy bozoriga chiqariladigan ommaviy axborot vositalarining yigirma besh foizidan ortigʻiga muassis (hammuassis) boʻlishga va (yoki) ularni shuncha miqdorda oʻz mulkida, egaligida, foydalanishida, tasarrufida, yurituvida yoxud boshqaruvida (bevosita yoki affillangan shaxslar orqali) saqlashga haqli emas.
31-modda. Oʻzbekiston Respublikasi hududida chet davlatlar ommaviy axborot vositalari mahsulotini tarqatish
Oʻzbekiston Respublikasi hududida chet davlatlar ommaviy axborot vositalari mahsulotini tarqatish Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi belgilaydigan tartibga, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalariga muvofiq amalga oshiriladi.
Chet davlatlarning ommaviy axborot vositalari tomonidan ommaviy axborot vositalari toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari talablari buzilgan taqdirda, ularning mahsulotini Oʻzbekiston Respublikasi hududida tarqatish tugatilishi mumkin.
Keyingi tahrirga qarang.
5-bob. Ommaviy axborot vositalarining fuqarolar va tashkilotlar bilan munosabatlari
Keyingi tahrirga qarang.
32-modda. Muallif materiallaridan va xatlardan foydalanish
Ommaviy axborot vositalarida muallif materiallaridan, fan, adabiyot va sanʼat asarlaridan qonun hujjatlariga muvofiq foydalanilishiga yoʻl qoʻyiladi.
Keyingi tahrirga qarang.
Tahririyatga kelgan xatlarni eʼlon qilishga tayyorlash chogʻida ularning mazmunini buzmagan holda matnini qisqartirish hamda tahrir qilishga yoʻl qoʻyiladi.
Tahririyat qonuniy asoslarda rad etgan materialni ommaviy axborot vositasida majburan eʼlon qildirishga hech kim haqli emas.
33-modda. Axborot manbaini oshkor etmaslik
Tahririyat oʻz nomini oshkor etmaslik sharti bilan berilgan axborot, maʼlumotlar, faktlar yoki dalillar manbaining nomini, shuningdek taxallusini qoʻygan muallifning nomini ularning yozma roziligisiz oshkor etishga haqli emas.
Tahririyat axborot manbaining yoki taxallusini qoʻygan muallifning talabiga binoan ularning nomidan sudda ishtirok etishi mumkin.
34-modda. Raddiya berish va javob qaytarish huquqi
Yuridik yoki jismoniy shaxs ommaviy axborot vositasida eʼlon qilingan, haqiqatga mos kelmaydigan hamda oʻzining shaʼni va qadr-qimmati yoki ishchanlik obroʻsini tahqirlovchi maʼlumotlar uchun raddiya berishni tahririyatdan talab qilishga haqlidir.
Eʼlon qilingan material tufayli huquqlari va qonuniy manfaatlari buzilgan yuridik va jismoniy shaxslar mazkur ommaviy axborot vositasida raddiya yoki javobni eʼlon qilishga haqlidir. Raddiya yoki javob berilishiga sabab boʻlgan material bosilgan ayni oʻsha sahifada maxsus rukn ostida eʼlon qilinishi kerak.
Raddiya yoki javob gazetalarda ular olingan kundan eʼtiboran bir oy ichida, boshqa davriy nashrlarda navbatdagi sonda eʼlon qilinishi shart.
Tele-, radio-, video, kinoxronikal dasturlar va ommaviy axborotni davriy tarqatishning boshqa elektron shakllari tahririyati tomonidan olingan raddiya yoki javob aynan oʻsha dastur yoki turkumda, kelgan kunidan eʼtiboran bir oydan kechiktirmay efirga beriladi.
Agar raddiya yoki javobni eʼlon qilish hajmi va vaqti ommaviy axborot vositasining faoliyatiga zarar yetkazishi mumkin boʻlsa, matnni axborot manbai yoki muallif bilan kelishilgan holda asoslangan tahrir qilishga yoʻl qoʻyiladi.
Ommaviy axborot vositasi raddiyani, javobni eʼlon qilishdan boʻyin tovlasa yoxud ularni eʼlon qilish uchun belgilab qoʻyilgan muddatni buzsa, yuridik yoki jismoniy shaxs daʼvo arizasi bilan sudga murojaat qilishga haqlidir.
35-modda. Rasmiy xabarlar va axborotni eʼlon qilish
Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari tomonidan taʼsis etilgan ommaviy axborot vositalari shu organlarning rasmiy xabarlari va materiallarini, shuningdek normativ-huquqiy hujjatlarini eʼlon qilishi shart.
Favqulodda vaziyatlar toʻgʻrisidagi shoshilinch xabarlar yoki vakolatli davlat organlari tomonidan jamoatchilikka tezkorlik bilan yetkazish maqsadida berilgan xabarlar barcha ommaviy axborot vositalarida eʼlon qilinadi.
Sudning aynan shu ommaviy axborot vositasida eʼlon qilish toʻgʻrisidagi koʻrsatmasi boʻlgan, qonuniy kuchga kirgan qarorini tahririyat sud qarorida koʻrsatilgan muddatda bepul eʼlon qilishi shart.
Ushbu moddaning birinchi — uchinchi qismlarida nazarda tutilganidan boshqa har qanday axborot, xabar va eʼlon tahririyat bilan tuziladigan shartnoma asosida eʼlon qilinadi.
Keyingi tahrirga qarang.
6-bob. Yakunlovchi qoidalar
36-modda. Axborot agentliklari
Ushbu Qonun axborot agentliklariga nisbatan qoʻllanilgan taqdirda, ularga bir vaqtning oʻzida ommaviy axborot vositasining tahririyati, noshiri, tarqatuvchisi maqomi hamda huquqiy rejimi tatbiq etiladi.
Axborot agentligi tomonidan taʼsis etiladigan, doimiy nomga ega boʻlgan axborotnoma, xabarnoma, boshqa nashr yoki dastur ushbu Qonunda belgilangan tartibda roʻyxatdan oʻtkaziladi.
 LexUZ sharhi
Qarang: mazkur Qonunning 3-bobi.
Axborot agentligining xabarlari va materiallari boshqa ommaviy axborot vositasi tomonidan tarqatilgan taqdirda, axborot agentligining nomi koʻrsatilishi shart.
37-modda. Xalqaro hamkorlik
Ommaviy axborot sohasidagi xalqaro hamkorlik xalqaro huquqning umum eʼtirof etilgan prinsiplari va normalari, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari va qonun hujjatlari asosida amalga oshiriladi.
Keyingi tahrirga qarang.
38-modda. Chet davlatlar ommaviy axborot vositalarining vakolatxonalari va vakillarini akkreditatsiya qilish
Chet davlatlar ommaviy axborot vositalarining vakolatxonalari va vakillari Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligida akkreditatsiya qilinganidan keyin Oʻzbekiston Respublikasida oʻz faoliyatini amalga oshiradi.
Chet davlatlar ommaviy axborot vositalarining Oʻzbekiston Respublikasida akkreditatsiya qilingan vakolatxonalari va vakillarining huquqiy maqomi hamda kasbiy faoliyatini amalga oshirish shartlari qonun hujjatlari bilan belgilanadi.
Keyingi tahrirga qarang.
39-modda. Nizolarni hal etish
Ommaviy axborot vositalarining tashkil etilishi, faoliyat koʻrsatishi va faoliyatining tugatilishi sohasida yuzaga keladigan nizolar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda hal etiladi.
Keyingi tahrirga qarang.
40-modda. Ommaviy axborot vositalari toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarini buzganlik uchun javobgarlik
Keyingi tahrirga qarang.
Ommaviy axborot vositalari toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarini buzganlikda aybdor shaxslar belgilangan tartibda javobgar boʻladilar.
Keyingi tahrirga qarang.
Bosh muharrir, shuningdek jurnalist ommaviy axborot vositalarida haqiqatga mos kelmaydigan materiallarni tarqatganlik uchun quyidagi hollarda javobgar boʻlmaydi:
agar bu maʼlumotlar rasmiy xabarlardan, normativ-huquqiy hujjatlardan yoki rasmiy statistika hisobotlari maʼlumotlaridan yoxud axborot agentliklari yoki davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining matbuot xizmatlari orqali olingan boʻlsa;
Keyingi tahrirga qarang.
agar bu maʼlumotlar oldindan yozib olinmasdan efirga beriladigan mualliflik chiqishlarida mavjud boʻlsa yoki chiqishlarning soʻzma-soʻz takrorlanishi (stenografiya, audio-, videoyozuvi) boʻlsa.
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2007-y., 3-son, 20-modda; Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 19.04.2018-y., 03/18/476/1087-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son; 07.02.2024-y., 03/24/905/0106-son; 21.09.2024-y., 03/24/963/0735-son)