Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Farmoni
Umumiy yurisdiksiya sudlarining tuzilmasiga oʻzgartirish kiritish toʻgʻrisida
Mazkur Farmon Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 30-apreldagi PF-6218-sonli “Milliy qonunchilik bazasini kompleks tizimlashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasi “Sudlar toʻgʻrisida”gi Qonunining 78-moddasi hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesining 2012-yil 11-dekabrdagi “Qoraqalpogʻiston Respublikasining Taxiatosh shahrini respublika boʻysunuvidagi shahar maqomidan tuman boʻysunuvidagi shahar maqomiga oʻzgartirib, Xoʻjayli tuman tarkibiga qoʻshish haqida”gi 135/X-sonli qaroriga asosan:
1. Qoraqalpogʻiston Respublikasi jinoyat ishlari boʻyicha Taxiatosh shahar sudi tugatilsin.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi jinoyat ishlari boʻyicha Taxiatosh shahar sudining raisi shtat birligi Qoraqalpogʻiston Respublikasi jinoyat ishlari boʻyicha Xoʻjayli tuman sudiga oʻtkazilib, ushbu tuman sudining sudyasi shtat birligi deb hisoblansin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Oliy sudi, Adliya vazirligi huzuridagi Sud qarorlarini ijro etish, sudlar faoliyatini moddiy-texnika jihatidan va moliyaviy taʼminlash departamenti Qoraqalpogʻiston Respublikasi jinoyat ishlari boʻyicha tuman (shahar) sudlarining xarajatlar smetasi va shtat jadvaliga tegishli oʻzgartirishlar kiritsin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2004-yil 20-fevraldagi PF–3400-sonli “Umumiy yurisdiksiya sudlarining ayrimlarini tugatish va qayta tashkil etish toʻgʻrisida”gi Farmoniga quyidagi oʻzgartirishlar kiritilsin:
a) 4-ilovada “Qoraqalpogʻiston Respublikasi” boʻlimidan “Taxiatosh shahar” soʻzlari chiqarib tashlansin;
b) 7-ilovada “Qoraqalpogʻiston Respublikasi” boʻlimidan “Taxiatosh shahar” soʻzlari chiqarib tashlansin.
4. Mazkur Farmonning ijrosi ustidan nazorat Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi J. Fayziyev zimmasiga yuklatilsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2013-yil 24-iyun,
PF-4543-son
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2013-y., 26-son, 333-modda)