Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
ShAHAR ATROFI, ShAHARLARARO VA XALQARO YOʻLOVChILAR TAShISh AVTOMOBIL TRANSPORTIDA OChIQ TENDERLAR TAShKIL ETISh VA OʻTKAZISh MASALALARI TOʻGʻRISIDA
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 6-dekabrdagi 738-sonli “Avtomobil transportida yoʻlovchi tashish yoʻnalishlari boʻyicha ochiq tenderlarni elektron tarzda tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan 2022-yil 1-yanvardan oʻz kuchini yoʻqotadi.
Aholiga xizmat koʻrsatish madaniyati va sifatini oshirish, yoʻlovchilar tashuvchi avtomobil transporti bilan xizmatlar koʻrsatish sohasida raqobat muhitini yaratish, yoʻlovchilar tashuvchi avtomobil transporti faoliyatini tartibga solish hamda Olmaliq, Buxoro, Namangan, Nukus va Samarqand shaharlarida shaharda yoʻlovchilar tashish yoʻnalishlarini joylashtirish uchun ochiq tenderlar oʻtkazishning ijobiy tajribasini hisobga olib Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
Oldingi tahrirga qarang.
1. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar hokimliklari, Oʻzbekiston avtomobil va daryo transporti agentligi shahar atrofi, shaharlararo (viloyat ichida, viloyatlararo) va xalqaro yoʻlovchilar tashish yoʻnalishlarini joylashtirish uchun respublikada ochiq tenderlar oʻtkazish toʻgʻrisidagi taklifi qabul qilinsin.
(1-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2001-yil 5-iyundagi 245-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2001-y., 11-son, 65-modda)
Keyingi tahrirga qarang.
2. Belgilansinki:
shahar atrofi va shaharlararo-viloyat ichki yoʻnalishlarida va Qoraqalpogʻiston Respublikasi doirasidagi yoʻnalishlarda — shahar atrofi va shaharlararo-viloyat ichki yoʻnalishlarida yoʻlovchilar tashishni tashkil etish boʻyicha Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari komissiyalari;
Keyingi tahrirga qarang.
shaharlararo-viloyat ichki yoʻnalishlarida, Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri oʻrtasidagi yoʻnalishlarda, shuningdek xalqaro yoʻnalishlarda — Shaharlararo-viloyatlararo va xalqaro yoʻnalishlarni joylashtirish uchun ochiq tenderlar oʻtkazishni tashkil etish masalalari boʻyicha idoralararo komissiya ochiq tenderlar tashkilotchilari boʻladilar.
3. Quyidagilar:
Shahar atrofi, shaharlararo (viloyat ichida, viloyatlararo) va xalqaro yoʻlovchilar tashish yoʻnalishlarini joylashtirish uchun ochiq tenderlar tashkil etish va oʻtkazishga oid chora-tadbirlar dasturi 1-ilova*ga muvofiq;
* 1-ilova berilmaydi.
Shahar atrofi, shaharlararo (viloyat ichida, viloyatlararo) va xalqaro yoʻlovchilar tashish yoʻnalishlarini joylashtirish uchun ochiq tenderlar tashkil etish va oʻtkazish toʻgʻrisidagi nizom 2-ilovaga muvofiq;
Shahar atrofi va shaharlararo-viloyat ichki yoʻnalishlarida yoʻlovchilar tashishni tashkil etish komissiyasi toʻgʻrisidagi namunaviy nizom 3-ilovaga muvofiq;
Shaharlararo-viloyatlararo va xalqaro yoʻnalishlarni joylashtirish uchun ochiq tenderlar oʻtkazishni tashkil etish masalalari boʻyicha idoralararo komissiya tarkibi 4-ilova*ga muvofiq;
* 4-ilova berilmaydi.
Shaharlararo-viloyatlararo va xalqaro yoʻnalishlarni joylashtirish uchun ochiq tenderlar oʻtkazishni tashkil etish masalalari boʻyicha idoralararo komissiya toʻgʻrisidagi nizom 5-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Oldingi tahrirga qarang.
4. Belgilansinki, Shaharlararo-viloyatlararo va xalqaro yoʻnalishlarni joylashtirish uchun ochiq tenderlar oʻtkazishni tashkil etish masalalari boʻyicha idoralararo komissiya qarori asosida Oʻzbekiston avtomobil va daryo transporti agentligi tender gʻolibi bilan shaharlararo-viloyatlararo va xalqaro yoʻnalishlarda xizmat koʻrsatish yuzasidan kontrakt tuzadi.
(4-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2001-yil 5-iyundagi 245-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2001-y., 11-son, 65-modda)
Keyingi tahrirga qarang.
5. Oʻzbekiston avtomobil va daryo transporti agentligi Shahar atrofi, shaharlararo (viloyat ichida, viloyatlararo) va xalqaro yoʻlovchilar tashish yoʻnalishlarini joylashtirish uchun ochiq tenderlar tashkil etish va oʻtkazish toʻgʻrisidagi nizomni amalga oshirish uchun zarur boʻlgan hujjatlarni bir oy muddatda ishlab chiqsin va tasdiqlasin hamda Idoralararo komissiyani va Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar hokimliklarining tegishli komissiyalarini ular bilan taʼminlasin.
Keyingi tahrirga qarang.
Oldingi tahrirga qarang.
6. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimlari Oʻzbekiston avtomobil va daryo transporti agentligi bilan birgalikda:
Keyingi tahrirga qarang.
oʻn kun muddatda shahar atrofi va shaharlararo-viloyat ichki yoʻnalishlarida yoʻlovchilar tashishni tashkil etish komissiyalarini tuzsinlar va ular toʻgʻrisidagi nizomlarni tasdiqlasinlar;
yoʻlovchilar tashishni tashkil etish komissiyalari rahbarlarining hisobotlarini yilning har choragida eshitib borsinlar va ularga har tomonlama koʻmaklashsinlar.
(6-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2001-yil 5-iyundagi 245-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2001-y., 11-son, 65-modda)
7. Ommaviy axborot vositalari shahar atrofi, shaharlararo (viloyat ichki, viloyatlararo) va xalqaro yoʻlovchilar tashish yoʻnalishlarini joylashtirish uchun ochiq tenderlar oʻtkazishning borishini muntazam yoritsinlar.
8. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari L.A. Axmetov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1999-yil 29-iyul,
368-son
Shahar atrofida, shaharlararo (viloyatlar ichida, viloyatlararo) va xalqaro yoʻlovchilar tashish yoʻnalishlarini joylashtirish uchun ochiq tenderlar tashkil etish va oʻtkazish toʻgʻrisida
NIZOM
I. UMUMIY QOIDALAR
1. Ushbu Nizom shahar atrofida, shaharlararo va shaharlararo-viloyatlar ichida yoʻnalishlarni, Qoraqalpogʻiston Respublikasi doirasida yoʻnalishlarni, shaharlararo-viloyatlararo yoʻnalishlarni, Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri oʻrtasidagi yoʻnalishlarni, shuningdek xalqaro yoʻlovchilar tashish yoʻnalishlarini joylashtirish uchun ochiq tenderlar tashkil etish va oʻtkazish tartibini belgilab beradi.
Oldingi tahrirga qarang.
2. Ochiq tenderda belgilangan tartibda Oʻzbekiston Respublikasi hududida roʻyxatdan oʻtkazilgan, soliq organlarida hisobda turadigan, avtomobil transportida tegishli ravishda shahar atrofida, shaharlararo, xalqaro yoʻlovchilar tashishlarni amalga oshirish huquqini beruvchi litsenziyaga ega boʻlgan har qanday yuridik shaxs qatnashishi mumkin. Har bir transport vositasini bittalab koʻrikdan oʻtkazish boʻyicha belgilangan namunadagi, Davlat avtomobil nazorati boshqarmasining muhri bilan tasdiqlangan ijobiy dalolatnomaning mavjud boʻlishi qatnashchi uchun majburiy shart hisoblanadi.
(2-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2006-yil 29-maydagi 98-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2006-y., 22-son, 194-modda)
Keyingi tahrirga qarang.
3. Quyidagilar ochiq tenderlarning tashkilotchilari hisoblanadilar:
shahar atrofidagi va shaharlararo-viloyatlar ichidagi yoʻnalishlarda, Qoraqalpogʻiston Respublikasi doirasidagi yoʻnalishlarda — Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar hokimliklarining shahar atrofidagi va shaharlararo-viloyatlar ichidagi yoʻnalishlarda yoʻlovchilar tashishlarni tashkil etish boʻyicha komissiyalar (bundan keyin matnda — “Komissiya” deb ataladi);
Keyingi tahrirga qarang.
shaharlararo-viloyatlararo yoʻnalishlarda, Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri oʻrtasidagi yoʻnalishlarda, xalqaro yoʻnalishlarda — shaharlararo-viloyatlararo va xalqaro yoʻnalishlarni joylashtirish uchun ochiq tenderlar oʻtkazishni tashkil etish masalalari boʻyicha Idoralararo komissiya (bundan keyin matnda— “Komissiya” deb ataladi).
4. Tenderga alohida yoʻnalishlar ham, yoʻnalishlar paketlari ham qoʻyilishi mumkin.
Keyingi tahrirga qarang.
Yoʻnalishlar paketlarini shakllantirishda yoʻnalishlarning ahamiyati va rentabelligi hisobga olinadi. Paketga rentabelli yoʻnalishlar bilan bir qatorda aholiga xizmat koʻrsatish uchun zarur boʻlgan rentabelsiz yoʻnalishlar ham kiritilishi mumkin.
5. Tender kamida ikkita qatnashchi mavjud boʻlgan taqdirda oʻtkaziladi. Agar yoʻnalishga yoki yoʻnalishlar paketiga faqat bitta tashuvchi talabgor boʻlsa, Komissiya ushbu tashuvchiga yoʻnalishda tender oʻtkazilmasdan ishlash huquqini berishga haqlidir.
Agar tenderga qoʻyilgan yoʻnalish yoki yoʻnalishlar paketi yuzasidan qatnashishga buyurtmanomalar tushmasa, u holda Komissiya yoʻnalishga yoki yoʻnalishlar paketiga nisbatan asosiy talablarni oʻzgartirishi kerak.
Keyingi tahrirga qarang.
II. TENDERNI OʻTKAZIShNING MAQSADI VA TAMOYILLARI
6. Quyidagilar tenderni oʻtkazishning asosiy tamoyillari hisoblanadi:
yoʻnalishlarni mulkchilikning turli shakllaridagi tashuvchilar oʻrtasida haqqoniy, xolisona taqsimlash;
tashuvchini tanlash masalalarining subyektiv hal etilishi imkoniyatiga mutlaqo yoʻl qoʻymaslik uchun gʻolibni tanlash tender qatnashchilari, matbuot vakillari ishtirokida oʻtkazilishi kerak;
tashuvchilar tender hujjatlarida qayd etilgan yagona talablar va yoʻlovchilar tashish qoidalari asosida raqobatlashishi kerak;
yoʻlovchilar tashish huquqini tashuvlarning eng foydali shartlarini (avtobuslarning qulay rusumlari, qatnov oraligʻi katta boʻlgan yoʻnalishda xizmatlar koʻrsatish, yoʻnalishlarda ishlash chogʻida qatnov xavfsizligini taʼminlash chora-tadbirlarining samarali tizimi va shu kabilarni) taklif etgan tashuvchi oladi.
III. OChIQ TENDERLARNI TAShKIL ETISh
7. Komissiya tenderga qoʻyiladigan yoʻnalishlar (yoʻnalishlar paketlari) roʻyxatini tayyorlaydi, tender hujjatlari paketini shakllantiradi, tender predmetini, uni oʻtkazishning asosiy shartlarini, tartibini, vaqtini, joyini, shu jumladan tender qatnashchilari tomonidan hujjatlarni rasmiylashtirish tartibini tender oʻtkazilishidan kamida 30 kun oldin ommaviy axborot vositalari orqali eʼlon qiladi.
Keyingi tahrirga qarang.
8. Ochiq tenderda qatnashishni xohlovchilar tender hujjatlari paketini olish yuzasidan Komissiyaga yozma buyurtmanoma berishlari kerak. Buyurtmanomalar berish va tender hujjatlarini olish uchun belgilangan muddat tender oʻtkaziladigan sanadan 5 kun oldin tugaydi. Barcha buyurtmanomalar Komissiyaning tartib raqami qoʻyilgan va ip oʻtkazib bogʻlangan maxsus daftarida roʻyxatdan oʻtkaziladi.
9. Komissiya tashuvlarni amalga oshirish huquqini beruvchi litsenziyaga ega boʻlgan qatnashchilardan tushgan barcha buyurtmanomalarni istisnosiz qabul qilishga majbur.
Ochiq tenderda qatnashish uchun belgilangan muddatdan kechikib tushgan buyurtmanomalar koʻrib chiqish uchun qabul qilinmaydi.
10. Qatnashchi tender hujjatlari bahosini ularni tayyorlashning haqiqiy tannarxi boʻyicha toʻlashi kerak. Tushgan mablagʻlar viloyat hokimligining (Oʻzbekiston avtomobil va daryo transporti agentligining) maxsus schyotiga oʻtkaziladi va ulardan faqat tenderlar oʻtkazishni tashkil etish uchun foydalaniladi. Faqat komissiya raisi Komissiya aʼzolari bilan kelishgan holda ushbu mablagʻlarni tasarruf etish huquqiga ega.
Keyingi tahrirga qarang.
11. Tender hujjatlari paketi quyidagilardan iborat boʻladi:
shahar atrofida, shaharlararo (viloyat ichida, viloyatlararo) va xalqaro yoʻlovchilar tashish yoʻnalishlarini joylashtirish yuzasidan ochiq tenderlar tashkil etish boʻyicha nizom;
qatnashchi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar shakli;
tender qatnashchisi uchun yoʻriqnoma;
tenderga qoʻyilgan yoʻnalishlarda yoʻlovchilar tashishni tashkil etishga qoʻyiladigan talablar;
qatnashchilarning tender boʻyicha takliflari shakli;
yoʻnalishdagi (yoʻnalishlar paketidagi) yoʻlovchilar tashish transportiga xizmatlar koʻrsatish boʻyicha kontraktning namunaviy shakli;
Komissiyaga tender boʻyicha takliflarni va qatnashchi toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni berish uchun konvertlar (1 ta katta va 1 ta kichik) toʻplami.
Kichik konvertga “Qatnashchi toʻgʻrisida maʼlumotlar” soʻzlari yoziladi.
Katta konvertga tenderga qoʻyilayotgan yoʻnalishning (yoki yoʻnalishlar paketining) nomi yoziladi.
Agar tenderga bittadan ortiq yoʻnalish (yoʻnalishlar paketi) qoʻyilgan boʻlsa, u holda har qaysi yoʻnalish (yoʻnalishlar paketi) uchun alohida konvertlar toʻplami boʻlishi kerak. Tenderning u yoki bu qatnashchisini ajratib olish mumkin boʻlmasligi uchun konvertlarda hech qanday chiziqchalar yoki farqlovchi belgilar boʻlmasligi kerak. Tenderda qatnashishga talabgorga tender hujjatlari paketini berish maxsus daftarda qayd qilinadi.
Keyingi tahrirga qarang.
12. Tender boʻyicha takliflarni qabul qilish tender oʻtkazilishidan bir kun oldin tugaydi. Tender boʻyicha takliflarni qabul qilishning tugash sanasi va vaqti Komissiya tomonidan oʻtkaziladigan tender toʻgʻrisidagi eʼlonda koʻrsatilgan boʻlishi kerak.
13. Tender boʻyicha takliflar topshirilgandan keyin qatnashchilar ularga biron-bir tuzatishlar kiritish huquqiga ega emas.
14. Qatnashchilardan tender boʻyicha tushgan takliflarni Komissiya baholaydi.
IV. TENDER BOʻYIChA TAKLIFLAR MAZMUNI
15. Tender boʻyicha takliflar quyidagi koʻrsatkichlar va axborotlardan iborat boʻlishi kerak:
15.1. Shahar atrofidagi va viloyat ichidagi, shaharlararo yoʻnalishlar boʻyicha:
a) yoʻnalishdagi 1 yoʻlovchi — km uchun tarifning qatnashchi tomonidan taklif etilayotgan darajasi;
b) transport vositasining rusumi (klassi), ishlab chiqarilgan yili;
v) avtotransport vositasining tashuv uchun taklif qilinayotgan umumiy yoʻlovchi oʻrinlari soni;
g) avtobus ish tartibining taklif etilayotgan varianti;
d) yoʻnalishdagi qatnovlarning taklif etilayotgan soni;
e) yoʻnalishlarda ishlayotganda harakatlanish xavfsizligini va yongʻin xavfsizligini taʼminlash boʻyicha tadbirlar rejasi.
15.2. Viloyatlararo, shaharlararo va xalqaro yoʻnalishlar boʻyicha ham 15.1-bandda qayd etilgan mezonlar qoʻllanadi, “g” va “d” kichik bandlaridagi koʻrsatkichlardan tashqari.
Qatnashchi tender boʻyicha takliflarning barcha bandlariga doir toʻliq va mufassal axborot taqdim etishga majbur.
V. TENDER BOʻYIChA TAKLIFLARNI BAHOLASh VA GʻOLIBNI ANIQLASh
16. Tender boʻyicha takliflar Komissiyaning har bir aʼzosi tomonidan quyidagi tartibda koʻrib chiqiladi va baholanadi:
a) yoʻnalishdagi 1 yoʻlovchi — km uchun tarifning qatnashchi tomonidan taklif etilayotgan darajasi uchun — tashish tarifi darajasini Komissiya talab qilayotganga nisbatan pasaytirishning har bir punkti uchun oshib boruvchi koeffitsiyentni qoʻllagan holda besh balli tizim boʻyicha;
b) transport vositasining rusumi (klassi), ishlab chiqarilgan yili uchun — tabaqalashtirilgan ballar boʻyicha;
v) avtotransport vositasining tashuv uchun taklif qilinayotgan umumiy yoʻlovchi oʻrinlari soni uchun — tabaqalashtirilgan ballar boʻyicha.
Komissiya yoʻnalishda ishlash uchun talab qilinadigan avtomobillar rusumini va ular boʻyicha tabaqalashtirilgan ballarni mustaqil ravishda belgilaydi.
g) avtobuslar ish tartibining taklif etilayotgan varianti uchun — ish tartibini oshirishning har bir punkti uchun oshib boruvchi koeffitsiyentni qoʻllagan holda besh balli tizim boʻyicha;
d) yoʻnalishdagi qatnovlarning taklif etilayotgan soni uchun — talab qilinayotgan miqdordan ortiqcha taklif etilayotgan har bir qatnov uchun oshib boruvchi koeffitsiyentni qoʻllagan holda besh balli tizim boʻyicha;
e) yoʻnalishlarda ishlayotganda harakatlanish xavfsizligini taʼminlash boʻyicha tadbirlar rejasi — besh balli tizim boʻyicha. Bunda tashuvchi besh ballni quyidagi majburiy shartlarni bajargan taqdirda oladi:
har kuni qatnovga chiqishdan oldin transport vositalarini texnikaviy nazoratdan oʻtkazishni taʼminlash;
haydovchilarni har kuni tibbiy koʻrikdan oʻtkazishni taʼminlash;
haydovchilarga 30 soatlik dastur boʻyicha Yoʻllarda harakatlanish qoidalarini oʻrgatish.
Agar talabgor qayd etilgan shartlarni bajara olmasa, u holda 5 ballga nisbatan kamayib boruvchi koeffitsiyent qoʻllanadi, u amalda bajariladigan shartlarning uchta majburiy talabga boʻlgan nisbati sifatida aniqlanadi.
Komissiya, yoʻnalishga nisbatan aniq talablarni hisobga olgan holda, qatnashchilarning tender boʻyicha takliflarini baholashga qoʻshimcha talablarni taklif etishga haqli.
Tender boʻyicha takliflarni baholashni oʻtkazish uchun zarur boʻlgan yoʻriqnoma-uslubiy hujjatlar va ularning shakllari Oʻzbekiston avtomobil va daryo transporti agentligi tomonidan tasdiqlanadi.
Keyingi tahrirga qarang.
17. Komissiya tender boʻyicha takliflarni baholashning yakuniy balini har bir qatnashchi boʻyicha aniqlaydi.
18. Agar tanlab olish natijalariga koʻra bir nechta talabgor teng ballar olgan boʻlsa, u holda gʻolib Komissiya aʼzolarining yopiq ovoz berishi yoʻli bilan aniqlanadi.
19. Komissiyaning tender gʻolibini aniqlash boʻyicha majlisi natijalari protokol bilan rasmiylashtiriladi, uni Komissiya aʼzolari, raisi va mazkur yoʻnalish yoki yoʻnalishlar paketi boʻyicha tender gʻolibi imzolaydilar.
Tender gʻolibiga tender boʻyicha yutib chiqilgan mazkur yoʻnalishda ishlash huquqini tasdiqlovchi guvohnoma beriladi. Guvohnomani Komissiya raisi imzolaydi hamda u Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyat hokimligi, Oʻzbekiston avtomobil va daryo transporti agentligi muhri bilan tasdiqlanadi.
Keyingi tahrirga qarang.
20. Kontraktni imzolash muddati qatnashchi tender gʻolibi deb eʼlon qilingandan keyin 20 kundan oshmasligi kerak. Komissiya kontrakt imzolangungacha oldindan (tender oʻtkazilgandan keyin 15 kun mobaynida) gʻolibning tender boʻyicha takliflarining toʻgʻriligini tekshirishga haqlidir.
Tender gʻolibining tender boʻyicha takliflarining notoʻgʻri ekanligi aniqlangan taqdirda eng koʻp ballar miqdori boʻyicha keyingi talabgor gʻolib deb eʼtirof etiladi.
Keyingi tahrirga qarang.
Oldingi tahrirga qarang.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyat hokimligi Oʻzbekiston avtomobil va daryo transporti agentligi tomonidan tender gʻolibi bilan yoʻnalishlarda yoʻlovchi tashish transporti bilan xizmatlar koʻrsatish yuzasidan kamida 1 yil muddatga kontrakt tuziladi.
(20-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2001-yil 5-iyundagi 245-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2001-y., 11-son, 65-modda)
Keyingi tahrirga qarang.
Tashuvchi tomonidan kontrakt boʻyicha ishlarning barcha shartlariga rioya qilingan taqdirda kontraktni imzolagan organ Komissiya qarori asosida kontraktning amal qilish muddatini uzaytirishga haqlidir.
21. Tenderning istalgan qatnashchisi Komissiyadan tender boʻyicha takliflarning baholash natijalarini yozma shaklda olish huquqiga ega.
Shahar atrofi va shaharlararo-viloyat ichki yoʻnalishlarida yoʻlovchilar tashishni tashkil etish komissiyasi toʻgʻrisida
NAMUNAVIY NIZOM
1. Shahar atrofi va shaharlararo-viloyat ichki yoʻnalishlarida va Qoraqalpogʻiston Respublikasi doirasidagi yoʻnalishlarda yoʻlovchilar tashishni tashkil etish komissiyasi (bundan keyin matnda “Komissiya” deb ataladi) shahar atrofi va shaharlararo-viloyat ichki yoʻnalishlarida yoʻlovchilar tashish ishlarini yanada rivojlantirish va takomillashtirish, ular koʻrsatayotgan xizmatlar hajmlari va turlarini kengaytirish, transport xizmatlari koʻrsatish bozorida raqobat muhitini yaratishga oid kompleks chora-tadbirlarni ishlab chiqish va ularni amalga oshirish, ushbu chora-tadbirlarning bajarilishini nazorat qilishni taʼminlash maqsadida tashkil etiladi.
2. Komissiya oʻz faoliyatida Oʻzbekiston Respublikasi qonunlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari, farmoyishlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlariga hamda mazkur Namunaviy nizomga amal qiladi.
3. Quyidagilar Komissiyaning asosiy vazifalari hisoblanadi:
shahar atrofi va shaharlararo-viloyat ichki yoʻnalishlarida yoʻlovchilar tashuvchi avtomobil transportining bir maromda ishlashini taʼminlashga oid ishlarni muvofiqlashtirish;
transport xizmatlari koʻrsatish bozorida mulkchilikning turli shakllaridagi tashuvchilar uchun teng shart-sharoitlar yaratish va sogʻlom raqobatni rivojlantirish;
shahar atrofi va shaharlararo-viloyat ichki yoʻnalishlarida yoʻnalishlarni joylashtirish uchun tenderlarni tashkil etish va oʻtkazish;
yoʻlovchilar tashish avtomobil transportini rivojlantirishga, ular tomonidan koʻrsatiladigan xizmatlar hajmlari va turlarini kengaytirishga oid kompleks chora-tadbirlarning bajarilishini nazorat qilish;
yoʻlovchilar huquqlariga rioya qilinishini taʼminlash.
Oldingi tahrirga qarang.
4. Komissiya Oʻzbekiston avtomobil va daryo transporti agentligi, Davlat avtomobil nazorati, soliq organlari, Monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish qoʻmitasi organlari va joylardagi boshqa manfaatdor organlar vakillaridan shakllantiriladi.
Keyingi tahrirga qarang.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisining, viloyat hokimining transport va aloqaga mutasaddilik qiluvchi oʻrinbosari Komissiya raisi hisoblanadi.
Komissiya tarkibi Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyat hokimining qarori bilan tasdiqlanadi.
(4-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2001-yil 5-iyundagi 245-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2001-y., 11-son, 65-modda)
Keyingi tahrirga qarang.
5. Qoʻyilgan vazifalarni bajarish uchun Komissiya quyidagi huquqlarga ega:
davlat boshqaruvi organlaridan va xoʻjalik yurituvchi subyektlardan Komissiyaga yuklangan vazifalarni bajarish uchun zarur boʻlgan axborotlarni olish;
Keyingi tahrirga qarang.
vakolatli organlar tomonidan yoʻllarda harakatlanish xavfsizligini, tashuvchilar tomonidan belgilangan grafiklarga, jadvallarga, tashish tariflariga rioya qilinishini, tekin va imtiyozli yurish huquqiga ega boʻlgan yoʻlovchilarning tekin va imtiyozli yurishi taʼminlanishini nazorat qilishga oid tadbirlarni uyushtirish;
tenderda yutib chiqilgan yoʻnalishlarda qonunga zid ravishda ishlovchi tashuvchilar aniqlanganda Davlat avtomobil nazorati, Davlat soliq qoʻmitasi, Oʻzbekiston avtomobil va daryo transporti agentligi organlariga tegishli choralar koʻrish toʻgʻrisida takliflar kiritish;
Keyingi tahrirga qarang.
shahar atrofida va shaharlararo-viloyat ichida yoʻlovchilar tashishning amaldagi tariflarini oʻzgartirish yuzasidan Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar hokimliklariga takliflar kiritish.
6. Komissiya:
tender boʻyicha joylashtirilgan yoʻnalishlardagi ish natijalarini muntazam ravishda (bir oyda kamida bir marta) yakunlab borishga;
shahar atrofi va shaharlararo-viloyat ichki yoʻlovchilar tashish transporti ishi yuzasidan tushgan shikoyatlarni oʻz vaqtida koʻrib chiqish ishlarini tashkil qilishga va aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan taʼsirchan chora-tadbirlar koʻrishga;
yoʻlovchilarga xizmat koʻrsatishning sifati va madaniyatining u yoki bu masalalari, grafiklar va yoʻnalishlar boʻyicha jamoatchilik fikrini oʻrganishni tashkil etishga;
aholini va davlat boshqaruvi mahalliy organlarini shahar atrofi, shaharlararo-viloyat ichki yoʻlovchilar tashish yoʻnalishlarida ishlash huquqini beruvchi tenderda yutib chiqqan yoʻlovchi tashuvchilar bilan tuzilgan kontraktlar bajarilishi toʻgʻrisida har oyda xabardor qilib turishga, yoʻlovchilar tashish avtomobil transportini rivojlantirish, ular tomonidan koʻrsatilayotgan xizmatlar hajmlari va turlarini kengaytirishga;
tashish jarayonini tashkil etishda yordam koʻrsatishga;
tashuvchilar oʻtkazilgan tender yakunlari boʻyicha Komissiya yoxud uning tartibotlaridan norozi boʻlganlarida ularga tushuntirishlar berishga majburdir.
7. Komissiya majlislari zaruratga qarab, lekin bir oyda kamida bir marta oʻtkaziladi. Komissiya majlisi unda Komissiya aʼzolarining kamida toʻrtdan uch qismi qatnashganda vakolatli boʻladi.
Komissiya qarorlari koʻpchilik ovoz bilan qabul qilinadi va protokollar bilan rasmiylashtiriladi. Ovozlar teng boʻlib qolgan taqdirda Komissiya raisining (u boʻlmaganda — rais oʻrinbosarining) ovozi hal qiluvchi ovoz hisoblanadi.
8. Komissiya faoliyatini tashkiliy-texnik taʼminlash Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari tomonidan amalga oshiriladi.
Keyingi tahrirga qarang.
Shaharlararo-viloyatlararo va xalqaro yoʻnalishlarni joylashtirish uchun ochiq tenderlar oʻtkazishni tashkil etish masalalari boʻyicha idoralararo komissiya toʻgʻrisida
NIZOM
1. Shaharlararo-viloyatlararo va xalqaro yoʻnalishlarni joylashtirish uchun ochiq tenderlar oʻtkazishni tashkil etish masalalari boʻyicha idoralararo komissiya (bundan keyin matnda — Komissiya deb ataladi) shaharlararo-viloyatlararo va xalqaro yoʻnalishlar ishini takomillashtirish, transport xizmatlari koʻrsatish bozorida sogʻlom raqobat muhitini taʼminlash va ushbu vazifalarning bajarilishini nazorat qilishni taʼminlash maqsadida tashkil etilgan.
2. Komissiya oʻz faoliyatida Oʻzbekiston Respublikasi qonunlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlariga, mazkur Nizomga amal qiladi.
3. Quyidagilar komissiyaning asosiy vazifalari hisoblanadi:
shaharlararo-viloyatlararo va xalqaro yoʻnalishlarda yoʻlovchilar tashish transportining bir maromda ishlashini taʼminlashga oid ishlarni muvofiqlashtirish;
transport xizmatlari koʻrsatish bozorida mulkchilikning turli shakllaridagi tashuvchilar uchun teng shart-sharoitlar yaratish va sogʻlom raqobatni rivojlantirish;
shaharlararo-viloyatlararo va xalqaro yoʻlovchilar tashish yoʻnalishlarini joylashtirish uchun tenderlar tashkil etish va oʻtkazish;
yoʻlovchilar tashish transportini rivojlantirish, ular tomonidan koʻrsatiladigan xizmatlarning hajmlari va turlarini kengaytirishga oid kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirishda qatnashish;
yoʻlovchilar huquqlariga rioya qilinishini taʼminlash.
Oldingi tahrirga qarang.
4. Komissiya Oʻzbekiston avtomobil va daryo transporti agentligi, “Oʻzavtotrans” korporatsiyasi, Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, Davlat soliq qoʻmitasi, Davlat bojxona qoʻmitasi, Monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasi va boshqa manfaatdor idoralarning rahbar xodimlaridan iborat tarkibda shakllantiriladi.
Keyingi tahrirga qarang.
Oʻzbekiston avtomobil va daryo transporti agentligi boshligʻi Komissiya raisi hisoblanadi.
(4-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2000-yil 24-oktabrdagi 412-sonli qarori tahririda)
Keyingi tahrirga qarang.
5. Qoʻyilgan vazifalarni bajarish uchun Komissiya quyidagi huquqlarga ega:
davlat boshqaruvi organlari va xoʻjalik yurituvchi subyektlardan Komissiyaga yuklangan vazifalarni bajarish uchun zarur boʻlgan axborotlarni olish;
Keyingi tahrirga qarang.
vakolatli organlar tomonidan yoʻllarda harakatlanish xavfsizligini, tashuvchilar tomonidan belgilangan grafiklarga, jadvallarga, tashish tariflariga rioya qilinishini, tekin va imtiyozli yurish huquqiga ega boʻlgan yoʻlovchilarning tekin va imtiyozli yurishi taʼminlanishini nazorat qilinishiga oid tadbirlarni uyushtirish va boshqalar;
tenderda yurib chiqilgan yoʻnalishlarda qonunga zid ravishda ishlayotgan tashuvchilar aniqlanganda qonun hujjatlarida belgilangan tartibda chora-tadbirlar koʻrish.
6. Komissiya:
tender boʻyicha joylashtirilgan yoʻnalishlardagi ish natijalarini muntazam ravishda (yilning har choragida kamida bir marta) yakunlab borishga;
shaharlararo va xalqaro yoʻlovchilar tashish transporti ishi yuzasidan tushgan shikoyatlarni oʻz vaqtida koʻrib chiqish ishlarini tashkil etish va aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish boʻyicha taʼsirchan chora-tadbirlar koʻrishga;
jadvallar va yoʻnalishlar boʻyicha xizmat koʻrsatishning sifati, madaniyati va bir maromda boʻlishining u yoki bu masalalari boʻyicha jamoatchilik fikrini oʻrganishni tashkil etishga;
aholini va davlat hokimiyati mahalliy organlarini shaharlararo, xalqaro yoʻlovchilar tashish yoʻnalishlarida ishlash uchun tenderlarda yutib chiqqan tashuvchilar bilan tuzilgan kontraktlarning bajarilishi toʻgʻrisida har oyda xabardor qilib turishga;
tashish jarayonini tashkil etishda yordam koʻrsatishga;
tashuvchilar oʻtkazilgan tender yakunlari boʻyicha Komissiya qaroridan yoxud uning tartibotlaridan norozi boʻlganlarida ularga tushuntirishlar berishga majburdir.
7. Komissiya majlislari zaruratga qarab, lekin yilning har choragida kamida bir marta oʻtkaziladi. Komissiya majlisi unda Komissiya aʼzolarining kamida toʻrtdan uch qismi qatnashganda vakolatli boʻladi.
Komissiya qarorlari koʻpchilik ovoz bilan qabul qilinadi va protokollar bilan rasmiylashtiriladi. Ovozlar teng boʻlib qolgan taqdirda Komissiya raisining (u boʻlmaganda — rais oʻrinbosarining) ovozi hal qiluvchi ovoz hisoblanadi.
8. Komissiya faoliyatini tashkiliy-texnik taʼminlash Oʻzbekiston avtomobil va daryo transporti agentligi tomonidan amalga oshiriladi.
Keyingi tahrirga qarang.
(Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining qarorlari toʻplami, 1999-y., 7-son, 44-modda; ; Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2001-y., 11-son, 65-modda; 2005-y., 5-6-son, 34-modda;2006-y., 22-son, 194-modda; 2010-y., 17-son, 130-modda; 2011-y., 7-8-son, 58-modda; 2013-y., 37-son, 485-modda; 2017-y., 17-son, 300-modda, 33-son, 863-modda; Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 11.06.2018-y., 09/18/434/1339-son; 20.12.2019-y., 09/19/1014/4173-son; 08.05.2020-y., 09/20/271/0565-son)