O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
Gidroenergetikani yanada rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida
Elektr energiyasini ishlab chiqarishda mamlakatimizdagi tabiiy va sun’iy suv oqimlarining mavjud gidrosalohiyatidan va qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish ko‘lamini yanada kengaytirish, sohaga xususiy investitsiyalarni jalb qilish uchun qulay sharoitlar yaratish hamda shu asosda yangi ekologik toza energiya hosil qiluvchi quvvatlarni rivojlantirish maqsadida:
1. Respublikamizda gidroenergetikani yanada rivojlantirish, mavjud gidrosalohiyatdan unumli foydalanishning quyidagi asosiy muhim yo‘nalishlari belgilansin:
Oldingi tahrirga qarang.
elektr energetika sohasida ekologik toza energiya manbalaridan keng foydalanish hisobiga izchil yangi quvvatlar tashkil etishni jadallashtirish hamda amaldagi ishlab chiqarish quvvatlarini bosqichma-bosqich modernizatsiya qilish orqali 2030-yilda respublikadagi gidroelektr stansiyalari quvvatini 4 999 MVt ga yetkazish;
(1-bandning ikkinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 30-martdagi PQ-104-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 31.03.2023-y., 07/23/104/0182-son)
xususiy sektor va aholini tabiiy suv oqimlaridan foydalangan holda elektr energiyasini ishlab chiqarish uchun keng jalb etish, ularni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirish, yagona elektr energetikasi tizimiga kafolatli ulanishini ta’minlash, ishlab chiqilgan elektr energiyasini kafolatli xarid qilish tizimini yaratish.
Oldingi tahrirga qarang.
(2-band O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 30-martdagi PQ-104-sonli qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 31.03.2023-y., 07/23/104/0182-son)
3. Quyidagilar:
“O‘zbekgidroenergo” AJ tomonidan 2018 — 2020-yillar uchun moliyaviy hisobotlar moliyaviy hisobotning xalqaro standartlari (IFRS) asosida tayyorlanganligi hamda 2019-2020-yillar hisobotlari bo‘yicha “PwC” (Pricewaterhouse Coopers) xalqaro konsalting tashkilotining ijobiy xulosalari olinganligi;
2020-yilda “Fitch Ratings” xalqaro reyting agentligining “B+” (ijobiy) xalqaro kredit reytingi qo‘lga kiritilganligi, 2021-yil oktabr oyida reyting “VV-” (barqaror) darajasiga ko‘tarilganligi;
“O‘zbekgidroenergo” AJni moliyaviy sog‘lomlashtirish, operatsion samaradorligini oshirish, o‘rta va uzoq muddatli rivojlanish strategiyalarini ishlab chiqish maqsadida “McKinsey&Company” xalqaro konsalting kompaniyasi jalb qilinganligi ma’lumot uchun qabul qilinsin.
4. “O‘zbekgidroenergo” AJ Moliya vazirligi, Energetika vazirligi, Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi bilan birgalikda ikki oy muddatda “McKinsey&Company” xalqaro konsalting kompaniyasining yakuniy xulosasiga asosan “O‘zbekgidroenergo” AJ operatsion samaradorligini yanada oshirish va korporativ boshqaruvning zamonaviy uslublarini joriy qilish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi”ni Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
5. Energetika vazirligi xalqaro tajribadan kelib chiqib uch oy muddatda qonunchilikka quyidagilarni nazarda tutuvchi o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish bo‘yicha takliflarni Vazirlar Mahkamasiga kiritsin:
o‘rnatilgan quvvati 0,5 MVt gacha bo‘lgan gidroelektr stansiyalarini — mikro, 5 MVt gacha bo‘lgan gidroelektr stansiyalarini — kichik, 30 MVt gacha bo‘lgan gidroelektr stansiyalarini — o‘rta, 30 MVt dan yuqori bo‘lgan gidroelektr stansiyalarini — yirik gidroelektr stansiyalari tasnifiga kiritish hamda ushbu gidroelektr stansiyalarini qayta tiklanuvchi energiya manbalari deb hisoblash;
mikro va kichik gidroelektr stansiyalarini (suv yig‘ish inshootlarini qurishni ko‘zda tutmagan holda) davlat-xususiy sheriklik hamda bozor tamoyili asosida tashabbus bildirgan xususiy investorlar (tashabbuskorlar) tomonidan qurish.
6. Belgilansinki:
Oldingi tahrirga qarang.
(6-bandining “a” kichik bandi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 12-oktabrdagi PF-169-sonli Farmoniga asosan chiqarilgan — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 13.10.2023-y., 06/23/169/0769-son)
Oldingi tahrirga qarang.
b) jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan o‘z ehtiyojlari uchun o‘rnatiladigan quvvati 1 MVtgacha bo‘lgan quyosh, shamol va biogaz elektr stansiyalarida ishlab chiqarilgan elektr energiyasining o‘z ehtiyojidan ortiqcha qismi “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ va kelgusida davlat tomonidan elektr energiyasini kafolatlangan tarzda xarid qilish funksiyasi (vakolati) berilgan organ tomonidan (kafolatlangan tarzda II tarif guruhi iste’molchilari uchun belgilangan tarifning 80 foizi miqdorida) iste’molchi xohishiga ko‘ra, kamida 10 yil muddat davomida xarid qilinadi.
(6-bandning “b” kichik bandi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 9-sentabrdagi PF-220-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 10.09.2022-y., 06/22/220/0812-son)
v) xususiy investorlar (tashabbuskorlar) quvvati 1 MVt gacha bo‘lgan quyosh, shamol, biogaz va quvvati 5 MVt gacha bo‘lgan gidroelektr stansiyalarida ishlab chiqarilgan elektr energiyasini yuridik va jismoniy shaxslarga yagona elektr energetika tizimiga ulanmagan holda, lokal tarmoq qurish orqali shartnoma asosida o‘zaro kelishilgan narxlarda to‘g‘ridan-to‘g‘ri yetkazib berish huquqiga ega;
g) “O‘zbekgidroenergo” AJning gidroelektr stansiyalarida ishlab chiqarilgan elektr energiyasini sotishdan tushgan mablag‘lar, jalb qilingan kredit mablag‘larini qaytarish hamda faoliyat yuritayotgan gidroelektr stansiyalarini saqlab turish xarajatlarini chegirib tashlagan holda, qayta investitsiyalash yo‘li bilan Dasturda inobatga olingan investitsiya loyihalarini amalga oshirish uchun yo‘naltiriladi.
7. Energetika vazirligi “O‘zbekgidroenergo” AJ, Moliya vazirligi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda:
xususiy investorlar (tadbirkorlar) tomonidan 200 ta mikro gidroelektr stansiyalarini qurish imkoni mavjud bo‘lgan loyihalar va maydonlar ro‘yxatini;
xususiy investorlar (tadbirkorlar) tomonidan kichik gidroelektr stansiyalarini qurish hamda ulardan foydalanish tartibini, shuningdek, xususiy investorlarni rag‘batlantirish mexanizmlarini ishlab chiqib, tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
8. Energetika vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda uch oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
9. Quyidagilarga:
investitsiyalar va tashqi savdo vazirining o‘rinbosari — Sh.A. Vafayevga — mazkur qarorda belgilangan chora-tadbirlarning o‘z vaqtida va to‘liq amalga oshirilishini qat’iy nazoratga olish, xalqaro moliya institutlari va tashkilotlardan jalb qilinayotgan mablag‘larning o‘z vaqtida o‘zlashtirilishini ta’minlash, shuningdek, salohiyatli investorlarni izlash hamda Dasturda belgilangan investitsiya loyihalarini amalga oshirish uchun to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalarni jalb qilish;
iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirining o‘rinbosari B.K. Abdinazarovga — gidroelektr stansiyalarini qurish va ulardan foydalanish uchun zarur uskuna va ehtiyot qismlarni mahalliylashtirish va sanoat kooperatsiyasi orqali bosqichma-bosqich ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish hamda mazkur qarorda inobatga olingan istiqbolli loyihalarni moliyalashtirishda O‘zbekiston Respublikasi “yashil” iqtisodiyotga o‘tish strategiyasi doirasidagi “yashil” moliyalashtirish mablag‘larini jalb qilish;
“O‘zbekgidroenergo” AJ boshqaruvi raisi A.A. Sanginovga — Dasturda inobatga olingan investitsiya loyihalarining loyihaoldi hujjatlarini o‘z vaqtida ishlab chiqish hamda investitsiya loyihalarini belgilangan muddatlarda foydalanishga topshirishni ta’minlash uchun shaxsiy javobgarlik yuklansin.
10. Mazkur qaror ijrosini samarali tashkil qilishga mas’ul va shaxsiy javobgar etib energetika vaziri A.S. Sultanov va “O‘zbekgidroenergo” AJ boshqaruvi raisi A.A. Sanginov belgilansin.
Qaror ijrosini muhokama qilib borish, ijro uchun mas’ul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Bosh vazir o‘rinbosarlari J.A. Qo‘chqorov va S.U. Umurzakov zimmasiga yuklansin.
Amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar natijadorligi yuzasidan har chorak yakunida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga axborot berib borilsin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2021-yil 10-dekabr,
PQ-44-son
Oldingi tahrirga qarang.
(1 — 5-ilovalar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 30-martdagi PQ-104-sonli qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 31.03.2023-y., 07/23/104/0182-son)
(Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 10.12.2021-y., 07/21/44/1155-son; 10.09.2022-y., 06/22/220/0812-son; 31.03.2023-y., 07/23/104/0182-son; 13.10.2023-y., 06/23/169/0769-son)