toggle_night_mode
Hujjat kuchini yo‘qotgan 08.04.2013
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti
huzuridagi Vazirlar Mahkamasining
qarori
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASIDA ChET EL VALYuTASINI
ERKIN SOTIB OLISh VA SOTIShNI TAShKIL ETISh HAMDA
ERKIN ALMAShTIRILADIGAN VALYuTA BILAN SAVDO
QILIShNI KENGAYTIRISh ChORALARI HAQIDA
 LexUZ sharhi
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2013-yil 29-martdagi 91-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirishlar kiritish, shuningdek baʼzilarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida (Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Jismoniy shaxslarga xorijiy valyutani sotish tartibini yanada liberallashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2013-yil 30-yanvardagi PQ-1914-son qarori)” qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Pulning tobora qadrsizlanib borayotganligini hisobga olib, respublika va uning aholisi manfaatlarini himoya qilishni taʼminlash, tashqi iqtisodiy faoliyatni ancha kengaytirish uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish, turizmning samaradorligini oshirish, shuningdek, valyuta resurslarini koʻpaytirib borish maqsadlarida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Chet el valyutasini soʻmga erkin sotib olish va sotishni tashkil etish uchun Oʻzbekiston Respublikasi hududida pul almashish punktlari tarmogʻi kengaytirilsin. Buning uchun:
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bankiga 1991-yilning 1-dekabriga qadar respublikada chet el valyutasini soʻmga sotib olish va sotish punktlarini hududiy joylashtirish strukturasini ishlab chiqish taklif etilsin.
Moliya vazirligi Oʻzbekiston Respublikasi Davlat banki va Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki bilan birgalikda 1991-yilning 1-dekabriga qadar punktlar va ixtisoslashgan birjalar orqali tarkib topayotgan bozor kursi sharoitida valyutalarni sotib olish va sotishning taʼsirchan mexanizmini ishlab chiqsin, bunda respublika va uning aholisi iqtisodiy manfaatlarini himoya qilishni, ichki va tashqi valyuta bozori konyunkturasiga qarab operativ ish tutishni nazarda tutsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy bankiga 1992-yilning 1-yanvariga qadar Respublika valyuta birjasini ochish tavsiya etilsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy bankiga va valyuta operatsiyalarini olib borishga vakolatli boʻlgan boshqa banklarga mazkur qaror chiqqandan keyin valyuta schyotlarini ochishga, shuningdek, yuridik va fizik shaxslardan omonat va depozitlarga naqd valyutani qabul qilishda barcha cheklashlar olib tashlansin, shartnoma asosida protsentlar toʻlashni taʼminlash taklif etilsin.
Belgilansinki, fuqarolarning schyotida boʻlgan chet el valyutasi ularning talabiga koʻra cheklashlarsiz va ruxsatlarsiz beriladi.
3. Respublikaga valyuta mablagʻlarini jalb etish, shuningdek, savdo shoxobchalarida tovarlarni valyutaga sotish maqsadida quyidagilar belgilab qoʻyilsin:
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat tashqi savdo va xorijiy mamlakatlar bilan aloqalar qoʻmitasi, Savdo vazirligi, Oʻzbekbirlashuv, boshqa manfaatdor tashkilotlar 1992-yilning 1-yanvariga qadar valyutaga savdo qiluvchi korxonalar shoxobchasini kengaytirsinlar va 1992-yilning 10-yanvariga qadar Vazirlar Mahkamasiga maʼlum qilsinlar.
Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot qoʻmitasi Davlat banki va boshqa manfaatdor idoralar bilan birgalikda bir hafta muddat ichida “Oʻzbekiston Respublikasi hududida xalq isteʼmoli mollarini chet el valyutasiga sotish tartibi haqida”gi Nizom loyihasini ishlab chiqsin va Vazirlar Mahkamasiga tasdiqlash uchun kiritsin.
4. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Vazirlar Mahkamasining Umumiqtisodiyot kompleksi (oʻrtoq Hamidov)ga yuklatilsin. Qarorning bajarilishi qanday borayotganligi 1992-yil yanvar oyida koʻrib chiqilsin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1991-yil 22-noyabr,
297-son