Oʻzbekiston Respublikasining qonuni
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI UY-JOY KODEKSIGA OʻZGARTIShLAR VA QOʻShIMChALAR KIRITISh TOʻGʻRISIDA
Ushbu Qonun Oʻzbekiston Respublikasining 1998-yil 24-dekabrdagi 714-I-sonli “Oʻzbekiston Respublikasining Uy-joy kodeksini amalga kiritish tartibi toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq oʻz kuchini yoʻqotgan.
“Davlat uy-joy fondini xususiylashtirish toʻgʻrisida” gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni qabul qilinganligi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashi qaror qiladi:
Oʻzbekiston Respublikasining 1983-yil 5-iyuldagi Qonuni bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasining Uy-joy kodeksiga (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Sovetining Vedomostlari, 1983-yil, № 19, 320-modda; 1985-yil, № 10, 84-modda; 1986-yil, № 26, 328-modda; № 34, 414-modda; 1988-yil, № 21, 239-modda; 1989-yil, № 1, 2-modda; № 16-17, 187-modda; № 35-36, 611-modda) quyidagi oʻzgartishlar va qoʻshimchalar kiritilsin:
1. 5-moddaning birinchi qismi beshinchi xatboshisi “kvartiralar” degan soʻzdan keyin “shu jumladan, xususiylashtirilgan kvartiralar” degan soʻzlar bilan toʻldirilsin.
2. 6-modda quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“6-modda. Davlat uy-joy fondi
Davlat uy-joy fondi — mahalliy hokimiyat organlarining uy-joy fondi hamda davlat organlari, korxonalari, muassasalari va tashkilotlarining toʻliq xoʻjalik tasarrufida yoki operativ boshqaruvidagi uy-joy fondidir.
Mehnatga qobiliyatsizlar, yolgʻiz qariyalar, pensionerlar va ularning oila aʼzolariga, agar ularning jon boshiga toʻgʻri keladigan oʻrtacha oylik daromadlari eng kam oylik ish haqidan oz boʻlsa, shuningdek birinchi marta nikohdan oʻtgan turar joyga muhtoj yosh oilalarga, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadigan roʻyxatga binoan grajdanlarning ijtimoiy himoyalangan va taʼminoti oz boshqa toifalarga mahalliy hokimiyat organlari huzurida aniq maqsadga qaratilgan, ijara shartnomasi talablari asosida xususiylashtirish huquqisiz foydalaniladigan kommunal uy-joy fondi tashkil etiladi”.
3. 10-moddaning birinchi qismi “turar joy olish” degan soʻzlardan keyin “sotib olish” degan soʻzlar bilan toʻldirilsin.
4. 11-moddaning birinchi qismi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Grajdanlar oʻzlari yashab turgan uyni, kvartirani avaylab saqlashlari, turar joylardan oʻz maqsadida foydalanishlari, turar joylardan foydalanish qoidalari hamda tamoilga rioya qilishlari, belgilangan soliqlarni va kommunal xizmatlar haqini hamda uydan foydalanishga ketadigan xarajatlar pullarini oʻz vaqtida toʻlashlari, oʻzlariga qarashli turar joylarga xizmat koʻrsatish hamda ularni taʼmirlash yuzasidan korxonalar va xususiy shaxslar bilan tuzilgan shartnoma majburiyatlariga rioya etishlari, suv, gaz, elektr va issiqlik energiyasini tejab-tergab sarflashlari shart”.
5. 14-moddaning:
3-bandi “respublikada” degan soʻzdan keyin “davlat” degan soʻz bilan toʻldirilsin;
6-bandi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“6) kvartira va ijara haqini, uydan foydalanishga ketadigan xarajat pullari va kommunal xizmatlar haqini toʻlash tartibi va muddatlarini belgilash”.
6. Kodeks quyidagi mazmundagi 21-1-modda bilan toʻldirilsin:
“21-1-modda. Xususiylashtirilgan uy-joylarga xizmat koʻrsatish va ularni taʼmirlash
Xususiylashtirilgan turar joylarga xizmat koʻrsatish va ularni taʼmirlash shartnoma asosida amalga oshiriladi. Toʻliq xususiylashtirilgan uydagi turar joy egalari uydan foydalanish shirkati tuzishlari mumkin. Bu shirkat uyga xizmat koʻrsatuvchi va uni taʼmirlovchi tashkilotni mustaqil tanlaydi.
Qisman xususiylashtirilgan uylardagi grajdanlarning mulkiga aylangan turar joylarga xizmat koʻrsatish va ularni taʼmirlash shu uylarga xususiylashtirishga qadar xizmat koʻrsatgan uy-joylardan foydalanish va taʼmirlash-qurilish tashkilotlar tomonidan amalga oshiriladi.
Xususiylashtirilgan turar joylarning egalari uning injenerlik uskunalariga, umumiy foydalaniladigan joylarga xizmat koʻrsatish va ularni taʼmirlash hamda uning tevarak-atrofiga qarash bilan bogʻliq xarajatlar haqini oʻzlari egallab turgan umumiy maydonga mutanosib ravishda toʻlaydilar”.
7. 28-moddaning:
nomi “taqsimlash” degan soʻzdan keyin “va xususiylashtirish” degan soʻzlar bilan toʻldirilsin;
mazkur modda quyidagi mazmundagi ikkinchi qism bilan toʻldirilsin:
“Mulkchilikning barcha shaklidagi korxonalar, muassasalar va tashkilotlarning mablagʻi hisobiga paychilik sharti bilan yangi qurilgan uylardagi uy-joylarni xususiylashtirish tartibi korxonalar, muassasalar va tashkilotlarning oʻzlari tomonidan belgilanadi”.
8. 31-moddaning birinchi qismi “turar joy olish” degan soʻzlardan keyin “yoki ularni mulk sifatida sotib olish” degan soʻzlar bilan toʻldirilsin.
9. 53-moddaning birinchi qismi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Turar joyga ijra turish shartnomasiga muvofiq koʻchib kirish uchun uy-joy ajratilganligi toʻgʻrisida berilgan order, ijarachining koʻchib kirishi uchun ijara shartnomasi, uy-joy egasining koʻchib kirishi uchun mulkdorlik huquqini tasdiqlovchi hujjat, shu jumladan xususiylashtirilgan kvartira egasining koʻchib kirishi uchun mulkdorlik huquqi xususida berilgan davlat orderi asos boʻladi. Grajdanlarning turar joylarga ijara turish shartiga, ijara shartnomasiga muvofiq yoki mulk sifatida sotib olgan holda koʻchib kirishini maʼmuriy cheklashlarga yoʻl qoʻyilmaydi, Oʻzbekiston Respublikasining qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollar bundan mustasno”.
10. 56 va 57-moddalarning nomi va matnlaridagi “Turar joyni ijaraga olish” degan soʻzlar “Turar joyda ijaraga turish yoki uni ijaraga olish” degan soʻzlar bilan almashtirilsin.
11. 139-1-modda quyidagi mazmundagi ikkinchi qism bilan toʻldirilsin:
“Xususiylashtirilgan kvartiraning, uyning (uy bir qismining) egasi oʻz kvartirasini, uyini (uyning bir qismini) istalgan boshqa kvartiraga yoki uyga (uyning bir qismiga) uy roʻyxatidan oʻtkazish va turar joyi borasida hech qanday cheklovlarsiz ayirboshlash huquqiga egadir”.
12. Kodeks quyidagi mazmundagi 139-2-modda bilan toʻldirilsin:
“139-2-modda. Oila aʼzolarining xususiylashtirilgan kvartiraga yoki uyga (uyning bir qismiga) nisbatan boʻlgan huquqlari va majburiyatlari
Xususiylashtirilgan kvartira yoki uy (uyning bir qismi) egasining oila aʼzolari va uy-joyni xususiylashtirishga rozilik bergan shaxslar oʻzlarining umumiy mulklari hisoblangan xususiylashtirilgan uy-joyga nisbatan qonunda belgilangan tartibda teng huquqlar va majburiyatlarga egadirlar.
Xususiylashtirilgan uy-joyni sotish yoki ijaraga berish xususiylashtirilgan uy-joy egasining voyaga yetgan oila aʼzolari yoki uy-joyni xususiylashtirishga rozilik bergan shaxslar roziligi bilan amalga oshiriladi, bunda xususiylashtirilgan uy-joy egasining voyaga yetmagan oila aʼzolarining manfaatlarini ularning ota-onalari, homiylari va vasiylari himoya qiladilar.
Turar joy egalari bir kvartirada istiqomat qilishining imkoniyati boʻlmay qolgan taqdirda sud uydan koʻchib ketayotgan kishiga umumiy mulk boʻlgan kvartiradagi uning ulushi qiymatini hokimiyat organlari belgilaydigan, sudga davo arizasi berilgan kundagi bozor narxida pul bilan toʻlashni turar joy egalaridan birining zimmasiga yuklagan holda mazkur Kodeksning 112-moddasini qoʻllashga haqli”.
13. 151-modda quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“151-modda. Yer uchastkalari olib qoʻyilishi munosabati bilan uylari (uylarning bir qismi) yoki kvartiralari buziladigan grajdanlarni turar joylar bilan taʼminlash
Davlat yoki jamiyat ehtiyoji uchun yer uchastkalarining olib qoʻyilishi munosabati bilan grajdanlarga qarashli uy (uyning bir qismi) yoki kvartira buziladigan boʻlgani taqdirda ana shu grajdanlarga ularning xohishiga koʻra hamda tomonlarning kelishuviga binoan bepul mulk qilib beriladigan kvartira olish yoxud tegishli korxona, muassasa, tashkilot tomonidan yangi joyda qurilgan uy, imorat, inshootni mulk qilib olish yoki buzilgan uy (uyning bir qismi), kvartira, imorat, inshoot, nobud boʻlgan ekin va dov-daraxtlar evaziga tovon puli olish huquqi beriladi”.
14. 152 va 153-moddalar chiqarib tashlansin.
15. 16-modda va 17-moddaning 4-bandi, 32-moddaning nomi, 32, 37, 131-moddalarning matnlari “uylarning”, “uylarining”, “uylari”, “uy-joyi”, “uylarda”, “uydagi”, “uylardagi”, “uylariga”, “uyiga” degan soʻzlardan keyin tegishincha “(uylar bir qismining) va kvartiralarning”, “(uylar bir qismining) va kvartiralarining”, “(uylar bir qismi) va kvartiralari”, “(uyning bir qismi) va kvartirasi”, “(uylar bir qismida” va kvartiralarda”, “(uyning bir qismidagi) va kvartiradagi”, “(uylar bir qismidagi) va kvartiralardagi”, “(uylar bir qismiga) va kvartiralariga”, “(uyning bir qismiga) va kvartirasiga” degan soʻzlar bilan toʻldirilsin.
6-bobning, 134—141-moddalarning, 144—150-moddalarning nomlari, shuningdek 134—150-moddalarning matnlari “uylardagi”, “uydagi”, “uy-joydan”, “uy”, “uyga”, “uyni”, “uy-joylarni”, “uylarni”, “uy-joyi”, “uy-joy” degan soʻzlardan keyin tegishincha “(uylar bir qismidagi) va kvartiralardagi”, “(uyning bir qismidagi) va kvartiradagi”, “(uyning bir qismidan) va kvartiradan”, “(uyning bir qismi) va kvartira”, “(uyning bir qismiga) va kvartiraga”, “(uyning bir qismini) va kvartirani”, “(uylarning bir qismini) va kvartiralarni”, “(uyning bir qismi) va kvartirasi”, “(uyning bir qismi) va kvartira” degan soʻzlar bilan toʻldirilsin.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1994-yil 6-may,
1081-XII-son
(Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Axborotnomasi, 1994-y., 5-son, 157-modda)