Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
Oʻzbekiston davlat jahon tillari universitetining faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Chet tillarini oʻrganishni yanada rivojlantirish, xalqaro standartlarga muvofiq umumtaʼlim maktablari, kasb-hunar kollejlari va akademik litseylar, oliy taʼlim muassasalari uchun chet tillari yuqori malakali oʻqituvchilarini tayyorlash darajasi va sifatini yuksaltirish chora-tadbirlarini amalga oshirishni taʼminlash maqsadida:
1. Oʻzbekiston davlat jahon tillari universiteti chet tillari boʻyicha uzluksiz taʼlim tizimining respublika bazaviy taʼlim va ilmiy-metodik muassasasi etib belgilansin.
Oʻzbekiston davlat jahon tillari universitetiga quyidagi asosiy vazifalar va funksiyalar yuklatilsin:
chet tillarini oʻrgatishning zamonaviy pedagogik va axborot-kommunikatsiyaviy texnologiyalariga ega boʻlgan umumtaʼlim maktablari, kasb-hunar kollejlari va akademik litseylar, oliy taʼlim muassasalari uchun chet tillari boʻyicha yuqori malakali oʻqituvchilarni tayyorlash;
zarurat taqozo qilganda, xalqaro konsultantlarni jalb etgan holda butun uzluksiz taʼlim tizimi uchun chet tillari boʻyicha xalqaro standartlarga muvofiq davlat taʼlim standartlari, oʻquv rejalari va dasturlarini, oʻquv hamda oʻquv-metodik qoʻllanmalarni ishlab chiqish va doimiy tarzda takomillashtirib borish;
uzluksiz taʼlim tizimining barcha taʼlim muassasalarida, shuningdek chet tillari boʻyicha malaka oshirish va kadrlarni qayta tayyorlash muassasalarida xalqaro tajribani oʻrganish asosida chet tillarini oʻqitishning zamonaviy uslublarini ishlab chiqish va joriy etish;
avvalo pedagog kadrlar malakasini oshirish va qayta tayyorlash sohasidagi profilli oliy oʻquv yurtlari va muassasalarida chet tillari oʻqituvchilari va uslubchilarini qayta tayyorlash hamda malakasini oshirish.
Oldingi tahrirga qarang.
(2-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 10-sentabrdagi PF-6311-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 10.09.2021-y., 06/21/6311/0861-son)
Oldingi tahrirga qarang.
(3-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 10-sentabrdagi PF-6311-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 10.09.2021-y., 06/21/6311/0861-son)
4. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2013-yil 12-fevraldagi R-3971-sonli farmoyishi bilan tuzilgan Respublika komissiyasi (R.S. Azimov) Universitetga yuklatilgan asosiy vazifalardan kelib chiqqan holda shu yilning 1-avgustigacha Universitetning rahbar kadrlar va professor-oʻqituvchilarini, attestatsiya qilinayotganlarning bilimlarini baholashda yuksak talabchanlik, prinsipiallik hamda xolislik sharoitida attestatsiyadan oʻtkazishni taʼminlasin.
Oldingi tahrirga qarang.
(5-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 31-avgustdagi PF-214-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 31.08.2022-y., 06/22/214/0791-son)
Oldingi tahrirga qarang.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi Oʻzbekiston davlat jahon tillari universitetida dars berish uchun chet tili mutaxassislarini jalb etishda, shuningdek chet tillari boʻyicha oʻqituvchi va mutaxassislarni tayyorlash sohasida hamkorlik qilish uchun dunyoning yetakchi universitetlari bilan yaqin aloqani yoʻlga qoʻyishda doimiy asosda koʻmaklashsin.
(6-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-sonli Farmoni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 28.09.2020-y., 06/20/6075/1330-son)
7. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi va Moliya vazirligining Oʻzbekiston davlat jahon tillari universiteti yangi oʻquv-maʼmuriy binosini va sport majmuasini qurish, shuningdek universitetning mavjud oʻquv binolarini, axborot-resurs markazi va ijtimoiy-maishiy infratuzilma obyektlarini rekonstruksiya qilish va mukammal taʼmirlash toʻgʻrisidagi taklifi qabul qilinsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2011-yil 20-maydagi PQ-1533-sonli qarori bilan tasdiqlangan 2011—2016-yillarda oliy taʼlim muassasalarining moddiy-texnik bazasini modernizatsiyalash va mutaxassislar tayyorlash sifatini tubdan yaxshilash Dasturiga tegishli tuzatishlar kiritsin;
bir oy muddatda Oʻzbekiston davlat jahon tillari universitetining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash va kengaytirish boʻyicha qaror qabul qilsin. Unda 2014-yilda yangi oʻquv-maʼmuriy bino qurilishini boshlash koʻzda tutilib, universitet obyektlarini qurish va rekonstruksiya qilish boʻyicha buyurtmachi etib Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligining “Yagona buyurtmachi xizmati” Injiniring kompaniyasi hamda bosh loyiha tashkiloti etib “Oʻzogʻirsanoatloyiha” OAJ belgilansin.
Oldingi tahrirga qarang.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi va Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi 2013-yil va kelgusi yillarda Oʻzbekiston Respublikasining Davlat budjeti parametrlari doirasida maqsadli mablagʻlar, shu jumladan Oʻzbekiston davlat jahon tillari universitetida qurilish-tiklash va taʼmirlash ishlariga, moddiy-texnik jihozlashga, shuningdek chet tillardagi adabiyotlarni sotib olishga, jurnallar va boshqa davriy nashrlar hamda elektron axborot-kutubxona resurslariga obuna boʻlishga zarur kapital mablagʻlar limitini ajratishni nazarda tutsin.
(8-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 9-noyabrdagi PF-3-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 09.11.2021-y., 06/21/3/1037-son)
Oldingi tahrirga qarang.
9. Chet tillarni oʻrganish boʻyicha chora-tadbirlarni amalga oshirish doirasida davlat taʼlim muassasalarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash uchun Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadigan roʻyxatlar boʻyicha olib kiriladigan kompyuter texnikasi, maxsus asbob-uskuna va inventarlar istisno tariqasida, 2018-yilning 1-yanvarigacha bojxona toʻlovlari (bojxona rasmiylashtiruvi yigʻimlaridan tashqari) toʻlashdan ozod qilinsin.
(9-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2016-yil 27-dekabrdagi PQ-2699-sonli qarori tahririda)
10. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi Adliya vazirligi bilan birgalikda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartish va qoʻshimchalar toʻgʻrisidagi taklifni bir oy muddatda Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
11. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari R.S. Azimov va Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari A.I. Ikromov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2013-yil 23-may,
PQ-1971-son
Oldingi tahrirga qarang.
(1-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 10-sentabrdagi PF-6311-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 10.09.2021-y., 06/21/6311/0861-son)
Oldingi tahrirga qarang.
(2-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 10-sentabrdagi PF-6311-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 10.09.2021-y., 06/21/6311/0861-son)
Oldingi tahrirga qarang.
(3-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 31-avgustdagi PF-214-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 31.08.2022-y., 06/22/214/0791-son)
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2013-y., 22-son, 279-modda; Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 28.09.2020-y., 06/20/6075/1330-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 10.09.2021-y., 06/21/6311/0861-son, 09.11.2021-y., 06/21/3/1037-son; 31.08.2022-y., 06/22/214/0791-son)