O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
Qishloq xo‘jaligi mashinasozligi tarmog‘ida sog‘lom raqobat muhitini yaratishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida
Qishloq xo‘jaligi mashinasozligi tarmog‘ida sog‘lom raqobat muhitini rivojlantirish, barcha ishlab chiqaruvchilarga teng sharoitlar yaratish va tarmoqning investitsiyaviy jozibadorligini oshirish maqsadida:
Oldingi tahrirga qarang.
1. Qishloq xo‘jaligi mashinasozligi tarmog‘ida faoliyat yurituvchi mahalliy qishloq xo‘jaligi texnikasini ishlab chiqaruvchilar qishloq xo‘jaligi texnikasini ishlab chiqarish va unga servis xizmatini ko‘rsatish uchun butlovchi buyumlar, xom ashyo va materiallarni import qilishda tovarlar erkin muomalaga (importga) chiqarishning bojxona rejimiga joylashtirilgan sanadan boshlab qo‘shilgan qiymat solig‘ini 120 kun kechiktirib to‘lashiga ruxsat berilsin.
(1-band O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 14-oktabrdagi PF-156-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 15.10.2024-y., 06/24/156/0816-son. Kuchga kirish sanasi — 2025-yil 16-yanvar)
2. Belgilansinki, ushbu qarorga muvofiq imtiyozlar qo‘llangan holda:
import qilinadigan ehtiyot qismlari va butlovchi buyumlar ro‘yxatlari va ularga tuzatishlar imtiyoz berilgan tashkilot tomonidan shakllantiriladi hamda ular yuzasidan Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi huzuridagi “Loyihalar va import kontraktlarini kompleks ekspertiza qilish markazi” DUKning ijobiy xulosasi olingan taqdirda, import qiluvchi har qanday tashkilotlar ro‘yxatda ko‘rsatilgan tovarlarni belgilangan tartibda import qilish huquqiga ega bo‘ladi;
import qilingan tovarlardan maqsadli foydalanish uchun import qilgan tashkilotlar rahbarlari shaxsan mas’ul hisoblanadi.
3. Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi Moliya vazirligi, Qishloq xo‘jaligi vazirligi va tegishli manfaatdor tashkilotlar bilan birgalikda 2021-yil 1-dekabrga qadar qishloq xo‘jaligi mashinasozligini yanada rivojlantirishni rag‘batlantirish, shu jumladan tarmoqda yangi mahsulotlarni ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish hamda mahalliylashtirishni chuqurlashtirishga qaratilgan loyihalarni xorijiy va mahalliy investorlar uchun jozibadorligini oshirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqsin va belgilangan tartibda Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
4. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosarlari J.A. Qo‘chqorov va S.O‘. Umurzakov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2021-yil 1-fevral,
PQ-4969-son
(Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 02.02.2021-y., 07/21/4969/0075-son; Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 11.11.2021-y., 07/21/7/1058-son; 09.04.2022-y., 06/22/101/0288-son; 15.10.2024-y., 06/24/156/0816-son)