O‘zbekiston SSJ Prezidenti huzuridagi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Chinni buyumlar ishlab chiqarish “O‘zbekchinni” O‘zbekiston davlat konsernini tashkil etish to‘g‘risida
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1992-yil 28-noyabrdagi 558-sonli “O‘zbekiston yengil sanoat mollari ishlab chiqarish davlat uyushmasi (“O‘zbekyengilsanoat”) boshqaruv tuzilmasini takomillashtirish hamda uning korxonalari va tashkilotlarini davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bilan o‘z kuchini yo‘qotgan.
Engil sanoat birlashmalari va korxonalarini boshqarishni takomillashtirish hamda ularning faoliyati samaradorligini oshirish, xalq iste’moli mollari ishlab chiqarish hajmlarini ko‘paytirish maqsadida va O‘zbekiston SSJ Prezidentining 1991-yil 6-maydagi Farmoniga muvofiq Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Tarkibida Toshkent, Quvasoy va Samarqand chinni zavodlari bo‘lgan chinni buyumlar ishlab chiqarish “O‘zbekchinni” O‘zbekiston davlat konserni tashkil etilsin.
“O‘zbekchinni” konserni tarkibiga kiruvchi birlashmalar, korxonalar va tashkilotlar faoliyati O‘zbekiston SSJning amaldagi qonunlariga, korxonalarning o‘zining va jumhuriyatning manfaatlariga zid bo‘lmagan boshqa konsernlar va uyushmalarda qatnashish huquqiga egadirlar.
2. Belgilansinki, “O‘zbekchinni” konserni:
mustaqil ishlab chiqarish-xo‘jalik kompleksi hisoblanadi, yengil sanoat mollari ishlab chiqarish “O‘zbekyengilsanoat” O‘zbekiston davlat uyushmasi tarkibiga kiradi. Konsern va uyushma a’zolari oldida o‘z majburiyatlari va funksiyalarini bajarish yuzasidan javob beradi;
yuridik shaxs hisoblanadi, bank muassasalarida yig‘ma balanslarga, hisob-kitob va boshqa schyotlarga ega bo‘ladi, ularning huquqiy maqomini belgilovchi “O‘zbekiston SSJda korxonalar to‘g‘risida”gi O‘zbekiston SSJ Qonuniga hamda boshqa qonunchilik va normativ aktlarga, shuningdek O‘zbekiston SSJ Prezidenti huzuridagi Vazirlar Mahkamasi bilan kelishgan holda uyushma Kengashi tomonidan tasdiqlanadigan Ustavga muvofiq to‘la xo‘jalik hisobi prinsiplari asosida faoliyat ko‘rsatadi;
“O‘zbekyengilsanoat” uyushmasi tomonidan unga ajratiladigan xomashyo va moddiy resurslarning fond saqlovchisi hisoblanadi.
3. Konsernga ta’sischilari tomonidan berilgan vakolatlarga muvofiq quyidagilar uning faoliyatining asosiy funksiyalari hisoblanadi:
iste’mol bozorining talablarini hisobga olgan holda konsernning joriy dasturlarini hamda iqtisodiy va ijtimoiy rivojlanish istiqbollarini ishlab chiqish, maqsadli kompleks ilmiy-texnikaviy dasturlarni ishlab chiqish va ro‘yobga chiqarish;
yaratilgan ishlab chiqarish potensialidan foydalanish samaradorligini, ishlab chiqarish texnologiyasi darajasi, mahsulotning sifatini va texnik darajasini oshirish, korxonalarni xususiylashtirish, ijara va kichik korxonalar, firma savdosi tashkil etish asosida xalq iste’moli mollari ishlab chiqarishni yanada rivojlantirish va ko‘paytirish hamda aholining ularga bo‘lgan ehtiyojini qondirish;
korxonalar bilan birgalikda moliya mablag‘laridan, moddiy va mehnat resurslaridan oqilona va samarali foydalanish chora-tadbirlarini amalga oshirish, bozor munosabatlari sharoitida barqaror zararsiz ishlashni ta’minlash bo‘yicha amaliy yordam berish. Korxonalarning shartnoma va moliya intizomiga rioya qilishlari ustidan nazoratni amalga oshirish;
birlashmalar va korxonalar o‘rtasidagi tarmoq ichida kooperatsiya asosida mahsulot yetkazib berishni rivojlantirish, tayyor mahsulotni sotishni muvofiqlashtirish va bunga ko‘maklashish;
tashqi iqtisodiy aloqalarni rivojlantirish va belgilangan tartibda qo‘shma korxonalar tashkil etish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish;
tarmoqda ijtimoiy sohani rivojlantirish bilan bog‘liq masalalarning kompleks hal etilishini ta’minlash, kadrlar siyosatini olib borish, kadrlar tayyorlash va ularning malakasini oshirish;
tegishli davlat organlari va boshqa organlarda o‘z tarkibiga kiruvchi korxonalar va tashkilotlarning huquq va manfaatlarini himoya qilishda qatnashish.
4. Xo‘jalik hisobi daromadi (foyda) va nomenklaturadagi mahsulotlarni yetkazib berish bo‘yicha shartnoma majburiyatlarining bajarilishi birlashmalar va korxonalar faoliyatini baholashning asosiy ko‘rsatkichlari deb hisoblansin.
“O‘zbekchinni” konserni tarkibiga kiruvchi birlashmalar, korxonalar va tashkilotlar jumhuriyat, o‘z mehnat jamoalari manfaatlaridan va bozor konyunkturasidan kelib chiqqan holda:
tarmoq iste’molchilarining, savdo tashkilotlarining buyurtmalari bo‘yicha tegishli mahsulotlar va xalq iste’moli mollari ishlab chiqarish hajmlarini mustaqil ravishda belgilaydilar, firma magazinlarining tavsiyalaridan foydalangan holda ularni yetkazib berish yuzasidan shartnomalar tuzadilar;
mahsulot ishlab chiqarish, ishlar va xizmatlar ko‘rsatish xarajatlarini, olinadigan foyda miqdorini belgilaydilar, O‘zbekiston SSJ qonunlari bilan belgilangan normativlar, shuningdek, boshqa majburiy to‘lovlar bo‘yicha budjet bilan hisob-kitoblar qilingandan keyin undan foydalanish masalasini mustaqil ravishda hal etadilar;
konsern kengashi tomonidan belgilagan normativlarga muvofiq foydadan ular bajaradigan funksiyalar uchun, shuningdek markazlashgan rezerv (ehtiyot) jamg‘armasini tashkil etishga mablag‘lar ajratadilar.
5. Korxonalar va tashkilotlar vakillarining yig‘ilishi (konferensiyasi) “O‘zbekchinni” konsernini boshqarishning yuqori organi hisoblanadi, unda konsern Kengashi saylanadi.
Konsern Kengashiga birlashmalar, korxonalar va tashkilotlarning rahbarlari, shuningdek boshqaruv a’zolari kiradilar. Kengash boshqaruvni, uning raisi va rais o‘rinbosarlarini saylaydi. Boshqaruv raisi “O‘zbekyengilsanoat” uyushmasining taqdimnomasiga ko‘ra O‘zbekiston SSJ Prezidenti huzuridagi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi.
Konsern tarkibiga kiruvchi korxonalar va tashkilotlarning rahbarlari, shuningdek konsern taftish komissiyasining a’zolari va uning raisi konsern Kengashi taqdimnomasiga ko‘ra “O‘zbekyengilsanoat” uyushmasi boshqaruvi tomonidan tasdiqlanadi.
“O‘zbekchinni” konserniga unga yuklatilgan vazifalar va funksiyalarni hisobga olgan holda, konsern Kengashi bilan kelishuv bo‘yicha o‘zining tuzilmasini, xodimlari soni va mehnatga haq to‘lash jamg‘armasini mustaqil belgilashga ruxsat berilsin.
6. O‘zSSJ Moliya vazirligi, O‘zbekiston sanoat-qurilish banki, O‘zSSJ Davlat narxlar qo‘mitasi va “O‘zbekchinni” konserni bir oy muddat ichida korxonalarning moliyaviy ahvolini tahlil qilsinlar va ularni moliyaviy sog‘lomlashtirish bo‘yicha yordam ko‘rsatsinlar.
7. O‘zSSJ Iqtisodiyot qo‘mitasi, O‘zSSJ Moddiy-texnika ta’minoti davlat-kooperativ qo‘mitasi, O‘zSSJ Moliya vazirligi, “O‘zglavlegsnabsbit” “O‘zbekyengilsanoat” uyushmasiga “O‘zbekchinni” konserni uchun o‘zlari taqsimlaydigan nomenklatura bo‘yicha konsern korxonalarining rivojlanishi va ishlashi uchun moddiy-xomashyo va moliyaviy resurslarni ajratsinlar.
8. Tashkil etilayotgan “O‘zbekchinni” konsernining apparati Paradlar xiyoboni ko‘chasi, 5-uydagi O‘zSSJ Engil sanoat vazirligi egallab kelgan xonalarga joylashtirilsin.
9. Qoraqalpog‘iston MSSJ Vazirlar Kengashi, viloyat ijroiya qo‘mitalari, Toshkent shahar ijroiya qo‘mitasi, jumhuriyat vazirliklari va idoralari “O‘zbekchinni” konserni birlashmalari va korxonalariga ko‘maklashsinlar hamda ularning rivojlanishi va faoliyatiga doir o‘z vakolatlariga kiruvchi masalalarning o‘z vaqtida hal etilishini ta’minlasinlar.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1991-yil 17-may,
137-son