Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Farmoni
TOShKENT ShAHAR PASSAJIR TRANSPORTINI BOShQARIShNI TAKOMILLAshTIRISh TOʻGʻRISIDA
Mazkur Farmon Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 30-apreldagi PF-6218-sonli “Milliy qonunchilik bazasini kompleks tizimlashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Shahar avtomobil, elektr passajir transporti va metrosining ishini tubdan yaxshilash, yoʻlovchilarga xizmat koʻrsatish sifati va madaniyatini oshirish maqsadida:
1. Toshkent tramvay-trolleybus ishlab chiqarish boshqarmasi, Toshkent metropoliteni, Toshkent shahar passajir transporti birlashmasi —“Tashgorpasstrans” negizida Toshkent shahar passajir transporti korxonalarining Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat uyushmasini tashkil etish toʻgʻrisida yuqorida zikr etilgan transport tuzilmalari hamda Toshkent shahar hokimining taklifi qabul qilinsin.
2. Belgilab qoʻyilsinki, Toshkent shahar passajir transporti korxonalarining Davlat uyushmasi “Tashgorpasstrans” mustaqil ishlab chiqarish-xoʻjalik majmui boʻlib, yuridik shaxs huquqiga ega va u oʻz faoliyatida Oʻzbekiston Respublikasining qonunlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Vazirlar Mahkamasining qarorlari, farmoyishlariga, uyushmaning Nizomiga amal qiladi va Toshkent shahar hokimiyati bilan hamjihatlikda ish koʻradi.
Uyushma tarkibiga kiruvchi transport korxonalarining Toshkent shahar hokimiga hisob berishi saqlab qolinsin.
3. Quyidagilar Toshkent shahar passajir transporti korxonalari Davlat uyushmasining asosiy vazifalari deb hisoblansin:
barcha turdagi passajir transportining uzluksiz ishlashini taʼminlash, yoʻlovchilarga xizmat koʻrsatish sifati va madaniyatini muttasil yaxshilash, Toshkent shahrining avtomobil, elektr transporti va metrosining ishlarini muvofiqlashtirish;
barcha turdagi passajir transportini yanada rivojlantirish va yoʻlovchilarga xizmat koʻrsatish tizimini takomillashtirish, xizmatlar koʻrsatish hajmi va turlarini koʻpaytirish, shuningdek mehnat jamoalarining ijtimoiy sharoitlarini yaxshilash borasida chora-tadbirlar majmuini ishlab chiqish hamda Toshkent shahar hokimiyati, tegishli idoralarga qarashli birlashmalar, korxonalar va tashkilotlar bilan birgalikda amalga oshirish;
tarmoqda yagona texnikaviy siyosatni oʻtkazish, passajir transporti korxonalarini qayta tiklash va texnika bilan qayta qurollantirishga koʻmaklashish, yoʻlovchilar tashishni va ularga xizmat koʻrsatishni tashkil qilishda boshqa davlatlarning tajribasini oʻrganish va ommalashtirish.
4. Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti huzuridagi Vazirlar Mahkamasi mazkur Farmonni roʻyobga chiqarish, shuningdek avtomobil va elektr passajir transporti xodimlarining mehnatiga haq toʻlash masalalarini qayta koʻrib chiqish borasidagi tashkiliy tadbirlarni koʻzda tutuvchi qarorni oʻn kun muddat ichida qabul qilsin.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1992-yil 4-iyun,
PF-425-son
(Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Axborotnomasi, 1992-y., 8-son, 298-modda)