O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining
Farmoni
ERDAN FOYDALANISh SAMARADORLIGINI OShIRISh TO‘G‘RISIDA
Mazkur Farmon O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 30-apreldagi PF-6218-sonli “Milliy qonunchilik bazasini kompleks tizimlashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoniga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
Respublika yer fondidan foydalanish samaradorligini oshirish, yer maydonlaridan olinadigan daromad o‘sishidan aholining manfaatdorligini kuchaytirish maqsadida:
1. Tuman va shaharlarning hokimliklariga fuqarolarning meros qilib qoldirish sharti bilan umrbod egalik qilishlari uchun yakka tartibda uy-joy qurishga 0,04 gektargacha, shaxsiy yordamchi xo‘jalikni yuritishga 0,06 gektargacha yer maydonini kimoshdi savdosi asosida sotishga ruxsat berilsin.
2. Qoraqalpog‘iston Respublikasida xalq xo‘jaligida foydanilmayotgan yer maydonlari, shuningdek zarar ko‘rib ishlayotgan va past rentabelli qishloq xo‘jalik korxonalarining yerlari, tajriba tariqasida, fuqarolarning meros qilib qoldirish sharti bilan umrbod egalik qilishlari uchun kimoshdi savdosi va tanlov asosida sotilsin. Bunda ajratiladigan yer maydonlari sug‘oriladigan yerlarda 5 gektardan va sug‘orilmaydigan yerlarda 15 gektardan oshmasligi zarur.
3. Nazoratni amalga oshirish va yuqorida ko‘rsatib o‘tilgan masalalar bo‘yicha takliflar tayyorlash hamda ularni tuman hokimliklarining ko‘rib chiqishiga kiritish uchun mazkur hokimliklar huzurida Davlat mulki qo‘mitasi, yer tuzish, suv xo‘jaligi, moliya va soliq organlari vakillaridan, shuningdek jamoatchilik vakillaridan iborat maxsus komissiyalar tuzilsin.
4. Banklarga respublika fuqarolarining kimoshdi savdosi asosida yer maydonlari sotib olishlari uchun ularga 5 yilda qaytarish sharti bilan zarur kredit berish tavsiya qilinsin.
5. Belgilab qo‘yilsinki:
meros qilib qoldirish sharti bilan umrbod egalik qilish huquqini beradigan order olingandan keyin bir yil davomida foydalanilmagan yer maydonidan uch baravar miqdorda yer solig‘i undiriladi;
meros qilib qoldirish sharti bilan umrbod egalik qilish huquqini beradigan order olingandan keyin ikki yil davomida foydalanilmagan yer maydonlari ilgarigi egalari to‘lagan qiymat qaytarib berilgan holda ulardan olib qo‘yiladi.
6. O‘zbekiston Respublikasining Vazirlar Mahkamasi:
bir hafta muddatda mazkur Farmonni bajarishni ta’minlash yuzasidan qaror qabul qilsin;
bir oy muddatda O‘zbekiston Respublikasining amaldagi qonun hujjatlariga tegishli o‘zgartishlar kiritish to‘g‘risida takliflar tayyorlasin.
O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1994-yil 24-noyabr,
PF-1009-son
(O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Axborotnomasi, 1994-y., 11-12-son, 301-modda)