1.02.00.00.00 Davlat boshqaruvi asoslari / 02.03.00.00 Respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari va xoʻjalik boshqaruvi organlari / 02.03.04.00 Agentliklar, inspeksiyalar va boshqa idoralar;
2.13.00.00.00 Taʼlim. Fan. Madaniyat / 13.02.00.00 Fan / 13.02.02.00 Fan va fan-texnika faoliyati sohasini boshqarish]
[TSZ:
1.Davlat va jamiyat qurilishi / Davlat hokimiyati organlari. Davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari;
2.Ijtimoiy-madaniy masalalar / Fan va ilmiy faoliyat]
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
Fan va texnologiyalar rivojlanishining muvofiqlashtirish va boshqarishni takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
LexUZ sharhi
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 5-iyundagi 5069-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlariga oʻzgartirishlar kiritish, shuningdek baʼzilarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida”gi Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekistonda soʻnggi yillarda ilmiy-tadqiqot faoliyati samaradorligini oshirishga, ijtimoiy va iqtisodiy rivojlanishda, mamlakatni demokratik yangilashda fanning rolini kuchaytirishga qaratilgan keng koʻlamli ishlar amalga oshirildi.
Zamonaviy sanoat ishlab chiqarishi, energetika, qishloq xoʻjaligi va iqtisodiyotning boshqa tarmoqlari, fan va texnikaning gʻoyat muhim ilmiy va texnologik muammolarini hal qilishga qaratilgan fundamental, amaliy tadqiqotlar va innovatsiya ishlar sohasidagi 25 davlat ilmiy-texnika dasturi boʻyicha ishlar olib borilmoqda.
Ilmiy-tadqiqot muassasalarini bazaviy taʼminlash tizimidan ilmiy-texnik vazifalarni hal qilishga qaratilgan maqsadli loyihalarni moliyalashga oʻtish ilmiy jamoalar ijodiy faolligi ragʻbatlantirilishini, ularning saʼy-harakatlari real yakuniy natijalarga erishishga safarbar qilinishini, fan va texnika taraqqiyotining dolzarb masalalari hal qilinishini, ularning ishlab chiqarishga joriy etilishini taʼminladi. Ilmiy-texnika sohasida xalqaro aloqalar jadal rivojlanmoqda.
Shu bilan birga, amalga oshirilgan ishlarga qaramay, ilmiy-texnika salohiyatining rivojlanish darajasi ortib borayotgan talablarga, mamlakatda olib borilayotgan iqtisodiy va ijtimoiy-siyosiy islohotlar surʼatlariga toʻliq javob bermaydi.
Ilmiy dasturlarni shakllantirish va amalga oshirish, ilmiy-texnika ishlarini moliyalash mexanizmi tubdan qayta qurilishi lozim. Davlat ilmiy-texnika dasturlari, loyihalar iqtisodiyotning tegishli tarmoqlari rivojlanishi uchun masʼul vazirliklar va idoralarning faol ishtirokisiz, chuqur va har tomonlama ekspertizasiz, olimlar, mutaxassislar tomonidan keng muhokama qilinmay shakllantirilmoqda va amalga oshirilmoqda.
Moliyaviy mablagʻlarning tor doiradagi ekspertlar xulosasi asosida taqsimlanishini nazarda tutuvchi, mavjud ilmiy tadqiqotlarni amalga oshirishning grant tizimi mayda mavzular tanlanishiga, ilmiy loyihalar takrorlanishiga va ajratilgan mablagʻlardan samarasiz foydalanilishiga olib kelmoqda. Jumladan, agar 2000-yilda Davlat ilmiy-texnika dasturlari doirasida 747 ta ilmiy loyiha amalga oshirilgan boʻlsa, grant orqali moliyalash tizimiga oʻtilgach, mazkur dasturlar doirasida oʻrganilayotgan mavzular soni 2-marta koʻpaydi va 1515 taga yetdi.
Bugungi kunda fan doktorlari va nomzodlarining 74 foizdan koʻprogʻi ishlayotgan, ilmiy tadqiqotlarning mustahkam moddiy-texnika bazasi yaratilgan mamlakat oliy oʻquv yurtlarida ilmiy-tadqiqot ishlarini tashkil etish tizimi sezilarli darajada takomillashtirilmogʻi zarur. Oliy oʻquv yurtlarining kafedralari, ilmiy-tadqiqot markazlari va laboratoriyalari ilmiy-tadqiqot va innovatsiya ishlarini tashkil etish hamda amalga oshirishda yetakchi boʻgʻinga aylanishi kerak.
Ilmiy-texnika tadqiqotlari natijalarini amaliyotga joriy etishga oid ishlarning ahvoli ham qoniqarsizligicha qolmoqda.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ilmiy-texnika taraqqiyotini muvofiqlashtirish kengashining ishchi organlari hisoblangan Yirik ilmiy va investitsiya loyihalarini ekspertizadan oʻtkazish kengashi hamda Fan va texnologiyalar markazi oʻrtasida yaqin va samarali hamkorlik yoʻq. Bu esa mavzularning dolzarbligiga, olib borilayotgan tadqiqotlar sifatiga salbiy taʼsir qilmoqda.
Mamlakat ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishida fanning rolini kuchaytirish, ilmiy-texnika taraqqiyoti boshqaruvini erkinlashtirish, ilmiy tadqiqotlar, texnologik va konstruktorlik ishlanmalari darajasi, sifati va dolzarbligini oshirish, ulardan samarali foydalanish uchun sharoit yaratish maqsadida:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ilmiy-texnika taraqqiyotini muvofiqlashtirish kengashi va uning ijrochi organlari — Fan va texnologiyalar markazi hamda Yirik ilmiy va investitsiya loyihalarini ekspertizadan oʻtkazish kengashi tugatilsin.
Tugatish komissiyasi 1-ilovaga* muvofiq tuzilsin, Tugatish komissiyasi belgilangan tartibda Fan va texnologiyalar markazi hamda Yirik ilmiy va investitsiya loyihalarini ekspertizadan oʻtkazish kengashini tugatsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzurida Fan va texnologiyalarni rivojlantirishni muvofiqlashtirish qoʻmitasi tashkil etilsin (bundan keyin Qoʻmita deb yuritiladi):
Qoʻmitaning asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilansin:
Mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy, ijtimoiy-siyosiy rivojlantirish vazifalari, zamonaviy fan yutuqlari hisobga olingan holda Fanlar akademiyasi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, boshqa vazirlik va idoralar bilan birga fan va texnologiyalarni rivojlantirishning ustuvor yoʻnalishlarini ishlab chiqish;
vazirliklar va idoralarning ilmiy-tadqiqot institutlari va muassasalari, loyiha-konstruktorlik tashkilotlari, oliy taʼlim muassasalari, Fanlar akademiyasining fan va texnologiyalar rivojlanishining ustuvor yoʻnalishlarini amalga oshirish boʻyicha faoliyatini muvofiqlashtirishni taʼminlash;
ilmiy-texnika dasturlari amalga oshirilishini, shuningdek, ilmiy-tadqiqot ishlari natijalari iqtisod, ishlab chiqarish, taʼlimning turli sohalarida qoʻllanilishini samarali monitoring qilishni tashkil etish;
ilmiy-texnika sohasida oʻzaro foydali xalqaro hamkorlikni rivojlantirish, mamlakat ilm sohasiga xorijiy investitsiyalarni jalb qilish, respublika ilmiy tashkilotlari, olimlari va mutaxassislarining xalqaro dasturlar va ilmiy loyihalar tanlovlarida qatnashishi uchun koʻmaklashish.
3. Quyidagilar tasdiqlansin:
Qoʻmita tarkibi va uning Nizomi 2*, 3-ilovalarga** muvofiq;
Qoʻmitaning ijro apparati boshqaruv xodimlarining eng koʻp soni 25 kishi etib belgilansin.
Qoʻmita raisining oʻrinbosari — ijro apparati rahbari maqomi, moddiy va maishiy taʼminot sharoitlari boʻyicha vazir oʻrinbosariga tenglashtirilsin.
4. Belgilab qoʻyilsin:
fundamental, amaliy tadqiqotlar va innovatsiya ishlari Fanlar akademiyasi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Sogʻliqni saqlash vazirligi, Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi, Xalq taʼlimi vazirligi va boshqa vazirlik va idoralarning ilmiy-tadqiqot muassasalari va tashkilotlari tomonidan fan va texnologiyalarni rivojlantirishning ustuvor yoʻnalishlariga muvofiq ishlab chiqilgan ilmiy-texnika dasturlari asosida olib boriladi;
davlat budjeti mablagʻlari, budjetdan tashqari fondlar, homiylardan tushgan mablagʻlar va xoʻjalik subyektlari bilan ilmiy-tadqiqot ishlarini oʻtkazish boʻyicha tuzilgan shartnomalardan tushgan mablagʻlar moliyalash manbalari hisoblanadi;
davlat budjeti mablagʻlari Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tomonidan Fanlar akademiyasi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Sogʻliqni saqlash vazirligi, Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi, Xalq taʼlimi vazirligi, yetakchi tadqiqot markazlariga, ilmiy-tadqiqot va tajriba-konstruktorlik muassasalariga ega boʻlgan boshqa vazirliklar, idoralar va tashkilotlarga ajratiladi;
Innovatsiya fan-texnika faoliyatini moliyalashtirish jamgʻarmasini shakllantirish uchun mablagʻ vazirliklar, idoralar, xoʻjalik hisobidagi tuzilmalardan kelib tushadigan mablagʻlar, xalqaro grantlar, tijorat banklari va xorijiy moliya institutlarining maqsadli imtiyozli kreditlari bilan bir qatorda Fan va texnologiyalarni rivojlantirishni muvofiqlashtirish qoʻmitasi orqali Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tomonidan davlat budjetidan ajratiladi;
Fanlar akademiyasi, vazirliklar va idoralar tadqiqot va innovatsiya ishlari uchun ajratiladigan budjet mablagʻlarini ilmiy-tadqiqot, taʼlim muassasalari va tashkilotlari, shuningdek, amalga oshiriladigan ilmiy-texnika loyihalariga ilmiy-texnika loyihalari ekspertizalari natijalariga qarab tanlov asosida mustaqil taqsimlaydi.
5. Fanlar akademiyasi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Sogʻliqni saqlash vazirligi, Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi, Xalq taʼlimi vazirligi, boshqa vazirlik va idoralar tadqiqot va taʼlim muassasalari, Fan va texnologiyalar markazi oʻrtasida fundamental, amaliy tadqiqotlar va innovatsiya ishlari sohasida ilmiy-texnika loyihalarni amalga oshirish uchun ushbu qaror chiqishidan oldin tuzilgan shartnomalarga muvofiq buyurtmachilar deb belgilansin.
6. Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi tarkibiga fan boʻyicha vazir oʻrinbosari lavozimi kiritilsin.
Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Sogʻliqni saqlash vazirligi va Xalq taʼlimi vazirligi tarkibida ilmiy-tadqiqot faoliyatini muvofiqlashtirish boʻlimlari (sektor) tashkil etilsin, har bir vazirlikning boshqaruv xodimlari soni 5-ilovaga* muvofiq 3 nafarga koʻpaytirilsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tarkibidagi ilm-fanni moliyalash boʻlimiga qoʻshimcha 3 ta shtat birligi kiritilsin.
7. Belgilab qoʻyilsinki, har yili aspirantura, doktoranturaga qabul qilinadigan shaxslar soni Moliya vazirligi tomonidan maxsus ajratiladigan mablagʻlar doirasida oʻrnatilgan tartibda ilmiy va ilmiy-pedagogik kadrlar tayyorlashni amalga oshiradigan Fanlar akademiyasi, vazirliklar, idoralar tomonidan aniqlanadi.
8. Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligiga aspirantlar va talaba-magistrlar orasidan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti davlat stipendiatlarini aniqlash vazifasi yuklansin. Nomzodlarni koʻrib chiqish va stipendiyalarni moliyalash Vazirlar Mahkamasining 1993-yil 25-martdagi 157 va 2001-yil 17-avgustdagi 344-son qarorlarida koʻzda tutilgan tartibda amalga oshirilsin.
Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Fanlar akademiyasi, Sogʻliqni saqlash vazirligi, Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi, Xalq taʼlimi vazirligi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi bilan hamkorlikda bir oy muddatda oʻrnatilgan tartibda Aspirantura (doktorantura) toʻgʻrisidagi nizomni ishlab chiqsin va tasdiqlasin.
9. Fan va texnologiyalarni rivojlantirishni muvofiqlashtirish qoʻmitasi, Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi, Fanlar akademiyasi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi bilan hamkorlikda ikki oy muddatda ilmiy-tadqiqot, taʼlim muassasalari, tajriba-konstruktorlik tashkilotlariga ega vazirliklar va idoralarda bajariladigan Fundamental, amaliy tadqiqotlar va innovatsiya ishlarining ilmiy-texnika dasturlarini ishlab chiqish va tasdiqlash tartibi toʻgʻrisidagi nizomni ishlab chiqsin va tasdiqlasin.
10. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi:
2006-yilda Fan va texnologiyalar markazining tugatilishi natijasida boʻshaydigan budjet mablagʻlari hisobidan Qoʻmita ijro apparatini taʼminlash uchun mablagʻ ajratsin;
2007-yildan boshlab Qoʻmitani joriy taʼminlash uchun zarur budjet mablagʻlarini belgilangan tartibda koʻzda tutsin.
11. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Qoʻmita ijro apparatining Mustaqillik maydonidagi maʼmuriy binoda joylashishi va uning faoliyat yuritishi uchun zarur shart-sharoit yaratishni taʼminlasin.
12. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2002-yil 20-fevraldagi “Ilmiy-tadqiqot faoliyatni tashkil etishni takomillashtirish toʻgʻrisida”gi PF-3029-son farmoni va Vazirlar Mahkamasining 2002-yil 4-martdagi “ilmiy-tadqiqot faoliyatini tashkil etishni takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 77-son qarori oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblasin.
13. Adliya vazirligi Fanlar akademiyasi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Sogʻliqni saqlash vazirligi, Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi, Xalq taʼlimi vazirligi va boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki hafta ichida:
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga amaldagi qonunchilikka mazkur qarordan kelib chiqadigan oʻzgarish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida taklif kiritsin;
Idoraviy normativ hujjatlarni mazkur qarorga muvofiqlashtirishni taʼminlasin.
14. Mazkur qaror ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri Sh. Mirziyoyev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2006-yil 7-avgust,
PQ-436-son
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2006-y., 31-32-son, 311-modda; 2008-y., 14-15-son,99-modda; 2011-y., 36-son, 366-modda; 2013-y., 47-son, 616-modda; 2014-y., 30-son, 365-modda)