O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi faoliyatini tashkil etishni takomillashtirish to‘g‘risida
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 19-iyundagi “Biznesning qonuniy manfaatlari davlat tomonidan muhofaza qilinishi va tadbirkorlik faoliyatini yanada rivojlantirish tizimini tubdan takomillashtirishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida” PF-5087-sonli Farmonini ijro etish va O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi faoliyatini samarali tashkil etilishini ta’minlash maqsadida:
Oldingi tahrirga qarang.
(1-band O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 17-maydagi PF-73-sonli Farmoniga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 18.05.2023-y., 06/23/73/0284-son)
2. O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi daromadlarini shakllantirish manbalari etib quyidagilar belgilansin:
O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi a’zolarining a’zolik badallari;
tadbirkorlik subyektlarini huquqiy qo‘llab-quvvatlash va maqsadli o‘qitish, faqatgina bozor infratuzilmasini rivojlantirishga yo‘naltirilgan xususiylashtirilgan korxonalarni qo‘llab-quvvatlash fondidan kelib tushadigan mablag‘lar;
Oldingi tahrirga qarang.
tadbirkorlik subyektlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish uchun davlat boji summasining 20 foizi miqdoridagi mablag‘lar;
(2-band O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 17-iyuldagi PF-6263-sonli Farmoniga asosan to‘rtinchi xatboshi bilan to‘ldirilgan — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 17.07.2021-y., 06/21/6263/0685-son)
xalqaro donorlarning grantlari, homiylar mablag‘lari;
Oldingi tahrirga qarang.
qonunchilikda belgilangan tartibda davlat tomonidan ajratiladigan subsidiyalar;
(2-band O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 17-maydagi PF-73-sonli Farmoniga asosan oltinchi xatboshi bilan to‘ldirilgan — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 18.05.2023-y., 06/23/73/0284-son)
vaqtincha bo‘sh turgan mablag‘larni tijorat banklarining depozitlariga va boshqa moliyaviy vositalarga joylashtirishdan tushadigan daromadlar;
pullik xizmatlarni taqdim etishdan olingan daromadlar;
qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa tushumlar.
Oldingi tahrirga qarang.
3. Belgilansinki, O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasining tuman (shahar) bo‘limlarida zarur maydonlar ajratib berish orqali, quyidagi xizmat turlari majburiy tartibda taqdim etiladi:
(3-bandning birinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 17-maydagi PF-73-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 18.05.2023-y., 06/23/73/0284-son)
fuqarolarning shaxsiy biznesini tashkil etish va yuritish ko‘nikmalari, jumladan, loyiha biznes-rejasini tayyorlash, soliqqa tortishning turli rejimlarini to‘g‘ri tanlash va qo‘llash, biznes yuritishning huquqiy asoslari va buxgalteriya hisobini o‘zlashtirishga ko‘maklashish, tijorat banklari bilan o‘zaro hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga o‘qitish;
bank, lizing, sug‘urta, auditorlik, konsalting, buxgalteriya, baholash, rieltorlik va bozor infratuzilmasi subyektlarining boshqa xizmatlari;
nizolarni sudgacha tartibga solish va arbitraj muhokamalari bo‘yicha xizmatlar;
yangi tadbirkorlik subyektlari uchun doimiy asosda faoliyat yuritadigan minitexnologiyalar va uskunalar ko‘rgazmalarini tashkil etish;
biznes-markaz xizmatlari, jumladan, muzokaralar va biznes-seminarlar o‘tkazish uchun binolar taqdim etish.
4. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari O‘zbekiston Respublikasi Xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi, O‘zbekiston Respublikasi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasi, O‘zbekiston Respublikasi Uy-joy va kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi bilan birgalikda:
bir oy muddatda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasining hududiy boshqarmalarini joylashtirish uchun binolarga bo‘lgan ehtiyoj, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi, Tadbirkorlikka ko‘maklashish markazlari, shuningdek, ularning tuman, shahar bo‘linmalarida samarali faoliyatni ta’minlash uchun zarur jismoniy infratuzilmaga bo‘lgan ehtiyojlarni o‘rganib chiqsin;
o‘rganish natijalari bo‘yicha bir oy muddatda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasining hududiy boshqarmalari, Tadbirkorlikka ko‘maklashish markazlari, shuningdek, ularning tuman, shahar bo‘linmalarini “yagona darcha” tamoyili bo‘yicha tadbirkorlik subyektlariga davlat xizmatlarini taqdim etish Yagona markazlari bilan yagona dislokatsiya tamoyili asosida, O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasiga bepul foydalanish uchun topshiriladigan davlat mulkining foydalanilmaydigan binolari va xonalarida joylashtirish va zarur jismoniy infratuzilma bilan ta’minlashga doir chora-tadbirlarni amalga oshirilsin.
Oldingi tahrirga qarang.
5. O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi o‘z manfaatlari va tadbirkorlik subyektlarining manfaatlari himoyasida O‘zbekiston Respublikasi sudlariga taqdim etadigan ariza, murojaat, shikoyat va da’volari uchun davlat boji to‘lovlaridan ozod etilsin.
(5-band O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 17-maydagi PF-73-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 18.05.2023-y., 06/23/73/0284-son)
6. O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi markazi O‘zbekiston Respublikasi Xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi, O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda bir oy muddatda:
har bir tuman va shahar kesimida, negizida tadbirkorlik asoslari o‘qitiladigan kurslar tashkil etiladigan oliy o‘quv muassasalari va kasb-hunar kollejlarining ro‘yxatini aniqlasin;
tadbirkorlik subyektlarining tegishli turdosh ixtisoslik mutaxassislariga bo‘lgan real ehtiyojlarini hisobga olgan holda, shuningdek, kadrlar tayyorlashning zamonaviy talablaridan kelib chiqqan ravishda, ta’lim dasturlari ishlab chiqilsin va tasdiqlansin.
7. O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmonlari, qarorlari va farmoyishlari, Vazirlar Mahkamasining qarorlari, vazirlik va idoralarning me’yoriy-huquqiy hujjatlari va statistika ma’lumotlari majburiy tarqatiladigan tashkilotlar ro‘yxatiga kiritilsin.
8. O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi belgilangan tartibda O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasini barcha turdagi hukumat aloqalari bilan ta’minlasin.
9. O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi, O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi, O‘zbekiston Respublikasi Xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi, shuningdek, boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda qulay ishbilarmonlik muhitini yaratish, tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarining ishonchli himoyasini ta’minlash, shaxsiy, jumladan, oilaviy biznesni tashkil etish va rivojlantirish, mahsulotni tashqi bozorlarga olib chiqish, chet el investitsiyalarini jalb qilish bo‘yicha mavjud imkoniyatlar, shuningdek, davlat boshqaruvi, joylardagi ijro etuvchi hokimiyat organlari, fuqarolarning o‘zini-o‘zi boshqarish organlari mas’ul rahbarlarining tadbirkorlik subyektlari huquqlari va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilishni ta’minlashga doir mas’uliyatini oshirish bo‘yicha respublikada olib borilayotgan islohotlarni teleradiokanallar orqali keng yoritishni nazarda tutuvchi har yili yangilanib boriladigan qo‘shma media-rejasini qabul qilsin.
O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi, O‘zbekiston Respublikasi Xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi:
bir oy muddatda yuqorida ko‘rsatilgan qo‘shma media-reja yoritiladigan teleradiokanallar aniqlasin;
ajratilgan teleradiokanallarda bepul asosda efir vaqtidan keng foydalanish evaziga aholining biznesni tashkil etish va rivojlantirishga doir savollari bo‘yicha faol tushuntirish ishlarini olib borish bo‘yicha aniq va amaliy chora-tadbirlar amalga oshirilishini ta’minlasin.
10. O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi, O‘zbekiston Respublikasi Xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi, “O‘zbekneftgaz” milliy xolding kompaniyasining “O‘ztransgaz” aksiyadorlik kompaniyasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasiga davlat mulki sifatida, boshqaruv huquqisiz, Toshkent shahri, Amir Temur ko‘chasi, 4, 6-blok manzilida joylashgan, O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi balansida operativ boshqaruvda bo‘lgan binoning uchinchi qavatini qo‘shimcha taqdim etish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berilsin.
11. O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda:
bir oy muddatda Tadbirkorlikka ko‘maklashish markazlarining faoliyatini tashkil etish to‘g‘risidagi Hukumat qarori loyihasini O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritsin;
ikki oy muddatda qonun hujjatlariga mazkur qarordan kelib chiqadigan o‘zgartish va qo‘shimchalar to‘g‘risidagi takliflarni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
12. O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, O‘zbekiston Banklar assotsiatsiyasi bilan birgalikda bir oy muddatda Tadbirkorlikka ko‘maklashish markazlari to‘g‘risidagi Nizomni ishlab chiqsin va tasdiqlasin.
13. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2017-yil 19-iyun,
PQ-3068-son
Oldingi tahrirga qarang.
(1 — 4-ilovalar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 17-maydagi PF-73-sonli Farmoniga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 18.05.2023-y., 06/23/73/0284-son)
(O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2017-y., 26-son, 578-modda; Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 20.11.2017-y., 07/17/3393/0278-son; Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 30.04.2021-y., 06/21/6218/0398-son, 17.07.2021-y., 06/21/6263/0685-son; 09.04.2022-y., 06/22/101/0288-son; 18.05.2023-y., 06/23/73/0284-son)