1.03.00.00.00 Fuqarolik qonunchiligi / 03.08.00.00 Mulk huquqi va boshqa ashyoviy huquqlar / 03.08.05.00 Davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirish (shuningdek, 08.01.06.00ga qarang) / 03.08.05.01 Umumiy qoidalar]
[TSZ:
1.Fuqarolik qonunchiligi. Tadbirkorlik / Davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirish]
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
2006—2008 YILLARDA DAVLAT TASARRUFIDAN ChIQARISh VA XUSUSIYLAShTIRISh JARAYoNLARINI ChUQURLAShTIRISh TOʻGʻRISIDA
LexUZ sharhi
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-sonli “Oʻz ahamiyatini yoʻqotgan qonunchilik hujjatlarini qayta koʻrib chiqish tizimini joriy etish orqali mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Iqtisodiyotda xususiy mulk rolini oshirishga, xoʻjalik jamiyatlarining ustav jamgʻarmalarida davlat ulushini tubdan qisqartirishga qaratilgan iqtisodiyotning yetakchi tarmoqlari korxonalarini davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirish jarayonlarini yanada chuqurlashtirish, shuningdek korxonalarni rivojlantirish va modernizatsiyalashga toʻgʻridan toʻgʻri investitsiyalar, shu jumladan xorijiy investitsiyalarni keng jalb etish maqsadida:
1. Quyidagilar:
davlatning joylashtirilmagan aktivlari toʻlaligicha xususiy mulk qilib sotiladigan korxonalar va obyektlar roʻyxati, 1-ilovaga* muvofiq;
davlatning joylashtirilmagan aktivlari 2006-2007-yillarda investorlar tomonidan olinadigan investitsiya majburiyatlari evaziga bepul beriladigan korxonalar va obyektlar roʻyxati, 2-ilovaga* muvofiq;
ustav jamgʻarmasida joylashtirilmagan davlat aktivlari (xoʻjalik birlashmalarining ustav jamgʻarmalariga avval berilganlarini ham hisobga olgan holda) 2006—2008-yillar mobaynida Davlat tender komissiyasi qarori boʻyicha investitsiya majburiyatlarini qabul qilish bilan xususiy mulk qilib sotiladigan strategik ahamiyatga ega korxonalar roʻyxati, 3-ilovaga* muvofiq tasdiqlansin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mulki qoʻmitasi vazirliklar, idoralar, xoʻjalik boshqaruvi organlari, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda bir oy muddatda 1, 2 va 3-ilovalarga kiritilgan korxonalar, obyektlar hamda davlatga qarashli boshqa aktivlarni baholash, savdoga qoʻyish va sotish jadvallarini tasdiqlasin hamda oʻz vaqtida va tegishli ravishda oʻtkazilishini taʼminlasin.
3. Quyidagilar tasdiqlansin:
Oʻzbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyalari Kengashi hamda yirik korxonalar balansiga beriladigan bolalar sogʻlomlashtirish oromgohlari roʻyxati, 4-ilovaga* muvofiq;
mulki birja savdolarida sotilgan holda tugatiladigan bolalar sogʻlomlashtirish oromgohlari roʻyxati, 5-ilovaga* muvofiq.
Belgilansinki, bolalar sogʻlomlashtirish oromgohlarini balansdan balansga topshirish daromad (foyda) soligʻi va qoʻshilgan qiymat soligʻi boʻyicha soliqqa tortish obyekti hisoblanmaydi.
4. Davlatning safarbarlik va strategik zaxiralari moddiy boyliklarini saqlash topshiriqlari biriktirilgan korxonalarning davlat aksiyalari paketlari va ulushlarini sotishda ushbu vazifalarni shartnoma asosida bajarish majburiyati xususiylashtirilgan korxonalar zimmasida saqlanib qolishi belgilab qoʻyilsin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mulki qoʻmitasi sudlarda, shu jumladan xoʻjalik sudlarida oʻz zimmasidagi vakolatlarni amalga oshirish bilan bogʻliq ishlar boʻyicha davlat boji toʻlashdan ozod etilsin.