O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
KO‘NGILLI O‘T O‘ChIRUVChILAR DRUJINALARI, YoSh O‘T O‘ChIRUVChILAR DRUJINALARI, O‘T O‘ChIRISh-TEXNIKA KOMISSIYALARI TO‘G‘RISIDAGI NIZOMLARNI TASDIQLASh HAQIDA
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2013-yil 28-martdagi 89-sonli “Yong‘in xavfsizligi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunini amalga oshirish chora-tadbirlari haqida” qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
Muhandis-texnik xodimlar, ishchilar, xizmatchilar, o‘quvchilarni yong‘inlarning oldini olish, yong‘in-profilaktika chora-tadbirlarini o‘tkazish ishiga keng jalb etish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi;
1. Quyidagilar tasdiqlansin:
Ko‘ngilli o‘t o‘chiruvchilar drujinalari to‘g‘risidagi Nizom (1-ilova);
Yosh o‘t o‘chiruvchilar drujinalari to‘g‘risidagi Nizom (2-ilova);
O‘t o‘chirish-texnika komissiyalari to‘g‘risidagi Nizom (3-ilova).
2. Quyidagilar o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblansin:
O‘zSSR Ministrlar Sovetining “O‘zSSR vazirliklari va idoralari sanoat korxonalarida o‘t o‘chirish-ishlab chiqarish komandalari tashkil etish to‘g‘risida” 1953-yil 27-oktabrdagi 1775-son qarori;
O‘zSSR Ministrlar Sovetining “O‘zbekiston SSR vazirliklari va idoralari sanoat korxonalari va boshqa obyektlarida ko‘ngilli o‘t o‘chiruvchilar drujinalari tashkil etish to‘g‘risida” 1954-yil 25-martdagi 354-son qarori.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. MUTALOV
Toshkent sh.,
1995-yil 29-iyun,
243-son
Mulkchilik shakllaridan qat’i nazar, vazirliklar, idoralar, korporatsiyalar, konsernlar, uyushmalarning sanoat korxonalari va boshqa obyektlaridagi ko‘ngilli o‘t o‘chiruvchilar drujinalari to‘g‘risida
nizom
I. Umumiy qoidalar
1. Yong‘inlarning oldini olish va o‘chirish ishlarini tashkil etish uchun, mulkchilik shakllaridan qat’i nazar, sanoat korxonalari, muassasalar, tashkilotlar va boshqa obyektlarda ishchilar, muhandis-texnik xodimlar va xizmatchilardan iborat ko‘ngilli o‘t o‘chiruvchilar drujinalari tashkil etiladi.
2. Obyektlarda, idoraga qarashli yong‘indan saqlash xizmati borligidan qat’i nazar, ko‘ngilli o‘t o‘chiruvchilar drujinalari tuziladi.
3. Ko‘ngilli o‘t o‘chiruvchilar drujinalari faoliyatini nazorat qilish va muvofiqlashtirish davlat yong‘in nazorati organlariga, ular ishchilar va xizmatchilar orasida ommaviy tushuntirish ishlarini olib borganlarida esa korxonalar, muassasalar va tashkilotlar rahbarlari zimmasiga yuklanadi.
4. Ko‘ngilli o‘t o‘chiruvchilar drujinalari 15 nafardan ortiq doimiy ishlovchisi bo‘lgan obyektda tashkil etiladi.
5. Ko‘ngilli o‘t o‘chiruvchilar drujinalari obyektning kattaligi, tuzilmasi va mahalliy o‘ziga xos xususiyatlariga qarab umum-obyektga yoki sex bo‘yicha (obyektda bir nechta) bo‘lishi mumkin.
6. Umumobyekt o‘t o‘chirish drujinasi, zarur bo‘lgan hollarda, obyektning sexlarida, omborxonalarida va boshqa bo‘linmalarida bo‘limlarga ajratiladi, ular ish smenalarining soniga qarab tashkil etiladi.
7. Sex ko‘ngilli o‘t o‘chiruvchilar drujinalari ham ishchi smenalarining soniga qarab bo‘lim (jangovar guruh)larga bo‘linadi.
8. Umumobyekt (obyekt) ko‘ngilli o‘t o‘chiruvchilar drujinasi boshlig‘i ko‘ngilli o‘t o‘chiruvchilar drujinalari a’zolarining umumiy yig‘ilishida ochiq ovoz berish yo‘li bilan saylanadi, davlat yong‘in nazoratining mahalliy organlari bilan kelishib olinadi va obyekt (korxona) rahbarining buyrug‘i bilan tasdiqlanadi.
9. Ko‘ngilli o‘t o‘chiruvchilar drujinalari boshliqlari, ularning o‘rinbosarlari va bo‘linma (jangovar guruh)larning boshliqlari ko‘p hollarda obyekt (sex) rahbari tomonidan sex ma’muriyati xodimlaridan tayinlanadilar.
II. Ko‘ngilli o‘t o‘chiruvchilar drujinasining vazifalari
10. Ko‘ngilli o‘t o‘chiruvchilar drujinasiga quyidagilar yuklanadi:
a) obyektda yong‘inga qarshi tartib-qoidalarning qanday bajarilayotganini va unga qanday rioya etilayotganini nazorat qilishni amalga oshirish;
b) ishchilar va xizmatchilar o‘rtasida obyektda yong‘inga qarshi tartib-qoidalarga rioya qilish bo‘yicha tushuntirish ishlari olib borish;
v) o‘t o‘chirish texnikasining, o‘t o‘chirish dastlabki vositalarining soz va jangovar holatdaligini nazorat qilish;
g) yong‘in chiqqan hollarda o‘t o‘chirish komandasini chaqirish va odamlarni xavfli joydan ko‘chirish hamda obyektdagi mavjud o‘t o‘chirish vositalari bilan yong‘inni o‘chirishga oid shoshilinch choralar ko‘rish;
d) zarur bo‘lgan hollarda ko‘ngilli o‘t o‘chiruvchilar drujinasi a’zolarining o‘t o‘chiruvchi mashinalarda, motopompalarda va o‘t o‘chirishning boshqa ko‘chma va turg‘un vositalarining jangovar guruhlaridagi ishlarda qatnashish, shuningdek, o‘ta zarur hollarda, sexlar va boshqa obyektlarda navbatchilikda turish;
e) obyektning yong‘in-texnika komissiyasi va yong‘inlarni aniqlash, oldini olish hamda o‘t o‘chirishning yangi usullarini joriy etuvchi davlat yong‘in nazoratining mahalliy organlari bilan o‘zaro birgalikda harakat qilish.
III. Ko‘ngilli o‘t o‘chiruvchilar drujinasini tashkil etish va uning ish tartibi
11. Ko‘ngilli o‘t o‘chiruvchilar drujinasining soni obyekt (sex) rahbari tomonidan belgilanadi, lekin u 4 kishidan kam bo‘lmasligi kerak.
12. Ko‘ngilli o‘t o‘chiruvchilar drujinalari ixtiyoriylik asosida obyekt (sex) ishchilari va xizmatchilaridan tashkil etiladi.
Ko‘ngilli o‘t o‘chirish drujinasi a’zoligiga 18 yoshga to‘lgan shaxslar qabul qilinadi.
Ko‘ngilli o‘t o‘chirish drujinasiga kiruvchi barcha shaxslar obyekt rahbari nomiga yozma holda ariza berishlari lozim.
Ko‘ngilli o‘t o‘chiruvchilar drujinasi tarkibiga qabul qilish va ushbu tarkibdagi keyingi o‘zgartirishlar obyekt (sex) bo‘yicha buyruq bilan e’lon qilinadi,
13. Quyidagi hollarda ko‘ngilli o‘t o‘chiruvchilar drujinasi a’zoligidan chiqarish amalga oshiriladi:
a) yong‘inga qarshi tartib-qoidani buzganlik uchun;
b) o‘ziga yuklatilgan vazifalarni vijdonan bajarmaganlik uchun;
v) drujina boshlig‘ining qonuniy talablarini bajarmaganlik uchun;
g) obyekt rahbariga o‘z xohishiga ko‘ra ishdan bo‘shash haqida ariza berish yo‘li bilan.
14. Yong‘in chiqqan hollarda ko‘ngilli o‘t o‘chiruvchilar drujinasi a’zolarining harakatlari to‘g‘risidagi jangovar guruh tabeli sexning ko‘rinadigan joyiga osib qo‘yiladi.
Har bir ko‘ngilli o‘t o‘chiruvchi drujina va bo‘limga yong‘in chiqish hollari yoki avariya holati uchun jangovar guruh tabeli ishlab chiqiladi.
15. Ko‘ngilli o‘t o‘chiruvchilar drujinasi a’zolari bilan o‘quv mashg‘ulotlari obyekt (sex) rahbari tomonidan tasdiqlangan jadvalga ko‘ra, ishdan bo‘sh vaqtlarda, oyiga ko‘pi bilan 4 soat o‘tkaziladi.
16. Ko‘ngilli o‘t o‘chiruvchilar drujinasi a’zolarini ishdan tashqari vaqtda yong‘in soqchiligi bo‘yicha navbatchilikka jalb qilish tartibi obyekt rahbari va davlat yong‘in nazoratining mahalliy organlari tomonidan belgilanadi.
IV. Ko‘ngilli o‘t o‘chiruvchilar drujinasi boshlig‘i va uning o‘rinbosarlarining vazifalari
17. Ko‘ngilli o‘t o‘chiruvchilar drujinalarining boshlig‘i:
a) obyekt (sex)dagi yong‘inga qarshi tartib-qoidalarga qanday rioya etilayotganini nazorat qilishni amalga oshirishga;
b) obyekt (sex)dagi mavjud barcha dastlabki o‘t o‘chirish vositalarining ishga tayyorligini muntazam ravishda tekshirib borish va ulardan boshqa maqsadlarda foydalanishga yo‘l qo‘ymaslikka;
v) ishchilar va xizmatchilar o‘rtasida yong‘in xavfsizligi chora-tadbirlari to‘g‘risida tushuntirish ishlarini olib borishga;
g) ko‘ngilli o‘t o‘chiruvchilar drujinasi shaxsiy tarkibi bilan mashg‘ulotlar o‘tkazishga (ayrim hollarda mashg‘ulot o‘tkazish uchun obyektning idoraga qarashli yong‘in soqchiligi jalb qilinishi mumkin);
d) ko‘ngilli o‘t o‘chiruvchilar drujinasi bo‘linmalari boshliqlari ishiga rahbarlik qilishga va sex jangovar guruhlarining ishga tayyorligini tekshirishga;
e) obyekt (sex)da o‘t o‘chirish qismlari yetib kelgunga qadar yong‘inni o‘chirishga rahbarlik qilishga;
j) obyekt (sex) rahbariyatini yong‘inga qarshi tartib-qoidalar buzilgani to‘g‘risida xabardor qilishga;
z) yong‘in nazorati davlat inspektorlari ko‘rsatmasiga ko‘ra davlat yong‘in nazorati yozma topshiriqlarining bajarilishini nazorat qilishga;
i) avariya holatlari ro‘y berganda ko‘ngilli o‘t o‘chiruvchilar drujinasi a’zolarining navbatchiligini tashkil etish va portlash yoki yong‘in chiqish xavfi bartaraf etilgunga qadar shaxsan rahbarlik qilishga majburdir,
18. Obyekt (sex)da ko‘ngilli o‘t o‘chiruvchilar drujinasining boshlig‘i bo‘lmagan vaqtlarda drujina boshlig‘ining o‘rinbosarlari o‘z ish smenalarida uning barcha vazifalarini bajaradilar.
V. Ko‘ngilli o‘t o‘chiruvchilar drujinasi boshlig‘i va uning o‘rinbosarlarining huquqlari
19. Ko‘ngilli o‘t o‘chiruvchilar drujinasi boshlig‘i quyidagi huquqlarga egadir:
a) obyekt rahbaridan o‘ziga yuklangan vazifalarni bajarmagan shaxslarni ko‘ngilli o‘t o‘chiruvchilar drujinasi a’zoligidan ozod etish to‘g‘risida iltimos qilish;
b) yong‘in xavfsizligi qoidalari buzilganligi to‘g‘risida bayonnoma tuzish va uni chora ko‘rish uchun davlat yong‘in nazorati organlariga albatta berish;
v) obyekt (sex)da yong‘inga qarshi tartib-qoidalarni yaxshilash yuzasidan og‘zaki yoki yozma shaklda tavsiyalar berish;
g) portlash yoki yong‘in chiqishiga sabab bo‘luvchi yong‘in xavfi bo‘lgan ishlarni va boshqa ishlarni, ular obyekt ma’muriyati yoki davlat yong‘in nazoratining mahalliy organlari tomonidan ko‘rib chiqilgunga qadar, o‘tkazishni taqiqlash.
VI. Ko‘ngilli o‘t o‘chiruvchilar drujinasi bo‘linmasi boshlig‘ining majburiyatlari
20, Ko‘ngilli o‘t o‘chiruvchilar drujinasi bo‘linmasi (jangovar guruh)ning boshlig‘i:
a) yong‘inga qarshi tartib-qoidaga rioya qilinishini va sexda hamda o‘z smenasida o‘t o‘chirish vositalarining doim tayyor bo‘lishini kuzatib turishga;
b) smena ishni tugatishi bilan sexning yong‘inga qarshi holatini tekshirish, aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish chora-tadbirlarini ko‘rish va ko‘ngilli o‘t o‘chiruvchilar drujinasi bo‘limi (sexlar bir qancha smenalarda ishlaganda)ning ishga kirishuvchi boshlig‘iga sex o‘t o‘chirish vositalarini topshirishga;
v) ishga kirishishda ko‘ngilli o‘t o‘chiruvchilar drujinasi bo‘linmasi a’zolarining borligini jangovar guruh tabeli bo‘yicha tekshirishga;
g) mashg‘ulotlarga ko‘ngilli o‘t o‘chiruvchilar drujinasi a’zolarining to‘liq kelishini ta’minlashga;
d) bo‘limdagi ko‘ngilli o‘t o‘chirish drujinasi a’zolarining o‘zlariga yuklangan vazifalarni bilishlarini tekshirish;
e) sexda yong‘in chiqqanda, o‘t o‘chirish sexlari va ko‘ngilli o‘t o‘chiruvchilar drujinasi boshlig‘i kelgunga qadar, yong‘inni o‘chirishga rahbarlik qilishga;
j) ko‘ngilli o‘t o‘chiruvchilar drujinasiga yangi kirganlarga yong‘in xavfsizligi qoidalari bo‘yicha ko‘rsatmalar berishga majburdir.
VII. Ko‘ngilli o‘t o‘chiruvchilar drujinasi a’zolarining majburiyatlari
21. Ko‘ngilli o‘t o‘chiruvchilar drujinasi a’zolari:
a) sexdagi va ish o‘rnidagi yong‘inga qarshi tartib-qoidalarni bilishlari, unga rioya etishlari va buni boshqalardan ham talab qilishlari;
b) jangovar guruh bo‘yicha o‘z vazifalarini bilishlari va yong‘in chiqqan hollarda uni o‘chirishda faol qatnashishlari;
v) sexda mavjud bo‘lgan o‘t o‘chirish texnikasi va dastlabki o‘t o‘chirish vositalarining ishga tayyorligini kuzatib borishlari va barcha aniqlangan nosozliklar to‘g‘risida ko‘ngilli o‘t o‘chiruvchilar drujinasi bo‘linmasi boshlig‘iga axborot berishlari;
g) yong‘inga qarshi kamchiliklarni bartaraf etish uchun chora-tadbirlar ko‘rishlari;
d) drujina a’zolariga yuklangan majburiyatlarni, drujina (bo‘linma) boshlig‘ining farmoyishlarini bajarishlari, jadvalda nazarda tutilgan mashg‘ulotlarga qatnashishlari va o‘zlarining yong‘in-texnikaga oid bilimlarini oshirishlari kerak.
VIII. Ko‘ngilli o‘t o‘chiruvchilar drujinasini mablag‘ bilan ta’minlash
22. Ko‘ngilli o‘t o‘chiruvchilar drujinalarini mablag‘ bilan ta’minlashga doir barcha xarajatlar ular tashkil etiladigan obyektlar hisobidan amalga oshiriladi.
23. O‘t o‘chirish avtomobillari va motopompalardagi jangovar guruhlar tarkibiga kiruvchi ko‘ngilli o‘t o‘chiruvchilar drujinalari a’zolari korxonalar, muassasalar va tashkilotlar hisobidan maxsus kiyim-boshlar to‘plami (brezent kurtkalar, shimlar va qo‘lqoplar, paxtalik nimchalar va shimlar) hamda charm yoki kirza etiklari bilan, harbiylashtirilgan o‘t o‘chiruvchilar qismlari uchun belgilangan muddatga, ta’minlanadilar.
24. Ko‘ngilli o‘t o‘chiruvchilar drujinalari a’zolarining ish vaqtida yong‘inni o‘chirish yoki avariyani bartaraf etishda qatnashgan paytdagi mehnatiga haq to‘lash mehnat qonunchiligi normalariga muvofiq ishlab chiqarishdagi o‘rtacha oylik ish haqi hisobidan amalga oshiriladi.
25. Korxonalar, muassasalar va tashkilotlar hisobiga ko‘ngilli o‘t o‘chiruvchilar drujinalarining butun shaxsiy tarkibi yong‘in yoki avariyani bartaraf etish ishlari natijasida sodir bo‘lgan o‘lim yoki shikastlanish hollari uchun har bir drujina a’zosiga 50 (ellik)ta eng kam oylik ish haqi miqdorida sug‘urta qilinadi, bunda jabrlanuvchiga yetkazilgan zarar O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1994-yil 1-fevraldagi 48-son qarorida nazarda tutilgan miqdorlarda qoplanadi.
26. Ko‘ngilli o‘t o‘chiruvchilar drujinasining eng faol a’zolari davlat yong‘in nazorati hududiy va mahalliy organlarining iltimosiga binoan korxona tomonidan mukofotlanishlari mumkin.
Yosh o‘t o‘chiruvchilar drujinalari to‘g‘risida
NIZOM
I. Umumiy qoidalar
1. Yosh o‘t o‘chiruvchilar drujinalari — o‘quvchilarda jasurlik, vatanga sodiqlik, tadbirkorlik, jamoatchilik va ijodkorlikni tarbiyalash, shuningdek, ularni jismoniy chiniqtirish, kasbga yo‘llash maqsadida tashkil etiladigan o‘quvchilarning ixtiyoriy birlashmasidir.
2. Quyidagilar yosh o‘t o‘chiruvchilar drujinalarining asosiy vazifalari hisoblanadi:
a) o‘quvchilarni tarbiyalashda, ularni har tomonlama kamol toptirishda, ularda faol hayotiy nuqtai nazarni shakllantirishda maktabga faol yordam berish;
b) davlat mulkini, fuqarolar hayoti, sog‘ligi hamda mol-mulkini yong‘inlardan saqlashda kattalarga amaliy yordam ko‘rsatish;
v) o‘t o‘chirish ishining asoslarini, yong‘inning oldini olish va uni o‘chirish, yong‘indan jabrlanganlarga birinchi yordam ko‘rsatish ko‘nikma va malakalarini egallash;
g) o‘t o‘chirish-amaliy sport bo‘yicha sportchilar zaxiralarini tayyorlash.
3. Yosh o‘t o‘chiruvchilar drujinalari turar joylardagi umumta’lim maktablari, bolalar uylari, internat maktablari, maktabdan tashqari muassasalar, hunar-texnika bilim yurtlari, kollejlar, gimnaziyalar, litseylar va boshqa o‘quv yurtlarida ko‘ngilli o‘t o‘chirish jamiyatlari, xalq ta’limi, yong‘indan saqlash organlari va jamoat tashkilotlari tomonidan o‘quvchilar orasidan tashkil etiladi.
4. Umumta’lim maktablari, bolalar uylari, maktabdan tashqari muassasalar, hunar-texnika bilim yurtlari, internat maktablar, kollejlar, gimnaziyalar, litseylar va boshqa o‘quv yurtlari ma’muriyati ko‘ngilli o‘t o‘chirish jamiyatlari va yong‘indan saqlash organlari ko‘magida yosh o‘t o‘chiruvchilar drujinalari bilan ishlovchi jamoatchi tashkilotini o‘qituvchilar, tarbiyachilar, shuningdek, yong‘indan saqlash organlari xodimlari orasidan tanlaydilar va tasdiqlaydilar.
Yosh o‘t o‘chiruvchilar drujinalari bilan ishlovchi jamoatchi tashkilotchilarni tayyorlash ko‘ngilli o‘t o‘chirish jamoalari tashkilotlari tomonidan yong‘indan saqlash, xalq ta’limi organlari bilan birgalikda ko‘ngilli o‘t o‘chirish jamoalari o‘quv kombinatlari, o‘t o‘chirish-texnika markazlari, o‘qituvchilar malakasini oshirish institutlari va tuman, shaharning eng yaxshi maktablari negizida amalga oshiriladi.
II. Yosh o‘t o‘chiruvchilar drujinalari bilan ishlashning asosiy yo‘nalishlari
5. Yosh o‘t o‘chiruvchilar drujinalari bilan ishlash quyidagi asosiy yo‘nalishlarni o‘z ichiga oladi:
a) yong‘in xavfsizligi qoidalarini va yong‘in paydo bo‘lgan taqdirda qanday harakat qilishni o‘rgatish, dastlabki o‘t o‘chirish vositalarini o‘rganish va o‘t o‘chirish texnikasi, o‘t o‘chirish-texnika anjomlari, aloqa vositalari, avtomatik o‘t o‘chirish, yong‘in va yong‘indan saqlash signalizatsiyasi tizimlari bilan tanishish;
b) maktablar, bolalar bog‘chalari, maktabdan tashqari muassasalar va turar joylarda targ‘ibotning texnik vositalari, maktablar radio tarmoqlari, devoriy gazetalar, fotomontajlar, “chaqmoqlar” va yosh o‘t o‘chiruvchilar burchaklaridan foydalanib bolalarning o‘t bilan o‘ynashishlaridan kelib chiqadigan yong‘inlarning oldini olish va yong‘in-profilaktika ishlari bo‘yicha ommaviy-tushuntirish ishlariga jalb qilish;
v) o‘t o‘chirish-amaliy sport mashg‘ulotlari va musobaqalari, yong‘inga qarshi tanlovlar, olimpiadalar, viktorinalar, slyotlar o‘tkazish, tashviqot brigadalari, badiiy havaskorlik jamoalari, bolalar kinoteatrlari tashkil etish, musobaqalar, ekskursiyalar, poxodlar, reydlar, dozorlar, harbiy-sport o‘yinlari va yoshlar festivallarida qatnashish;
g) o‘t o‘chirish qismlari, ko‘ngilli o‘t o‘chirish jamoalari, o‘t o‘chirish-texnika maktablari, o‘quv markazlari, o‘t o‘chiruvchilarning jasoratlari haqida hikoya qiluvchi ko‘rgazmalar, muzeylar va unutilmas joylarda bo‘lish, yong‘in soqchiligi va ko‘ngilli o‘t o‘chirish tashkilotlari tarixi hamda xodimlari to‘g‘risida yangi materiallar to‘plash, maktab muzeylari huzurida shon-shuhrat ekspozitsiyalari tashkil etish, yong‘indan saqlash va ko‘ngilli o‘t o‘chirish jamiyatlarining xizmat ko‘rsatgan xodimlari hamda faxriylari, o‘t o‘chirish-amaliy sport chempionlari va ustavlari bilan uchrashuvlar uyushtirish;
d) bolalar texnika ijodiyotini rivojlantirish, o‘t o‘chirish-texnik modellash, yosh o‘t o‘chiruvchilar to‘garaklarini tashkil etish.
III. Yosh o‘t o‘chiruvchilar drujinalari tuzilmasi va ularning ishlarini tashkil etish
6. Maktablar, internatlar, bilim yurtlari va boshqa o‘quv yurtlarining 12 yoshga yetgan va undan katta bo‘lgan, drujinalarning ishida faol qatnashish istagini bildirgan o‘quvchilar yosh o‘t o‘chiruvchilar drujinalari a’zolari bo‘lishlari mumkin.
7. Yosh o‘t o‘chiruvchilar drujinasi kamida 10 nafar drujinachilari bo‘lganda tashkil etiladi hamda ular otryad va guruhlarga bo‘linishi mumkin.
O‘quvchilar soni kam bo‘lgan qishloq maktablarida tarkibi kamida 10 kishidan iborat bo‘lgan yosh o‘t o‘chiruvchilar drujinalarini tashkil etishga yo‘l qo‘yiladi.
8. Yosh o‘t o‘chiruvchilar drujinasi a’zoligiga qabul qilish drujinaning umumiy yig‘ilishida og‘zaki ariza asosida amalga oshiriladi. Jamoatchi tashkilotlar yangi qabul qilingan barcha o‘t o‘chiruvchilar bilan ko‘ngilli o‘t o‘chiruvchilar jamiyatlari ko‘magida O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining Yong‘indan saqlash boshqarmasi O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi bilan birgalikda ishlab chiqqan maxsus dastur bo‘yicha mashg‘ulotlar olib boradilar. O‘qitish tamom bo‘lishi bilan yosh o‘t o‘chiruvchilar zachyot topshiradilar va ularga yosh o‘t o‘chiruvchilar drujinasi a’zosi guvohnomasi, belgisi va yengga taqiladigan uqa (shevron) tantanali vaziyatda topshiriladi.
9. Yosh o‘t o‘chiruvchilar drujinasi ishiga kundalik rahbarlikni maktab o‘quvchilar qo‘mitasi amalga oshiradi. Maktab o‘quvchilar qo‘mitasi o‘z tarkibidan drujina sardorini, uning o‘rinbosarlarini, otryadlar va guruhlar sardorlarini saylaydi. Kam sonli drujinalarda faqat drujina sardori va uning o‘rinbosari saylanadi.
10. Yosh o‘t o‘chiruvchilar drujinasi a’zolari ko‘ngilli o‘t o‘chiruvchilar jamiyatlari hududiy organlari hisobiga parad, ish va sport kiyimi bilan ta’minlanishlari mumkin.
IV. Yosh o‘t o‘chiruvchining majburiyatlari va huquqlari
11. Yosh o‘t o‘chiruvchi quyidagilarni bajarishga majburdir:
a) o‘quvchilarning barcha qoidalarini bajarish, vijdonan o‘qish, maktabda va uning tashqarisida namunali intizomni namoyon qilish;
6) yosh o‘t o‘chiruvchi obro‘si va nomini qadrlash, drujina ishlarida faol qatnashish, drujina sardori va shtabi topshiriqlarini o‘z vaqtida hamda aniq bajarish;
v) o‘t o‘chirish ishini o‘rganish va yong‘in xavfsizligi qoidalariga rioya qilishda o‘rnak bo‘lish;
g) tengqurlar va kichik yoshdagi bolalar o‘rtasida yong‘inning oldini olish bo‘yicha tushuntirish ishlari olib borish;
d) yong‘indan saqlash va ko‘ngilli o‘t o‘chirish jamiyatlari mutaxassislari rahbarligida turar joy sektori, bolalar va maktab muassasalarida hosilni, pichanzorlarni qo‘riqlash bo‘yicha yong‘in-profilaktika ishlarini o‘tkazishda qatnashish va boshqalar;
e) o‘z sport mahoratini oshirish, o‘t o‘chirish-amaliy sport bilan shug‘ullanish.
12. Yosh o‘t o‘chiruvchi quyidagi huquqlarga egadir:
a) yosh o‘t o‘chiruvchilar drujinasi rahbar organlariga saylash va saylanish;
b) drujina faoliyatiga oid barcha masalalarni muhokama qilishda qatnashish va tegishli takliflar kiritish;
v) yong‘in xavfsizligi masalalari bo‘yicha yong‘indan saqlash mahalliy organlariga va ko‘ngilli o‘t o‘chirish jamiyatlari tashkilotiga yordam va maslahat so‘rab murojaat qilish;
g) drujinadagi faol ishi uchun ko‘ngilli o‘t o‘chirish jamiyatlari tashkilotlari, xalq ta’limi, yong‘indan saqlash organlari tomonidan yorliqlar, ko‘krakka taqiladigan nishonlar, qiymatli sovg‘alar, yo‘llanmalar bilan taqdirlanish, yosh o‘t o‘chiruvchilarning viloyat, respublika va xalqaro slyotlariga yuborilish;
d) O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi o‘t o‘chirish-texnika o‘quv yurtlariga va o‘t o‘chirish mutaxassislarini tayyorlovchi boshqa o‘quv yurtlariga o‘qitishga yuborilish;
e) yong‘inni o‘chirish, odamlarni qutqarib qolish, jonivorlar va moddiy boyliklarni evakuatsiya qilishdagi mardona hamda qat’iy harakatlari uchun belgilangan tartibda hukumat mukofotlari bilan taqdirlanishga tavsiya etilish.
*Yosh o‘t o‘chiruvchilar drujinalari barcha a’zolarining hayoti yong‘in yoki avariyani bartaraf etish ishlari natijasida sodir bo‘lgan o‘lim va shikastlanish hollari uchun drujinaning har bir a’zosi 50 (ellik)ta eng kam oylik ish haqi miqdorida ko‘ngilli o‘t o‘chirish jamiyatlari hisobiga sug‘urta qilinadi.
V. Yosh o‘t o‘chiruvchilar drujinalari ishiga rahbarlik qilish
13. Yosh o‘t o‘chiruvchilar drujinalari ishiga tashkiliy va uslubiy rahbarlik qilish uchun tuman, shahar, viloyat va respublika shtablari tashkil etiladi. Shtablar tarkibiga xalq ta’limi, yong‘indan saqlash organlari, ko‘ngilli o‘t o‘chiruvchilar jamiyatlari kengashlari, matbuot, televideniye va radioeshittirish, ijodiy uyushmalar, sport va boshqa tashkilotlar vakillari kiritiladi.
14. Yosh o‘t o‘chiruvchilar drujinalari bilan ishlovchi shtab boshlig‘i, uning o‘rinbosarlari, shtab kotibi va a’zolari tegishli ravishda tuman, shahar xalq ta’limi, ichki ishlar organlari va ko‘ngilli o‘t o‘chiruvchilar jamiyatlari kengashlarining birgalikdagi qarori bilan tasdiqlanadilar.
15. Yosh o‘t o‘chiruvchilar drujinalari bilan ishlovchi tuman (shahar) shtabi:
a) umumta’lim maktablari, bolalar uylari, maktabdan tashqari muassasalar, hunar-texnika bilim yurtlari, kollejlar, gimnaziyalar, litseylar va boshqa o‘quv yurtlariga yosh o‘t o‘chiruvchilar drujinalari, klublari, to‘garaklarini, o‘t o‘chirish-amaliy sport seksiyalarini tashkil etishda yordam beradi, drujinalar faoliyatini tekshiradi, ijobiy ish tajribalarni umumlashtiradi va tarqatadi, drujinalarga topshiriqlar beradi va ularning ish rejalarini muvofiqlashtiradi, yong‘inlarning oldini olish chora-tadbirlarini ishlab chiqish va amalga oshirishda ishtirok etadi;
b) drujinalar, yosh o‘t o‘chiruvchilar bilan ishlovchi jamoatchi tashkilotchilarning hisobotlarini tinglaydi, drujinalar a’zolarini rag‘batlantirishga doir materiallarni ko‘rib chiqadi, musobaqalar, olimpiadalar, tanlovlar va shu kabilar dasturlarini ishlab chiqishda qatnashadi;
v) yosh o‘t o‘chiruvchilar drujinalariga o‘t o‘chirish qismlari jamoalari, o‘quv bo‘linmalari va yong‘indan saqlash hamda ko‘ngilli o‘t o‘chirish jamiyatlari boshqa tashkilotlarining otalik qilishlarini tashkil etadi.
16. Yosh o‘t o‘chiruvchilar drujinalari bilan ishlovchi respublika va viloyat shtablari quyi shtablar faoliyatiga rahbarlik qiladilar, yong‘inlarning oldini olish ishlarining shakl va uslublarini rivojlantirish hamda takomillashtirishga oid takliflar ishlab chiqadilar, ommaviy tadbirlarni tashkil etadilar, shtablar va yosh o‘t o‘chiruvchilar drujinalarining eng yaxshi ish tajribalarini o‘rganadilar va yoyadilar.
VI. Yosh o‘t o‘chiruvchilar drujinalarining moddiy-texnika ta’minoti
17. Yosh o‘t o‘chiruvchilar bilan olib boriladigan ishlar (yig‘inlar, seminarlar, slyotlar, musobaqalar, ko‘riklar, ekskursiyalar, poxodlar, reydlar, viktorinalar va boshqalar)ni amalga oshirish, bolalar o‘t o‘chirish komandalari uchun depolar, sport shaharcha (maydoncha)larini, o‘t o‘chirish-texnika ko‘rgazmalari, yosh o‘t o‘chiruvchilar saroylari va klublari, bolalar oromgohlarini qurish, drujinalar uchun o‘t o‘chirish texnikasi, jihozlar, asbob-uskunalar, formali kiyimlar, anjomlar, belgi (nishon)lar, guvohnomalar, sport ashyolari, o‘quv qo‘llanmalari, adabiyotlar, madaniy-ommaviy ishlar uchun buyumlar, targ‘ibot texnika vositalari, idoraviy ashyolar va shu kabilarni xarid qilish, yosh o‘t o‘chiruvchilar burchaklarini jihozlash, drujina a’zolari va yosh o‘t o‘chiruvchilar bilan ishlovchi jamoatchi tashkilotchilarni o‘qitish, o‘t o‘chirish-amaliy sport seksiyalari ustozlariga haq to‘lash xarajatlari zaminida yosh o‘t o‘chiruvchilar drujinalari tashkil etilgan muassasalar ko‘magida ko‘ngilli o‘t o‘chirish jamiyatlari va yong‘indan saqlash organlari mablag‘lari hisobiga qoplanadi.
18. Yosh o‘t o‘chiruvchilar bilan amaliy mashg‘ulotlar olib borish uchun ko‘ngilli o‘t o‘chirish jamiyatlari, yong‘indan saqlash organlari va boshqa manfaatdor tashkilotlar sport bazalari, jihozlarni beradilar, mutaxassislar, shuningdek, o‘t o‘chirish texnikasi, asbob-uskunalar va anjomlar ajratadilar.
Sanoat korxonalari va boshqa obyektlardagi yong‘in-texnika komissiyalari to‘g‘risida
nizom
I. Umumiy qoidalar
1. Sanoat korxonalari, muassasalar va tashkilotlarning muhandislik-texnika xodimlarini, xizmatchilarini yong‘inga qarshi profilaktika tadbirlarini o‘tkazishda qatnashishga jalb qilish, obyektlarda, mulkchilik shakllaridan qat’i nazar, yong‘inga qarshi himoyani yaxshilash maqsadida yong‘in-texnika komissiyalari tashkil etiladi.
2. Yong‘in-texnika komissiyalari mahalliy shart-sharoitlardan kelib chiqib, shuningdek, davlat yong‘in nazorati organlari taklifiga ko‘ra sanoat korxonalari, yangi qurilayotgan yirik obyektlarda, ilmiy-tadqiqot institutlari, o‘quv yurtlari, davolash, sog‘lomlashtirish, madaniy-tomosha muassasalarida, mehmonxonalar, teleradio uzatish markazlarida, yirik aloqa tarmoqlarida, aeroportlar va temir yo‘l vokzallarida, jamoa xo‘jaliklarida, qishloq xo‘jaligi korxonalarida va boshqa obyektlarda tashkil etiladi. Yong‘in-texnika komissiyalari tarkibiga, odatda, bosh muhandis (rais), energetik, texnolog, mexanik, xavfsizlik texnikasi muhandisi, yong‘indan saqlash (drujinasi) boshlig‘i, muhandis-texnik xodimlar va korxona rahbari xohishiga ko‘ra boshqa shaxslar kiritiladi.
Komissiya tarkibiga kasaba uyushmasi tashkiloti vakili kiritiladi.
3. Yong‘in-texnika komissiyalari davlat yong‘in nazorati mahalliy organlari bilan doimo aloqada bo‘lishlari kerak.
4. Yong‘in-texnika komissiyalari o‘z amaliy ishlarida O‘zbekiston Respublikasi hududida amalda bo‘lgan normativ hujjatlarga va mazkur Nizomga amal qiladilar.
5. Yong‘in-texnika komissiyalari korxonalar, muassasalar, tashkilotlarda shu obyekt rahbari buyrug‘i bilan tashkil etiladi.
II. Yong‘in-texnika komissiyalarining asosiy vazifalari
6. Quyidagilar yong‘in-texnika komissiyalarining asosiy vazifalari hisoblanadi;
a) ishlab chiqarish-texnologiya jarayonlari, agregatlar, qurilmalar, laboratoriyalar, ustaxonalar, omborlar, bazalar va shu kabilar ishidagi yong‘in, portlash yoki avariyaga olib kelishi mumkin bo‘lgan buzilishlarni aniqlash va bu buzilishlarni bartaraf etishga qaratilgan chora-tadbirlar ishlab chiqish;
b) korxonalarning yong‘indan saqlash xizmatiga yong‘in-profilaktika ishlarini tashkil etish va o‘tkazishda, ishlab chiqarish, omborxona, ma’muriy va boshqa bino hamda inshootlarda qattiq yong‘inga qarshi tartibni o‘rnatishda ko‘maklashish;
v) yong‘in xavfini kamaytirish va obyektning yong‘inga qarshi himoyasini yaxshilashga oid ratsionalizatorlik va ixtirochilik ishini tashkil etish;
g) ishchilar, xizmatchilar va muhandis-texnik xodimlar o‘rtasida yong‘inga qarshi qoidalarga hamda yong‘inga qarshi o‘rnatilgan tartibga rioya qilish masalalari bo‘yicha ommaviy tushuntirish ishlarini olib borish.
7. Yong‘in-texnika komissiyalari qo‘yilgan vazifalarni amalga oshirish uchun:
a) korxonaning barcha ishlab chiqarish, omborxona, ma’muriy va boshqa xizmat binolarini ishlab chiqarish-texnologiya jarayonlari, apparatlar, agregatlar, elektr xo‘jaligi, isitish, ventilatsiya tizimlari va boshqa qurilmalardagi yong‘in chiqishi xavfi bo‘lgan nuqsonlarni aniqlash maqsadida yiliga kamida 2—4-marta (korxonaning yong‘in-portlash xavfiga ko‘ra) mufassal ko‘rikdan o‘tkazishlari;
b) aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish yo‘llari va usullarini belgilash, yong‘inga qarshi zarur tadbirlarning bajarilishi muddatlarini belgilash va ularning bajarilishini nazorat qilishlari;
v) ishchilar, xizmatchilar, muhandis-texnik xodimlarga yong‘inga qarshi mavzularda ko‘rsatmalar berish, suhbatlar o‘tkazish va ma’ruzalar uyushtirishlari;
g) rahbarlar huzurida va texnikaviy kengashlarda korxonalarning yong‘inga qarshi holatlari to‘g‘risidagi masalalarni muhokamaga qo‘yishlari;
d) korxonaning sexlari, omborxonalari, laboratoriyalari va boshqa obyektlari uchun yong‘in xavfsizligi bo‘yicha yo‘riqnomalar, qoidalar ishlab chiqishda faol qatnashishlari;
e) korxonalarda yong‘indan saqlash mutaxassislari, ilmiy-texnik xodimlar, kasaba uyushmalari tashkilotlari, mehnatkashlar faollari ishtirokida ham butun korxona, ham uning ayrim uchastkalari, sexlari, omborxonalarida yong‘in xavfsizligi masalalari bo‘yicha yong‘in-texnika konferensiyalari, seminarlar va kengashlar o‘tkazishlari;
j) korxonalar sexlari, omborxonalari, turar joylarining yong‘inga qarshi holati va yong‘indan saqlash hamda ko‘ngilli o‘t o‘chirish drujinalarining jangovar tayyorgarligi ko‘rik-tanlovlarini tashkil etish va o‘tkazishlari, davlat yong‘in nazorati organlari tavsiya etgan yong‘inga qarshi tadbirlarning bajarilishiga erishishlari kerak.
8. Zarur bo‘lgan hollarda korxona rahbari yong‘in-texnika komissiyasiga yong‘in xavfsizligini ta’minlash bilan bog‘liq bo‘lgan boshqa tadbirlarni o‘tkazishni ham topshirishi mumkin.
III. Yong‘in-texnika komissiyalari ishini tashkil etish tartibi
9. Yong‘in-texnika komissiyalari o‘z ishini ish vaqtida tashkil etadi va uni korxonaning barcha ish smenalarida olib boradi. Favqulodda holatlar (yong‘in, halokat, avariya, avariya holatlari va shu kabilar)da yong‘in-texnika komissiyasi a’zolari obyekt rahbarining buyrug‘i bilan kunning istalgan vaqtida masalalarni hal etishga jalb qilinadilar.
10. Yirik sanoat korxonalarida, umumobyekt yong‘in-texnika komissiyalaridan tashqari, sex yong‘in-texnika komissiyalari tashkil etilishi mumkin. Bu holatda umumobyekt yong‘in-texnika komissiyasi sex komissiyalari ishini nazorat qiladi va ularga boshchilik qiladi, butun korxonaning yong‘inga qarshi ahvolini yaxshilash masalalarini hal etadi va yong‘in chiqish xavfi kuchli bo‘lgan uchastkalar hamda ishlab chiqarish-texnologiya jarayoni qurilmalarida yong‘inning oldini olish chora-tadbirlarini ishlab chiqadi.
11. Umumobyekt yong‘in-texnika komissiyasi, qoidaga ko‘ra, o‘z ishini quyidagi ixtisoslashgan seksiyalar bo‘yicha tashkil etadi:
a) ishlab chiqarish-texnologiya jarayonida va ishlab chiqarish asbob-uskunalarida yong‘in chiqish xavfini kamaytirish seksiyasi;
b) ratsionalizatorlik va ixtirochilik ishi seksiyasi;
v) elektr tarmoqlari va elektr asbob-uskunalaridan xavfsiz foydalanish seksiyasi;
g) yong‘inga qarshi avtomatika va aloqa seksiyasi;
d) yong‘inga qarshi suv ta’minoti seksiyasi;
e) yangi qurilish va rekonstruksiya qilishdagi qurilish normalari hamda qoidalarida yong‘inga qarshi talablarga rioya qilish seksiyasi;
j) ventilatsiya va tutun chiqarish tizimlaridan foydalanishda yong‘inga qarshi chora-tadbirlarni ishlab chiqish seksiyasi;
z) turar joy sektorida yong‘inga qarshi chora-tadbirlar seksiyasi;
i) yong‘inga qarshi targ‘ibot va tashviqot seksiyasi.
12. Yong‘in-texnika komissiyasi davlat yong‘in nazorati ko‘rsatmalarida nazarda tutilgan chora-tadbirlarni bekor qilish va o‘zgartirish huquqiga ega emas,
Davlat yong‘in nazorati chora-tadbirlarini o‘zgartirish yoki bekor qilish zarur bo‘lgan taqdirda komissiya o‘z takliflarini korxona direktoriga taqdim etadi. Direktor bu masalani davlat yong‘in nazorati organlari bilan kelishib oladi.
13. Yong‘in-texnika komissiyasi tomonidan belgilangan yong‘inga qarshi chora-tadbirlar dalolatnoma bilan rasmiylashtiriladi va u kengaytirilgan majlisda ko‘rib chiqilgandan so‘ng korxona rahbari tomonidan tasdiqlanadi va ular belgilangan muddatlarda bajarilishi kerak.
14. Komissiya tomonidan taklif etilgan yong‘inga qarshi chora-tadbirlarning bajarilishini kundalik nazorat qilish bevosita korxona yong‘indan saqlash xizmati (ko‘ngilli o‘t o‘chiruvchilar drujinalari) boshlig‘iga yoki uning o‘rnida ishlovchiga yuklanadi.
15. Davlat yong‘in nazorati mahalliy organlari yong‘in-texnika komissiyalari ishini vaqt-vaqti bilan nazorat qilishni amalga oshiradilar va ularga uslubiy hamda amaliy yordam beradilar.
16. Obyektni yong‘inga qarshi namunali holatga keltirganliklari uchun yong‘in-texnika komissiyalari a’zolari davlat yong‘in nazorati hududiy yoki mahalliy organining taqdimnomasiga binoan obyekt rahbari tomonidan rag‘batlantirilishi mumkin.