toggle_night_mode
Hujjat yangi tahrirda qabul qilingan
Oʻzbekiston Respublikasining qonuni
JISMONIY TARBIYA VA SPORT TOʻGʻRISIDA
 LexUZ sharhi
Mazkur Qonun Oʻzbekistan Respublikasining 2026-yil 24-martdagi OʻRQ-1123-sonli “Jismoniy tarbiya va sport toʻgʻrisida”gi Qonuniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
 LexUZ sharhi
Ushbu Qonun Oʻzbekiston Respublikasining 2000-yil 26-maydagi “Jismoniy tarbiya va sport toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartirishlar va qoʻshimchalar kiritish haqida”gi Qonuni bilan yangi tahrirda tasdiqlangan.
1-modda. Umumiy qoidalar
Jismoniy tarbiya Oʻzbekiston Respublikasi xalqlari milliy madaniyatining ajralmas qismi, jismoniy va maʼnaviy kamolotning muhim vositasi boʻlib, Oʻzbekiston Respublikasining xalqlari oʻrtasida doʻstlikni mustahkamlash, ijtimoiy va iqtisodiy taraqqiyot ishiga xizmat qiladi.
Ushbu Qonun jismoniy tarbiya va sport, shu jumladan sportning texnik turlari sohasidagi munosabatlarning huquqiy, iqtisodiy va tashkiliy asoslarini belgilab beradi.
2-modda. Fuqarolarning jismoniy tarbiya va sport sohasidagi huquqlari
Oʻzbekiston Respublikasining fuqarolari jinsidan, yoshidan, millatidan, dinidan, mulkiy va ijtimoiy mavqeyidan qatʼi nazar, jismoniy tarbiya va sport bilan shugʻullanish, jismoniy tarbiya-sogʻlomlashtirish yoʻnalishidagi jamoat tashkilotlariga birlashish, jismoniy tarbiya-sport harakatini boshqarishda ishtirok etish huquqiga egadir.
Davlat jismoniy tarbiya va sportni, shu jumladan sportning texnik turlarini rivojlantirishga mablagʻ ajratadi, bu sohada davlat boshqaruvi idoralarini tuzadi, aholining barcha guruhlarini jismoniy chiniqtirish tizimini ishlab chiqadi, mutaxassislarni tayyorlash va qayta tayyorlashni, jismoniy tarbiya va sport sohasida ilmiy tadqiqotlar oʻtkazish hamda fuqarolarning bu boradagi manfaatlarini huquqiy jihatdan himoya qilish ishlarini uyushtiradi, jismoniy tarbiya-sport industriyasi va infrastrukturasini rivojlantiradi.
3-modda. Fuqarolarning jismoniy tarbiya va sport sohasidagi vazifalari
Oʻzbekiston Respublikasining fuqarolari oʻz salomatliklarini asrash va mustahkamlash, jismoniy chiniqishlari toʻgʻrisida qaygʻurishlari shart.
Ota-onalar, homiylar, vasiylar yoki ularning oʻrnini bosuvchi shaxslar oiladagi bolalarning jismonan har tomonlama kamol topishi va salomatligi toʻgʻrisida qaygʻurishlari, jismoniy tarbiya-sport mashqlari uchun ularga zarur sharoitlar yaratib berishlari hamda sogʻlom turmush tarzida oʻzlari shaxsan namuna koʻrsatishlari shart.
4-modda. Qoraqalpogʻiston Respublikasining jismoniy tarbiya va sport sohasidagi huquq-vakolatlari
Qoraqalpogʻiston Respublikasida jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish masalalari Qoraqalpogʻiston Respublikasining qonunlari bilan tartibga solinadi.
5-modda. Xalq deputatlari mahalliy Sovetlarining jismoniy tarbiya va sport sohasidagi huquq-vakolatlari
Xalq deputatlari mahalliy Sovetlari va ularning ijroiya idoralari oʻz huquq-vakolatlari doirasida oʻzlariga qarashli hududda jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirishga rahbarlik qiladilar, jumladan:
jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirishni pul bilan taʼminlaydilar;
zarur moddiy-texnika bazasini yaratadilar;
korxonalar va tashkilotlarni jismoniy tarbiya-sogʻlomlashtirish, sport va sayyohlik uchun moʻljallangan mollar ishlab chiqarishga jalb etadilar;
jismoniy tarbiya-sogʻlomlashtirish va sport yoʻnalishidagi davlat, kooperativ, jamoat birlashmalari va tashkilotlarining tuzilishiga koʻmaklashadilar;
jismoniy tarbiyaning moddiy bazasini rivojlantirish va jismoniy tarbiya-sogʻlomlashtirish tadbirlari oʻtkazish uchun ixtiyoriylik asosida davlat, kooperativ, jamoat tashkilotlarining, muassasalar va korxonalarning, ayrim fuqarolarning mablagʻlarini jamlaydilar;
turar joylarda va aholining dam olish joylarida havaskorlik jismoniy tarbiya harakatini rivojlantiradilar, oilaviy jismoniy tarbiya-sport mashgʻulotlari uchun sharoitlar yaratadilar, jismoniy tarbiya-sport xizmatlari hajmini kengaytiradilar;
zarur oʻquv bazasini taʼminlagan holda bolalar va oʻsmirlar sport maktablarini, shuningdek oʻspirin yoshlarga moʻljallangan jismoniy tarbiya va sport klublari, jismoniy tarbiya-sport yoʻnalishidagi maktabdan tashqari boshqa muassasalar tashkil etadilar hamda ularni pul bilan taʼminlaydilar;
umumiy taʼlim maktablarida, maktabgacha tarbiya bolalar muassasalarida qoʻshimcha ravishda jismoniy tarbiya-sport mashgʻulotlari uyushtirilishini pul bilan taʼminlaydilar.
6-modda. Oʻzbekiston Respublikasida jismoniy tarbiya va sportga rahbarlik qilish
Oʻzbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport davlat qoʻmitasi va xalq deputatlari nohiya, shahar, viloyat Kengashlarining jismoniy tarbiya va sport qoʻmitalari jismoniy tarbiya hamda sportni boshqaruvchi davlat idoralaridir.
Sportning texnik va amaliy turlarini rivojlantirishga umumiy rahbarlikni Oʻzbekiston Respublikasi mudofaasiga yordam koʻrsatuvchi “Vatanparvar” tashkiloti amalga oshiradi.
7-modda. Jismoniy tarbiya-sogʻlomlashtirish va sport yoʻnalishidagi jamoat birlashmalari
Jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirishni oʻz maqsadi deb bilgan jismoniy tarbiya-sport jamiyatlari, sport federatsiyalari, uyushmalari, jamgʻarmalari va fuqarolarning oʻzga uyushmalari jismoniy tarbiya-sogʻlomlashtirish va sport yoʻnalishidagi jamoat birlashmalari hisoblanadi.
Jismoniy tarbiya-sogʻlomlashtirish va sport yoʻnalishidagi jamoat birlashmalari oʻz faoliyatlarida “Oʻzbekiston Respublikasida jamoat birlashmalari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga va oʻz ustavlariga rioya etadilar.
Jismoniy tarbiya-sogʻlomlashtirish va sport yoʻnalishidagi jamoat birlashmalari davlatning moliyaviy, moddiy va boshqa yordamidan foydalanishlari mumkin.
Jismoniy tarbiya va sport davlat boshqaruvi idoralari sportni rivojlantirish, musobaqalar uyushtirish, sportchilarni tarbiyalash va ularni xalqaro musobaqalarda qatnashishga tayyorlash vakolatlarini sport federatsiyalariga, jismoniy tarbiya-sogʻlomlashtirish va sport yoʻnalishidagi jamoat birlashmalariga berishi mumkin.
Jismoniy tarbiya-sogʻlomlashtirish va sport yoʻnalishidagi jamoat birlashmalari bilan jismoniy tarbiya va sport davlat boshqaruv idoralari oʻrtasidagi oʻzaro munosabatlar shartnomalarda belgilanadi.
8-modda. Sogʻliqni saqlash idoralari hamda muassasalarining jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirishda ishtirok etishi
Sogʻliqni saqlash idoralari va muassasalari, tibbiyot oʻquv yurtlari:
jismoniy tarbiyadan salomatlikni mustahkamlash, kasalliklarning oldini olish va kasallikni davolash vositasi sifatida keng foydalanadilar;
respublika aholisining jismoniy jihatdan rivojlanganligini tahlil etadilar va Hukumatga tegishli takliflar kiritadilar;
jismoniy tarbiya va sport bilan shugʻullanayotgan shaxslarni tibbiy nazoratdan oʻtkazadilar, respublika terma komandalarini Olimpiya oʻyinlariga, xalqaro va respublikalararo hamda boshqa musobaqalarga tayyorlashni tibbiy jihatdan taʼminlashda qatnashadilar;
jismoniy tarbiya sohasidagi sogʻliqni saqlash mutaxassislarini tayyorlaydilar va ularning malakasini oshiradilar;
jismoniy mashqlarning maxsus dasturlarini ishlab chiqadilar, sogʻlomlashtirish markazlari, tibbiyot-jismoniy tarbiya dispanserlarini tashkil etadilar, ularni maxsus apparatlar va asbob-ukunalar bilan jihozlaydilar.
9-modda. Jismoniy tarbiya va sportni, sogʻlom turmush tarzini targʻib etish
Matbuot, televideniye, radio, boshqa ommaviy axborot vositalari, jismoniy tarbiya va sport davlat boshqaruvi idoralari, sogʻliqni saqlash idoralari, jismoniy tarbiya-sogʻlomlashtirish va sport yoʻnalishidagi jamoat birlashmalari aholi oʻrtasida jismoniy tarbiya va sportni keng targʻib etishni taʼminlaydilar.
Sportda shafqatsizlik va zulmni, inson qadr-qimmatini kamsitishni, kishi salomatligiga zarar yetkazuvchi taqiqlangan giyohlarni qoʻllashni targʻib qilishga yoʻl qoʻyilmaydi.
10-modda. Jismoniy tarbiya va sport boʻyicha mehnat faoliyati bilan shugʻullanish
Jismoniy tarbiya va sport boʻyicha mehnat faoliyati bilan shugʻullanishga jismoniy tarbiya boʻyicha maxsus maʼlumotga ega boʻlgan yoki maxsus tayyorgarlik kursini tugatgan shaxslarga ruxsat etiladi.
Davolash jismoniy tarbiyasi mutaxassisligi boʻyicha mehnat faoliyati bilan shugʻullanishga jismoniy tarbiya boʻyicha maxsus maʼlumotga yoki tibbiy maʼlumotga ega boʻlgan kishilarga ruxsat etiladi.
11-modda. Jismoniy tarbiya va sport boʻyicha mutaxassislarni tayyorlash, ularning malakasini oshirish va attestatsiyadan oʻtkazish
Jismoniy tarbiya va sport boʻyicha mutaxassislar tayyorlash ishlari oliy va oʻrta maxsus oʻquv yurtlari, dorilfununlarning, pedagogika va meditsina institutlari hamda bilim yurtlarining maxsus fakultetlari va boʻlinmalari tomonidan amalga oshiriladi.
Jismoniy tarbiya va sport xodimlarining malakasini oshirish va ularni attestatsiyadan oʻtkazish Oʻzbekiston Respublikasi qonunlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
12-modda. Jismoniy tarbiya va sportga mablagʻ ajratish
Jismoniy tarbiya va sportni mablagʻ bilan taʼminlash respublika budjeti va mahalliy budjetlar, kasaba uyushmalarining mablagʻlari, aʼzolik badallari, korxonalar, muassasalar, tashkilotlar, ayrim shaxslar ixtiyoriy ravishda beradigan mablagʻlar, tomoshabop sport tadbirlari va sport lotereyalari oʻtkazishdan, aholiga xizmatlar koʻrsatishdan keladigan tushumlar, uy-joylardan foydalanish tashkilotlarining ajratmalari va boshqa tushumlar hisobidan amalga oshiriladi.
“Jismoniy tarbiya va sport sohasi” respublika budjetida alohida moddada aks ettiriladi. Pul bilan taʼminlash hajmlarini aholi jismoniy tarbiyasi va ommaviy sportni mablagʻ bilan taʼminlash oliy toifadagi sportchilarni tayyorlashga mablagʻ ajratishga nisbatan ustun ekanligini hisobga olgan holda Oliy Kengash va xalq deputatlari mahalliy Kengashlari belgilaydi.
Jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirishga, shu jumladan jismoniy tarbiya-sogʻlomlashtirish va sport inshootlari qurilishiga ajratiladigan bank ssudalari boʻyicha ulardan foydalanganlik uchun imtiyozli foizlar belgilanishi mumkin.
13-modda. Jismoniy tarbiya-sogʻlomlashtirish ishlariga, sport va sayyohlikka moʻljallangan mahsulotlar
Jismoniy tarbiya-sogʻlomlashtirish ishlariga, sport va sayyohlikka moʻljallangan buyumlar, anjomlar va texnik vositalar xalq isteʼmoli mollari guruhiga kiradi.
14-modda. Jismoniy tarbiya-sogʻlomlashtirish va sport inshootlari
Jismoniy tarbiya-sogʻlomlashtirish va sport inshootlari Oʻzbekiston Respublikasi qonunlarida belgilanadigan mulkchilikning turli shaklida boʻlishi mumkin.
Xalq deputatlari mahalliy Kengashlari uy-joy qurilishiga yoʻnaltirilayotgan jami mablagʻning kamida 1,5 foizini turar joy rayonlarida jismoniy tarbiya-sogʻlomlashtirish va sport yoʻnalishidagi obyektlar qurilishiga ajratadilar hamda oʻz hududlarida jismoniy tarbiya-sogʻlomlashtirish va sport yoʻnalishidagi obyektlar qurilishini rejalashtirish, loyihalash, qurish va foydalanishga topshirishni nazorat qiladilar.
Maktabgacha tarbiya bolalar muassasalari va umumtaʼlim maktablari, boshqa oʻquv muassasalari uchun ishlovchilarning soniga, oʻquvchilar yoki tarbiyalanuvchilar tarkibiga qarab, asosiy jismoniy tarbiya-sogʻlomlashtirish va sport inshootlari bilan eng kam taʼminlanganlik normativlari belgilanadi.
Zarur jismoniy tarbiya va sport kompleksi inshootlarini nazarda tutmagan holda yangi maktabgacha tarbiya bolalar muassasalari, umumtaʼlim maktablari va oʻquv yurtlari qurishga hamda mavjudlarini taʼmirlashga, shuningdek jismoniy tarbiya-sogʻlomlashtirish va sport inshootlarini aynan shu hududda (mavzeda) xuddi shunga yarasha inshootni qurmay turib tugatishga yoʻl qoʻyilmaydi.
15-modda. Imtiyozli jismoniy tarbiya-sport xizmatlari
Koʻp bolali va kam taʼminlangan oilalarning bolalariga, nogironlarga, yetim bolalarga, Ulugʻ Vatan urushi qatnashchilariga hamda imtiyozlar boʻyicha ularga tenglashtirilgan shaxslarga tekinga, maktabgacha yoshdagilar va maktab oʻquvchilariga imtiyozli shartlarda jismoniy tarbiya-sport xizmatlari koʻrsatiladi.
Jismoniy tarbiya-sport xizmatlaridan tekinga yoki imtiyozli shartlarda foydalanadigan fuqarolar toifalarining roʻyxati, beriladigan imtiyozlar hajmi, ularni berish tartibi va tegishli xarajatlarni qoplash manbalari Oʻzbekiston Respublikasi qonunlari bilan, xalq deputatlari mahalliy Kengashlarining qarorlari bilan belgilanadi.
16-modda. Maktabgacha tarbiya bolalar muassasalarida, umumtaʼlim maktablari va boshqa oʻquv yurtlarida jismoniy tarbiya
Maktabgacha yoshdagi bolalar, oʻquvchilar va talabalar salomatligini asrash va mustahkamlash, ularda jismoniy barkamollikka ehtiyojni shakllantirish maktabgacha tarbiya bolalar muassasalari va oʻquv yurtlarining ustun vazifasi hisoblanadi.
Oʻquv yurtlari tayyorgarlikning normativlarini, mahalliy sharoitlar va oʻquvchilarning qiziqishlarini hisobga olib, jismoniy tarbiya mashgʻulotlari oʻtkazishning shakllari, vositalari, uslublari va davomiyligini belgilaydilar.
Maktabgacha tarbiya bolalar muassasalari va oʻquv yurtlari har yili kamida bir marta maktabgacha yoshdagi bolalarning hamda oʻquvchi yoshlarning jismoniy tayyorgarlik darajasini koʻrikdan oʻtkazadilar.
Umumtaʼlim maktablarida, boshqa oʻquv yurtlarida jismoniy tarbiya boʻyicha imtihonlar oʻtkaziladi.
Koʻriklar va imtihonlar oʻtkazish tartibi hamda shartlari Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi hamda Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi tomonidan belgilanadi.
Oʻquv yurtlari armiyaga chaqirilish yoshidagilarni va chaqiriluvchilarni xizmatga jismoniy jihatdan tayyorlaydilar.
17-modda. Aholiga pulli xizmatlar koʻrsatish
Aholiga pulli jismoniy tarbiya-sogʻlomlashtirish xizmatlari koʻrsatish jismoniy tarbiya muassasalari, korxonalar, shuningdek yakka tartibda mehnat faoliyati bilan shugʻullanuvchi ayrim shaxslar tomonidan amalga oshiriladi. Bunday xizmatlar koʻrsatish maktabgacha tarbiya bolalar muassasalarida, maktablarda, boshqa oʻquv yurtlarida, ishlab chiqarishlarda oʻtkaziladigan jismoniy tarbiya mashgʻulotlariga qoʻshimcha boʻladi.
Pulli jismoniy tarbiya-sogʻlomlashtirish xizmatlari turlarining roʻyxati jismoniy tarbiya va sportning davlat boshqaruvi hududiy idorasi tomonidan tasdiqlanadi.
18-modda. Harbiy xizmatchilarni va huquqni muhofaza qiluvchi idoralar shaxsiy tarkibini jismoniy jihatdan tayyorlash
Harbiy xizmatchilarni va huquqni muhofaza qiluvchi idoralar shaxsiy tarkibini jismoniy jihatdan tayyorlashning mazmuni va shakllari tegishli davlat boshqaruvi idoralari tomonidan belgilanadi.
19-modda. Davlat, kooperativ va jamoat korxonalari, muassasalari hamda tashkilotlarida jismoniy tarbiya
Korxonalar, muassasalar va tashkilotlarning maʼmuriyati, kengashi (boshqaruvi), kasaba uyushmalari qoʻmitalari xodimlarga va ularning oila aʼzolariga jismoniy tarbiya va sport bilan shugʻullanishlari uchun sharoitlar yaratib berishlari shart, bu mashgʻulotlar ish kuni davomida charchoqyozdi va kasbiy-amaliy mashqlar, ishdan keyingi charchoqyozdi mashqlari oʻtkazishni, ommaviy sport ishlarini, sport-sogʻlomlashtirish sayyohligini, harbiy xizmatga chaqirilish yoshidagilar va chaqiriluvchilarni jismonan tayyorlashni qamrab olmogʻi lozim.
Jismoniy tarbiya-sport mashgʻulotlari uchun moddiy baza yaratish, uni mablagʻ va mutaxassislar bilan taʼminlash tartibi jismoniy tarbiya va sport davlat boshqaruvi idoralari tomonidan belgilangan nizomlar va normativlar asosida ishlab chiqilgan jamoa shartnomalari, korxonalar, muassasalar hamda tashkilotlarning jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirishga doir dasturlari bilan belgilanadi.
Korxonalar, muassasalar va tashkilotlarning maʼmuriyati, kengashlari (boshqaruvlari), kasaba uyushmasi qoʻmitalari sogʻliqni saqlash, mehnatni muhofaza qilish hamda jismoniy tarbiya va sport xodimlarini, sogʻlomlashtirish obyektlarini birlashtiruvchi yagona sihat-salomatlik xizmatini yaratadi.
20-modda. Sanatoriy-kurort muassasalarida, dam olish uylarida hamda sayyohlik qoʻnimgohlarida jismoniy tarbiya-sogʻlomlashtirish ishlari
Sanatoriy-kurort muassasalari, dam olish uylari hamda sayyohlik qoʻnimgohlarining maʼmuriyati dam oluvchilarning salomatligini mustahkamlash, kasalliklarning oldini olish va davolash uchun jismoniy mashqlardan, jismoniy tarbiyaning boshqa shakllaridan foydalanishlari shart.
Barcha sanatoriy-kurort muassasalarida, dam olish uylarida va sayyohlik qoʻnimgohlarida yakka tartibda, guruh-guruh boʻlib jismoniy tarbiya-sogʻlomlashtirish mashgʻulotlari oʻtkazish uchun jismoniy tarbiyaning moddiy bazalari, boshqa shart-sharoitlar yaratiladi.
21-modda. Nogironlar uchun jismoniy tarbiya va sport
Nogironlar uchun jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish ularning ijtimoiy kamol topishiga hamda jismoniy jihatdan qayta quvvatga kirishiga qaratilgan boʻlib, Nogironlarni ijtimoiy himoya qilish toʻgʻrisidagi Oʻzbekiston Respublikasining Qonuniga muvofiq amalga oshiriladi.
Xalq deputatlari mahalliy Kengashlari nogironlar jismoniy tarbiya va sport bilan shugʻullanishlari uchun maxsus jismoniy tarbiya-sogʻlomlashtirish sport inshootlari yaratilishini hamda umumiy foydalanishdagi inshootlarda zarur shart-sharoitlar yaratib berilishini taʼminlaydilar.
22-modda. Jismoniy tarbiya va sport mashgʻulotlarini, sport musobaqalari va tomoshabop sport tadbirlarini oʻtkazish chogʻida xavfsizlik qonun-qoidalariga rioya etish, fuqarolarning salomatligini, shaʼni va qadr-qimmatini muhofaza etish
Jismoniy tarbiya-sogʻlomlashtirish va sport inshootlarining maʼmuriyati mashgʻulotlar hamda musobaqalar oʻtkaziladigan joy jismoniy tarbiya va sport davlat boshqaruvi idoralari tomonidan tasdiqlangan qoidalarga, xavfsizlik texnikasi hamda sanitariya-gigiyena normalariga muvofiq zarur darajada texnik jihatdan jihozlanishini taʼminlaydilar.
Jismoniy tarbiya-sport mashgʻulotlari va musobaqalar ularning qatnashchilari hamda tomoshabinlarning salomatligi, shaʼni va qadr-qimmatiga ziyon yetkazmaydigan qilib oʻtkazilishi kerak.
Belgilangan tartibda attestatsiyadan oʻtgan shaxslarning sport musobaqalarida hakamlik qilishiga yoʻl qoʻyiladi.
23-modda. Oʻzbekiston Respublikasida Olimpiya harakati
Oʻzbekiston Respublikasida Olimpiya harakati:
Olimpiya gʻoyalari va qoidalarini ommalashtirishni, yosh avlodni oʻzaro hamjihatlik va doʻstlik ruhida tarbiyalashni;
aholi oʻrtasida jismoniy tarbiya va sportni tashviqot qilishni;
Oʻzbekiston Respublikasi sportchilari olimpiya oʻyinlarida qatnashishini oʻz oldiga maqsad qilib qoʻyadi.
Oʻzbekiston Respublikasida Olimpiya harakati Oʻzbekiston Respublikasi milliy Olimpiya qoʻmitasi tomonidan yoʻnaltirib turiladi hamda boshqariladi. Bu qoʻmita oʻz faoliyatini Olimpiya xartiyasiga asosan amalga oshiradi.
24-modda. Yuqori koʻrsatkichlar sporti
Yuqori koʻrsatkichlar sporti shaxsning jismoniy va maʼnaviy imkoniyatlarini ochishga qaratilgan boʻlib, u aholining boʻsh vaqtini mazmunli oʻtkazish vositasidir.
Xalqaro darajadagi sportchilarni ixtisoslashtirilgan sport muassasalari tayyorlaydi.
Jismoniy tarbiya va sportni boshqaruvchi davlat hamda jamoat idoralari respublika terma komandalarining aʼzolariga sport mashgʻulotlarini oʻqish, ishlab chiqarish faoliyati, harbiy xizmat bilan yaxshi qoʻshib olib borishda sportchiga zarur shart-sharoitlarni yaratib berish maqsadida jismoniy tarbiya va sport davlat hamda jamoat boshqaruvi idoralari oʻquv yurtlari, korxonalar, muassasalar, tashkilotlar bilan shartnoma tuzadi.
Sportchilarni tayyorlashga pul ajratish davlat tashkilotlari hamda jismoniy tarbiya-sogʻlomlashtirish jamoat birlashmalari tomonidan shartnomalar asosida amalga oshiriladi.
25-modda. Sportchilarning ijtimoiy jihatdan himoyalanganligi
Davlat boshqaruvi idoralari, sport federatsiyalari, jamoat birlashmalari sportchilarga moliyaviy yordam koʻrsatishlari mumkin.
Sportning oʻyin turlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi terma komandalari va masterlar komandalarining sportchilari, trenerlari, boshqa mutaxassislari oʻrtasidagi mehnat munosabatlari kontrakt asosiga quriladi.
Jismoniy tarbiya va sportning davlat boshqaruvi idoralari, jamoat birlashmalari, sport klublari va markazlari, boshqa ixtisoslashgan sport tashkilotlari va muassasalari sportchilar uchun zarur ijtimoiy-maishiy sharoitlar yaratib berishlari, ular salomatligini muhofaza etishlari hamda sport faoliyatini tugatgach ularni ishga joylashtirishlari shart.
Oldingi tahrirga qarang.
Sportning oʻyin turlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi terma komandalari, shtatdagi masterlar komandalari tarkibiga kiruvchi sportchilar imtiyozli pensiya olish huquqiga ega boʻladilar. Uqtirib oʻtilgan pensiyalarni tayinlash tartibi Oʻzbekiston Respublikasining qonunlari bilan belgilanadi.
(25-moddaning toʻrtinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 1994-yil 6-maydagi 1086-XII-son Qonuni tahririda — Oliy Kengash Axborotnomasi, 1994-y., 5-son, 161-modda)
Sport musobaqalarida qatnashayotgan shaxslar sugʻurta huquqiga ega boʻlishlari shart.
26-modda. Professional sport
Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari professional sport bilan shugʻullanish huquqiga egadirlar.
Professional ligalar, uyushmalar, klublar va boshqa professional tashkilotlar tuzish va ularning faoliyat koʻrsatish tartibi, sportchilar bilan bitimlar hamda mehnat munosabatlarining boshqa shakllarini tuzish tartibi Oʻzbekiston Respublikasining jismoniy tarbiya va sport davlat boshqaruvi idoralari tomonidan mehnat va ijtimoiy masalalar boʻyicha tegishli davlat idoralari bilan hamkorlikda xalqaro sport tashkilotlarining ustavlari, xartiyasi, nizomlari va boshqa hujjatlarini hisobga olgan holda belgilanadi.
27-modda. Sportda qoʻllanish man etilgan usullar, vositalar
Sport bilan shugʻullanishda Oʻzbekiston Respublikasi jismoniy tarbiya va sportni boshqarish davlat idoralari, xalqaro sport tashkilotlari tomonidan tasdiqlangan tartibga solib turuvchi hujjatlarda man etilgan vositalarni qoʻllashga yoʻl qoʻyilmaydi.
Yuqori sport koʻrsatkichlariga erishish maqsadida atayin stimulyatorlardan, doping moddalardan, Xalqaro olimpiada qoʻmitasi tasdiqlagan Meditsina kodeksida taqiqlangan vositalardan foydalangan sportchi musobaqalardan chetlashtiriladi.
Stimulyatorlar, doping moddalar, Meditsina kodeksi roʻyxatiga kiruvchi boshqa taqiqlangan vositalarni tarqatishga atayin koʻmaklashayotgan shaxslar Oʻzbekiston Respublikasining qonunlariga muvofiq maʼmuriy va jinoiy javobgarlikka tortiladilar.
28-modda. Jismoniy tarbiya va sport toʻgʻrisidasi qonunlarni buzganlik uchun javobgarlik
Davlat, kooperativ va jamoat korxonalari, muassasalari, tashkilotlari, mansabdor shaxslar va fuqarolar ushbu Qonunni buzganlik uchun Oʻzbekiston Respublikasining qonunlariga muvofiq javobgarlikka tortiladilar.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti I.KARIMOV
Tashkent sh.,
1992-yil 14-yanvar,
513-XII-son
(Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Axborotnomasi, 1992-y., 3-son, 160-modda; 1994-y., 5-son, 161-modda)