Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasida avtomototransport vositalari va shahar elektr transporti vositalari haydovchilarini tayyorlash va qayta tayyorlash tizimida taʼlim jarayonini takomillashtirish va oʻqitishning zamonaviy usullarini joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasida avtomototransport vositalari va shahar elektr transporti vositalari haydovchilarini tayyorlash va qayta tayyorlash tizimida taʼlim jarayonini yanada takomillashtirish va oʻqitishning zamonaviy usullarini joriy etish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. “Avtotest Report” masʼuliyati cheklangan jamiyat (keyingi oʻrinlarda “Avtotest Report” MCHJ deb ataladi) tomonidan:
avtomototransport vositalari haydovchilarini tayyorlash va qayta tayyorlash boʻyicha “Avtotest” va “Avtotest 2.0” mahalliy elektron oʻquv qoʻllanmalari ishlab chiqilganligi;
avtomototransport vositalari haydovchilarini tayyorlash va qayta tayyorlash boʻyicha taʼlim muassasalari oʻqituvchilari uchun ixtisoslashtirilgan oʻquv qoʻllanmasi yaratilganligi maʼlumot qabul qilinsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining:
Oldingi tahrirga qarang.
“Avtotest Report” MCHJga va ustav fondida ulushlarning (aksiyalarning) kamida 51 foizi “Avtotest Report” MCHJga tegishli boʻlgan tashkilotlarga Oʻzbekiston Respublikasida avtomototransport vositalari va shahar elektr transporti vositalari haydovchilarini tayyorlash va qayta tayyorlash boʻyicha faoliyatni amalga oshirish huquqini shuningdek Oʻzbekiston Respublikasida yuridik shaxslarga tegishli avtotransport vositalarini boshqaradigan shaxslar (haydovchilar) malakasini oshirish faoliyatini yuritish boʻyicha alohida huquqni berish;
(2-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 4-sentabrdagi 693-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2017-y., 36-son, 958-modda)
Keyingi tahrirga qarang.
respublikaning barcha mintaqalarida “Avtotest Report” MCHJning avtomototransport vositalari va shahar elektr transporti vositalari haydovchilarini tayyorlash va qayta tayyorlash boʻyicha zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, ilgʻor oʻquv vositalari, trenajerlar va oʻquv aerodromi bilan jihozlangan zamonaviy oʻquv-metodik komplekslarini (keyingi oʻrinlarda oʻquv komplekslari deb ataladi) tashkil etish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.
“Avtotest Report” MCHJ oʻquv komplekslarini qurish va jihozlash uchun oʻz mablagʻlari hisobidan kamida 4 mlrd soʻm investitsiya qoʻyish majburiyatini olganligi qayd etilsin.
3. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari “Avtotest Report” MCHJning murojaatiga koʻra viloyat markazlariga tutash tumanlarda oʻquv komplekslari qurish uchun kamida 3 ga yer uchastkalari bepul foydalanish uchun berilishini bir oy muddatda taʼminlasinlar.
Toshkent shahri hokimligi oʻquv kompleksi qurish uchun Vazirlar Mahkamasining “Zarar koʻrib ishlovchi, iqtisodiy nochor va past rentabelli tashkilotlarning foydalanilmayotgan hududlarini va ortiqcha ishlab chiqarish maydonlarini yanada maqbullashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2014-yil 15-iyuldagi 192-son qaroriga muvofiq berilayotgan yer zaxirasi hisobiga “SAR” aviakompaniyasi aerodromining sharqiy qismida, Sergeli tumani, “Bahor” mahallasi manzilida joylashgan umumiy maydoni 3 ga yer uchastkasini oʻquv kompleksi qurish uchun “Avtotest Report” MCHJga bepul foydalanish uchun berilishini taʼminlasin.
4. Vazirlar Mahkamasining “Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasida avtomototransport vositalarini boshqarish huquqini berish, haydovchilarni tayyorlash va qayta tayyorlash tartibini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2006-yil 2-avgustdagi 156-son qaroriga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish haqida” (Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2010-yil 19-avgustdagi PQ-1392-son qarori)” 2010-yil 31-dekabrdagi 325-son qarorining 2-bandi (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 2010-y., 12-son, 76-modda) quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“2. Belgilab qoʻyilsinki, avtomototransport vositalari va shahar elektr transporti vositalari haydovchilarini tayyorlash va qayta tayyorlash davlat taʼlim muassasalari, shuningdek Mudofaaga koʻmaklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti, “Toshshahartransxizmat” aksiyadorlik kompaniyasi, “Transkasb” uyushmasi va Oʻzbekiston Respublikasi Avtomotohavaskorlar koʻngilli jamiyati, “Avtotest Report” MCHJ va ustav fondida ulushlarning (aksiyalarning) kamida 51 foizi “Avtotest Report” MCHJga tegishli boʻlgan tashkilotlar tomonidan amalga oshiriladi”.
Keyingi tahrirga qarang.
5. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari A.I. Ikramov va Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vaziri A.A. Axmedbayev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2015-yil 30-aprel,
106-son
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2015-y., 17-son, 209-modda; 2017-y., 36-son, 958-modda; Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 26.02.2018-y., 09/18/139/0818-son)