Oʻzbekiston Respublikasi oliy Kengashining
Qarori
“MEHNATNI MUHOFAZA QILISH TOʻGʻRISIDA”GI OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI QONUNINI AMALGA KIRITISH TARTIBI HAQIDA
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashi qaror qiladi:
1. “Mehnatni muhofaza qilish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni eʼlon qilingan paytdan boshlab amalga kiritilsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga ikki oylik muddat ichida:
oʻz mehnat vazifalarini bajarish bilan bogʻliq tarzda shikastlangan yoxud sogʻliqlariga boshqa tarzda zarar yetgan ishchi va xizmatchilarga korxonalar, muassasalar va tashkilotlar tomonidan tovon toʻlashning tartibini va miqdorini belgilash;
Oʻzbekiston Respublikasining qonun hujjatlarini “Mehnatni muhofaza qilish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq holga keltirish haqidagi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashiga takliflar taqdim etish;
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining qarorlarini “Mehnatni muhofaza qilish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq holga keltirish;
Oʻzbekiston Respublikasi vazirliklari, davlat qoʻmitalari, idoralari, konsernlari va xoʻjalik boshqaruvining boshqa idoralari oʻzlarining ushbu Qonunga zid boʻlgan meʼyoriy hujjatlarini qayta koʻrib chiqishlari va bekor qilishlarini taʼminlash topshirilsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Raisi Sh. YOʻLDOSHEV
Toshkent sh.,
1993-yil 6-may,
840-XII-son
(Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Axborotnomasi, 1993-y.,5-son, 224-modda)