O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
DAYDI HAYVONLARNI TUTISh BILAN ShUG‘ULLANUVChI XODIMLAR MEHNATINI RAG‘BATLANTIRISh TO‘G‘RISIDA
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2015-yil 20-avgustdagi 243-sonli “Davlat sanitariya-epidemiologiya xizmati organlari tizimining rahbar kadrlarini attestatsiyadan o‘tkazish to‘g‘risidagi nizomni hamda davlat sanitariya-epidemiologiya xizmati organlari tizimining rahbar kadrlarini tanlash va ularni rotatsiya qilish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
Kasalliklarning oldini olish uchun javobgarlikni oshirish, shuningdek daydi hayvonlarni tutish bilan shug‘ullanuvchi xodimlar mehnatini rag‘batlantirish va ularni ijtimoiy himoya qilishni kuchaytirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligining daydi hayvonlarni tutish bilan shug‘ullanuvchi, faoliyati Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy budjetlaridan mablag‘ bilan ta’minlanadigan xodimlari uchun 1998-yil 1-sentabrdan boshlab:
alohida xavfli mehnat sharoitlari uchun tarif stavkalariga (lavozim maoshlariga) 30 foizli ustama;
zimmasidagi vazifalarni namunali bajarganlik uchun har oyda lavozim maoshining 100 foizi miqdorida mukofotlash belgilansin.
Tarif stavkalariga ustama va zimmadagi vazifalarni namunali bajarganlik uchun har oyda mukofotlash sanitariya qonunlarini buzganlik uchun jazo jarimalaridan tushadigan mablag‘lar hisobiga amalga oshirilsin.
2. Vazirlar Mahkamasining 1998-yil 8-apreldagi 147-son qarori bilan tasdiqlangan “Sanitariya qonunlarini buzganlik uchun jazo jarimalaridan tushadigan mablag‘lardan foydalanish tartibi to‘g‘risidagi nizom”ning “a” kichik bandi quyidagi mazmundagi yettinchi xatboshi bilan to‘ldirilsin:
“Kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligining daydi hayvonlarni tutish bilan shug‘ullanuvchi xodimlariga zimmadagi vazifalarni namunali bajarganlik hamda alohida xavfli mehnat sharoitlari uchun ustamalar to‘lashga va ularni har oyda mukofotlashga”.
3. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Mehnat vazirligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi Kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi bilan birgalikda daydi hayvonlarni tutish bilan shug‘ullanuvchi xodimlarga sanitariya qonunlarini buzganlik uchun jazo jarimalaridan tushadigan mablag‘lar hisobiga ustamalar belgilash hamda ularni mukofotlash tartibi va shartlarini bir oyda muddatda ishlab chiqsinlar va tasdiqlasinlar.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1998-yil 21-avgust,
359-son