Oʻzbekicton Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining
qarori
Xotin-qizlarning jamiyatdagi rolini oshirish, gender tenglik va oila masalalari boʻyicha respublika komissiyasini tashkil etish toʻgʻrisida
Xotin-qizlarning huquq va qonuniy manfaatlarini taʼminlash, ularning jamiyatdagi rolini yanada oshirish, ehtiyojmand xotin-qizlarni ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash, gender tenglikni taʼminlash borasida olib borilayotgan islohotlarni tizimli davom ettirish maqsadida “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Reglamenti toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 6-moddasiga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Kengashi qaror qiladi:
1. Xotin-qizlarning jamiyatdagi rolini oshirish, gender tenglik va oila masalalari boʻyicha respublika komissiyasi tashkil etilsin.
Xotin-qizlarning jamiyatdagi rolini oshirish, gender tenglik va oila masalalari boʻyicha respublika komissiyasining asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilansin:
xotin-qizlarning jamiyatdagi rolini oshirish, xotin-qizlar va erkaklar oʻrtasida gender tenglikka erishish, oilani mustahkamlash, onalik, otalik va bolalikni muhofaza qilishga qaratilgan davlat siyosatini amalga oshirishda ishtirok etish;
jamiyat hayotining barcha sohalarida xotin-qizlar va erkaklarning haqiqiy tengligiga erishish, davlatning rahbarlik lavozimlariga ilgari surish chogʻida jins boʻyicha kamsitishga yoʻl qoʻymaslik prinsipini taʼminlashga koʻmaklashish;
gender tenglikni, xotin-qizlar huquq va qonuniy manfaatlarini taʼminlashga qaratilgan qonunchilik hujjatlari ijrosi ustidan tizimli nazoratini amalga oshirish;
gender tenglikni, xotin-qizlar huquq va qonuniy manfaatlarini taʼminlash borasidagi ishlarning amaldagi holatini oʻrganish, mavjud muammolarni tanqidiy tahlil qilish va ularni bartaraf etish boʻyicha choralar koʻrish;
xotin-qizlarni ijtimoiy-huquqiy jihatdan qoʻllab-quvvatlash, xotin-qizlarning erkaklar bilan teng ravishda ijtimoiy-iqtisodiy va ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish yuzasidan chora-tadbirlarni amalga oshirish;
davlat organlarining, jamiyat hayotining barcha sohalarida xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarga erishishga qaratilgan faoliyatini muvofiqlashtirish;
ayollar huquqlari kamsitilishining barcha shakllariga barham berish boʻyicha umumeʼtirof etilgan xalqaro normalarni milliy qonunchilik hujjatlariga implementatsiya qilish yuzasidan takliflar ishlab chiqish;
onalik, otalik va bolalikni himoya qilish tizimini takomillashtirish, oilaning jamiyatdagi oʻrnini yanada oshirish va mustahkamlashga qaratilgan takliflar ishlab chiqish;
oilaviy ajrimlar holatini tahlil qilish va ularning oldini olish ishlarida ishtirok etish, bu borada tegishli taklif va tavsiyalar ishlab chiqish;
oilaning tibbiy madaniyati darajasini oshirish, sogʻlom turmush tarzini joriy qilishga koʻmaklashish;
xotin-qizlarning jamiyatdagi rolini oshirish, gender tenglik va oila masalalari sohasidagi xalqaro tashkilotlar, xorijiy mamlakatlarning tegishli organlari bilan hamkorlikni amalga oshirish.
Oldingi tahrirga qarang.
(2-band Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining 2025-yil 24-fevraldagi KQ-100-V-sonli qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan)
3. Belgilansinki:
Xotin-qizlarning jamiyatdagi rolini oshirish, gender tenglik va oila masalalari boʻyicha respublika komissiyasi oʻz faoliyatini jamoatchilik asosida amalga oshiradi;
Oldingi tahrirga qarang.
Oʻzbekiston Respublikasi Oila va xotin-qizlar qoʻmitasi Xotin-qizlarning jamiyatdagi rolini oshirish, gender tenglik va oila masalalari boʻyicha respublika komissiyasining ishchi organi hisoblanadi.
(3-bandining uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining 2025-yil 24-fevraldagi KQ-100-V-sonli qarori tahririda)
4. Xotin-qizlarning jamiyatdagi rolini oshirish, gender tenglik va oila masalalari boʻyicha respublika komissiyasi 2022-yil 15-aprelga qadar oʻzining tashkiliy majlisini oʻtkazib, unda Xotin-qizlarning jamiyatdagi rolini oshirish, gender tenglik va oila masalalari boʻyicha respublika komissiyasi toʻgʻrisidagi nizomni belgilangan tartibda tasdiqlasin.
5. Mazkur Qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisining birinchi oʻrinbosari S. Safoyev zimmasiga yuklansin.
6. Ushbu Qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Raisi T. NARBAYEVA
Toshkent sh.,
2022-yil 4-mart,
KQ-311/1-IV-son
Oldingi tahrirga qarang.
(ilova Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining 2025-yil 24-fevraldagi KQ-100-V-sonli qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan)