National database of legislation of the Republic of Uzbekistan
ONLINE TRANSLATE
Endilikda yo‘l harakati qoidabuzarliklari uchun hisoblangan jarima ballari belgilangan miqdordan oshsa, haydovchi transport vositalarini boshqarish huquqidan mahrum qilinishidan xabaringiz bormi?

O‘zbekiston Respublikasining 2025-yil 20-fevraldagi 1033-son qonuni bilan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga kiritilgan qo‘shimcha va o‘zgartirishlarga ko‘ra, yo‘l harakati bilan bog‘liq qonunda belgilangan huquqbuzarliklar sodir etilganligi uchun transport vositasining haydovchisi ma’muriy javobgarlikka tortilish bilan birga, ularga tegishli ravishda jarima ballari hisoblab boriladi.

Masalan, haydovchilarning belgilangan harakat tezligini oshirib yuborishi, to‘xtash yoki to‘xtab turish qoidalarini buzishi, svetoforning taqiqlovchi signaliga yoki yo‘l harakatini tartibga soluvchining taqiqlovchi ishorasiga bo‘ysunmasdan o‘tishi kabi belgilangan yo‘l harakati qoidabuzarliklarining har biri uchun jarima bali qo‘llanadi. Bunda sodir etilgan har bir huquqbuzarlik uchun hisoblanadigan jarima balining eng yuqori miqdori ikki balldan oshmasligi lozim.

Jarima ballari tegishli huquqbuzarliklardan biri birinchi marta sodir etilgan kundan e’tiboran bir yil davomida hisoblab boriladi hamda bir yil o‘tgach haydovchidan avtomatlashtirilgan tarzda yechiladi.

Agar hisoblangan jarima ballari bir yil davomida o‘n ikki balldan oshgan hollarda, oxirgi sodir etilgan huquqbuzarlik uchun qo‘shimcha jazo tariqasida haydovchi 6 oydan kam bo‘lmagan muddatga transport vositalarini boshqarish huquqidan mahrum qilinadi.

Yo‘l harakati qoidabuzarliklari bo‘yicha hisoblanadigan jarima ballari belgilangan miqdordan oshganligi uchun ma’muriy jazo jinoyat ishlari bo‘yicha tuman (shahar) sudlari tomonidan qo‘llaniladi.

Shuningdek, mazkur qonunga asosan, transport vositasini mastlik holatida boshqarganlik yoki tekshiruvdan o‘tishdan bo‘yin tovlaganlik, transport vositalarini boshqarish huquqidan mahrum etilgan shaxsning transport vositasini boshqarganligi uchun, agar bular ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin sodir etilsa, jinoiy javobgarlik belgilanmoqda.

Yanada qiziqarli huquqiy tushuntirishlar bilan Hudud24.uz saytida tanishing.