Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Farmoni
RESPUBLIKADA DORI-DARMONLAR SOTIShNI TARTIBGA SOLISh TOʻGʻRISIDA
Dori-darmonlarni sotishda tegishli tartibni taʼminlash, ular bilan savdo qilish qoidalarini buzganlik uchun javobgarlikni kuchaytirish va respublika aholisini dori-darmonlar bilan taʼminlashni yaxshilash maqsadida:
1. Dori-darmonlar sotishga maxsus ruxsatnomalari — litsenziyalari boʻlmagan jismoniy va yuridik shaxslarning dori-darmonlar hamda tibbiy buyumlar sotishi taqiqlansin.
2. Oʻzbekiston Respublikasining Sogʻliqni saqlash vazirligi dori-darmonlar, mulkchilik shaklidan qatʼi nazar, faqat dorixona muassasalarida sotilishini nazarda tutgan holda dori-darmonlar va tibbiy buyumlar sotishning hozir amalda boʻlgan qoidalarini bir hafta muddat ichida qaytadan koʻrib chiqib, Vazirlar Mahkamasining tasdiqlashi uchun taqdim etsin.
Dori-darmonlar sotishga maxsus ruxsatnomalar—litsenziyalar berish huquqi Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi zimmasiga yuklansin.
3. Oʻzbekiston Respublikasining Davlat soliq qoʻmitasi va ichki ishlar vazirligi dori-darmonlar va tibbiy buyumlar sotish Qoidalarini buzish faktlariga, shuningdek ularni dorixona muassasalaridan tashqarida — bozorlarda, koʻchalarda, jamoat joylarida va uylarda sotish hollariga qatʼiyan chek qoʻysinlar. Dori-darmonlar sotishda belgilangan qoidalarga rioya qilmayotgan shaxslar qatʼiy javobgarlikka, shu jumladan jinoiy javobgarlikka tortilsin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi va Prokuraturasi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda bir oy muddat ichida dori-darmonlar sotish borasida belgilangan qoidalarni buzganlik uchun maʼmuriy va jinoiy javobgarlikni kuchaytirish toʻgʻrisida takliflar kiritsinlar.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi, “Dori-darmon” Davlat-aksionerlik uyushmasi aholiga dori-darmonlar sotish qoidalariga rioya etilishi uchun dorixona muassasalari rahbarlarining shaxsiy javobgarligini oshirsinlar.
Belgilab qoʻyilsinki;
dori-darmonlar va tibbiy buyumlar sotish Qoidalarini bir marta buzganligi uchun dorixona muassasasi rahbariga hayfsan eʼlon qilinadi, takroriy buzgan taqdirda esa aybdor ishdan boʻshatiladi;
xususiylashtirilgan dorixona muassasasi rahbari Qoidalarni bir marta buzganida unga jarima solinadi, takroriy buzgan taqdirda esa dori-darmonlar va tibbiy buyumlar sotishga berilgan litsenziyadan belgilangan tartibda mahrum etiladi,
6. Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi, “Dori-darmon” Davlat-aksionerlik uyushmasi Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bilan birgalikda chegaralangan chakana narxlarda sotiladigan eng muhim dori-darmonlar va tibbiy buyumlarning zarur turlari roʻyxatini tasdiqlasinlar. Har bir dorixona muassasasida shunday roʻyxat osib qoʻyilsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi, “Dori-darmon” uyushmasi va respublikaning dorixona muassasalari rahbarlari zimmasiga dori-darmonlarning zarur turlari mavjudligini va ular respublika aholisiga erkin tarzda sotilishini taʼminlash vazifasi yuklansin.
Boshqa dori-darmonlarga va tibbiy buyumlarga erkin narxlar joriy etilsin.
7. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari dori-darmonlar va tibbiy buyumlar xarid qilish uchun pul mablagʻlarini, jumladan chet el valyutasini qidirib topsinlar hamda “Dori-darmon” Davlat-aksionerlik uyushmasining hududiy boʻlinmalariga ajratib bersinlar.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi 10 kun muddat ichida “Dori-darmonlar va tibbiy buyumlar bilan taʼminlashni hamda ularni taqsimlashni yaxshilashga doir kechiktirib boʻlmaydigan chora-tadbirlar toʻgʻrisida” qaror qabul qilsin.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1994-yil 14-iyul,
PF-916-son
(Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Axborotnomasi, 1994-y., 7-son, 210-modda)