Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
KOʻMIR, NEFT, GAZ QAZIB OLISH VA GEOLOGIYA-RAZVEDKA ISHLARI TIZIMI XODIMLARINING MAJBURIY DAVLAT SHAXSIY SUGʻURTASI TOʻGʻRISIDA
Mazkur qaror Oʻzbekistan Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 23-iyuldagi 458-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Sugʻurta xizmatlari bozorini yanada rivojlantirishning kompleks chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2024-yil 1-martdagi PQ-108-son qarorini amalga oshirish chora-tadbirlari haqida”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
“Sugʻurta faoliyati toʻgʻrisida” Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
(muqaddima Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 30-iyuldagi 458-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.08.2024-y., 09/24/458/0573-son)
1. 1994-yil 1-avgustidan boshlab ishlab chiqarish xarajatlarining mana shu maqsadlar uchun nazarda tutilgan moddalari hisobidan koʻmir, neft, gaz qazib olish va geologiya-razvedka ishlari tizimi xodimlarining majburiy davlat shaxsiy sugʻurtasi joriy qilinsin.
2. Koʻmir, neft, gaz qazib olish va geologiya-razvedka ishlari tizimi xodimlarining majburiy shaxsiy sugʻurtasi boʻyicha sugʻurta puli ishlab chiqarish faoliyatini bajarish chogʻida halok boʻlish {vafot etish) hodisasi yuz bergan taqdirda bazaviy hisoblash miqdorining 36 baravari miqdorida belgilansin.
(2-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 28-dekabrdagi 1046-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 29.12.2019-y., 09/19/1046/4242-son)
Sugʻurtalangan shaxsga baxtsiz hodisa munosabati bilan nogironlik belgilanganda:
(2-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 30-iyuldagi 458-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.08.2024-y., 09/24/458/0573-son)
I guruh nogironligi boʻlgan shaxsga—sugʻurta pulining 50 foizi;
II guruh nogironligi boʻlgan shaxsga—sugʻurta pulining 30 foizi;
III guruh nogironligi boʻlgan shaxsga—sugʻurta pulining 20 foizi toʻlanadi.
(2-bandning uchinchi — beshinchi xatboshilari Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 8-fevraldagi 62-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 08.02.2022-y., 09/22/62/0111-son)
Nogironlikka olib kelmagan baxtsiz hodisa oqibati “Sugʻurta hodisalari munosabati bilan sugʻurta pullari va bir martalik nafaqalarni belgilash va toʻlash tartibi toʻgʻrisida”gi uslubiy koʻrsatmalarga asosan baholanadi.
Bir yilda bir marta toʻlanadigan sugʻurta toʻlovi amaldagi bazaviy hisoblash miqdorining 20 foizi miqdorida belgilansin.
(2-bandning yettinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 28-dekabrdagi 1046-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 29.12.2019-y., 09/19/1046/4242-son)
3. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bir oy muddatda Koʻmir, neft, gaz qazib olish va geologiya-razvedka ishlari tizimi xodimlarining majburiy davlat shaxsiy sugʻurtasi boʻyicha yoʻriqnomani tasdiqlasin hamda barcha manfaatdor vazirliklar, idoralar, korporatsiyalar, konsernlar va uyushmalarga yetkazsin.
4. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Vazirlar Mahkamasining Yoqilgʻi sanoati va energetika majmuiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. MUTALOV
Toshkent sh.,
1994-yil 16-iyul,
365-son