National database of legislation of the Republic of Uzbekistan
ONLINE TRANSLATE
Dekret puli dekretdan dekretga ulansa necha foiz toʻlab beriladi?

Dekret puli bu ayollar homiladorlik va tugʻruq taʼtili  vaqtida oladigan nafaqa puli boʻlib, u mehnatga layoqatsizlik davrida ayolning moddiy taʼminotini kafolatlash uchun belgilanadi.

Qonunchiligimizda dekret puli berish tartibi belgilangan boʻlib, Mehnat kodeksining 404-moddasiga koʻra, ayolga tugʻruqqacha 70 kalendar kun hamda tugʻruqdan keyin 56 kalendar kun (tugʻish qiyin kechgan yoxud ikki yoki undan ortiq bola tugʻilgan taqdirda 70 kalendar kun) homiladorlik va tugʻish taʼtili berilib, qonunchilikda belgilangan, lekin oʻrtacha oylik ish haqining 75 foizidan kam boʻlmagan miqdorda nafaqa toʻlanadi.

Kundalik hayotda xodim ketma-ket ravishda dekretga chiqishi mumkin. Bunday holatlarda dekret puli toʻlanadimi agar toʻlansa umumiy yuz foiz toʻlanadimi degan savollar koʻp uchramoqda.

Vazirlar Mahkamasining 2024 yil 31 maydagi 314-son qaroriga 1-ilova “Vaqtinchalik mehnatga layoqatsizlik, homiladorlik va tugʻish boʻyicha nafaqalarni hamda yangi tugʻilgan bolani farzandlikka olgan yoki unga vasiy qilib belgilangan xodimga nafaqani tayinlash hamda toʻlash tartibi toʻgʻrisida”gi nizomning  35-bandiga koʻra, homiladorlik va tugʻish boʻyicha hamda yangi tugʻilgan bolani farzandlikka olgan yoki unga vasiy qilib belgilangan xodimga beriladigan nafaqalar xodim:

— ishga qabul qilingan kundan 12 oygacha ish stajiga ega boʻlganda — oʻrtacha oylik ish haqining 75 foizi;

— ishga qabul qilingan kundan 12 oy ortiq ish stajiga ega boʻlganda — oʻrtacha oylik ish haqining 100 foizi miqdorida toʻlanadi.

Etibor bering,umumiy ish staj haqida emas, aynan ishga qabul qilingan kundan keyingi staj haqida gap ketmoqda. Yaʼni aytaylik, 10 yillik ish stajiga ega ayol, boshqa yangi ishga qabul qilindi va oradan 6 oy oʻtgach dekretga chiqdi, dekret puli 75 foiz toʻlanadi.

Demak, agarxodimishga qabul qilingan kundan boshlab 12 oygachaish stajiga ega boʻlsa, dekret puli 75 foiz toʻlanadi.

Aytaylik, ayol 2025 yil yanvar oyida ishga kirdi. 6 oydan soʻng dekretga chiqib ketdi, bu holatda ayolga dekret puli 75 foiz toʻlanadi. Endi huddi shu ayol, dekretdan soʻng bola parvarish taʼtiliga chiqib, 2-farzandiga dekretga chiqdi. Bu holatda esa 100 foiz toʻlanadi, sababi ayolni ishga qabul qilinganiga 12 oydan oshdi.

Yuqoridagilarga asosan xodim birinchi farzandiga dekretga chiqishdan avval 12 oy toʻliq ishlagan boʻlsa 100 foiz toʻlanadi. 12 oydan kam ishlagan boʻlsa 75 foiz toʻlanadi.