O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASIDA MIKROKREDITLAShNI RIVOJLANTIRISh ChORA-TADBIRLARI TO‘G‘RISIDA
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2006-yil 31-oktabrdagi 225-son “O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga o‘zgartirishlar kiritish, shuningdek ba’zilarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblash to‘g‘risida (O‘zbekiston Respublikasining 2006-yil 15-sentabrda qabul qilingan “Mikromoliyalash to‘g‘risida”gi O‘RQ-50-sonli Qonuni)” qarori bilan o‘z kuchini yo‘qotgan.
Mikrokreditlashning yangi usullarini joriy etish yo‘li bilan aholining tadbirkorlik faoliyatida yanada faol qatnashishi uchun qo‘shimcha shart-sharoitlar yaratish, shuningdek aholining ijtimoiy nochor tabaqalarini qo‘llab-quvvatlash va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish uchun donor tashkilotlarning mablag‘larini keng jalb etish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Kichik va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirishni rag‘batlantirish bo‘yicha respublika muvofiqlashtiruvchi Kengashining ilovaga* muvofiq xalqaro moliya tashkilotlari, xorijiy hukumatga qarashli va hukumatga qarashli bo‘lmagan notijorat tashkilotlar (donor tashkilotlar)ning beg‘araz mablag‘larini (grantlarini) jalb etish yo‘li bilan mikrokreditlash tizimini rivojlantirish to‘g‘risidagi taklifi ma’qullansin.
* Ilova berilmaydi.
2. O‘zbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi xususiy tadbirkorlikni mikrokreditlash dasturlarini rivojlantirishning, shuningdek donor tashkilotlar ishtirokidagi loyihalarning muvofiqlashtiruvchisi etib belgilansin, unga mikrokreditlash loyihalari bo‘yicha axborotlarni har chorakda umumlashtirish va tahlil etish funksiyalari yuklansin.
3. Belgilab qo‘yilsinki:
mikrokreditlar har bir qarz oluvchiga ekvivalenti 3 ming AQSh dollaridan ortiq bo‘lmagan naqd mablag‘ bilan milliy valyutada muddatlilik, haq to‘lash va qaytarish shartlarida beriladi;
O‘zbekiston Respublikasi rezidentlari — yuridik va jismoniy shaxslar mikrokreditlash bo‘yicha qarz oluvchilar hisoblanadi;
donor tashkilotlar, shuningdek O‘zbekiston Respublikasi rezidentlari va norezidentlari bo‘lgan notijorat tashkilotlar mablag‘ bilan ta’minlovchi tashkilotlar hisoblanadi;
notijorat tashkilotlarning o‘z mablag‘lari, donor tashkilotlar tomonidan notijorat tashkilotlarga mikrokreditlash uchun beriladigan grantlar, shuningdek notijorat tashkilotlarning mikrokreditlash bilan bog‘liq faoliyatdan olinadigan daromadlari mikrokreditlash mablag‘lari manbalari hisoblanadi;
qarz oluvchilarni tanlash, mikrokreditlash loyihalari doirasida ularga mablag‘lar berish va mablag‘larni qaytarish tartibi mablag‘ bilan ta’minlovchi tashkilotlar tomonidan belgilanadi;
donor tashkilotlarning mikrokreditlash manbai sifatida foydalaniladigan erkin almashtiriladigan valyutadagi grant mablag‘lari tegishli vakolatli bankning korrespondentlik hisob raqamiga o‘tkaziladi va banklararo valyuta savdolarida belgilangan tartibda sotilishi kerak;
mikrokreditlash uchun milliy valyutadagi naqd mablag‘ banklar tomonidan notijorat tashkilotlarning hisob raqamlaridagi mavjud mablag‘lar doirasida beriladi.
4. Notijorat tashkilotlarning mazkur qarorga muvofiq mikrokreditlashdan olingan daromadlari 2006-yil 1-yanvargacha daromad (foyda) solig‘i to‘lashdan ozod qilinsin, bo‘shayotgan mablag‘lardan operatsiya xarajatlarini qoplash, o‘z moddiy-texnika bazasini rivojlantirish, shuningdek mikrokreditlashni kengaytirish uchun maqsadli foydalanilsin.
5. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari R.S. Azimov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2002-yil 30-avgust,
309-son
(O‘zbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari to‘plami, 2002-y., 15-16-son, 126-modda)