O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
OSIYO TARAQQIYOT BANKI ISHTIROKIDA “QORAQALPOG‘ISTON RESPUBLIKASI VA XORAZM VILOYATIDA ICHIMLIK SUV TA’MINOTI TIZIMINI TAKOMILLASHTIRISH” LOYIHASINI AMALGA OSHIRISH CHORA-TADBIRLARI TO‘G‘RISIDA
Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatining suv taqchilligidan zarar ko‘rgan aholisini ijtimoiy muhofaza qilishni kuchaytirish, mintaqa aholisini sifatli ichimlik suv bilan ta’minlashni yaxshilash, shuningdek resurslarni tejash siyosatini amalga oshirish va Orol bo‘yida qishloq ichimlik suv ta’minoti infratuzilmasini takomillashtirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Osiyo taraqqiyot banki Direktorlar Kengashi O‘zbekiston Respublikasiga “Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatida ichimlik suv ta’minoti tizimini takomillashtirish” loyihasini (keyingi o‘rinlarda Loyiha deb yuritiladi) amalga oshirish uchun qaytarish muddati, shu jumladan besh yildan iborat imtiyozli davr bilan birga, 25 yil bo‘lgan 38,0 mln AQSH dollari miqdorida qarz berishni ma’qullaganligi ma’lumot uchun qabul qilinsin.
2. Belgilab qo‘yilsinki:
Osiyo taraqqiyot bankining qarzi O‘zbekiston Respublikasiga O‘zbekiston Respublikasi Hukumati bilan Osiyo taraqqiyot banki o‘rtasida imzolangan Qarz bitimi asosida beriladi;
O‘zbekiston Respublikasi Makroiqtisodiyot va statistika vazirligi qarz mablag‘laridan maqsadli va samarali foydalanilishi hamda Loyihaning amalga oshirilishi uchun mas’ul bo‘lgan ijro etuvchi agent hisoblanadi;
investitsiya davrida (2002—2006-yillarda) qarz bo‘yicha foizlar va vositachilik to‘lovi Osiyo taraqqiyot bankining qarz mablag‘lari hisobiga qoplanadi.
3. Quyidagilar:
Oldingi tahrirga qarang.
(3-bandning ikkinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 25-apreldagi 120-sonli qaroriga asosan chiqarilgan — O‘R QHT, 2012-y., 17-son, 194-modda)
qarzni qaytarish jadvali 2-ilovaga* muvofiq;
* 2-ilova rus tilidagi matnda berilgan.
Oldingi tahrirga qarang.
(3-bandning to‘rtinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 25-apreldagi 120-sonli qaroriga asosan chiqarilgan — O‘R QHT, 2012-y., 17-son, 194-modda)
Subloyihalarni amalga oshirish uchun yo‘naltiriladigan mablag‘lardan maqsadli va samarali foydalanilishi hamda Osiyo taraqqiyot banki qarzining o‘z vaqtida qaytarilishi yuzasidan shaxsiy mas’uliyat Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi va Xorazm viloyati hokimi zimmasiga yuklansin.
4. O‘zbekiston Respublikasi Makroiqtisodiyot va statistika vazirligi Moliya vazirligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, Xorazm viloyati hokimligi va “O‘zkommunxizmat” agentligi bilan birgalikda ikki oy muddatda Loyihaning alohida komponentlarini O‘zbekiston ulushi hisobidan mablag‘ bilan ta’minlash uchun potensial investorlar mablag‘larini belgilangan tartibda jalb etish chora-tadbirlarini belgilasin.
5. Quyidagilar:
O‘zbekiston Respublikasi Moliya vaziri O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va Xorazm viloyati hokimligi o‘rtasida qayta kreditlash to‘g‘risidagi Bitimni imzolashga;
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va Xorazm viloyati hokimligi Osiyo taraqqiyot banki bilan Loyiha bitimini, shuningdek Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatining tegishli suv ta’minoti tashkilotlari bilan qayta kreditlash to‘g‘risidagi Bitimni imzolashga vakil qilinsin.
6. O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi bir hafta muddatda O‘zbekiston Respublikasi Hukumati bilan Osiyo taraqqiyot banki o‘rtasidagi Qarz bitimi bo‘yicha yuridik xulosa bersin.
7. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi:
2007-yildan boshlab, har yilgi davlat budjetlarini shakllantirishda Osiyo taraqqiyot bankining ko‘rsatilgan qarzi bo‘yicha asosiy qarzni qaytarishga, vositachilik haqi va foizlarni to‘lashga Qoraqalpog‘iston Respublikasi budjeti hamda Xorazm viloyati mahalliy budjeti hisobidan, mintaqalar suv ta’minoti tashkilotlarining ushbu maqsadga yo‘naltiriladigan o‘z mablag‘lariga qo‘shimcha ravishda, mablag‘lar ajratishni nazarda tutsin.
Osiyo taraqqiyot bankining ushbu Loyiha bo‘yicha qarz mablag‘laridan maqsadli va samarali foydalanilishi yuzasidan qattiq nazorat o‘rnatsin.
8. O‘zbekiston Respublikasi Makroiqtisodiyot va statistika vazirligi, Moliya vazirligi 2003—2006-yillar uchun investitsiya dasturini shakllantirishda Loyihani mablag‘ bilan ta’minlashda O‘zbekistonning yetishmaydigan ulushini qoplash uchun markazlashtirilgan manbalar hisobidan har yilgi kapital qo‘yilmalar limitini nazarda tutsinlar.
9. Loyihani amalga oshirishga doir ishlarni muvofiqlashtirish uchun O‘zbekiston Respublikasi Makroiqtisodiyot va statistika vazirligi bir oy muddatda, belgilangan tartibda Makroiqtisodiyot va statistika vazirligi huzurida 7 kishidan iborat tarkibda Loyihani boshqarish guruhini tuzsin, guruh faoliyati Osiyo taraqqiyot banki qarz mablag‘lari hisobidan milliy valyuta — “so‘m”da mablag‘ bilan ta’minlanadi.
10. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Makroiqtisodiyot va statistika vazirligi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi hamda Xorazm viloyati hokimligi bilan birgalikda Loyihani amalga oshirish davomida suv ta’minoti xizmatlari uchun suv ta’minoti tashkilotlarining moliyaviy mustaqilligini ta’minlaydigan tarif siyosatini amalga oshirsinlar.
11. O‘zbekiston Respublikasi Hukumati bilan Osiyo taraqqiyot banki o‘rtasida imzolangan Qarz bitimiga, O‘zbekiston Respublikasi Soliq va Bojxona kodekslariga muvofiq Loyiha doirasida investitsiya davri mobaynida import bo‘yicha keltiriladigan tovarlar, ishlar (xizmatlar) bojxona to‘lovlari to‘lashdan (bojxonada rasmiylashtirish yig‘imlaridan tashqari), Osiyo taraqqiyot bankining qarz mablag‘lari hisobiga O‘zbekiston Respublikasi hududida sotib olinadigan tovarlar, ishlar (xizmatlar) esa — mazkur Loyihani amalga oshirishga O‘zbekiston Respublikasi Hukumati ulushi sifatida, qo‘shilgan qiymat solig‘idan ozod qilinishi ma’lumot uchun qabul qilinsin.
12. O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi Makroiqtisodiyot va statistika vazirligi buyurtmanomalariga ko‘ra, ushbu Loyihani amalga oshirishda qatnashuvchi xorijiy mutaxassislarga kelish vizalarining konsullik yig‘imlari undirilmasdan belgilangan tartibda rasmiylashtirilishini ta’minlasin.
13. O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Makroiqtisodiyot va statistika vazirligi buyurtmanomalariga ko‘ra, Loyihani amalga oshirishda qatnashuvchi xorijiy mutaxassislarga, ularni davlat boji to‘lashdan ozod qilgan holda, ko‘p martalik vizalar berilishini va vizalar muddatini uzaytirilishini, shuningdek ularning O‘zbekiston Respublikasida vaqtinchalik ro‘yxatdan o‘tkazilishini va vaqtinchalik ro‘yxatdan o‘tkazish muddati uzaytirilishini ta’minlasin.
14. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari R.S.Azimov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2002-yil 26-noyabr,
411-son
Oldingi tahrirga qarang.
(3-ilova O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 25-apreldagi 120-sonli qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan — O‘R QHT, 2012-y., 17-son, 194-modda)