O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
Oldingi tahrirga qarang.
O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi faoliyatini tashkil qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida
(qaror nomi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 27-dekabrdagi PF-230-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 30.12.2024-y., 06/24/230/1096-son)
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 25-iyuldagi “Koronavirus pandemiyasini yumshatish, aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi va salomatligini saqlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-6035-son Farmoniga muvofiq:
Oldingi tahrirga qarang.
1. Quyidagilar O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasining (keyingi o‘rinlarda — Sanepidqo‘m) asosiy vazifalari va faoliyat yo‘nalishlari etib belgilansin:
(1-bandning birinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 27-dekabrdagi PF-230-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 30.12.2024-y., 06/24/230/1096-son)
sanitariya-epidemiologiya sohasida potensial xavf-xatarlarni aniqlash, baholash, respublika hududidagi yuqumli kasalliklar tabiiy o‘choqlari ustidan epidemiologik monitoring va epidemiyaga qarshi profilaktik tadbirlar majmuini amalga oshirish;
sanitariya-gigiyena, radiatsion gigiyena, fizik omillar, bakteriologiya, virusologiya, parazitologiya va o‘ta xavfli kasalliklar tashxisi bo‘yicha laboratoriyalar faoliyatini yo‘lga qo‘yish;
inson salomatligiga ta’sir etuvchi xavfli omillarni boshqarish, tizimli monitoringini olib borish va tahlil qilishning yangi shakl va usullarini ishlab chiqish hamda amaliyotga joriy etish;
jamoat salomatligi va kasalliklar profilaktikasi hamda aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligiga doir davlat siyosatini samarali amalga oshirish, mazkur yo‘nalishda davlat organlari va tashkilotlarining faoliyatini muvofiqlashtirish;
jamoat salomatligi va kasalliklar profilaktikasi hamda aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligiga oid fundamental va ilmiy-amaliy tadqiqotlar amalga oshirish, bu boradagi ilmiy izlanishlarni muvofiqlashtirish, soha mutaxassislarini tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish;
oziq-ovqat xavfsizligi sohasida davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlarining faoliyatini muvofiqlashtirish va ular bilan hamkorlik qilish, oziq-ovqat xom ashyosi va iste’mol mahsulotlarini ishlab chiqarish, tashish, saqlash va sotish faoliyati ustidan belgilangan tartibda nazorat qilish;
sohaga oid davlat va boshqa xizmatlarni ko‘rsatish, mahsulot, ishlar va xizmatlar xavfsizligiga qo‘yiladigan majburiy talablarga taalluqliligi bo‘yicha maxsus ekspertizalar tayinlash va o‘tkazish;
sog‘lom turmush tarzini shakllantirish, aholining tibbiy madaniyatini oshirish va tibbiy profilaktika bo‘yicha kompleks chora-tadbirlarni ishlab chiqish hamda ularning amalga oshirilishini ta’minlash;
davlat va idoraviy tibbiyot statistikasini yuritish, to‘plash, tahlil qilishiga uslubiy rahbarlik qilish, aholi salomatligiga salbiy ta’sir qiluvchi omillarni aniqlash maqsadida zarur tekshirishlar va so‘rovlar o‘tkazish;
xo‘jalik yurituvchi subyektlar tomonidan sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlariga rioya etilishi ustidan davlat sanitariya nazoratini amalga oshirish va qonunbuzilish holatlari aniqlanganda qonunchilikda belgilangan choralarni qo‘llash.
Oldingi tahrirga qarang.
2. Belgilansinki, Sanepidqo‘m va uning tizimidagi tashkilotlar o‘ziga yuklatilgan vazifalarni amalga oshirish doirasida quyidagi huquqlarga ega:
(2-bandning birinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 27-dekabrdagi PF-230-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 30.12.2024-y., 06/24/230/1096-son)
karantinli va inson uchun xavfli bo‘lgan boshqa yuqumli kasalliklar paydo bo‘lishi hamda tarqalishi sharoitida epidemiyalarga qarshi kurashish qoidalarini buzishga oid huquqbuzarlik sodir etgan shaxslarga nisbatan tegishli tibbiy asoslar mavjud bo‘lgan taqdirda karantinda saqlash yoki davolanish tarzidagi tibbiy yo‘sindagi majburlov chorasini qo‘llash;
yuqumli va parazitar kasalliklar tarqalishining oldini olishga qaratilgan, xo‘jalik faoliyati va boshqa faoliyatning alohida tartibini, aholi, transport vositalari, yuklar va (yoki) tovarlar harakatlanishining cheklanishini nazarda tutadigan tibbiy-sanitariya chora-tadbirlarini amalga oshirish;
inson hayoti va salomatligi uchun jiddiy xavf tug‘diruvchi yuqumli kasalliklar tarqalishi yoxud texnogen yoki tabiiy xususiyatga ega halokat sodir bo‘lishi real xavfi vujudga kelganda mulkchilik shaklidan qat’iy nazar obyektlarda tekshirishlar o‘tkazish;
sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlari buzilganligi aniqlangan holatlarda litsenziyalar va ruxsat beruvchi hujjatlarni to‘xtatib turish, tugatish va bekor qilish masalalarini hal qilish yuzasidan tegishli organlar va tashkilotlarga taqdimnomalar yuborish;
yuridik va jismoniy shaxslarga nazorat obyektidagi huquqbuzarliklarni bartaraf qilish uchun mos ravishda, ammo oltmish kundan ortiq bo‘lmagan muddatni belgilagan holda, aniqlangan huquqbuzarliklarni bartaraf etish bo‘yicha ijro etilishi majburiy bo‘lgan ko‘rsatmalar berish;
elektron ro‘yxatga olish yagona tizimida ro‘yxatdan o‘tkazish orqali vakolatli organni xabardor etish tartibida tadbirkorlik subyektlari faoliyatini laboratoriya-instrumental usulini qo‘llagan holda o‘n kundan ko‘p bo‘lmagan muddatgacha tekshiruvdan o‘tkazish hamda tekshiruvdan o‘tkazishga beg‘araz ekspert yoki mutaxassis sifatida laboratoriya xodimlarini jalb qilish;
favqulodda vaziyatlarda, epidemiyalar hamda aholining hayoti va sog‘lig‘i uchun boshqa haqiqiy xavf yuzaga kelganda, ommaviy zaharlanish va guruhli kasalliklar qayd etilganda (davolash muassasasi xabari, jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari va boshqa hollarda) qonun hujjatlarida belgilangan tartibda tadbirkorlik subyektlari faoliyatida tekshiruvlar o‘tkazish;
Oldingi tahrirga qarang.
budjetdan tashqari mablag‘lar hisobidan Sanepidqo‘m faoliyatiga shartnoma asosida qo‘shimcha xodimlar jalb qilish.
(2-bandning to‘qqizinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 27-dekabrdagi PF-230-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 30.12.2024-y., 06/24/230/1096-son)
Oldingi tahrirga qarang.
(3-band O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 27-dekabrdagi PF-230-sonli Farmoniga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 30.12.2024-y., 06/24/230/1096-son)
Oldingi tahrirga qarang.
4. Belgilab qo‘yilsinki:
Sanepidqo‘m aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi va jamoat salomatligi sohasida tarmoq faoliyatini muvofiqlashtiruvchi va tartibga soluvchi hamda tizimdagi rahbariy faoliyatni kollegial asosda tashkil etadigan, shuningdek, Sog‘liqni saqlash vazirligining tashkiliy bo‘ysunuvida faoliyat yuritadigan respublika ijro etuvchi hokimiyat organi hisoblanadi;
Sanepidqo‘m Sog‘liqni saqlash vazirligining tarkibiga kiradi, Sanepidqo‘mning raisi bir vaqtning o‘zida Bosh davlat sanitariya vrachi hisoblanadi;
Sanepidqo‘mning tuman (shahar) bo‘limlari o‘z faoliyatida tegishincha Sanepidqo‘mning Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar boshqarmalariga, Sanepidqo‘mning Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar boshqarmalari esa — Sanepidqo‘mga bevosita bo‘ysunadilar va ularning oldida hisobdordir;
Sanepidqo‘m va uning hududiy bo‘linmalari o‘z vakolatlarini barcha davlat organlari va tashkilotlari, ularning mansabdor shaxslaridan mustaqil ravishda amalga oshiradilar;
Sanepidqo‘m raisi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan, uning o‘rinbosarlari esa sog‘liqni saqlash vazirining taqdimnomasiga ko‘ra Vazirlar Mahkamasi tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimidan ozod etiladi;
Respublika ixtisoslashtirilgan epidemiologiya, mikrobiologiya, yuqumli va parazitar kasalliklar ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Epidemiologiya, mikrobiologiya va yuqumli kasalliklar ilmiy tadqiqot instituti negizida tashkil etiladi;
Respublika ixtisoslashtirilgan epidemiologiya, mikrobiologiya, yuqumli va parazitar kasalliklar ilmiy-amaliy tibbiyot markazi barcha davlat yuqumli kasalliklar shifoxonalari va dispanserlari hamda davlat tibbiyot tashkilotlarining yuqumli kasalliklar bo‘linmalari faoliyatiga tashkiliy-metodik rahbarlikni amalga oshiradi;
Virusologiya ilmiy-tadqiqot instituti yuridik shaxs maqomi saqlangan holda — Respublika ixtisoslashtirilgan epidemiologiya, mikrobiologiya, yuqumli va parazitar kasalliklar ilmiy-amaliy tibbiyot markazining tashkiliy tuzilmasiga kiradi;
Virusologiya ilmiy-tadqiqot instituti direktori bir vaqtning o‘zida Respublika ixtisoslashtirilgan epidemiologiya, mikrobiologiya, yuqumli va parazitar kasalliklar ilmiy-amaliy tibbiyot markazi direktorining birinchi o‘rinbosari hisoblanadi;
Milliy referens laboratoriya Laboratoriya kompleksi negizida tashkil qilinadi. Bunda Milliy referens laboratoriyani moliyalashtirishning amaldagi tartibi saqlab qolinadi va u respublika hududidagi barcha sanitariya-gigiyena, radiologiya, toksikologiya, bakteriologiya, parazitologiya hamda virusologiya laboratoriyalari natijalarini muvofiqlashtiradi va ularga amaliy-uslubiy yordam ko‘rsatadi.
(4-band O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 27-dekabrdagi PF-230-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 30.12.2024-y., 06/24/230/1096-son)
Oldingi tahrirga qarang.
5. Respublika ixtisoslashtirilgan epidemiologiya, mikrobiologiya, yuqumli va parazitar kasalliklar ilmiy-amaliy tibbiyot markazi huzurida yuridik maqomiga ega bo‘lmagan Biologik xavfsizlik markazi hamda Gen texnologiyalari markazi tashkil qilinsin.
(5-band O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 12-noyabrdagi PQ-4891-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 13.11.2020-y., 07/20/4891/1514-son)
Oldingi tahrirga qarang.
6. Sanepidqo‘m raisiga:
(6-bandning birinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 27-dekabrdagi PF-230-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 30.12.2024-y., 06/24/230/1096-son)
Oldingi tahrirga qarang.
zarur hollarda Sanepidqo‘m markaziy apparati va uning hududiy bo‘linmalari tuzilmasiga boshqaruv xodimlarining cheklangan umumiy soni doirasida o‘zgartirishlar kiritish;
(6-bandning ikkinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 27-dekabrdagi PF-230-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 30.12.2024-y., 06/24/230/1096-son)
Oldingi tahrirga qarang.
Sanepidqo‘m faoliyatini samarali tashkil etish, unga yuklatilgan vazifalarni o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirish uchun budjetdan tashqari mablag‘lar hisobidan mahalliy va xorijiy institutlar, kompaniyalar, mutaxassislar va ekspertlarni, shu jumladan, shartnoma asosida jalb qilish huquqi berilsin.
(6-bandning uchinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 27-dekabrdagi PF-230-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 30.12.2024-y., 06/24/230/1096-son)
7. Sanitariya-epidemiologiya xizmati:
ikki hafta muddatda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahar hamda tuman (shahar) sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi boshqarmalari va bo‘limlarining namunaviy tuzilmalarini tasdiqlasin;
bir oy muddatda Sanitariya-epidemiologiya xizmati markaziy apparati va tarkibiy tuzilmalarni Sanitariya-epidemiologiya xizmatiga yuklangan vazifalarni professional darajada bajarishga qodir bo‘lgan, zarur nazariy bilim va amaliy ko‘nikmalarga ega yuqori malakali kadrlar bilan to‘ldirsin;
Milliy referens laboratoriya bazasida mikroorganizmlar banki (biologik va genetik kolleksiya) hamda maxsus immunoglobulin va zardoblar banki, vivariy va genetik laboratoriya singari bo‘limlar tashkil etilishini ta’minlasin.
8. Sanitariya-epidemiologiya xizmati Sog‘liqni saqlash vazirligi, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan birgalikda xavfni tahlil qilish mexanizmini joriy qilish uchun nazorat ostidagi obyektlarning yagona elektron bazasini yaratsin va 2021-yil 1-yanvardan boshlab, uning to‘liq ishga tushirilishi hamda “Elektron hukumat” tizimiga integratsiya qilinishini ta’minlasin.
Belgilansinki:
yagona elektron bazani ishlab chiqish bilan bog‘liq xarajatlar Vazirlar Mahkamasining zaxira jamg‘armasi, uni keyinchalik texnik qo‘llab-quvvatlash bilan bog‘liq xarajatlar esa — Sanitariya-epidemiologiya xizmatining budjetdan tashqari mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi;
Sanitariya-epidemiologiya xizmati yagona elektron bazani shakllantirish, samarali faoliyatini ta’minlash va keyinchalik rivojlantirish uchun mas’ul hisoblanadi.
Sanitariya-epidemiologiya xizmati nazorat ostidagi obyektlarida sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlariga mosligini o‘rganish natijalarini o‘zining veb-sayti, ijtimoiy tarmoqlar va boshqa ommaviy axborot vositalarida muntazam ravishda joylashtirib borsin hamda ushbu yo‘nalishda jamoatchilik fikrini tizimli ravishda tahlil qilsin.
9. Vazirlar Mahkamasi (B.A. Musayev) Sanitariya-epidemiologiya xizmati tuzilishi munosabati bilan barcha zarur tashkiliy masalalarni (qayta tashkil etish, joylashtirish, ta’minot, moliy-iqtisodiy masalalar va boshqalar) tezkorlik bilan xal etilishini ta’minlasin.
Oldingi tahrirga qarang.
10. Sanepidqo‘m Toshkent shahri, Chilonzor tumani, Bunyodkor shoh ko‘chasi, 46-uy manzili bo‘yicha operativ boshqaruv huquqi asosida joylashtirilsin.
(10-bandning uchinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 27-dekabrdagi PF-230-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 30.12.2024-y., 06/24/230/1096-son)
11. Sog‘liqni saqlash vazirligi uch oy muddatda manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda qonun hujjatlariga mazkur qarordan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
12. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi A.A. Abduvaxitov va O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari B.A. Musayev zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2020-yil 27-iyul,
PQ-4790-son
Oldingi tahrirga qarang.
(1-ilova O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 27-dekabrdagi PF-230-sonli Farmoniga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 30.12.2024-y., 06/24/230/1096-son)
Oldingi tahrirga qarang.
(2-ilova O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 27-dekabrdagi PF-230-sonli Farmoniga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 30.12.2024-y., 06/24/230/1096-son)
Oldingi tahrirga qarang.
(3-ilova O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 27-dekabrdagi PF-230-sonli Farmoniga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 30.12.2024-y., 06/24/230/1096-son)
(Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 28.07.2020-y., 07/20/4790/1116-son; 03.10.2020-y., 07/20/4847/1347-son; 13.11.2020-y., 07/20/4891/1514-son; 30.12.2024-y., 06/24/230/1096-son)