O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
Aydar-Arnasoy ko‘llar tizimi boshqaruvini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida
So‘nggi yillarda Aydar-Arnasoy ko‘llar tizimidan oqilona foydalanishni ta’minlash, biologik xilma-xillikni saqlash, baliqchilikni rivojlantirish, shuningdek, tabiiy suv havzalarida baliqlarni ko‘paytirish maqsadida qator chora-tadbirlar amalga oshirilgan.
Shu bilan birga, bugungi kunda mazkur ko‘llar tizimining 45 foizi yoki 179 ming gektar maydoni ijaraga berilmagan, baliq ovlash ko‘rsatkichlari yildan-yilga kamayib, 2017-yil ko‘rsatkichlariga nisbatan ikki barobarga pasaygan, noqonuniy baliq ovlash holatlari avj olishi bilan bir qatorda, safari, eko-, agro- va boshqa turizm turlarini rivojlantirish uchun yetarli muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasi tashkil etilmagan.
Aydar-Arnasoy ko‘llar tizimidan samarali foydalanish, ekologik holatni yaxshilash, aholining baliq va baliq mahsulotlariga bo‘lgan ehtiyojini qondirish, hududda hayvonot va o‘simlik dunyosi muhofazasini kuchaytirish, turizm salohiyatidan tizimli foydalanishni tashkil etish maqsadida:
1. Davlat aktivlarini boshqarish agentligi, Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi, Davlat soliq qo‘mitasi, Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi, Suv xo‘jaligi vazirligi, Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasi, Jizzax va Navoiy viloyatlari hokimliklari hamda “O‘zbekbaliqsanoat” uyushmasining:
Davlat soliq qo‘mitasi huzuridagi “Aydar-Arnasoy ko‘llar tizimi direksiyasi” davlat unitar korxonasini Suv xo‘jaligi vazirligi muassisligidagi “Aydar-Arnasoy ko‘llar tizimi” mas’uliyati cheklangan jamiyati (keyingi o‘rinlarda — “Aydar-Arnasoy ko‘llar tizimi” MCHJ) sifatida qayta tashkil etish;
Jizzax va Navoiy viloyatlari hududida joylashgan Aydar-Arnasoy ko‘llar tizimini belgilangan tartibda qayta tashkil etilayotgan “Aydar-Arnasoy ko‘llar tizimi” MCHJga baliqchilik tarmog‘ini rivojlantirish uchun doimiy ravishda tanho foydalanish uchun berish to‘g‘risidagi takliflariga rozilik berilsin.
2. Quyidagilar “Aydar-Arnasoy ko‘llar tizimi” MCHJning asosiy vazifalari va faoliyat yo‘nalishlari etib belgilanganligi ma’lumot uchun qabul qilinsin:
suv havzasida kelgusida baliqlarni ko‘paytirish maqsadida baliq chavoqlari yetishtirish uchun Aydar-Arnasoy ko‘llar tizimi hududida baliq parvarishlash va inkubatsiya sexlarini tashkil etish hamda ularning faoliyatini ta’minlash;
baliq ovlash hajmlarini ko‘paytirish, eksportbop va raqobatbardosh baliq mahsulotlari yetishtirish bo‘yicha texnologik jarayonlarni bosqichma-bosqich shakllantirish;
intensiv baliq yetishtirishning zamonaviy texnologiyalarini, shu jumladan qafas usulini keng joriy etish hamda tabiiy suv havzalarida mahsuldorlikni ko‘paytirish hisobiga baliq ovlash hajmlarini oshirish;
lichinka ishlab chiqarish bo‘yicha yangi inkubatsiya sexlarini tashkil etish, baliq chavoqlari yetishtirish hajmlarini ko‘paytirish, baliq chavoqlari yetishtirish bo‘yicha mavjud hovuzlarni modernizatsiya qilish va kengaytirish;
ko‘llar tizimi hududida zamonaviy turizm infratuzilmasi obyektlarini (plyaj va suvda dam olish turizmi, ko‘llar qirg‘og‘i bo‘ylab sayr qilish yo‘laklari, mehmonxona majmualari, sog‘lomlashtirish, savdo-ko‘ngilochar va turistik ahamiyatga ega boshqa obyektlar) barpo etish hamda turistlarga xizmat ko‘rsatish uchun zarur shart-sharoitlar yaratish, shuningdek, havaskorlik va sport baliq ovini rivojlantirish;
Aydar-Arnasoy ko‘llar tizimi atrofida uzoq muddatli shartnoma asosida zamonaviy yengil konstruksiyali turizm infratuzilma obyektlarini tashkil etish;
suv havzalari holatining gidrobiologik va gidrokimyoviy tahlilini tashkil etish;
Aydar-Arnasoy ko‘llar tizimida suvdan foydalanishga oid qonunchilik hujjatlari ijrosini ta’minlash hamda suv resurslaridan samarali foydalanilishini tashkil qilish;
hududda energiyaning muqobil va qayta tiklanuvchi manbalarini qo‘llagan holda yangi zamonaviy energiya tejovchi tizimlar va texnologiyalarni joriy qilish;
baliq ovlash xo‘jaliklariga suv havzasi uchastkalarining ijaraga berilishi bo‘yicha ochiq tanlov o‘tkazilishini tashkil etish hamda tanlov g‘oliblari bo‘lgan baliq ovlash xo‘jaliklari bilan ijara shartnomasi tuzish;
doimiy ravishda Aydar-Arnasoy ko‘llar tizimi hududida obodonlashtirish, ko‘kalamzorlashtirish va ko‘llar tubini chiqindilardan tozalash ishlarini amalga oshirish.
3. Suv xo‘jaligi vazirligi (Sh.R. Xamrayev) ikki oy muddatda:
“Aydar-Arnasoy ko‘llar tizimi” MCHJning boshqaruv xodimlari tuzilmasi tasdiqlanishini;
“Aydar-Arnasoy ko‘llar tizimi” MCHJ ustavining tasdiqlanishini va davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishini;
“Aydar-Arnasoy ko‘llar tizimi” MCHJ ustav fondi shakllantirilishini;
“Aydar-Arnasoy ko‘llar tizimi” MCHJ ijro etuvchi apparati tasdiqlangan tuzilma va shtatlar jadvaliga muvofiq yuqori malakali mutaxassislar bilan to‘ldirilishini ta’minlasin.
4. Aydar-Arnasoy ko‘llar tizimining “Arnasoy” suv ombori hududida baliq ovlashga bir yil muddatga moratoriy e’lon qilinsin, bunda:
suv ombori hududida baliq ovlash qat’iyan taqiqlanadi;
suvdan to‘rlar va ov qilish qurollari yig‘ib olinadi;
suv omborini baliqlantirish maqsadida ilmiy-asoslangan o‘rganishlar amalga oshiriladi.
5. Davlat soliq qo‘mitasi (Sh.D. Kudbiyev) ikki oy muddatda:
“Aydar-Arnasoy ko‘llar tizimi direksiyasi” DUK balansidagi ma’muriy bino-inshootlar va mol-mulklar “Aydar-Arnasoy ko‘llar tizimi” MCHJ balansiga o‘tkazilishini;
“Aydar-Arnasoy ko‘llar tizimi direksiyasi” DUK hisobidagi kreditorlik qarzdorliklar Davlat soliq qo‘mitasining Moddiy yordam, ijtimoiy himoya, soliq organlarini rivojlantirish va ko‘zda tutilmagan xarajatlar maxsus jamg‘armasi hisobidan to‘lab berilishini;
muqaddam “Aydar-Arnasoy ko‘llar tizimi direksiyasi” DUK bilan tuzilgan ijara shartnomalari bekor qilinishini ta’minlasin.
Oldingi tahrirga qarang.
6. Moliya vazirligi (T.A. Ishmetov) Davlat aktivlarini boshqarish agentligi (A.J. Ortiqov), Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi (Sh.Sh. Shoraxmetov), “O‘zbekbaliqsanoat” uyushmasi (O.M. Musayev) hamda Suv xo‘jaligi vazirligi (Sh.R. Xamrayev) bilan birgalikda 2022-yil yakuniga qadar “Aydar-Arnasoy ko‘llar tizimi” MCHJni belgilangan tartibda investitsiya kiritish sharti bilan tanlov asosida noyob turdagi baliqlarni yetishtirish, suv havzalarini baliqlantirish, baliqni qayta ishlash texnologiyasi va tajribasiga ega mahalliy investorga (keyingi o‘rinlarda — Investor) ishonchli boshqaruvga bersin, bunda Investorga 2022 — 2026-yillar davomida quyidagilarni amalga oshirish talabi yuklatiladi:
(6-bandning birinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 31-avgustdagi PF-214-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 31.08.2022-y., 06/22/214/0791-son)
kamida 30 mln AQSH dollari miqdorida investitsiya kiritish;
inkubatsiya sexlari va reproduktor havza imkoniyatlaridan to‘liq foydalangan holda baliq lichinkalari ishlab chiqarish quvvatlarini yiliga 100 mln donaga, baliq chavoqlari yetishtirish quvvatlarini 15 — 20 mln donaga yetkazish hamda mazkur baliq chavoqlari bilan ko‘llar tizimini baliqlantirish;
ko‘llar tizimidan yillik baliq ovlash hajmlarini 15 ming tonnagacha yetkazish hamda okeanik qafas (sadok) moslamalarini o‘rnatish orqali qo‘shimcha 5 ming tonna baliq yetishtirish;
ko‘llar tizimining “Tuzkon” ko‘li hududida “Baliq ishlab chiqarish” kompleksi tashkil etish va ushbu kompleksda yiliga 3 ming tonna baliqni qayta ishlash korxonasini ishga tushirish;
ko‘llar tizimi va uning atrof-muhit imkoniyatlaridan samarali foydalangan holda investitsiyalarni keng jalb qilish, marketingni yo‘lga qo‘yish hamda qayta ishlashni rivojlantirish asosida 1 000 ta ish o‘rnini yaratish;
hududdagi turizm salohiyatini oshirib, uning imkoniyatlaridan samarali foydalangan holda havaskor va sport baliq ovi turizmini kengaytirish, sayyohlarga xizmat ko‘rsatish hajmini oshirish;
ko‘llar tizimining biologik xilma-xilligini saqlash, baliq zaxiralarini ilmiy yondashgan holda ko‘paytirish;
xorijiy mutaxassislarni jalb qilgan holda, ko‘llar tizimida sho‘r suvda baliq zaxiralarini ko‘paytirish bo‘yicha laboratoriya markazini tashkil etish;
ko‘llar tizimi hududidagi kollektor-drenaj tarmoqlarini to‘liq tozalash.
Investor tomonidan Ishonchli boshqaruv shartnomasidan kelib chiquvchi barcha majburiyatlar bajarilgan taqdirda shartnomaning amal qilish muddati 49 yilgacha uzaytiriladi.
7. Bosh prokuraturaning:
Aydar-Arnasoy ko‘llar tizimini rivojlantirish sohasida qonunchilik ijrosi ustidan nazorat boshqarmasini Tabiiy ko‘llarda baliqchilikni rivojlantirish va suv resurslaridan foydalanishga oid qonunchilik ijrosi ustidan nazorat boshqarmasi deb qayta nomlash;
Jizzax va Navoiy viloyatlari prokuraturalarining tarkibida Davlat soliq xizmati organlari boshqaruv xodimlarining shtat birliklarini qisqartirish hisobiga 4 tadan shtat birligidan iborat bo‘lgan Aydar-Arnasoy ko‘llar tizimini rivojlantirishda qonunchilik ijrosi ustidan nazorat bo‘limlarini tashkil etish;
Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlar prokuraturalarida tabiiy ko‘llarda baliqchilikni rivojlantirish va suv resurslaridan foydalanishga oid qonunchilik ijrosi ustidan nazorat bo‘yicha katta yordamchi lavozimini prokuratura organlariga ajratilgan shtat birliklari doirasida (jami 11 ta shtat birligi) joriy etish to‘g‘risidagi takliflariga rozilik berilsin.
8. Ushbu qarorda belgilangan chora-tadbirlarning samarali va o‘z vaqtida amalga oshirilishini ta’minlash maqsadida:
Ichki ishlar vazirligi (P.R. Bobojonov) hamda Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi (N.N. Oblomurodov) Aydar-Arnasoy ko‘llar tizimida ov qilish, baliq ovlash, hayvonot, o‘simlik dunyosidan, suv va suv havzalaridan foydalanish sohasidagi huquqbuzarlar bazasini shakllantirish va tahlil etib borish tizimini yo‘lga qo‘ysin;
Ichki ishlar vazirligi (P.R. Bobojonov) Bosh prokuratura (N.T. Yo‘ldoshev), Milliy gvardiya (R.M. Djurayev) va boshqa manfaatdor idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda 2022 — 2027-yillarda Aydar-Arnasoy ko‘llar tizimida qonun buzilishi holatlarini aniqlash va ularning oldini olishga qaratilgan o‘zaro hamkorlikdagi harakatlar dasturini ishlab chiqsin.
9. Vazirlar Mahkamasi:
bir oy muddatda Aydar-Arnasoy ko‘llar tizimi boshqaruvini tashkil etishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida qaror loyihasini qabul qilsin;
ikki oy muddatda manfaatdor vazirlik va idoralar hamda Jizzax viloyati (E.A. Saliyev) va Navoiy viloyati (N.T. Tursunov) hokimlari bilan birgalikda Aydar-Arnasoy ko‘llar tizimi atrofida infratuzilmani rivojlantirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar dasturini tasdiqlasin.
10. Suv xo‘jaligi vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
11. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari Sh.M. G‘aniyev, suv xo‘jaligi vaziri Sh.R. Xamrayev, Jizzax va Navoiy viloyatlari hokimlari zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2022-yil 22-fevral,
PQ-141-son
(Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 23.02.2022-y., 07/22/141/0162-son; 31.08.2022-y., 06/22/214/0791-son)