O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasining
Qarori
Bojxona kirim orderining shakli va uni to‘ldirish qoidalarining 2-bandiga o‘zgartirish kiritish haqida
[O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2018-yil 9-martda ro‘yxatdan o‘tkazildi, ro‘yxat raqami 2856-1]
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi iqtisodiyot va moliya vazirining 2024-yil 22-maydagi 125-sonli “Bojxona kirim orderining shakli va uni to‘ldirish qoidalarini tasdiqlash haqida”gi buyrug‘iga (ro‘yxat raqami 3525, 04.07.2024-y.) asosan 2024-yil 6-oktabrdan o‘z kuchini yo‘qotadi.
O‘zbekiston Respublikasi Bojxona kodeksi va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 6-fevraldagi PQ-3512-son “Jismoniy shaxslar tomonidan bojxona chegarasi orqali tovarlarni olib o‘tilishini yanada tartibga solish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasi qaror qiladi:
1. O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasining 2017-yil 16-yanvardagi 01-02/8-1-son qarori (ro‘yxat raqami 2856, 2017-yil 3-fevral) (O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2017-y., 5-son, 65-modda) bilan tasdiqlangan Bojxona kirim orderining shakli va uni to‘ldirish qoidalari 2-bandining ikkinchi va uchinchi xatboshilari quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“jismoniy shaxslar tomonidan qo‘l yukida yoki kuzatib borilayotgan bagajida olib o‘tilayotgan tovarlarning, shuningdek xalqaro pochta va kuryerlik jo‘natmalarida yuborilayotgan shunday tovarlarning qiymati va (yoki) miqdori qonun hujjatlarida belgilangan tovarlarni olib kirishning bojxona to‘lovlari undirilmaydigan cheklangan me’yoridan oshganda, ortiqcha qismiga bojxona to‘lovlarini undirilishida;
tovarlar jismoniy shaxsning manziliga kelib tushganda (xalqaro pochta va kuryerlik jo‘natmalari bundan mustasno) bojxona to‘lovlari olib kirilayotgan tovarlarning butun summasidan, tovarlarni olib kirishning bojxona to‘lovlari undirilmaydigan cheklangan me’yori qo‘llanilmagan holda undirilishida;”.
2. Mazkur qaror rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kiradi.
Rais M. AZIMOV
Toshkent sh.,
2018-yil 1-mart,
01-02/12-23-son
(Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 09.03.2018-y., 10/18/2856-1/0873-son)