O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining
Farmoni
O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASINING BANK-MOLIYA AKADEMIYASINI TAShKIL ETISh TO‘G‘RISIDA
Xalqaro talablarga javob beradigan moliya-kredit tizimining yuqori malakali kadrlarni tayyorlash, shuningdek moliya bozorlarini rivojlantirish sohasidagi fundamental ilmiy va amaliy tadqiqotlarni tashkil etish maqsadida:
1. O‘zbekiston Markaziy banki va Banklar uyushmasining O‘zbekiston Respublikasi Bank-moliya akademiyasini tashkil etish to‘g‘risidagi taklifi qabul qilinsin.
2. Quyidagilar Bank-moliya akademiyasi faoliyatining asosiy vazifalari va yo‘nalishlari etib belgilansin:
a) quyidagi yo‘nalishlar bo‘yicha bank ishining yuqori malakali mutaxassislarini tayyorlash:
— monetar siyosat va pul muomalasi;
— moliya menejmenti, aktivlar va passivlarni boshqarish;
— investitsiya loyihalarini har tomonlama ekspertiza qilish va moliyalash;
— xalqaro moliya bozorlaridagi operatsiyalar;
— bank auditi;
b) xalqaro bank ishidagi eng yangi yutuqlarga muntazam suratda o‘qitish yo‘li bilan bank rahbar kadrlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish;
v) mamlakatda moliya-pul tizimini va bank ishini rivojlantirish sohasida fundamental va amaliy tadqiqotlarni tashkil etish.
3. Respublika budjeti va O‘zbekiston Banklar uyushmasining mablag‘lari teng ulushlarda akademiyani moliyalashning asosiy manbalari etib belgilansin.
O‘zbekiston Banklari uyushmasiga O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Markaziy banki, Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki hamda akademiya rahbariyati bilan birgalikda akademiya talabalarini, tinglovchilarini o‘qitish hamda ularning va professor-o‘qituvchilar tarkibining malakasini oshirish dasturlarini pul bilan ta’minlash uchun xalqaro moliya muassasalarining, xorijiy banklar va kompaniyalarning mablag‘larini jalb etish choralarini ko‘rish tavsiya etilsin.
4. Akademiya, u tashkil qiladigan muassasalar, korxonalar va fondlar tuzilgan kundan boshlab dastlabki uch yil mobaynida barcha turdagi soliqlardan ozod qilinsin.
5. Bank-moliya akademiyasi talabalarning birinchi qabulini 1996-1997 o‘quv yiliga belgilangan tartibda amalga oshirsin. O‘quv yili boshlangungacha, akademiya kadrlar bilan ta’minlanib borishiga qarab respublika bank tizimi mutaxassislarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish kurslari tashkil qilinsin.
6. O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki va Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki o‘quv jarayonini, ilmiy va amaliy tadqiqotlarni tashkil etish, shuningdek uning moddiy-moliyaviy bazasini mustahkamlash masalalarida Bank-moliya akademiyasiga yordam bersinlar. Shu maqsadda xalqaro moliya muassasalarining, dunyodagi yetakchi tijorat banklarining maslahatchilari, ekspertlari va mutaxassislari jalb etilishi ta’minlansin.
7. Vazirlar Mahkamasi bir haftalik muddatda ushbu Farmonning bajarilishini ta’minlash yuzasidan qaror qabul qilsin.
O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1996-yil 2-may,
PF-1460-son
(O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1996-y., 5-6-son, 80-modda)