Oʻzbekiston Respublikasining Qonuni
“DAVLAT STATISTIKASI TOʻGʻRISIDA”GI OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI QONUNIGA OʻZGARTISh VA QOʻShIMChALAR KIRITISh HAQIDA
Qonunchilik palatasi tomonidan 2011-yil 14-noyabrda qabul qilingan
Senat tomonidan 2011-yil 5-dekabrda maʼqullangan
Senat tomonidan 2011-yil 5-dekabrda maʼqullangan
Mazkur Qonun Oʻzbekistan Respublikasining 2021-yil 11-avgustdagi OʻRQ-707-sonli “Rasmiy statistika toʻgʻrisida”gi Qonuniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
1-modda. Oʻzbekiston Respublikasining 2002-yil 12-dekabrda qabul qilingan “Davlat statistikasi toʻgʻrisida”gi 441-II-sonli Qonuniga (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 2002-yil, № 12, 219-modda; Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2005-yil, № 12, 415-modda; 2010-yil, № 9, 333-modda) quyidagi oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritilsin:
1) 5-modda:
quyidagi mazmundagi birinchi qism bilan toʻldirilsin:
“Oʻzbekiston Respublikasi Davlat statistika qoʻmitasi davlat statistikasi vakolatli organidir”;
birinchi—toʻrtinchi qismlari tegishincha ikkinchi — beshinchi qismlar deb hisoblansin;
2) quyidagi mazmundagi 51-modda bilan toʻldirilsin:
“51-modda. Davlat statistikasi vakolatli organi
Davlat statistikasi vakolatli organi:
davlat statistikasi sohasidagi yagona siyosatni ishlab chiqadi va amalga oshiradi, uni tashkil etishning samarali tizimini taʼminlaydi;
davlat statistikasi sohasida muvofiqlashtirib borish va funksional tartibga solishni amalga oshiradi;
yagona statistika uslubiyatini va davlat statistika kuzatuvlarining shakllarini ishlab chiqadi, tasdiqlaydi hamda joriy etadi;
davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlarining idoraviy statistika kuzatuvlari shakllarini kelishadi;
statistika koʻrsatkichlarining tezkorligi, ishonchliligi va xolisligini taʼminlaydi, statistika axborotidan foydalanish erkinligini, uning ochiqligi va oshkoraligini kengaytirish chora-tadbirlarini amalga oshiradi;
Korxonalar va tashkilotlarning yagona davlat registrini yuritadi;
davlat statistikasi sohasidagi normativ-huquqiy hujjatlarni belgilangan tartibda ishlab chiqadi va qabul qiladi;
boshqa davlatlarning statistika organlari va xalqaro statistika tashkilotlari bilan hamkorlik toʻgʻrisida belgilangan tartibda bitimlar tuzadi.
Davlat statistikasi vakolatli organi qonun hujjatlariga muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin”;
3) 6-moddaning birinchi qismi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Davlat statistikasi organlari oʻz vakolatlari doirasida quyidagi huquqlarga ega:
davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlaridan, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlaridan, banklardan, boshqa yuridik shaxslardan (zarur hollarda ularning vakolatxonalari va filiallaridan) davlat statistika hisobotlarini olish hamda ulardan statistika maqsadlarida foydalanish;
yuridik va jismoniy shaxslar, shu jumladan yakka tartibdagi tadbirkorlar faoliyatining davlat statistika kuzatuvlarini oʻtkazish va olingan maʼlumotlardan statistika maqsadlarida foydalanish;
davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlaridan, davlat tashkilotlaridan davlat statistika ishlarini olib borish uchun zarur boʻlgan maʼlumotlarni (ularni tayyorlashning har qanday bosqichida), shuningdek ularga ilova qilinadigan tushuntirishlarni soʻrash va olish;
olinayotgan davlat statistika maʼlumotlarining toʻliqligi, xolisligi va ishonchliligini ekspertizadan oʻtkazish;
davlat statistika maʼlumotlarida qoidabuzarliklar aniqlangan taqdirda, ularni bartaraf etish haqida koʻrsatmalar berish hamda jamlanma davlat statistika maʼlumotlariga tegishli tuzatishlar kiritish;
davlat statistika hisobotlarini taqdim etish tartibini buzgan mansabdor shaxslarga nisbatan qonunga muvofiq maʼmuriy jazo choralarini qoʻllash;
yuridik shaxslar va yakka tartibdagi tadbirkorlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazishni amalga oshiruvchi organlardan Korxonalar va tashkilotlarning yagona davlat registrini yuritish uchun zarur maʼlumotlarni olish;
Davlat statistika ishlari dasturiga kiritilmagan, statistika, tahliliy, axborot, noshirlik xizmatlari va boshqa xizmatlarni qonun hujjatlarida belgilangan tartibda shartnoma asosida koʻrsatish;
ayrim vazifalarni bajarish uchun funksional boʻlinmalar tashkil etish”;
4) 7-modda birinchi qismi beshinchi xatboshisining ruscha matnidagi “obsledovaniya” va “obsledovaniy” degan soʻzlar tegishincha “nablyudeniya” va “nablyudeniy” degan soʻzlar bilan almashtirilsin;
5) 9-moddaning uchinchi qismidagi “umumdavlat” degan soʻz “davlat” degan soʻz bilan almashtirilsin;
6) 11-modda quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“11-modda. Davlat statistika kuzatuvlari
Davlat statistika kuzatuvlari iqtisodiyotda va jamiyatda sodir boʻlayotgan hodisalar hamda jarayonlar toʻgʻrisidagi statistika maʼlumotlarini muntazam ravishda yigʻib borishdan iborat boʻlib, ular birlamchi hisob hujjatlari asosida va bevosita kuzatuvlar yoʻli bilan oʻtkaziladi.
Davlat statistika kuzatuvlarini oʻtkazish uslublari, agar qonun hujjatlarida boshqacha qoida nazarda tutilmagan boʻlsa, davlat statistikasi vakolatli organi tomonidan belgilanadi.
Davlat statistika kuzatuvlarining shakllari statistika maʼlumotlarini taqdim etuvchi davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari, banklar, boshqa yuridik shaxslar (ularning vakolatxonalari va filiallari), jismoniy shaxslar, shu jumladan yakka tartibdagi tadbirkorlar uchun majburiydir.
Davlat statistikasi organlari davlat statistika kuzatuvlarini oʻtkazish uchun shartnoma asosida yuridik va jismoniy shaxslarni jalb etishi mumkin.
Davlat statistika kuzatuvlari davlat statistikasi organlari tomonidan Davlat statistika ishlari dasturiga muvofiq amalga oshiriladi.
Yuridik shaxslar davlat statistika kuzatuvlari oʻtkazilayotganida qonun hujjatlariga muvofiq xizmat binolari va yer uchastkalariga kirishni taʼminlashi shart.
Uy xoʻjaliklari soʻrovi davlat statistika kuzatuvlarining turlaridan biridir va u qonun hujjatlariga muvofiq amalga oshiriladi.
Idoraviy statistika kuzatuvlari davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari tomonidan oʻz vakolatlari doirasida amalga oshirilishi mumkin”;
7) 13-modda quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“13-modda. Statistika maʼlumotlarini taqdim etish
Statistika maʼlumotlari toʻliq, xolis, ishonchli boʻlishi hamda davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari, banklar, boshqa yuridik shaxslar (zarur hollarda ularning vakolatxonalari va filiallari), jismoniy shaxslar, shu jumladan yakka tartibdagi tadbirkorlar tomonidan davlat statistikasi vakolatli organi tasdiqlagan muddatlarda va davlat statistika kuzatuvlari shakllari boʻyicha bepul taqdim etilishi kerak.
Davlat statistika kuzatuvlarining shakllari boʻyicha statistika maʼlumotlari qonun hujjatlariga muvofiq qogʻozda yoki elektron shaklda taqdim etilishi mumkin.
Buxgalteriya hisobi, moliyaviy va boshqa hisobotlarni tartibga soluvchi, qonun hujjatlari bilan belgilangan normalar statistika hujjatlarini toʻldirish (statistika koʻrsatkichlari hisobi) uchun asos boʻlib xizmat qiladi”.
2-modda. Ushbu Qonun rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2012-yil 3-yanvar,
OʻRQ-315-son
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2012-y., 1-son, 1-modda)