Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
VAQTINCHALIK MEHNATGA LAYOQATSIZLIK BOʻYICHA NAFAQALAR TOʻLASH CHEGARASINI TAKOMILLASHTIRISH TOʻGʻRISIDA
Oliy Majlisning 2001-yil 6-dekabrdagi 306-II-son qarori bilan maʼqullangan Aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini aniq yoʻnaltirilgan tarzda qoʻllab-quvvatlashning 2002-2003-yillarga moʻljallangan dasturiga muvofiq va Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 285-moddasiga binoan Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Belgilab qoʻyilsinki, 2002-yil 1-martdan boshlab vaqtinchalik mehnatga layoqatsizlik boʻyicha nafaqalar:
Oldingi tahrirga qarang.
Ikkinchi jahon urushi qatnashchilaridan boʻlgan xodimlarga, baynalmilalchi jangchilarga va ularga tenglashtirilgan shaxslarga, qaramogʻida 16 yoshga (oʻquvchilar uchun — 18 yosh) toʻlmagan uch nafar va undan koʻp farzandi boʻlgan xodimlarga, Chernobil AESdagi avariya oqibatlarini tugatishda qatnashgan xodimlarga, Chernobil AESdagi avariya natijasida radioaktiv ifloslanish zonasidan evakuatsiya qilingan va koʻchirilgan qon hosil qiluvchi organlar kasalliklari (oʻtkir leykoz), qalqonsimon bez (adenoma, rak) va xavfli oʻsmalar bilan bogʻliq kasalliklarga chalingan xodimlarga, yadro poligonlarida va boshqa radiatsiya-yadro obyektlarida harbiy xizmatni oʻtagan pensiya yoshidagi nogironligi boʻlgan xodimlarga, shuningdek xodim ishda shikastlanish va kasb kasalliklari oqibatida vaqtinchalik mehnat qobiliyatini yoʻqotganda — oylik ish haqining toʻliq miqdorida;
(1-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 8-fevraldagi 62-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 08.02.2022-y., 09/22/62/0111-son)
ijtimoiy ahamiyatga ega kasalliklar boʻyicha hisobda turuvchi xodimlarga, ular tomonidan davlat ijtimoiy sugʻurtasiga badallar toʻlab kelinishi muddatiga (umumiy ish stajiga) qarab — oylik ish haqining 60 foizidan 100 foizigacha miqdorda;
qolgan hollarda, ular tomonidan davlat ijtimoiy sugʻurtasiga badallar toʻlab kelinishi muddatiga (umumiy ish stajiga) qarab — oylik ish haqining 60 foizidan 80 foizigacha miqdorda toʻlanadi.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda oʻz normativ hujjatlarini mazkur qarorga muvofiqlashtirsin.
3. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari R.S. Azimov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Oʻ. SULTONOV
Toshkent sh.,
2002-yil 28-fevral,
71-son
(Oʻzbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari toʻplami, 2002-y., 3-4-son, 36-modda, 10-son, 83-modda; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 08.02.2022-y., 09/22/62/0111-son)