O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
JISMONIY ShAXSLAR TOMONIDAN TOVARLAR IMPORTINI TARIFLAR BILAN BOShQARIShGA DOIR QO‘ShIMChA ChORA-TADBIRLAR TO‘G‘RISIDA
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2002-yil 26-iyuldagi 267-sonli “O‘zbekiston Respublikasi hukumatining ayrim qarorlarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblash va ayrimlariga o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
Importni tariflar bilan boshqarishni takomillashtirish, jismoniy shaxslar tomonidan iste’mol tovarlari olib kelinishini tartibga solish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Belgilansinki, 2001-yil 1-iyuldan boshlab:
jismoniy shaxslar (o‘zlari qatnab olib keladiganlar) tomonidan respublikaga tijorat faoliyati uchun mo‘ljallangan tovarlarni olib kirishda yig‘im bojsiz olib kirishning cheklangan normasi qo‘llanilmasdan tovarlar bojxona qiymatining 50 foizi stavkasi bo‘yicha undiriladi;
jismoniy shaxslar (o‘zlari qatnab olib keladiganlar) tomonidan olib kiriladigan tijorat faoliyati uchun mo‘ljallangan tovarlardan qo‘shilgan qiymat solig‘i va bojxona bojlari bojsiz olib kirishning cheklangan normasi qo‘llanilmasdan undiriladi.
2. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Importni tariflar bilan boshqarish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 1998-yil 24-fevraldagi 80-son qarori bilan belgilangan O‘zbekiston Respublikasi hududiga jismoniy shaxslar tomonidan olib kiriladigan tijorat faoliyati uchun mo‘ljallanmagan tovarlardan yig‘im undirishning stavkalari va amaldagi tartibi saqlab qolinsin.
3. Tijorat faoliyati bilan shug‘ullanuvchi jismoniy shaxslardan bojxona to‘lovlari va soliqlar to‘liq hisoblab chiqilishi va yig‘ilishi uchun nazoratni kuchaytirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasi:
jismoniy shaxslar tomonidan tadbirkorlik maqsadlarida tovarlar olib kirilishida ular davlat soliq xizmati organlarida hisobga qo‘yilganligi to‘g‘risida ma’lumotnoma mavjud bo‘lgan taqdirdagina yukni bojxonadan o‘tkazsin;
har oyda, oyning 10-kunidan kechikmay davlat soliq xizmatining tegishli organlariga jismoniy shaxsning pasportiga oid ma’lumotlarni, tovarlar nomi va qiymatini ko‘rsatgan holda jismoniy shaxslar tomonidan tadbirkorlik maqsadida olib kirilayotgan tovarlar to‘g‘risidagi axborotni yuborsin.
4. O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi o‘n kun muddatda Vazirlar Mahkamasiga O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining qarorlarini mazkur qarorga muvofiqlashtirish to‘g‘risida taklif kiritsin.
5. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari R.S.Azimov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2001-yil 29-iyun,
284-son
(O‘zbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari to‘plami, 2001-y., 12-son, 84-modda)