Oʻzbekiston SSJ Prezidenti huzuridagi Vazirlar Mahkamasining
qarori
OʻZBEKISTON SSJ PREZIDENTINING “OʻZBEKISTON SSJ FANLAR AKADEMIYASINING MAQOMI TOʻGʻRISIDA”GI FARMONINI AMALGA OSHIRISH CHORA-TADBIRLARI HAQIDA
Oʻzbekiston SSJ Prezidentining “Oʻzbekiston SSJ Fanlar akademiyasining maqomi toʻgʻrisida” 1991-yil 5-martdagi Farmonini ijro etish uchun hamda yirik tadqiqotlarning koʻlamlarini ancha kengaytirish, jumhuriyat ilmiy potensialini saqlab qolish va koʻpaytirish uchun OʻzSSJ Fanlar akademiyasining masʼuliyatini oshirish maqsadida ilm-fanni davlat tomonidan moddiy va moliyaviy qoʻllab-quvvatlash, ilmiy jamoalarning mustaqilligini mustahkamlash zarurligini eʼtiborga olib, Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. OʻzSSJ Fanlar akademiyasiga:
fan-texnika taraqqiyotining ustun yoʻnalishlari boʻyicha muhim amaliy tadqiqotlar dasturlarini shakllantirish hamda koʻlamdorlik darajasi va natijasi uchun javobgarlik, ilmiy kadrlarni tayyorlash;
oʻziga qarashli institutlar, boʻlimlar, laboratoriyalar va boshqa boʻlinmalarning samarali ishlashini tashkil etish, olingan natijalardan jumhuriyat xalq xoʻjaligi tarmoqlarida tezroq foydalanishga yordam berish;
jumhuriyatdagi ijtimoiy-iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy va madaniy rivojlanish jarayonlarini, shuningdek, mintaqadagi ekologik ahvolni tahlil qilish va baholash asosida Vazirlar Mahkamasiga, Oʻzbekiston SSJning boshqa rahbar idoralariga kiritish uchun tegishli takliflar va tavsiyanomalar ishlab chiqish vazifalari yuklansin.
2. OʻzSSJ Iqtisodiyot qoʻmitasi OʻzSSJ Moliya vazirligi bilan birgalikda OʻzSSJ Fanlar akademiyasining takliflaridan kelib chiqqan holda koʻrsatilgan maqsadlar uchun budjetdan har yili ajratmalar hajmini aniqlasin, shuningdek, ish haqi fondini shakllantirish normativini belgilasin.
Belgilansinki, jumhuriyat uchun ustun yoʻnalishlar boʻyicha muhim tadqiqotlarni moliyaviy taʼminlash jumhuriyat budjeti mablagʻlari hisobiga amalga oshiriladi.
3. OʻzSSJ Fanlar akademiyasiga:
xalq xoʻjaligini rivojlantirish manfaatlaridan kelib chiqqan holda akademiya, tarmoq ilmiy-tadqiqot muassasalarida, tashkilotlarida va jumhuriyat oliy oʻquv yurtlarida oʻtkaziladigan koʻlamdor tadqiqotlarni dasturiy-maqsadli amalga oshirishga qaratilgan choralarni ishlab chiqish va roʻyobga chiqarish;
ilmiy-tashkilotlarning kuchlarini jumhuriyatni ilmiy-texnikaviy va ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning birinchi galdagi vazifalarini hal qilishga jamlash. Jumhuriyat ilmiy-texnikaviy dasturlarini shakllantirish va roʻyobga chiqarishga oid ishlarga boshchilik qilib, ushbu yoʻnalishda tarmoq institutlari va oliy oʻquv yurtlarining faol ishtirokini taʼminlash;
SSJI Fanlar akademiyasining dasturiy koʻlamdor tadqiqotlarida, davlat fan-texnika dasturlarida va tarmoqlararo fan-texnika komplekslari ishlarida, jumhuriyat vazirliklari, idoralari, konsernlar va korxonalarining buyurtmalari boʻyicha tadqiqotlar hamda ishlanmalarni kengaytirishda ilmiy muassasalarning ishtirokini ragʻbatlantirish va faollashtirish tavsiya qilinsin.
4. Belgilansinki, OʻzSSJ Fanlar akademiyasi mustaqil ravishda:
koʻlamdor tadqiqotlarning muhim yoʻnalishlarini va mavzusini belgilaydi, ularga muvofiq moliyaviy, moddiy-texnikaviy va tashkiliy taʼminlash sistemasini shakllantiradi;
oʻz muassasalari, korxonalari va tashkilotlarining rahbar va ilmiy kadrlarini tayyorlash, tanlash va joy-joyiga qoʻyish sohasidagi ishlarni amalga oshiradi, tegishli kasaba uyushmasi qoʻmitasi bilan kelishib xodimlarning mehnatiga haq toʻlash shartlarini va miqdorlarini belgilaydi;
belgilangan budjet ajratmalari doirasida oʻz ilmiy-tadqiqot, loyihalashtirish-konstruktorlik muassasalarini, tashkilotlari va korxonalarini barpo etadi, ilmiy, ilmiy-ommabop nashrlarni taʼsis qiladi.
5. OʻzSSJ Fanlar akademiyasi Rayosatiga, uning tashkilotlari va korxonalariga oʻz mablagʻlaridan, shu jumladan, tejalgan budjet ajratmalaridan foydalanish hisobiga ijtimoiy muammolarni hal qilish, ilmiy-texnikaviy, innovatsion va tijorat faoliyatini rivojlantirish uchun maxsus fondlar tuzish huquqi berilsin.
6. OʻzSSJ Fanlar akademiyasiga xalqaro iqtisodiy, ilmiy, ilmiy-texnikaviy, ijtimoiy aloqalarning qatnashchisi huquqlari berilsin. OʻzSSJ Fanlar akademiyasiga xorijiy sheriklar bilan qoʻshma ilmiy markazlar va tashkilotlar tuzish, chet ellarda kadrlar tayyorlashni amalga oshirish, olimlarni ayirboshlash, xalqaro hamkorlikning boshqa shakllaridan foydalanish huquqi berilsin.
7. OʻzSSJ Fanlar akademiyasi institutlariga jumhuriyat oliy va oʻrta maxsus oʻquv yurtlarini bitiradigan yosh mutaxassislarni tanlashda ustun huquq berilsin.
8. OʻzSSJ Fanlar akademiyasining Rayosati uch oy muddat ichida oʻz muassasalari, tashkilotlari va korxonalarida foydalanishda boʻlgan mol-mulkni roʻyxatdan oʻtkazsin. OʻzSSJ Iqtisodiyot qoʻmitasi, OʻzSSJ Moliya vazirligi va OʻzSSJ Adliya vazirligi bilan birgalikda roʻyxatdan oʻtkazishning yigʻma aktini hamda jumhuriyat Fanlar akademiyasiga mulk qilib beriladigan asosiy fondlar va boshqa davlat mulkining roʻyxatini tayyorlasin hamda Vazirlar Mahkamasining tasdigʻiga kiritsin.
9. OʻzSSJ Iqtisodiyot qoʻmitasi, OʻzSSJ Moddiy-texnika taʼminoti davlat-kooperativ qoʻmitasi, jumhuriyatning boshqa vazirliklari va idoralari 1992-yildan boshlab har yili OʻzSSJ Fanlar akademiyasining ish hajmlari doirasida biriktirilgan nomenklatura va tuzilgan shartnomalarga muvofiq asoslangan ehtiyojlar boʻyicha OʻzSSJ Fanlar akademiyasiga birinchi navbatda asboblar, uskunalar, boshqa moddiy-texnika resurslari ajratishni va yetkazib berishni nazarda tutsinlar.
10. Jumhuriyat valyuta komissiyasi, OʻzSSJ Iqtisodiyot qoʻmitasi 1992-yildan boshlab har yili zamonaviy ilmiy asbob-uskunalar, adabiyotlar sotib olish va chet ellarda ilmiy kadrlar tayyorlash uchun OʻzSSJ Fanlar akademiyasiga erkin almashiladigan valyuta ajratishni nazarda tutsinlar.
11. Qoraqalpogʻiston MSSJ Vazirlar Kengashi, viloyat ijroiya qoʻmitalari amaldagi qonunlarda koʻzda tutilgan shartlarda OʻzSSJ Fanlar akademiyasining ehtiyojlari uchun yer ajratishni taʼminlasinlar.
12. OʻzSSJ Iqtisodiyot qoʻmitasi, OʻzSSJ Moddiy-texnika taʼminoti davlat-kooperativ qoʻmitasi, Oʻzbekiston SSJ Davlat matbuot qoʻmitasi OʻzSSJ Fanlar akademiyasining noshirlik faoliyatini kengaytirish, matbaa negizini mustahkamlash, ilmiy kitoblar va jurnallarni chop etish muddatlarini qisqartirish maqsadlarida OʻzSSJ Fanlar akademiyasining buyurtmalari boʻyicha “Fan” nashriyoti va uning bosmaxonasi uchun belgilangan tartibda asbob-uskunalar, qogʻoz va boshqa moddiy-texnika resurslari ajratishni nazarda tutsinlar.
13. OʻzSSJ Sogʻliqni saqlash vazirligi OʻzSSJ Fanlar akademiyasi bilan birgalikda OʻzSSJ Fanlar akademiyasining tibbiyot-sanitariya qismining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash va jihozlash, uning ilmiy-tadqiqot muassasalari va tashkilotlari xodimlariga tibbiy, kurort-davolash xizmatlari koʻrsatish darajasini oshirish boʻyicha zarur tadbirlarni ishlab chiqsin va amalga oshirsin.
14. OʻzSSJ Adliya vazirligi OʻzSSJ Fanlar akademiyasi, OʻzSSJ Iqtisodiyot qoʻmitasi, OʻzSSJ Moliya vazirligi, Oʻzbekiston SSJning boshqa vazirliklari va idoralari bilan birgalikda ikki oy muddat ichida Oʻzbekiston SSJ Prezidentining “Oʻzbekiston SSJ Fanlar akademiyasining maqomi toʻgʻrisida” 1991-yil 5-martdagi Farmoniga va mazkur qarorga muvofiq OʻzSSJ Fanlar akademiyasining faoliyatini boshqarib turuvchi normativ aktlarni moslashtirish toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
Vazirlar Mahkamasi Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1991-yil 21-iyun,
168-son