Oʻzbekiston Respublikasining qonuni
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASINING KONSTITUTSIYASINI AMALGA KIRITISh TARTIBI TOʻGʻRISIDA
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashi qaror qiladi:
1. 1992-yil 8-dekabrga qadar qabul qilingan Oʻzbekiston Respublikasi qonunlarining, davlat idoralari qabul qilgan boshqa hujjatlarning Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga zid kelmaydigan qismi oʻz kuchini saqlab qolishi belgilab qoʻyilsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashi Oliy Majlis saylangunga qadar Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasida Oliy Majlisga berilgan barcha vakolatlarni amalga oshiradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Rayosati, Oʻzbekiston Respublikasining xalq deputatlari Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga saylovlar toʻgʻrisidagi yangi Qonun asosida Oliy Majlis saylangunga qadar oʻz vakolatlarini saqlab qoladilar.
Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy nazorat qoʻmitasi Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi toʻgʻrisidagi Qonun qabul qilinib, Konstitutsiyaviy sud saylangunga qadar oʻz vakolatlarini saqlab qoladi.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy hakamlik sudi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlarning hakamlik sudlari tegishincha Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlar xoʻjalik sudlari deb qayta tashkil etiladi.
Barcha boʻgʻinlardagi xoʻjalik sudlarining raislari, rais oʻrinbosarlari, sudyalari vazifalarini ular belgilangan tartibda saylangunga yoki tayinlangunga qadar tegishincha avval saylangan yoki tayinlangan hakamlik sudlarining raislari, rais oʻrinbosarlari va hakamlari bajaradilar.
4. Vazirlar Mahkamasi, davlat hokimiyatining joylardagi vakillik, ijroiya va boshqaruv organlari oʻz vakolatlarini Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga muvofiq, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi qabul qilingunga qadar chiqarilgan qonun hujjatlarining Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga zid kelmaydigan qismiga asosan amalga oshiradilar.
Oldingi tahrirga qarang.
5. Sudlar, prokuratura organlari va davlatning boshqa organlari oʻz vakolatlarini Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga muvofiq, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi qabul qilingunga qadar chiqarilgan qonunlar va qonun hujjatlarining Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga zid kelmaydigan qismiga asosan amalga oshiradilar.
(5-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Viloyatlar, shaharlar va tumanlarning yangi sudyalari Oʻzbekiston Respublikasining qabul qilingan Konstitutsiyasida belgilangan tartibga asosan tayinlanadilar.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Rayosati Oʻzbekiston Respublikasi qonunlarini Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga muvofiqlashtirishga doir ishlarni tashkil etish tartibini belgilasin. Konstitutsiyada nazarda tutilgan barcha qonunlar kelgusi ikki yildan kechiktirmay qabul qilinishi kerak. Oliy Kengash Rayosati 1993-yil mobaynida Oliy Majlisga saylovlar toʻgʻrisidagi Qonun loyihasini tayyorlasin va uni umumxalq muhokamasiga kiritsin.
Oldingi tahrirga qarang.
(7-band Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining 1996-yil 30-avgustdagi 283-I-son qarori bilan oʻz kuchini yoʻqotgan — Oliy Majlis Axborotnomasi, 1996-y., 9-son, 146-modda)
8. 1978-yilda qabul qilingan Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi (Asosiy Qonuni) 1992-yil 8-dekabrdan boshlab oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1992-yil 8-dekabr,
725-XII-son
(Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Axborotnomasi, 1993-y., 1-son, 6-modda; Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1996-y., 9-son, 146-modda; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son )