Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Farmoni
TOShKENT DAVLAT-AKSIONERLIK QURILISh KORPORATSIYASINI TAShKIL ETISh TOʻGʻRISIDA
Mazkur Farmon Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 1994-yil 23-dekabrdagi PF-1026-son “Toshkent moliya-qurilish korporatsiyasi (“Toshkentuyjoyinvestqurilish”)ni tashkil qilish toʻgʻrisida”gi Farmoniga muvofiq oʻz kuchini yoʻqotgan.
Toshkent shahrini kompleks ravishda barpo etish, qurilish tashkilotlari va korxonalarining xoʻjalik sohasidagi mustaqilligini oshirish, shuningdek ularning bozor sharoitlarida ishlashga oʻtishlari uchun zarur iqtisodiy zamin hozirlash maqsadida:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Toshkent shahridagi qurilishlar boʻyicha Bosh boshqarmasi (“Toshkentboshqurilish”) tugatilsin.
“Toshkentboshqurilish” tizimidagi birlashmalar, trestlar, tashkilot va korxonalarning Toshkent davlat-aksionerlik qurilish korporatsiyasi (“Toshkentqurilish”)ni tashkil etish toʻgʻrisidagi taklifi qabul qilinsin.
2. Belgilab qoʻyilsinki, Toshkent davlat-aksionerlik qurilish korporatsiyasi:
binokorlik sanoatining qurilish, sanoat korxonalarini, tugatilgan “Toshkentboshqurilish”ning ixtisoslashtirilgan tashkilotlari hamda boshqa boʻlinmalarini aksionerlik prinsiplari asosida ixtiyoriy ravishda birlashtiradi;
yuridik shaxs hisoblanadi hamda oʻz faoliyatini amaldagi qonunlar va korporatsiyaning Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadigan Ustavi asosida amalga oshiradi.
3. Quyidagilar Toshkent davlat-aksionerlik qurilish korporatsiyasi faoliyatining asosiy yoʻnalishlari etib belgilansin:
davlat topshiriqlariga muvofiq hamda buyurtmachilar bilan toʻgʻridan toʻgʻrishartnomalar boʻyicha uy-joylar, sotsial-madaniy va ishlab chiqarish inshootlarini qurish va foydalanishga topshirish;
binokorlik materiallari, konstruksiyalari hamda boshqa sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish va sotish, korxonalar, tashkilotlarga hamda aholiga taʼmirlash-qurilish xizmatlari va boshqa xizmat turlarini koʻrsatish;
kooperatsiya va tashqi iqtisodiy aloqalarni rivojlantirish hamda mustahkamlashda korporatsiya qatnashchilariga koʻmaklashish, ularga tijorat, marketing xizmatlari va boshqa turdagi xizmatlarni koʻrsatish;
moddiy-texnika resurslari bozorini oʻrganish, ular bilan markazlashtirilgan tarzda taʼminlanishni tashkil qilish, oʻzining moddiy-ishlab chiqarish bazasini kengaytirish va mustahkamlash;
ishlab chiqarishning texnikaviy darajasi va ishlarning sifatini oshirishni, ularning xarajatini kamaytirishni taʼminlaydigan loyiha-texnologiya hamda ilmiy-texnikaviy ishlanmalar va innovatsiya dasturlarini ishlab chiqishni tashkil qilish.
4. Oʻzbekiston Respublikasining Vazirlar Mahkamasi oʻn kun muddat ichida Toshkent davlat-aksionerlik qurilish korporatsiyasini tashkil etish va uning faoliyatiga oid qaror qabul qilsin.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1993-yil 8-fevral,
PF-558-son
(Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Axborotnomasi, 1993-y., 3-son, 135-modda)