Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi plenumining
Qarori
Oldingi tahrirga qarang.
Lizing munosabatlarini tartibga soluvchi qonunchilik normalarini iqtisodiy sudlar tomonidan qoʻllanilishining ayrim masalalari haqida
(qaror nomi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2023-yil 20-fevraldagi 6-sonli qarori tahririda)
Oldingi tahrirga qarang.
Iqtisodiy sudlar tomonidan lizing munosabatlarini tartibga soluvchi qonun hujjatlari normalarini toʻgʻri va bir xilda qoʻllanilishini taʼminlash maqsadida “Sudlar toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 47-moddasiga asoslanib, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudining Plenumi qaror qiladi:
(muqaddima Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 19-maydagi 17-sonli qarori tahririda)
Oldingi tahrirga qarang.
1. Sudlarning eʼtibori, lizing shartnomalaridan kelib chiqadigan munosabatlar Oʻzbekiston Respublikasining Fuqarolik kodeksi (bundan buyon matnda FK deb yuritiladi), “Lizing toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni (bundan buyon matnda Qonun deb yuritiladi) va boshqa qonunchilik bilan tartibga solinishiga qaratilsin.
(1-band Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2023-yil 20-fevraldagi 6-sonli qarori tahririda)
2. Qonun 2-moddasining birinchi qismiga koʻra lizing — moliyaviy ijaraning alohida turi boʻlib, unda bir taraf (lizing beruvchi) ikkinchi tarafning (lizing oluvchining) topshirigʻiga binoan uchinchi tarafdan (sotuvchidan) lizing shartnomasida shartlashilgan mol-mulkni (lizing obyektini) mulk qilib oladi va uni lizing oluvchiga shu shartnomada belgilangan shartlarda haq evaziga egalik qilish va foydalanish uchun oʻn ikki oydan ortiq muddatga beradi.
Oldingi tahrirga qarang.
Muddatni hisoblashda sudlar inobatga olishlari kerakki, shartnomani amal qilish muddati joriy yil muayyan oyining tegishli sanasidan keyingi yil shu oyining shu sanasigacha belgilanganda 12 oyga tenglashtirilgan deb tan olinadi (masalan, 2017-yil 5-fevraldan 2018-yilning 4-fevralgacha).
(2-band Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 19-maydagi 17-sonli qaroriga asosan ikkinchi xatboshi balan toʻldirilgan)
FK 364-moddasining birinchi qismida agar taraflar oʻrtasida shartnomaning barcha muhim shartlari yuzasidan shunday hollarda talab qilinadigan shaklda kelishuvga erishilgan boʻlsa, shartnoma tuzilgan hisoblanishi nazarda tutilgan.
Sudlar lizing shartnomasidan kelib chiqadigan nizolarni hal etishda ushbu shartnomada Qonun 9-moddasining uchinchi qismida sanab oʻtilgan muhim shartlar nazarda tutilgan boʻlishi lozimligiga eʼtibor qaratishlari kerak.
3. FKning 588-moddasi hamda Qonunning 3-moddasiga muvofiq tadbirkorlik faoliyati uchun foydalaniladigan isteʼmol qilinmaydigan har qanday ashyolar, shu jumladan korxonalar, mulkiy komplekslar, binolar, inshootlar, uskunalar, transport vositalari hamda boshqa koʻchar va koʻchmas mulk lizing obyektlari boʻlishi mumkin.
Sudlar nazarda tutishlari kerakki, Qonunga koʻra yer uchastkalari va boshqa tabiiy obyektlar, shuningdek muomaladan chiqarilgan yoki muomalada boʻlishi cheklangan boshqa mol-mulk lizing obyektlari boʻlishi mumkin emas. Bunday mol-mulk lizing obyekti sifatida shartnomada koʻrsatilgan boʻlsa, shartnoma oʻz-oʻzidan haqiqiy emas deb hisoblanadi. Ushbu mol-mulklar boʻyicha tuzilgan lizing shartnomasining haqiqiy emasligi oqibatlarini qoʻllash sudning huquqi ekanligidan kelib chiqib, ushbu masala sudlar tomonidan muhokama qilinishi mumkin.
Shuni inobatga olish lozimki, korxona, mulkiy kompleks, bino, inshoot lizing obyekti sifatida lizing oluvchiga topshirilgan taqdirda, lizingga berilgan muddatga yer uchastkasining ana shu koʻchmas mulk joylashgan va undan foydalanish uchun zarur qismiga boʻlgan foydalanish huquqi ham lizing oluvchiga oʻtadi.
4. FKning 590-moddasi va Qonunning 22-moddasiga muvofiq lizing toʻlovlari lizing beruvchiga lizing obyekti qiymatining lizing oluvchi tomonidan qoplanishidan, shuningdek lizing beruvchining foizli daromadidan iborat boʻladi. Bunda sudlar inobatga olishlari kerakki, lizing obyekti qiymati lizing beruvchining ushbu mulkni sotib olish bilan bogʻliq xarajatlari (yetkazib berish, transport xarajatlari, montaj ishlari va boshqalar)ni oʻz ichiga oladi.
Oldingi tahrirga qarang.
5. Sudlar lizing subyektlari tomonidan majburiyatlar bajarilmaganligi yoki lozim darajada bajarilmaganligi bilan bogʻliq nizolarni hal etishda lizing subyektlarining huquq va majburiyatlari haqidagi qonunchilik normalari hamda shartnoma shartlarini chuqur oʻrganishlari lozim.
(5-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2023-yil 20-fevraldagi 6-sonli qarori tahririda)
Bunda sudlar eʼtiborga olishlari kerakki, lizing munosabatlari FK 34-bobining 6-paragrafi va Qonunning qoidalariga zid boʻlmagan FK 29-bobining 1-paragrafi hamda 34-bobining 1-paragrafi normalari bilan ham tartibga solinadi.
Oldingi tahrirga qarang.
6. FK 597-moddasining toʻrtinchi qismiga va Qonun 11-moddasi birinchi qismining beshinchi xatboshisiga koʻra lizing oluvchi oʻz majburiyatlarini jiddiy ravishda buzgan taqdirda, agar lizing shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, lizing beruvchi boʻlajak lizing toʻlovlarini tezlashtirishni yoki garov narsasini undirish uchun nazarda tutilgan tartibda undiruvni lizing obyektiga qaratgan va zararni undirgan holda shartnomani bekor qilishni talab qilish huquqiga ega.
(6-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2020-yil 19-dekabrdagi 37-sonli qarori tahririda)
Sudlar shuni nazarda tutishlari lozimki, lizing beruvchiga u shartnoma tuzishda umid qilishga haqli boʻlgan narsadan koʻp darajada mahrum boʻladigan qilib zarar yetkazilishi, lizing shartnomasini lizing oluvchi tomonidan jiddiy tarzda buzish deb tushuniladi. Shuningdek, agar lizing shartnomasida boshqacha tartib belgilangan boʻlmasa, lizing oluvchi lizing obyektini shartnoma shartlarini buzgan holda saqlaganligi, lizing oluvchi lizing obyektini sugʻurtalamaganligi, lizing toʻlovlarini oʻz vaqtida toʻlamaganligi, lizing obyektini oʻz hisobidan joriy taʼmirlamaganligi ham lizing shartnomasini jiddiy tarzda buzish hisoblanadi. Bunda lizing oluvchi tomonidan lizing shartnomasini jiddiy tarzda buzilganligi holatini isbotlash majburiyati lizing beruvchining zimmasiga yuklatiladi.
Oldingi tahrirga qarang.
Sudlarga tushuntirilsinki, lizing oluvchi lizing shartnomasini jiddiy tarzda buzgan taqdirda, lizing beruvchi bir vaqtning oʻzida ham barcha lizing toʻlovlarini muddatidan ilgari undirish, ham garov narsasini undirish uchun nazarda tutilgan tartibda undiruvni lizing obyektiga qaratgan va zararni undirgan holda shartnomani bekor qilishni talab qilish huquqiga ega emas.
(6-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2020-yil 19-dekabrdagi 37-sonli qarori tahririda)
Oldingi tahrirga qarang.
Agar lizing beruvchining daʼvo arizasida yetkazilgan zararlarni undirish va garov narsasini undirish uchun nazarda tutilgan tartibda undiruvni lizing obyektiga qaratgan holda shartnomani bekor qilish talablari bilan birga barcha lizing toʻlovlarini muddatidan ilgari undirish talabi ham qoʻyilgan taqdirda, sud lizing oluvchi tomonidan lizing shartnomasi jiddiy tarzda buzilganligi haqida xulosaga kelsa, u holda ushbu talablardan biri — yoxud lizing toʻlovlarini muddatidan ilgari undirish talabi yoxud yetkazilgan zararlarni undirish va garov narsasini undirish uchun nazarda tutilgan tartibda undiruvni lizing obyektiga qaratgan tarzda shartnomani bekor qilish toʻgʻrisidagi talab qanoatlantirilishi kerak. Bu qoida, agar lizing beruvchining daʼvo arizasida bir vaqtning oʻzida ham lizing toʻlovlari boʻyicha vujudga kelgan qarz va neustoykani undirish, shuningdek, garov narsasini undirish uchun nazarda tutilgan tartibda undiruvni lizing obyektiga qaratgan tarzda shartnomani bekor qilish talabi qoʻyilgan holda ham qoʻllaniladi.
(6-bandning toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2021-yil 20-apreldagi 18-sonli qarori tahririda)
Oldingi tahrirga qarang.
Lizing beruvchining zarari fuqarolik qonunchilikning umumiy qoidalariga muvofiq aniqlanadi.
(6-bandning beshinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2023-yil 20-fevraldagi 6-sonli qarori tahririda)
Xususan, lizing beruvchining haqiqiy zarari deganda lizing obyektini yetkazib berish, qaytarish, transportda tashish, saqlash, taʼmirlash bilan bogʻliq va boshqa xarajatlarni, boy berilgan foydasi deganda esa, lizing beruvchi oʻz huquqlari buzilmaganida odatdagi fuqarolik muomalasi sharoitida olishi mumkin boʻlgan, lekin ololmay qolgan daromadlarini tushunish lozim.
Oldingi tahrirga qarang.
Agar lizing obyektini qaytarib olish haqidagi daʼvo arizasida keltirilgan asoslar qonunchilikda yoki lizing shartnomasida nazarda tutilmagan boʻlsa, bunday daʼvoni qanoatlantirish rad etiladi.
(6-bandning yettinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2023-yil 20-fevraldagi 6-sonli qarori tahririda)
6.1. Sudlar inobatga olishlari kerakki, shartnomada belgilangan lizing toʻlovlari muddati muntazam ravishda buzilganligi lizing shartnomasini jiddiy tarzda buzish deb hisoblanadi.
FK 34-bobining 6-paragrafida va Qonunda lizing toʻlovlari tartibi va muddatlarini muntazam buzish tushunchasi belgilanmaganligi sababli, sudlar, agar shartnomada boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, lizing shartnomasidan kelib chiqadigan nizolarni koʻrishda FK 551-moddasining qoidalarini qoʻllashlari lozim. FK 551-moddasi birinchi qismining toʻrtinchi xatboshisiga koʻra, agar ijaraga oluvchi shartnomada belgilangan toʻlov muddatini ketma-ket ikki martadan ortiq buzib, mol-mulkdan foydalanganlik uchun haq toʻlamasa, mulk ijarasi shartnomasi ijaraga beruvchining talabi bilan sud tomonidan muddatidan oldin bekor qilinishi mumkin.
Shuning uchun sudlar toʻlov kechiktirilganligi sabablarini shartnomada belgilangan toʻlov jadvalini oʻrganish va tahlil qilish yoʻli bilan aniqlashlari kerak.
Oldingi tahrirga qarang.
(6.2-band Oʻzbekiston Respublikasi sudi Plenumining 2021-yil 20-apreldagi 18-sonli qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan)
Oldingi tahrirga qarang.
(6.3-band Oʻzbekiston Respublikasi sudi Plenumining 2021-yil 20-apreldagi 18-sonli qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan)
6.4. Qonun 12-moddasi birinchi qismining beshinchi xatboshisiga koʻra lizing obyekti yetkazib berilmagan, toʻliq yetkazib berilmagan, yetkazib berish muddati oʻtkazib yuborilgan yoki sifati talab darajasida boʻlmagan lizing obyekti yetkazib berilgan taqdirda, lizing oluvchi, agar shartnomada boshqacha qoida nazarda tutilgan boʻlmasa, lizing toʻlovlari toʻlashni kechiktirish, yetkazib beriladigan lizing obyektidan voz kechish va lizing shartnomasining bekor qilinishini talab etish huquqiga ega.
Lizing obyektidan foydalanish jarayonida uning foydalanishga yaroqli emasligi yoki bunday foydalanishni jiddiy qiyinlashtiradigan nuqsonlar aniqlangan taqdirda va bular xususida lizing obyektini qabul qilish paytida lizingga oluvchi bilmagan va bilishi mumkin boʻlmaganda, agar sotuvchini lizing beruvchi tanlagan boʻlsa, bu holat lizing shartnomasi lizing beruvchi tomonidan jiddiy ravishda buzilgan deb hisoblanadi.
Sudlar lizing obyekti yetkazib berilmaganligi yoki sifati talab darajasida boʻlmagan lizing obyekti yetkazib berilganligi sababli lizing shartnomasini bekor qilish haqidagi ishni koʻrishda, Qonun 11-moddasining ikkinchi qismiga muvofiq agar lizing obyekti lizing beruvchining aybi bilan yetkazib berilmagan yoki lizing shartnomasi shartlariga nomuvofiq boʻlsa, lizing beruvchi lizing oluvchining roziligi bilan oʻzi lozim darajada bajarmagan lizing shartnomasi shartlarini tuzatib bajarishga yoki lizing oluvchiga boshqa lizing obyektini taklif etishga haqli ekanligiga eʼtibor berishlari lozim. Bunday taklif sud muhokamasida ham bildirilishi mumkinligini inobatga olib, sudlar taraflarni murosaga keltirish choralarini koʻrishlari kerak. Bunda hisobga olish kerakki, lizing beruvchi bunday huquqdan faqat lizing oluvchining roziligi bilan foydalanishi mumkin. Agar lizing oluvchi tomonidan lizing shartnomasi shartlarining yoʻl qoʻyilgan buzilishlarini bartaraf etish yoki boshqa lizing obyektini qabul qilish boʻyicha taklifga norozilik bildirilgan boʻlsa, nizo mazmunan koʻrilishi lozim.
Sudlar lizing oluvchining lizing shartnomasi muddatidan oldin bekor qilinganligi sababli oʻzi ilgari avans sifatida toʻlagan toʻlovlarni undirish haqidagi talabini koʻrishda, avans toʻlovi lizing oluvchining lizing obyektidan foydalanishdan olingan foydaning qiymatini chegirib tashlagan holda qaytarilishi mumkinligiga eʼtibor berishlari lozim.
Oldingi tahrirga qarang.
FK 420-moddasining birinchi qismi mazmunidan kelib chiqib, oldindan haq toʻlash deganda, lizing oluvchi tomonidan lizing obyektini qabul qilib olinguniga qadar toʻlangan summa tushunilishi lozim.
(6.4-bandning beshinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2023-yil 20-fevraldagi 6-sonli qarori tahririda)
Oldingi tahrirga qarang.
Taqdim etilgan hujjatlar asosida lizing oluvchining lizing obyektidan foydalanishidan olingan foyda summasini aniqlash imkoniyati boʻlmasa, ushbu summa Oʻzbekiston Respublikasining Iqtisodiy protsessual kodeksida (bundan buyon matnda IPK deb yuritiladi) nazarda tutilgan tartibda ekspertiza tayinlash yoʻli bilan aniqlanishi mumkin.
(6.4-bandning oltinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi plenumining 2018-yil 19-maydagi 17-sonli qarori tahririda)
6.5. FKning 597-moddasi, Qonunning 11 va 12-moddalari mazmunidan kelib chiqib, lizing shartnomasi bilan lizing obyektini soz holda saqlash, uni taʼmirlash va texnik xizmat koʻrsatish boʻyicha majburiyatlar ham lizing oluvchining, ham lizing beruvchining zimmasiga yuklatilishi mumkin.
Shuning uchun lizing beruvchining lizing oluvchi tomonidan lizing obyekti lozim darajada saqlanmaganligi, taʼmirlanmaganligi va texnik xizmat koʻrsatilmaganligi sababli lizing shartnomasini bekor qilish va lizing obyektini qaytarish haqidagi daʼvosi boʻyicha ishni koʻrishda sudlar lizing shartnomasi boʻyicha ushbu majburiyat kimga yuklatilganligini aniqlashlari lozim.
6.6. FKning 557-moddasiga koʻra mulk ijarasi shartnomasining ayrim turlariga va ayrim turdagi mol-mulkni ijaraga berish shartnomalariga (prokat, transport vositalari ijarasi, korxonalar ijarasi, moliyaviy mablagʻlar ijarasi va hokazolar), agarda ushbu Kodeksning qoidalarida boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, ushbu paragrafda nazarda tutilgan qoidalar qoʻllanadi.
FK 555-moddasining birinchi — uchinchi qismlariga muvofiq agarda mulk ijarasi shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, ijaraga oluvchi tomonidan mol-mulkning ajratib olsa boʻladigan tarzda yaxshilanishi uning mulki hisoblanadi. Ijaraga oluvchi ijaraga olingan mol-mulkni oʻz mablagʻlari hisobidan va ijaraga beruvchining roziligi bilan yaxshilagan, bu yaxshilashni mol-mulkka zarar yetkazmagan holda ajratib olish mumkin boʻlmagan taqdirda, ijaraga oluvchi shartnoma bekor boʻlganidan keyin, basharti shartnomada boshqacha tartib nazarda tutilmagan boʻlsa, bu yaxshilashlar qiymatini toʻlashni talab qilish huquqiga ega. Agar qonunda boshqacha tartib nazarda tutilmagan boʻlsa, ijaraga oluvchi tomonidan ijaraga beruvchining roziligisiz amalga oshirilgan va ijaraga berilgan mol-mulkdan ajratib olib boʻlmaydigan yaxshilashlarning qiymati toʻlanmaydi.
Shu sababli, agarda lizing shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, lizing obyekti lizing beruvchining roziligi bilan yaxshilangan taqdirda, lizing oluvchi shartnomaning amal qilish muddati tugashi yoki shartnoma bekor qilinishi munosabati bilan lizing obyekti lizing beruvchiga qaytarilganidan keyin ana shu maqsadlarda sarflagan barcha xarajatlarining qoplanishini talab qilish huquqiga ega.
Mol-mulkka zarar yetkazmagan holda ajratib olish imkoniyati boʻlmagan, lizing beruvchining roziligisiz amalga oshirilgan lizing obyektining yaxshilanishlari, agar lizing shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, lizing shartnomasining amal qilish muddati tugashi yoki u bekor qilinishi munosabati bilan lizing obyekti lizing beruvchiga qaytarilgan holda lizing beruvchiga oʻtadi.
6.7. Agar lizing obyektiga boʻlgan mulk huquqining oʻtishi davlat roʻyxatidan oʻtkazilishi lozim boʻlib, biroq lizing beruvchi lizing oluvchi tomonidan barcha lizing toʻlovlari amalga oshirilganligiga qaramasdan lizing oluvchiga lizing obyektiga boʻlgan mulk huquqini oʻtkazish toʻgʻrisidagi hujjatlarni rasmiylashtirishdan bosh tortsa, lizing oluvchi sudga lizing beruvchini lizing obyektini unga mulk huquqi asosida oʻtkazish bilan bogʻliq hujjatlarni rasmiylashtirishga majburlash haqidagi daʼvo bilan murojaat etishga haqli.
Oldingi tahrirga qarang.
(7-band Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2020-yil 19-dekabrdagi 37-sonli qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan)
8. Sudlarga tushuntirilsinki, lizing shartnomasi va (yoki) lizing obyektini oldi-sotdi shartnomasi majburiyatlari bajarilmagan yoki lozim darajada bajarilmagan taqdirda, huquqi buzilgan lizing subyekti aybdor shaxsdan qonunda yoki shartnomada belgilangan neustoykani undirishni talab qilishga haqli. Bunda, agar neustoyka bilan birga zararni ham undirish haqidagi talab bildirilgan boʻlsa, zararni undirish FKning 325-moddasi talablariga rioya etilgan holda amalga oshiriladi.
Oldingi tahrirga qarang.
8.1. Sudlarga tushuntirilsinki, lizing obyektini qaytarish toʻgʻrisidagi daʼvo talabi qanoatlantirilganda, davlat boji qaytarilgan lizing obyektining bahosidan kelib chiqqan holda hisoblanadi.
(8.1-band Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 19-maydagi 17-sonli qaroriga asosan kiritilgan)
9. FKning 591-moddasi va Qonun 14-moddasining uchinchi qismiga koʻra lizing obyekti oldi-sotdi shartnomasini tuzish paytida lizing beruvchi lizing obyekti qaysi maqsadda olinayotganligidan sotuvchini oldindan xabardor qilishi, buni oldi-sotdi shartnomasida qayd etishi shart.
Sudlarga tushuntirilsinki, lizing beruvchi lizing obyekti qaysi maqsadda olinayotganligidan sotuvchini oldindan xabardor qilish toʻgʻrisidagi talabga rioya etmaganligi oldi-sotdi shartnomasini haqiqiy emas deb topish uchun asos boʻlmaydi. Bunday holatda FKning 591-moddasi va Qonun 14-moddasining uchinchi qismida nazarda tutilgan talablarga rioya etilmaganligining barcha oqibatlari lizing beruvchiga yuklatiladi.
10. Qonun 2-moddasining ikkinchi va uchinchi qismlariga muvofiq lizing uch taraflama (sotuvchi-lizing beruvchi-lizing oluvchi) yoki ikki taraflama (lizing beruvchi-lizing oluvchi) lizing shartnomasi boʻyicha amalga oshiriladi. Lizing beruvchi va sotuvchi oʻrtasida ikki taraflama lizing shartnomasi tuzilayotganida qoʻshimcha ravishda lizing obyektining oldi-sotdi shartnomasi tuziladi.
10.1. Lizing obyektini oldi-sotdisi bilan bogʻliq lizing subyektlari oʻrtasidagi munosabatlar, agar FK 34-bobning 6-paragrafida va Qonunda boshqacha tartib belgilangan boʻlmasa, FKning 29-bobi normalari bilan tartibga solinadi.
Agar lizing shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, sotuvchi tomonidan lizing obyektini oldi-sotdi shartnomasi boʻyicha majburiyatlarini bajarmaslik xavfi va bu bilan bogʻliq zararlar sotuvchini tanlagan lizing shartnomasining tarafiga yuklatiladi.
10.2. Qonun 12-moddasi birinchi qismining toʻrtinchi xatboshisiga koʻra lizing oluvchi sotuvchiga lizing obyekti oldi-sotdi shartnomasidan kelib chiquvchi talablarni, jumladan uning sifati va butligi, topshirish muddati, kafolatli taʼmirlashi va hokazolar xususida talablar qoʻyish huquqiga ega.
Sudlar nazarda tutishlari lozimki, lizing oluvchi bunday talablarni, garchi u ushbu shartnomaning tarafi boʻlmasa ham, bildirishi mumkin. Bunday holda lizing oluvchi sotib oluvchining barcha huquq va majburiyatlariga ega boʻladi, shartnomani bekor qilish huquqi hamda tovar uchun haq toʻlash majburiyati bundan mustasno.
10.3. Oldi-sotdi shartnomasidan kelib chiqadigan majburiyatlar sotuvchi tomonidan bajarilmagan yoki lozim darajada bajarilmagan taqdirda (yetkazib bermaganlik, toʻliq yetkazib bermaganlik, yetkazib berish muddatini oʻtkazib yuborganlik, tegishli darajada sifatli boʻlmagan mol-mulkni yetkazib berganlik), agar sotuvchini tanlash uchun javobgarlik lizing beruvchining zimmasida boʻlsa, sotuvchi va lizing beruvchi lizing oluvchi oldida javobgar boʻladilar. Bunday holda lizing oluvchi oʻzining xohishiga koʻra sotuvchi va (yoki) lizing beruvchiga talablar bildirishga haqli.
10.4. FK 392-moddasining birinchi qismiga koʻra, agar oldi-sotdi shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, tovarning tasodifan nobud boʻlishi yoki tasodifan shikastlanishi xavfi sotuvchi tovarni sotib oluvchiga topshirish boʻyicha oʻz majburiyatini qonun yoki shartnomaga muvofiq bajargan deb hisoblangan paytdan boshlab sotib oluvchiga oʻtadi.
Qonun 19-moddasining birinchi va ikkinchi qismlariga koʻra, lizing obyekti bilan bogʻliq barcha xavflar, shu jumladan, uning tasodifan yoʻqolishi (nobud boʻlishi) yoki tasodifan buzilishi, shuningdek oʻgʻirlanishi, barvaqt eskirishi, shikastlanishi xavflari lizing shartnomasida nazarda tutilgan tartibda lizing oluvchiga oʻtadi. Xavflar lizing oluvchiga oʻtgan daqiqadan eʼtiboran lizing oluvchi lizing obyekti har qanday tarzda yoʻqotilishi yoki shikastlanishi uchun lizing shartnomasi amal qiladigan muddat davomida javobgar boʻladi. Agar xavflarning lizing beruvchidan lizing oluvchiga oʻtadigan vaqti lizing shartnomasida belgilangan boʻlmasa, xavflar lizing oluvchiga u lizing obyektini olgan daqiqadan eʼtiboran oʻtadi.
Mazkur normalarning mazmunidan kelib chiqib, agar lizing shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, lizing obyektining tasodifan nobud boʻlishi yoki tasodifan shikastlanishi xavfi lizing obyektini lizing oluvchiga topshirilishiga qadar sotuvchi yoki lizing beruvchining, topshirilganidan keyin esa lizing oluvchining zimmasida boʻladi.
10.5. Qonun 24-moddasining uchinchi qismiga koʻra lizing beruvchi va lizing oluvchi sotuvchiga nisbatan lizing obyektining oldi-sotdi shartnomasi boʻyicha solidar kreditorlar sifatida ish koʻradilar.
FK 255-moddasining uchinchi qismiga koʻra majburiyatlarni solidar kreditorlardan biriga nisbatan toʻla bajarish qarzdorni majburiyatni boshqa solidar kreditorlarga nisbatan bajarishdan ozod qiladi.
Shu munosabat bilan sudlarga tushuntirilsinki, lizing oluvchi yoki lizing beruvchi sotuvchiga nisbatan lizing obyektining oldi-sotdi shartnomasi boʻyicha majburiyatlar bajarilmagan yoki lozim darajada bajarilmaganligi munosabati bilan daʼvo taqdim etsa, ishga tegishincha lizing beruvchi yoki lizing oluvchi nizoning predmetiga nisbatan mustaqil talab bilan arz qilmaydigan uchinchi shaxs sifatida jalb qilinishi lozim.
Sudlar bunday daʼvo boʻyicha ishni koʻrishda sotuvchi oʻz majburiyatini lizing oluvchi yoki lizing beruvchiga nisbatan bajargan yoki bajarmaganligi yoxud lozim darajada bajarmaganligi holatlarini tekshirishlari, agar sotuvchi oʻz majburiyatini ulardan biriga nisbatan bajarganligi holati aniqlanganda – daʼvoni qanoatlantirishni rad etishlari lozim.
11. Qonun 6-moddasining birinchi qismiga koʻra lizing oluvchi lizing beruvchi oldida lizing shartnomasi yuzasidan javobgar boʻlib qolgani holda, lizing shartnomasi boʻyicha olgan lizing obyektini lizing beruvchining yozma roziligi bilan vaqtinchalik egalik qilish va foydalanish uchun uchinchi shaxsga qoʻshimcha lizingga topshirishga haqli.
11.1. Sudlar shuni eʼtiborga olishlari lozimki, agar nizo qoʻshimcha lizing shartnomasidan kelib chiqqan boʻlsa, ishga mustaqil talab bilan arz qilmaydigan uchinchi shaxs sifatida lizing beruvchi jalb qilinishi hamda lizing obyektini qoʻshimcha lizingga topshirish uchun uning yozma roziligi olinganligi aniqlanishi lozim.
Oldingi tahrirga qarang.
Lizing beruvchining oldindan yozma roziligi olinmay tuzilgan qoʻshimcha lizing shartnomasi FKning 116-moddasiga asosan oʻz-oʻzidan haqiqiy emas deb hisoblanadi.
(11.1-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2023-yil 20-fevraldagi 6-sonli qarori tahririda)
11.2. Sudlar inobatga olishlari kerakki, qoʻshimcha lizing shartnomasiga FK 550-moddasining qoidalari qoʻllaniladi. Xususan, lizing shartnomasining muddatidan oldin bekor qilinishi qoʻshimcha lizing shartnomasining bekor boʻlishiga olib keladi. Bu holda qoʻshimcha lizingga oluvchi qoʻshimcha lizing shartnomasining qolgan muddati davomida oʻzi foydalanib kelgan mol-mulkni bekor boʻlgan lizing shartnomasining tegishli shartlari asosida lizingga olish haqida shartnoma tuzishi mumkin.
Oldingi tahrirga qarang.
12. Sudlar Qonun 21-moddasining birinchi qismiga muvofiq lizing beruvchi lizing oluvchining oldindan roziligini olmay turib, lizing obyektidan garov sifatida foydalanish huquqiga ega emasligiga eʼtibor qaratishlari lozim. Lizing oluvchining oldindan roziligi olinmay tuzilgan lizing obyektining garov shartnomasi, shuningdek garovga oluvchining roziligisiz garov narsasini lizingga berish haqidagi shartnoma FKning 116-moddasiga asosan oʻz-oʻzidan haqiqiy emas deb hisoblanadi.
(12-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2023-yil 20-fevraldagi 6-sonli qarori tahririda)
Oldingi tahrirga qarang.
Shunga koʻra, sudlar qarzdorlikni undirish va undiruvni lizing obyekti boʻlgan garov narsasiga qaratish toʻgʻrisidagi talablarni koʻrishda lizing oluvchini ishga nizoning predmetiga nisbatan mustaqil talab bilan arz qilmaydigan uchinchi shaxs sifatida jalb qilishlari, shuningdek mulkni lizing shartnomasi tuzilishidan oldin yoki keyin garovga qoʻyilganligi hamda lizing obyektini garovga qoʻyish uchun lizing oluvchining roziligi olinganligi holatini aniqlashlari lozim.
(12-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2023-yil 20-fevraldagi 6-sonli qarori tahririda)
13. Qonun 12-moddasining ikkinchi qismiga muvofiq uchinchi shaxs undiruvni lizing obyektiga qaratganda lizing oluvchi lizing shartnomasini bekor qilish va lizing obyektini mulk qilib olish bilan bir paytda lizing shartnomasi boʻyicha tegishli lizing toʻlovlari qoldigʻini lizing beruvchining qolgan davrda oladigan daromadini chegirib tashlagan holda bir yoʻla toʻlashga haqli.
Shu munosabat bilan sudlar nazarda tutishlari lozimki, lizing oluvchi bunday huquqdan foydalanib lizing shartnomasi boʻyicha lizing toʻlovlari qoldigʻini lizing beruvchining qolgan davrda oladigan daromadini chegirib tashlagan holda muddatidan oldin toʻlaganligi uchinchi shaxsning undiruvni lizing obyektiga qaratishni tugatilishiga olib keladi.
Sudlarning eʼtibori qaratilsinki, agar lizing shartnomasida barcha lizing toʻlovlari toʻlangandan soʻng lizing obyekti lizingga oluvchiga mulk huquqi asosida oʻtishi nazarda tutilgan boʻlsa, lizing oluvchi lizing shartnomasi boʻyicha tegishli lizing toʻlovlari qoldigʻini lizing beruvchining qolgan davrda oladigan daromadini chegirib tashlagan holda bir yoʻla toʻlashga haqli. Agar lizing shartnomasi lizing obyektini lizing oluvchiga mulk huquqi asosida oʻtishini nazarda tutmagan boʻlsa, uchinchi shaxs undiruvni lizing obyektiga qaratgan taqdirda lizing shartnomasi FKning 599-moddasiga muvofiq oʻz kuchini saqlab qoladi.
Oliy xoʻjalik sudi raisi K. KAMILOV
Oliy xoʻjalik sudi Plenumining kotibi vazifasini vaqtincha bajaruvchi, sudya Z. QURBONOVA
Toshkent sh.,
2015-yil 27-noyabr,
289-son