O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Vakolatli iqtisodiy operator institutini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Bojxona ma’muriyatchiligini takomillashtirish va O‘zbekiston Respublikasi davlat bojxona xizmati organlari faoliyati samaradorligini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” 2018-yil 24-noyabrdagi PF-5582-son Farmoni ijrosini ta’minlash, shuningdek, bojxona tartib-taomillarini yanada soddalashtirish va xalqaro standartlarga muvofiq xalqaro savdo xavfsizligini ta’minlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Bojxona ma’muriyatchiligini takomillashtirish va O‘zbekiston Respublikasi davlat bojxona xizmati organlari faoliyati samaradorligini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” 2018-yil 24-noyabrdagi PF-5582-son Farmoniga asosan 2019-yil 1-fevraldan boshlab, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadigan talablarga javob beradigan, tashqi iqtisodiy faoliyatning halol ishtirokchilariga soddalashtirilgan bojxona tartib-taomillaridan foydalanish huquqini taqdim etishni nazarda tutuvchi xalqaro standartlarga muvofiq vakolatli iqtisodiy operatorlar instituti joriy etilganligi ma’lumot uchun qabul qilinsin.
Oldingi tahrirga qarang.
(2-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 24-avgustdagi 500-sonli qaroriga asosan 2020-yil 26-noyabrdan o‘z kuchini yo‘qotadi — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 25.08.2020-y., 09/20/500/1204-son)
3. O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasi:
2019-yil 1-iyungacha vakolatli iqtisodiy operatorlar institutini jadal rivojlantirish maqsadida Vakolatli iqtisodiy operatorlar reyestriga kiritish mezonlariga mos keladigan yuridik shaxslarni tajriba sifatida tanlab olsin;
tajriba doirasida tanlab olingan yuridik shaxslarni ularning roziligi bilan Vakolatli iqtisodiy operatorlar reyestriga kiritishni va bojxona operatsiyalarini amalga oshirishda soddalashtirilgan bojxona tartib-taomillaridan foydalanish huquqi bo‘yicha tushuntirishlar berilishini ta’minlansin;
2019-yil 1-dekabrgacha O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Savdo-sanoat palatasi bilan birgalikda maxsus soddalashtirishlar ro‘yxatini, shuningdek, Vakolatli iqtisodiy operatorlar reyestriga kiritish uchun tanlash mezonlarini yanada takomillashtirish yoki kengaytirish bo‘yicha takliflar kiritsin;
ushbu qarorning mohiyati va ahamiyati ommaviy axborot vositalarida, shuningdek, tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilari orasida keng yoritilishi ta’minlansin.
4. O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasining axborot tizimlari hamda ma’lumotlar bazalarini integratsiyalashtirish va mavjud ma’lumotlardan noqonuniy foydalanish imkonini bermaydigan himoyalangan aloqa kanallarini ta’minlash orqali davlat bojxona xizmati, ichki ishlar, prokuratura va soliq organlari o‘rtasida aniqlangan va fosh qilingan jinoyatlar yoki boshqa tergov natijalari, jinoyatlarni sodir etgan shaxslar, shuningdek, soliqlar bo‘yicha qarzdorlik (jarimalar, penyalar va soliq qonunchilik sohasidagi boshqa huquqbuzarliklar) bo‘yicha axborot almashishning elektron shaklini joriy etish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berilsin.
5. Ushbu qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining investitsiyalar va tashqi iqtisodiy aloqalar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari E.M. G‘aniyev va O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasi raisi M.B. Azimov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2019-yil 29-aprel,
363-son
Oldingi tahrirga qarang.
(ilova O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 24-avgustdagi 500-sonli qaroriga asosan 2020-yil 16-noyabrdan o‘z kuchini yo‘qotadi — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 25.08.2020-y., 09/20/500/1204-son)
(Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 30.04.2019-y., 09/19/363/3040-son; 29.12.2019-y., 09/19/1046/4242-son; 25.08.2020-y., 09/20/500/1204-son)