O‘zbekiston Respublikasining qonuni
O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASINING DIPLOMATIYA XODIMLARI UChUN DIPLOMATIYA DARAJA VA MARTABALARI BELGILASh TO‘G‘RISIDA
Ushbu Qonun “Diplomatiya munosabatlari to‘g‘risida”gi 1961-yilgi Vena Konvensiyasi hamda xalqaro huquq normalari va qoidalariga muvofiq O‘zbekiston Respublikasining diplomatiya xodimlari uchun diplomatiya darajalari va martabalarini belgilab beradi.
1-modda.
O‘zbekiston Respublikasida O‘zbekiston Respublikasi diplomatiya vakolatxonalari boshliqlarining 3 darajasi belgilanadi:
chet davlat boshlig‘i huzurida akkreditatsiya qilinadigan Favqulodda va Muxtor Elchi;
chet davlat boshlig‘i huzurida akkreditatsiya qilinadigan Favqulodda va Muxtor Vakil;
chet davlat tashqi ishlar vaziri huzurida akkreditatsiya qilinadigan Ishonchli Vakil.
O‘zbekiston Respublikasi vakolatxonalarining boshliqlari mansub bo‘lishi loyiq ko‘rilgan daraja diplomatiya munosabatlari o‘rnatayotgan davlatlar o‘rtasidagi ahdlashuvdan belgilab qo‘yiladi.
2-modda.
O‘zbekiston Respublikasida quyidagi diplomatiya martabalari — O‘zbekiston Respublikasining chet davlatlardagi vakolatxonalari diplomatiya xodimlariga beriladigan alohida xizmat unvonlari belgilanadi:
Favqulodda va Muxtor Elchi;
Birinchi darajali Favqulodda va Muxtor Vakil;
Ikkinchi darajali Favqulodda va Muxtor Vakil;
Birinchi darajali maslahatchi;
Ikkinchi darajali maslahatchi;
Birinchi darajali birinchi kotib;
Ikkinchi darajali birinchi kotib;
Birinchi darajali ikkinchi kotib;
Ikkinchi darajali ikkinchi kotib;
Uchinchi kotib;
Attashe.
3-modda.
Favqulodda va Muxtor Elchi, birinchi va ikkinchi darajali Favqulodda va Muxtor Vakil martabalari O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari bilan beriladi.
Ana shu masalalar yuzasidan takliflarni O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri kiritadi.
Boshqa diplomatiya martabalari O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirining buyrug‘i bilan beriladi.
Bu martabalarni berish haqidagi takliflarni O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligining malaka komissiyasi kiritadi.
Malaka komissiyasining tarkibi va u haqdagi nizomni O‘zbekiston Respublikasining Tashqi ishlar vaziri tasdiqlaydi.
Diplomatiya martabalari O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligining rahbar va mas’ul xodimlariga ham berilishi mumkin.
4-modda.
Birlamchi diplomatiya martabasi — attashe diplomatiya xizmatida kamida bir yil ishlagan kishiga beriladi.
Diplomatiya vakolatxonalarining xodimlariga navbatdagi uchinchi kotib, ikkinchi kotib martabalari malakasiga hamda xoh markaziy devonda, xoh O‘zbekiston Respublikasining chet ellardagi muassasalarida kamida 2-3 yil, birinchi kotib, maslahatchi martabalari esa kamida 3-4 yil xizmatni muvaffaqiyatli o‘taganligiga qarab beriladi.
Ishdagi katta yutuqlari uchun diplomatiya vakolatxonasining xodimi belgilangan muddatdan oldin yuqoriroq diplomatiya martabasi berishga tavsiya etilishi mumkin.
5-modda.
Favqulodda va Muxtor Elchi, Favqulodda va Muxtor Vakil martabalari bir umrga beriladi.
Boshka diplomatiya martabasiga ega bo‘lgan shaxslar O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi tizimidan pensiyaga chiqqanlari taqdirda ularning bu martabalari saqlanib qoladi.
6-modda.
Favqulodda va Muxtor Elchi, Favqulodda va Muxtor Vakil, diplomatiya martabalaridan O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligining taqdimnomasiga binoan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari bilan mahrum etiladi.
Diplomatiya vakolatxonalarining boshqa a’zolari xususida bu masala yuzasidan qarorni O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligining malaka komissiyasi taqdimiga ko‘ra Tashqi ishlar vaziri qabul qiladi.
O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Tashkent sh.,
1992-yil 3-iyul,
650-XII-son
(O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Axborotnomasi, 1992-y., 9-son, 350-modda)