O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI PREZIDENTINING “SAVDO VA UMUMIY OVQATLANISh SOHASIDA SOLIQQA TORTISh TIZIMINI YANADA TAKOMILLAShTIRISh TO‘G‘RISIDA”GI FARMONINI AMALGA OShIRISh ChORA-TADBIRLARI HAQIDA
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 2-iyuldagi 300-son “O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Savdo va umumiy ovqatlanish sohasida soliqqa tortish tizimini tartibga solish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2003-yil 30-iyundagi PF-3270-son Farmonini amalga oshirish chora-tadbirlari haqida”gi qaroriga muvofiq o‘z kuchini yo‘qotgan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Savdo va umumiy ovqatlanish sohasida soliqqa tortish tizimini yanada takomillashtirish to‘g‘risida” 2002-yil 20-maydagi PF 3076-son Farmonini bajarish yuzasidan Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
Oldingi tahrirga qarang.
(1-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2002-yil 30-dekabrdagi 455-son qarori bilan o‘z kuchini yo‘qotgan — Respublikasi, 2002-y., 24-son, 200-modda)
2. Belgilab qo‘yilsinki, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari savdo korxonalarining qayerda joylashganligiga qarab tasdiqlangan bazaviy stavkalar va o‘zgaruvchan koeffitsiyentlardan kelib chiqib:
chakana savdo sohasidagi mikrofirmalar va kichik korxonalar uchun belgilangan daromadidan olinadigan yagona soliq stavkalarining;
yuridik shaxs bo‘lmasdan tadbirkorlik faoliyatini amalga oshiruvchi jismoniy shaxslar uchun qat’iy belgilangan soliq stavkalarining aniq miqdorlarini belgilaydilar.
3. QoraqalpoG‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari mamlakatimizda ishlab chiqarilgan iste’mol tovarlarining uyushgan savdosini ta’minlash uchun xalq iste’mol tovarlari ishlab chiqaruvchi korxonalarga firma do‘konlari tarmog‘ini tashkil etish va kengaytirishda ko‘maklashsinlar.
4. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Davlat soliq qo‘mitasi bir oy muddatda:
Chakana savdo sohasidagi mikrofirmalar va kichik korxonalar tomonidan to‘lanadigan belgilangan daromadidan olinadigan yagona soliqni hisoblab chiqish va to‘lash tartibi to‘g‘risidagi nizomni;
savdo va umumiy ovqatlanish korxonalari tomonidan yalpi tushum hajmlari (tovar aylanishi hajmi) sun’iy ravishda pasaytirilishiga yo‘l qo‘ymaslik chora-tadbirlarini nazarda tutgan holda Ulgurji va chakana savdo, umumiy ovqatlanish korxonalari tomonidan to‘lanadigan yalpi tushumdan (tovar aylanmasi hajmidan) yagona soliqni hisoblab chiqish va to‘lash tartibi to‘g‘risidagi nizomni ishlab chiqsinlar va tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga kiritsinlar.
5. O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi:
savdo va umumiy ovqatlanish sohasida tadbirkorlik faoliyatini amalga oshiruvchi soliq to‘lovchilarning soliq solishning belgilangan tartibiga rioya etishi va to‘liq qamrab olinishi ustidan qat’iy nazoratni ta’minlasin;
savdo va umumiy ovqatlanish sohasidagi xo‘jalik yurituvchi subyektlar tomonidan to‘lanadigan soliq to‘lovlarining budjetga to‘liq va o‘z vaqtida tushishi ustidan monitoring o‘rnatsin, bunda savdo va umumiy ovqatlanish korxonalarida yalpi tushum hajmining budjetga to‘lovlar to‘liq tushishiga muvofiqligini aniqlash yuzasidan muntazam ravishda tanlab tekshirishlar o‘tkazilishini nazarda tutsin. Aniqlangan tafovutlarga yalpi tushumni yashirish sifatida qaralsin va amaldagi qonun hujjatlarida nazarda tutilgan tegishli javobgarlik choralari qo‘llanilsin;
savdo faoliyatini yuridik shaxs bo‘lmasdan yakka tartibdagi tadbirkorlar sifatida belgilangan tartibda ro‘yxatdan o‘tkazmasdan amalga oshirayotgan jismoniy shaxslarning faoliyat ko‘rsatishiga yo‘l qo‘ymaslikka alohida e’tiborni qaratsin;
har chorakda Moliya vazirligiga va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga o‘tkazilgan monitoring natijalari to‘g‘risida axborot taqdim etsin.
6. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi monitoring natijalari asosida har chorakda Vazirlar Mahkamasiga savdo va umumiy ovqatlanish sohasida soliq solishga doir belgilangan bazaviy stavkalar va o‘zgaruvchan koeffitsiyentlar miqdorlarini o‘zgartirish maqsadga muvofiqligi to‘g‘risida taklif kiritsin.
7. O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda amaldagi qonun hujjatlariga mazkur qarordan kelib chiquvchi o‘zgartirish va qo‘shimchalar yuzasidan bir oy muddatda Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritsin.
8. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosarlari R.S. Azimov va M.Z. Usmonov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2002-yil 13-iyun,
208-son
Oldingi tahrirga qarang.
(1-ilova O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2002-yil 30-dekabrdagi 455-son qarori bilan o‘z kuchini yo‘qotgan — O‘zbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari to‘plami, 2002-y., 24-son, 200-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
(2-ilova O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2002-yil 30-dekabrdagi 455-son qarori bilan o‘z kuchini yo‘qotgan — O‘zbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari to‘plami, 2002-y., 24-son, 200-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
(3-ilova O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2002-yil 30-dekabrdagi 455-son qarori bilan o‘z kuchini yo‘qotgan — O‘zbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari to‘plami, 2002-y., 24-son, 200-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
(4-ilova O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2002-yil 30-dekabrdagi 455-son qarori bilan o‘z kuchini yo‘qotgan — O‘zbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari to‘plami, 2002-y., 24-son, 200-modda)
(O‘zbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari to‘plami, 2002-y., 11-12-son, 92-modda, 13-son, 108-modda, 21-son, 167-modda, 24-son, 200-modda)