Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
RESPUBLIKA QISHLOQ VA SUV XOʻJALIGI UCHUN YUQORI MALAKALI KADRLAR TAYYORLASH TIZIMINI TAKOMILLASHTIRISH TOʻGʻRISIDA
Mazkur qaror Oʻzbekistan Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 30-iyundagi 353-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish, shuningdek, baʼzilarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Vazirlar Mahkamasi qayd etadiki, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2004-yil 30-martdagi 150-son qarori bilan tuzilgan Maxsus komissiya tomonidan qishloq xoʻjaligi uchun yuqori malakali kadrlar tayyorlash masalalarida tartib oʻrnatish yuzasidan katta ishlar amalga oshirildi.
2004/2005 oʻquv yilida qishloq xoʻjaligi sohasi oliy taʼlim muassasalariga talabalar qabul qilishni rejalashtirishda Maxsus komissiyaning qishloq va suv xoʻjaligi sohasida taʼlim yoʻnalishlari va mutaxassisliklarini takomillashtirish boʻyicha takliflari hisobga olingan — 28 bakalavriat yoʻnalishidan 10 yoʻnalishga oʻzgartirishlar kiritildi va 7 mutaxassislik boʻyicha talabalar qabul qilish toʻxtatildi. Shu bilan birga 7 yangi istiqbolli mutaxassislik kiritildi. Oʻqitishning yangi — fermer xoʻjaligini boshqarish yoʻnalishi qabul qilindi.
Qishloq va suv xoʻjaligi uchun kadrlar tayyorlash sohasidagi ishlarning ahvoliga tanqidiy baho berish bir qancha kamchiliklar va buzilishlar mavjudligini koʻrsatdi, eskirgan, oʻz dolzarbligini yoʻqotgan mutaxassisliklar boʻyicha kadrlar tayyorlash davom etmoqda. Professor-oʻqituvchilar tarkibining malaka darajasi zamonaviy talablarga javob bermaydi. Sobiq Toshkent irrigatsiya va qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti xodimlarining 28 foizdan ortigʻi, shu jumladan fakultetlar rahbarlarining 44 foizi va kafedra mudirlarining 29 foizi attestatsiyadan oʻtmadi.
Qishloq va suv xoʻjaligi sohasida yuqori malakali mutaxassislar tayyorlashni takomillashtirish va kadrlar salohiyotini mustahkamlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi:
(1-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 7-dekabrdagi 995-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 10.12.2018-y., 09/18/995/2287-son)
bir oy muddatda, Maxsus komissiyaning takliflarini hisobga olgan holda, Qishloq va suv xoʻjaligi tarmoqlari boʻyicha bakalavriat taʼlimi va magistratura mutaxassisliklari yoʻnalishlari klassifakatoriga oʻzgartirishlar kiritsin, ularni alohida “Qishloq va suv xoʻjaligi” taʼlim yoʻnalishiga jamlasinlar;
taʼlim yoʻnalishlariga qishloq va suv xoʻjaligining malakali mutaxassislarga boʻlgan ehtiyojini hisobga olib tuzatishlar kiritgan holda bakalavriat taʼlimi va magistratura mutaxassisliklari yoʻnalishlari klassifikatorini har uch yilda qayta koʻrib chiqsinlar;
qishloq xoʻjaligidagi islohotlarning ustuvor yoʻnalishlarini hisobga olgan holda oliy taʼlim muassasalarida yangidan joriy etilgan — fermer xoʻjaligini boshqarish mutaxassisligi boʻyicha malakali kadrlar tayyorlashga alohida eʼtibor qaratsinlar.
Ushbu muhim ustuvor vazifani hal etish uchun:
2004/2005 oʻquv yili mobaynida zamonaviy talablarga javob beradigan, fermer xoʻjaligini yuritish nazariyasi va amaliyoti bilan uygʻunlashgan sifatli oʻquv rejalari va dasturlar ishlab chiqilsin va tasdiqlansin;
oʻquvchilar kontingenti ustun darajada ishlab chiqarishdan ajralgan holda oʻz malakasini kontrakt asosida oshirishga tayyor boʻlgan fermer xoʻjaliklari rahbarlari va mutaxassislari orasidan tanlab olinsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati tomonidan qabul qilingan qarorga muvofiq Toshkent irrigatsiya va qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti negizida Toshkent irrigatsiya va melioratsiya instituti tashkil etilganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligining qayta tashkil etilgan Toshkent irrigatsiya va qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalash muhandislari institutining qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalash fakultetini tegishli kafedralar, professor-oʻqituvchilar tarkibi soni, talabalar kontingenti va moddiy-texnik baza bilan birgalikda Toshkent davlat agrar universitetiga berish toʻgʻrisidagi taklifi qabul qilinsin.
Oldingi tahrirga qarang.
(3-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2015-yil 3-noyabrdagi 311-sonli qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — OʻR QHT, 2015-y., 44-son, 563-modda)
4. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi bilan birgalikda bir oy muddatda Toshkent irrigatsiya va melioratsiya instituti, Toshkent davlat agrar universiteti, Samarqand va Andijon qishloq xoʻjaligi institutlarining ustavlarini belgilangan tartibda tasdiqlasin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi bilan birgalikda uch oy muddatda qishloq xoʻjaligi oliy taʼlim muassasalari rahbar xodimlarini va professor-oʻqituvchilar tarkibini attestatsiyadan oʻtkazsin.
Maxsus komissiya (R. Azimov) Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Devonining tashkiliy-kadrlar xizmati bilan birgalikda qishloq xoʻjaligi oliy taʼlim muassasalarini boshqarishning yangidan tasdiqlangan tuzilmalarini va attestatsiya yakunlarini hisobga olgan holda rahbar kadrlarni va professor-oʻqituvchilar tarkibini, birinchi navbatda, prorektorlar, dekanlar, kafedra mudirlarini tanlashni taʼminlasin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi qishloq xoʻjaligi oliy taʼlim muassasalari rektorlari bilan birgalikda uch oy muddatda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga fakultetlar huzurida ilmiy tadqiqotlar jarayoniga qobiliyatli talabalarni faol jalb etgan holda agrar fanning ustuvor yoʻnalishlari boʻyicha ixtisoslashtirilgan ilmiy-tadqiqot markazlari (ilmiy-muammoli laboratoriyalar) tashkil etishga doir takliflar kiritsinlar.
7. Oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi markazi, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, qishloq yoshlarini qishloq xoʻjaligi oliy taʼlim muassasalarida oʻqishga jalb etish uchun 2005/2006 oʻquv yilidan boshlab qishloq xoʻjaligi oliy taʼlim muassasalari huzuridagi akademik litseylarning oʻquvchilari kontingentini ustun darajada qishloq maktablarining bitiruvchilari hisobiga shakllantirsinlar.
(7-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 7-dekabrdagi 995-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 10.12.2018-y., 09/18/995/2287-son)
8. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, Andijon, Samarqand va Toshkent viloyatlari hokimliklari talabalarda mustahkam kasb koʻnikmalarini shakllantirish, tajriba-ishlab chiqarish sinovlari oʻtkazish va ilmiy tadqiqotlar natijalarini joriy etish maqsadida qishloq xoʻjaligi oliy taʼlim muassasalari qoshidagi oʻquv-tajriba xoʻjaliklari maqomini qayta koʻrib chiqsinlar, ularga 300 gektardan ortiq boʻlmagan ekin maydoni biriktirilsin.
(8-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 7-dekabrdagi 995-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 10.12.2018-y., 09/18/995/2287-son)
9. “El-yurt umidi” jamgʻarmasi qishloq va suv xoʻjaligi oliy taʼlim muassasalarining professor-oʻqituvchilar tarkibini maqsadli stajirovka orqali qayta tayyorlash va malakasini oshirishni nazarda tutsin.
(9-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 12-avgustdagi 511-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 13.08.2021-y., 09/21/511/0793-son)
10. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. Mirziyoyev zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2004-yil 3-sentabr,
415-son
Oldingi tahrirga qarang.
(1-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2015-yil 3-noyabrdagi 311-sonli qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — OʻR QHT, 2015-y., 44-son, 563-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
(2-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2015-yil 3-noyabrdagi 311-sonli qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — OʻR QHT, 2015-y., 44-son, 563-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
(2a-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2015-yil 3-noyabrdagi 311-sonli qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — OʻR QHT, 2015-y., 44-son, 563-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
(3-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2015-yil 3-noyabrdagi 311-sonli qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — OʻR QHT, 2015-y., 44-son, 563-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
(4-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2015-yil 3-noyabrdagi 311-sonli qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — OʻR QHT, 2015-y., 44-son, 563-modda)
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2004-y., 36-son, 399-modda; 2015-y., 44-son, 563-modda; Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 10.12.2018-y., 09/18/995/2287-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 13.08.2021-y., 09/21/511/0793-son)