“TASDIQLANGAN”
Oʻzbekiston Respublikasi
Moliya vazirligi
vazir oʻrinbosari
E.F.GADOYEV
25.08.1998-y.
43-son
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI BUXGALTERIYA HISOBIning 3-sonli BHMS“MOLIYAVIY NATIJALAR TOʻGʻRISIDAgi HISOBOT”
Milliy standarti
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 1998-yil 26-avgustda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 484]
Mazkur standart Oʻzbekiston Respublikasi iqtisodiyot va moliya vazirining 2024-yil 14-iyundagi 130-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi buxgalteriya hisobining milliy standarti (1-sonli BHMS) “Moliyaviy hisobotni taqdim etish va hisob siyosati”ni tasdiqlash haqida”gi buyrugʻiga (roʻyxat raqami 3544, 06.08.2024-y.) asosan 2025-yil 1-yanvardan oʻz kuchini yoʻqotadi.
Umumiy qoidalar
1. Mazkur Buxgalteriya hisobining milliy standarti (BHMS) “Buxgalteriya hisobi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasining Qonuniga asosan ishlab chiqilgan va Oʻzbekiston Respublikasida buxgalteriya hisobini normativ tartibga solish elementi boʻlib hisoblanadi.
Standartning maqsadi
2. Mazkur standartning maqsadi boʻlib barcha xoʻjalik yurituvchi subyektlar tomonidan “Buxgalteriya hisobi toʻgʻrisida”gi Qonunda bayon qilingan umumiy qoidalarga muvofiq ravishda hisobotni tuzish va taqdim etishlari uchun moliyaviy natijalar toʻgʻrisidagi hisobotning moddalarini hamda uning tasnifini bayon qilib berish hisoblanadi. Bu esa turli davrlarga doir hisobot maʼlumotlarini va boshqa xoʻjalik yurituvchi subyektlarning aynan shunday hisobotlari bilan qiyoslashni taʼminlaydi.
3. Shuningdek, standart umumxoʻjalik (odatiy) faoliyatdan va favqulodda vaziyatlardan, toʻxtatilgan faoliyatdan olingan daromadlar va zararlar moddalarini, hamda hisob bahosidagi oʻzgarishlarni, hisob siyosatidagi oʻzgarishlarni va moliyaviy natijalar toʻgʻrisidagi hisobotdagi muhim jiddiy xatolarni tuzatishlarni ham yoritib berish tartibini belgilaydi.
Amal qilish sohasi
4. Mazkur BHMS mulk shaklidan qatʼi nazar barcha xoʻjalik yurituvchi subyektlar tomonidan moliyaviy natijalar toʻgʻrisida hisobotni tayyorlashda qoʻllaniladi.
Atamalar
5. Ushbu standartda foydalaniladigan atamalar:
Favquloddagi daromad (zarar) — xoʻjalik yurituvchi subyektning odatdagi faoliyatidan aniq farq qiladigan, yaʼni tez-tez yoki muntazam sodir boʻlmaydigan hodisalar yoki bitimlar natijasida yuzaga kelgan daromadlar yoki xarajatlarni namoyon etadi.
Umumxoʻjalik faoliyati — odatiy faoliyat hisoblangan xoʻjalik yurituvchi subyektning har qanday tadbirkorlik faoliyati, shuningdek xoʻjalik yurituvchi subyektning kelgusida rivojlantirishga, iqtisodiy nafini oshirishga va mustahkamlashga yoʻnaltirilgan faoliyatidir.
Tugatilgan faoliyat bu xoʻjalik yurituvchi subyektning aktivlari, sof daromad yoki zarari va faoliyatni, shu jumladan moliyaviy hisobotlarni ajratib olinishi mumkin boʻlgan ushbu xoʻjalik yurituvchi subyekt faoliyatining alohida, asosiy yoʻnalishini namoyon etuvchi operatsiyani sotish yoki boshqa shaxsga berish natijasi boʻlib hisoblanadi.
Jiddiy (muhim) xatolar — joriy davrda aniqlangan xatolar boʻlib, ular shu qadar muhim boʻladiki, oʻtgan davrlar moliyaviy hisobotlari ishonchli deb hisoblanishi mumkin emas.
Hisob siyosati — bu xoʻjalik yurituvchi subyekt tomonidan buxgalteriya hisobini yuritish va moliyaviy hisobot tuzish uchun qoʻllaydigan usullari, ularning prinsip va asoslari bilan birgalikdagi jamlamasidir.
Yoritib berish
6. Moliyaviy natijalar toʻgʻrisidagi hisobotda quyidagilarni yoritib berish zarur:
6.1. Realizatsiyadan sof tushum;
6.2. Realizatsiyadan yalpi moliyaviy natija;
6.3. Asosiy faoliyatdan boshqa operatsion daromadlar va xarajatlar;
6.4. Asosiy xoʻjalik faoliyatining moliyaviy natijalari (foyda yoki zarar);
6.5. Moliyaviy faoliyat boʻyicha boshqa daromadlar va xarajatlar;
6.6. Umumxoʻjalik faoliyatining moliyaviy natijasi;
6.7. Favquloddagi foyda va zararlar;
6.8. Daromad (foyda) soligʻi toʻlangunga qadar umumiy moliyaviy natija (foyda yoki zarar);
6.9. Hisobot davrining sof foydasi (zarari).
Hisobot davrining sof daromadi yoki zarari
7. Muayyan davrda tan olingan daromadlar va xarajatlarning barcha moddalari, agar Buxgalteriya hisobining milliy standartlarida (BXMS) boshqacha yondashuv nazarda tutilmagan boʻlsa, hisobot davrining sof daromadi yoki zararni aniqlashda hisobga olinishi shart.
8. Hisobot davrining sof daromadi yoki zarari quyidagi elementlar asosida aniqlanadi va ularning har biri moliyaviy natijalar toʻgʻrisidagi hisobotda yoritib berilishi lozim:
8.1. Umumxoʻjalik faoliyatidan olingan daromad yoki zararlar;
8.2. Favquloddagi daromadlar (zararlar);
8.3. Daromad (foyda) soligʻi toʻlangunga qadar umumiy moliyaviy natija (foyda yoki zarar);
8.4. Daromad (foyda) soligʻidan tashqari sof foyda.
Favquloddagi moddalar
9. Favquloddagi moddalardan yuzaga keladigan daromad yoki zarar moliyaviy natijalar toʻgʻrisidagi hisobotda alohida koʻrsatilishi lozim. Har bir favquloddagi moddalarning mohiyati va qiymatini tushuntirish qismida yoritib berilishi lozim.
Umumxoʻjalik (odatiy) faoliyatdan daromadlar yoki zararlar
10. Umumxoʻjalik (odatiy) faoliyatdan daromadlar va xarajatlar moddalari muayyan miqdorga yetsa va xoʻjalik yurituvchi subyekt faoliyatining operatsiyalari mazmuni juda muhim boʻlsa, bu moddalarning mohiyati va summalari yoritilishi kerak.
Tushuntirishlarda yoritib berishni talab qiluvchi muhim xoʻjalik operatsiyalari:
10.1. Sotishning sof qiymatigacha TMZni arzonlashtirish yoki qayta tiklash qiymatigacha asosiy vositalarni arzonlashtirish, shuningdek bunday arzonlashtirishni bekor qilish.
10.2. Xoʻjalik yurituvchi subyekt faoliyatini tarkibiy jihatdan oʻzgartirish, shuningdek tarkibiy jihatdan oʻzgartirish xarajatlari boʻyicha har qanday zaxiralarni bekor qilish;
10.3. Uzoq muddatli investitsiyalarni tugatish;
10.4. Faoliyatni tugatish;
10.5. Sud jarayonlarini tartiblashtirish;
10.6. Zaxiralarni bekor qilish.
Faoliyatning tugatilishi
11. Tugatilgan faoliyatning natijalari odatda umumxoʻjalik (odatiy) faoliyatning daromadi va zarariga kiritiladi, bundan umumxoʻjalik (odatiy) faoliyatidan aniq farq qiladigan yoki bu faoliyatda sodir boʻlmaydigan hodisalar natijasida bu faoliyatning tugatilishi mustasno. Bunday hollarda faoliyatni tugatishdan daromad yoki zararlar favqulodda modda sifatida tasnif qilinishi mumkin.
12. Tugatilgan operatsiyalarning har biri tushuntirishlarda yoritilishi va ularda quyidagilar aks ettirilishi lozim:
12.1. Tugatilgan faoliyatning mohiyati;
12.2. Moliyaviy hisobotni tuzishda tugatilgan faoliyat tegishli boʻlgan tarmoq va uning geografik joylashgan joyi;
12.3. Buxgalteriya hisobi maqsadlarida faoliyatni tugatish kuchga kirgan sana;
12.4. Faoliyatni tugatish usuli (sotish, boshqa shaxsga berish va shu kabilar);
12.5. Faoliyatni tugatishdan daromadlar va zararlar hamda ushbu daromad yoki zararlarni oʻlchash uchun foydalaniladigan hisob turi;
12.6. Har bir taqdim etilgan davr uchun summasi bilan birgalikda tovarlarni (ish, xizmatlarni) sotishdan tushum va hisobot davridagi umumxoʻjalik (odatiy) faoliyat boʻyicha operatsiyalardan daromad yoki zararlar.
Hisob baholaridagi oʻzgarishlar
13. Hisob baholaridagi oʻzgarishlarning natijalari sof daromad va zararni aniqlashga quyidagicha kiritiladi:
13.1. Hisobot davrida, agar bu oʻzgarishlar faqat mazkur davrga taʼsir etgan boʻlsa;
13.2. Oʻzgarishlar yuz bergan davr hisobot davrida va keyingi hisobot davrlarida, agar oʻzgarishlar ularga ham taʼsir oʻtkazsa.
14. Hisob baholari oʻzgartirilgan turli davrlardagi moliyaviy hisobotlarni bir-biriga qiyoslashni taʼminlash maqsadida ular moliyaviy natijalar toʻgʻrisidagi hisobotning ilgari baholash uchun foydalanilgan tasniflangan moddalariga kiritiladi.
15. Joriy davrga jiddiy taʼsir qiladigan hisob baholaridagi oʻzgarishlarning mohiyati va qiymati yoki bu oʻzgarishlar keyingi davrlarda muhim oʻzgarishlarga olib keladigan boʻlsa, ularning mohiyati va qiymati yoritib berilishi lozim.
Agar natijalarni va oʻzgarishlarni qiymat jihatidan aniqlashning imkoni boʻlmasa, ularni ham yoritib berish talab qilinadi.
Asosiy (jiddiy) xatolar
16. Oldingi davrlardagi moliyaviy hisobotlarni tayyorlash chogʻida yoʻl qoʻyilgan xatolarga kiritilgan tuzatish miqdori (qiymati) hisobot davridagi sof daromad yoki zararga qoʻshiladi.
17. Oldingi davrda yoʻl qoʻyilgan muhim xatolarni toʻgʻrilash miqdori:
17.1. Yil boshigacha taqsimlangan foyda saldosini oʻzgartirish yoʻli bilan hisobotda aks ettiriladi;
17.2. Oʻtgan yilning shu davriga oid maʼlumotlar oʻzgartiriladi, agar xatolar arzimaydigan darajada boʻlsa, ular istisno qilinadi.
Xoʻjalik yurituvchi subyektning balansidagi yil boshida taqsimlanmagan foydaning saldosida muhim xatolarni aks ettirish quyidagi axborotni ochib berishi kerak:
17.2.1. Muhim xatolarning mohiyati;
17.2.2. Joriy davrdagi va hisobot taqdim etilgan har bir davrdagi tuzatishlar miqdori;
17.2.3. Oldingi yillarning maʼlumotlariga kiritilgan dastlabki davrlarga oid tuzatishlar miqdori;
17.2.4. Qayta hisoblangan qiyosiy maʼlumotlar yoki qayta hisoblash mumkin boʻlmasligi sabablari.
Joriy davrdagi sof daromad yoki zararga qoʻshish yoʻli bilan oldingi davrlardagi xatolarni toʻgʻrilash chogʻida oldingi yillarga oid qiyosiy axborot oldingi davr uchun tuzilgan moliyaviy hisobda kam koʻrsatilishi kerak, lekin joriy davrdagi yoki oldingi har qanday davrdagi sof daromad yoki zararni koʻrsatish uchun (agar muhim xatolar shu davrlar davomida tuzatilgan boʻlsa) alohida ustunda qoʻshimcha axborot keltirilishi lozim.
Xoʻjalik yurituvchi subyekt oʻzgartish kiritish bilan bir vaqtning oʻzida quyidagi axborotni yoritib berishi lozim:
1) jiddiy (muhim) xatoning mohiyatini;
2) joriy davrdagi daromad yoki zarar deb eʼtirof etilgan oʻzgartishlar summasini;
3) qoʻshimcha maʼlumotlar taqdim etilgan har bir davrga oid oʻzgartishlar summasi hamda shu davrdan oldingi davrlarga oid qoʻshimcha maʼlumotlarga kiritilgan davrlarga taalluqli oʻzgartirishlar summasi. Agar amaliyotda qoʻshimcha maʼlumotlar keltirish qoʻllanilmasa, u holda buning sabablari yoritib berilishi kerak.
Hisob siyosatidagi oʻzgartishlar
18. Hisob siyosatidagi oʻzgartishlar belgilangan tartibda koʻzda tutilgan hollardagina yoki oʻzgartishlar xoʻjalik yurituvchi subyektning moliyaviy hisobotlarida axborotni yanada ishonchliroq taqdim etishga koʻmaklashsagina oʻtkazilishi mumkin.
19. Hisob siyosatidagi oʻzgartishlar natijasida yuz bergan oʻzgarishlar summasi quyidagicha amalga oshirilishi kerak:
19.1. Yil boshidagi taqsimlanmagan foyda saldosini oʻzgartirish yoʻli bilan buxgalteriya balansiga yozib qoʻyish;
19.2. Hisobot davridagi sof daromad yoki zararni aniqlashga kiritish.
20. Hisob siyosatidagi oʻzgartishlar moliyaviy hisobotni taqdim etishning oldingi davriga nisbatan hisobot davriga muhim taʼsir oʻtkazsa yoki kelgusi hisobot davrlariga taʼsir oʻtkazadigan boʻlsa, xoʻjalik yurituvchi subyekt tushuntirishlarda quyidagi axborotlarni yoritib berishi kerak:
20.1. Oʻzgartishlar sabablarini;
20.2. Hisobot davridagi va taqdim etilgan oldingi davrlardagi tuzatishlar summasini;
20.3. Joriy davrdagi sof daromad yoki zararda hisobga olingan tuzatish summasini;
20.4. Qiyosiy maʼlumotlarga kiritilgan hisobot davridan oldingi davrlardagi tuzatishlar summasini;
20.5. Qoʻshimcha maʼlumotlar keltirilgan har bir hisobot davriga kiritilgan tuzatishlar summasini va moliyaviy hisobotlarga kiritilgan davrlardan oldingi davrlar bilan bogʻliq tuzatishlar summasini. Agar qiyosiy axborot kiritilgan boʻlsa yoki qoʻshimcha maʼlumot taqdim etish imkoniyati boʻlmasa, bu holat yoritib berilishi kerak;
20.6. Qayta hisoblangan qiyosiy maʼlumotlarni yoki ularni qayta hisoblash maqsadga muvofiq emasligining sabablarini.