National database of legislation of the Republic of Uzbekistan
ONLINE TRANSLATE
Qanday hollarda ota-onalik huquqidan mahrum qilish mumkin?

Oila kodeksining 79-moddasiga muvofiq, ota-ona (ulardan biri) quyidagi hollarda ota-onalik huquqidan mahrum qilinishi mumkin.

Bular:        
ota-onalik majburiyatlarini bajarishdan bosh tortsa, shu jumladan aliment to‘lashdan bo‘yin tovlasa;

uzrsiz sabablarga ko‘ra o‘z bolasini tug‘uruqxona yoki boshqa davolash muassasasidan, tarbiya, aholini ijtimoiy himoyalash muassasasi va shunga o‘xshash boshqa muassasalardan olishdan bosh tortsa;

ota-onalik huquqini suiiste’mol qilsa, bolalarga nisbatan shafqatsiz muomalada bo‘lsa, jumladan jismoniy kuch ishlatsa yoki ruhiy ta’sir ko‘rsatsa;

muttasil ichkilikbozlik yoki giyohvandlikka mubtalo bo‘lgan bo‘lsa;

o‘z bolalarining hayoti yoki sog‘lig‘iga yoxud eri (xotini)ning hayoti yoki sog‘lig‘iga qarshi qasddan jinoyat sodir qilgan bo‘lsa.

Ota-onalik huquqidan mahrum qilish tartibi qanday?

Oila kodeksining 80-moddasida aniq belgilab berilgan unga ko‘ra, ota-onalik huquqidan mahrum qilish sud tartibida amalga oshiriladi.

Ota-onalik huquqidan mahrum qilish to‘g‘risidagi ishlar ota (ona)ning (ularning o‘rnini bosuvchi shaxslarning), prokurorning, shuningdek voyaga yetmagan bolalarning huquqlarini himoya qilish majburiyati yuklatilgan organ yoki muassasalarning (vasiylik va homiylik organi, bolalar masalalari bo‘yicha komissiyalar, yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar muassasalari hamda boshqa muassasalarning) da’vosiga binoan ko‘riladi.

Ota-onalik huquqidan mahrum qilish to‘g‘risidagi ishlar prokuror hamda vasiylik va homiylik organi ishtirokida ko‘rib chiqiladi.

Sud ota-onalik huquqidan mahrum qilish to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rib chiqishda bolaning ta’minoti uchun ota-onalik huquqidan mahrum qilingan ota-onadan (ularning biridan) aliment undirish masalasini hal qiladi.

Agar sud ota-onalik huquqidan mahrum qilish haqidagi ishlarni ko‘rishda ota-ona (ulardan biri)ning harakatida jinoyat alomatlari mavjudligini aniqlasa, bu haqda prokurorga xabar berishi shart.

Sud ota-onalik huquqidan mahrum qilish haqidagi sudning hal qiluv qarori qonuniy kuchga kirgandan keyin uch kun ichida ushbu qarorning ko‘chirmasini bolaning tug‘ilganligi davlat tomonidan ro‘yxatga olingan fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish organiga yuborishi shart.

Ota-onalik huquqidan mahrum qilish qanday oqibatlarga olib keladi?

Ota-onalik huquqidan mahrum qilingan ota-ona qaysi bolaga nisbatan ota-onalik huquqidan mahrum qilingan bo‘lsa, shu bolaga nisbatan bo‘lgan qarindoshlik faktiga asoslangan barcha huquqlardan, shu jumladan undan ta’minot olish, shuningdek bolali fuqarolar uchun qonunchilikda belgilangan imtiyozlar va nafaqalar olish huquqlaridan mahrum bo‘ladi.

Ota-onalik huquqidan mahrum qilinishi ota-onani o‘z bolasiga ta’minot berish majburiyatidan ozod qilmaydi.

Ota-onalik huquqidan mahrum qilingan ota-onaning (ulardan birining) bundan keyin bola bilan birgalikda yashash-yashamaslik masalasi sud tomonidan uy-joy to‘g‘risidagi qonunchilikda belgilangan tartibda hal qilinadi.

Ota-onasi (ulardan biri) o‘ziga nisbatan ota-onalik huquqidan mahrum qilingan bola, agar u farzandlikka olingan bo‘lmasa, turar joyga bo‘lgan mulk huquqini yoki turar joydan foydalanish huquqini saqlab qoladi, shuningdek ota (ona)si va boshqa qon-qarindoshlari bilan tug‘ishganlik faktiga asoslangan barcha mulkiy huquqlarini, jumladan meros olish huquqini saqlab qoladi.

Bolani ota yoki onasiga berishning imkoniyati bo‘lmagan yoki ota-onaning har ikkalasi ham ota-onalik huquqidan mahrum qilingan taqdirda, bola vasiylik va homiylik organining qaramog‘iga olib beriladi.

Ota-ona (ulardan biri) ota-onalik huquqidan mahrum qilinganda bolani farzandlikka olishga ota-ona (ulardan biri) ota-onalik huquqidan mahrum qilinganligi to‘g‘risidagi sudning hal qiluv qarori chiqarilgan kundan keyin kamida olti oy o‘tgach yo‘l qo‘yiladi.