O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI QUROLLI KUCHLARINING HARBIY XIZMATCHILARINI IJTIMOIY MUHOFAZA QILISHNI TA’MINLASH BORASIDAGI QO‘SHIMCHA CHORA-TADBIRLAR TO‘G‘RISIDA
O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarining belgilangan tartibda turar joy bilan ta’minlanmagan harbiy xizmatchilarini ijtimoiy muhofaza qilishni ta’minlash maqsadida:
Oldingi tahrirga qarang.
1. O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarining kontrakt bo‘yicha xizmat qilayotgan, amaldagi sarf-xarajatlar (kommunal xizmatlar haqi bundan mustasno) doirasida turarjoy bilan ta’minlanmagan oddiy askar, serjant va ofitserlar tarkibidagi harbiy xizmatchilariga turarjoyni ijaraga olganlik (ijarada turganlik) uchun:
Toshkent shahrida — bazaviy hisoblash miqdorining 6 baravarigacha miqdorda;
Samarqand shahrida — bazaviy hisoblash miqdorining 4,5 baravarigacha miqdorda;
Nukus shahri va boshqa viloyatlar markazlarida — bazaviy hisoblash miqdorining 3,6 baravarigacha miqdorda;
O‘zbekiston Respublikasining boshqa shaharlari, tuman markazlari va aholi punktlarida — bazaviy hisoblash miqdorining 2,4 baravarigacha miqdorda har oylik pul kompensatsiyasi to‘lovlari belgilansin.
Oila a’zolari uch kishi va undan ortiq bo‘lgan taqdirda, harbiy xizmatchilarning ushbu pul kompensatsiyasi miqdorlari 50 foizga oshiriladi.
Har oylik pul kompensatsiyasi to‘lovlari miqdori hududlar kesimida turarjoy ijarasining bozor narxlaridan kelib chiqqan holda har yili Vazirlar Mahkamasining qarori bilan belgilab boriladi. Bunda turarjoy ijarasining bozor narxlarini qayta belgilashda Soliq qo‘mitasining har yili 1-oktabr holatiga ko‘ra soliq organlari avtomatlashtirilgan axborot tizimiga hisobga qo‘yilgan ko‘chmas mulk ijara shartnomasi bo‘yicha bergan ma’lumoti asos hisoblanadi. Turarjoy ijarasining bozor qiymati mazkur bandda ko‘rsatilgan har oylik kompensatsiya me’yorlaridan kam miqdorlarni tashkil etsa, har oylik kompensatsiyaning ushbu qarorda belgilangan me’yorlari o‘zgartirilmaydi va uni o‘zgartirish haqida Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori qabul qilinguniga qadar to‘lanadi.
(1-band O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 8-iyundagi PQ-214-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 09.06.2026-y., 07/26/214/0572-son)
Oldingi tahrirga qarang.
2. Belgilansinki, Qurolli Kuchlarning harbiy xizmatchilariga har oylik pul kompensatsiyasi to‘lovlarining ushbu normalari joriy etilishi bilan bog‘liq xarajatlar O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa, Ichki ishlar, Favqulodda vaziyatlar vazirliklari, Harbiy prokuratura, Davlat xavfsizlik xizmati va Elektron texnologiyalarini rivojlantirish markazi budjetining har yili tasdiqlanadigan parametrlari doirasida amalga oshiriladi.
(2-band O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 23-dekabrdagi PF-272-sonli Farmoni tahririda)
3. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi (Sh. Mirziyoyev):
bir hafta muddatda Moliya vazirligi (S. Rahimov), Mudofaa vazirligi (Q. G‘ulomov), Ichki ishlar vazirligi (Z. Almatov), Milliy xavfsizlik xizmati (R. Inoyatov) bilan birgalikda O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarining harbiy xizmatchilariga turarjoyni ijaraga olganlik (ijarada turganlik) uchun har oylik pul kompensatsiyasi to‘lash tartibini belgilasin;
uch oy muddatda O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarining harbiy xizmatchilarini turarjoy bilan ta’minlash bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar dasturini ishlab chiqsin va ko‘rib chiqish uchun kiritsin.
4. Ushbu qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. Mirziyoyev va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Milliy xavfsizlik kengashining Kotibi R. Mirzayev zimmalariga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2005-yil 30-iyun,
PQ-112-son
(O‘zbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari to‘plami, 2005-y., 25-26-son, 180-modda; Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 07.06.2018-y., 06/18/5456/1316-son; 14.12.2019-y., 06/19/5894/4161-son; Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 30.04.2021-y., 06/21/6218/0398-son; 25.02.2025-y., 07/25/71/0178-son; 09.06.2026-y., 07/26/214/0572-son)